Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.04.2024 | 10:22

img473

HUSAYN BOYQARO “ZAFARNOMA”SI

Ilmda Sharafuddin Ali Yazdiy tomonidan yozilgan “Zafarnoma”ning nodir qo‘lyozma nusxasi “Husayn Boyqaro “Zafarnoma”si, deb ataladi. Hozirda bu qo‘lyozma Amerika Qo‘sh­ma Shtatlarida saqlanadi. 2022-yil mazkur qo‘lyozmani ko‘rish ishtiyoqida biz bu mamlakatning Baltimor shahriga yo‘l oldik. Natijada, ayni qo‘lyozmaning asl nusxasi bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldik. Sharafuddin Ali Yazdiy (1454-yili vafot etgan) tomonidan 1419-1425-yillarda yozilgan “Zafarnoma” asari Amir Temur va temuriylar tarixi bo‘yicha yaratilgan eng mashhur asarlardan hisoblanadi. Uni Sharafuddin Ali Yazdiy temuriy shahzoda Ibrohim Sulton buyurtmasiga ko‘ra Sheroz shahrida yozgan. Amir Temurdan keyin va Hirotning 1507-yili Shayboniylar tomonidan bosib olinishi oralig‘ida Yazdiy “Zafarnoma”sining miniatyuralarga ega uch qo‘lyozma nusxasi ko‘chirilgani ma’lum. “Zafarnoma”ning ko‘plab qo‘lyozma nusxalari dunyoning turli kutubxonalarida saqlanadi, nodir nusxalari ko‘p emas. Shulardan biri “Husayn Boyqaro “Zafarnoma”si”dir. Mazkur nomlanish “Zafarnoma”ning noyob va yozilganidan ko‘p vaqt o‘tmay ko‘chirilgan nusxalaridan biri temuriy hukmdor Husayn Boyqaroga tegishli bo‘lganidan kelib chiqqan. Qo‘lyozma asar 1467-1468-yili ko‘chirilgan. Qo‘lyozmaning boshida Husayn Boyqaro madh etilgani uchun ayni qo‘lyozma “Husayn Boyqaro Zafarnoma”si” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Qo‘lyozma chiroyli ko‘chirilgan va matn oltin chiziqli ramka ichiga olingan. U Sher Ali degan shaxs tomonidan ko‘chirilgan. Qo‘l­yozmada o‘n ikkita miniatyura mavjud. Kolofon so‘nggida qo‘lyozma Mir Jamoluddin Husayn degan shaxs tomonidan Akbar Shohga (1542-1605) taqdim qilingani haqida yozuv ham bor. Biz qo‘lyozma haqidagi ma’lumotni Amerikaning Blumington shahrida joylashgan Indiana universiteti professori, kutubxonashunos olim Akram Habibullayevning 2022-yili nashr qilgan “Ajdodlar merosi: Amerikadagi qo‘l­yozmalar” deb nomlanuvchi katalogidan bilib ­oldik. Shundan so‘ng qo‘lyozma bilan tani­shish ishtiyoqi paydo bo‘ldi.  Qo‘lyozma AQShning Baltimor (Merilend shtati) shahridagi Jon Garrett uy-muzeyida saqlanadi. “Zafarnoma”ning mazkur qo‘lyozmasi “Husayn Boyqaro “Zafarnoma”si, Garrett “Zafarnoma”si yoki Baltimor “Zafarnoma”si degan yana boshqa nomlarga ham ega. Bu­ning tarixi qiziq. Amerikada Industrial revol­yutsiya zamonida temiryo‘llarni qurishga katta hissa qo‘shgan bankirlardan iborat Garrettlar sulolasi vakili bo‘lgan diplomat Jon Garrett (1872-1942) 1942-yili Prinston universitetidan “Zafarnoma”ning noyob qo‘lyozmasini sotib oladi. Buning tarixi quyidagicha: Merilenddagi yirik temiryo‘l biznesi va bankir zodagonlari oilasidan bo‘lgan Jon Garrettga Baltimor shahridagi hashamatli uy-joy va uning yonidagi o‘nlab gektar masofani tashkil etgan yerlar meros qoladi. 1895-yili Prinston universitetini tamomlagandan keyin, Jon Garrett diplomat sifatida bir necha mamlakatda ishlaydi. U ma’rifatga qiziqishi tufayli rafiqasi Alis Garrett bilan birga osori-atiqalar, jumladan, ingliz va boshqa g‘arb tillaridagi adabiy, tarixiy, ijtimoiy, siyosiy, madaniy, diniy va san’atga aloqador asarlar, noyob buyumlarni sotib olib, uyida to‘p­laydi. Hozir Jon Garrettning ushbu uy-muzeyida jami 35000 ta kitob va qimmatbaho asarlar saqlanmoqda. Jon Garrett Merilenddagi uyida, nafaqaga chiqqanidan ke­yin, rafiqasi bilan zodagonlar ishtirokida madaniy kechalar va adabiy majlislar uyushtirib turadi. 1925-yili Jonning ukasi Robert Garrett Parij­dagi antiqa kitoblar do‘konidan noyob qo‘l­yozma sotib olishga muvaffaq bo‘ladi. Bu kitob hozirda “Garrett “Zafarnoma”si” nomi bilan ilm ahliga ma’lum. Taxminlarga ko‘ra, bu XV asrda Husayn Boyqaro buyrug‘iga binoan bitilgan noyob qo‘lyozma. Robert qo‘lyozmani vatani Amerikaga olib keladi va akasi Jon ham bundan xabardor bo‘ladi. Ammo 1939-yili Robert bu qo‘lyozmani Prinston universitetiga sotib yuboradi. San’at va ma’rifatni jondan sevgan Jon Garrett 1942-yili “Zafarnoma”ning mazkur qo‘lyozmasini Prinston universitetidan qay­ta sotib olib, Merilenddagi uyi kutubxonasida saqlaydi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay Jon Garrett vafot etadi. Uning farzandlari bo‘lmagani bois Jon Garrett rafiqasi bilan Merilenddagi yirik yer mulk va uyini Jon Xopkins universiteti nomiga qoldirib ketadi. Garrettning to‘p­lagan antiqa buyumlari hozir uy-muzeyida saqlanadi va Merilend shtatining madaniyat merosi, noyob ma’naviy boyligi hisoblanadi. Bu qo‘lyozmaning ilk sahifasiga turli sultonlar muhrlari qo‘yilgan hamda turli asrlarda manbaga egalik qilgan shaxs va kishilar imzolari bitilgan. Qo‘lyozmaning bosh sahifalari hashamatli bezatilgan. Asar fors tilida yozilgan va yaxshi holatda saqlangan. Qo‘lyozma 1050 betdan iborat. O‘lchovi – 235 mm. X 152 mm. Muqovasi yangi davrga oid. Qo‘lyozmada o‘n ikkita miniatyura kel­ti­ril­gan. Kolofonda xattot nomi Sher Ali, deb ko‘rsatilgan. Umuman olganda, Nizomiddin Shomiy va Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” solnomasi Temuriylar xonadonida juda mashhur bo‘lgan asarlardan hisoblangan. Ularning miniatyuralar bilan nashr etilishi, Movarounnahr va Xurosonda katta shuhrat topishi Amir Temur shaxsiyatiga bo‘lgan obro‘-e’tiborning yuksakligidan dalolatdir. Amerikalik olima Eleanor Sims 1973-yili bu qo‘lyozma bo‘yicha Nyu-York universitetida dissertatsiya himoya qilgan. Simsga ko‘ra, aslida Sharafuddin Ali Yazdiy tomonidan yozilgan “Zafarnoma” shoh asari temuriy shahzodalar saroyida juda mashhur bo‘lgan. Uning fikricha, “Garrett “Zafarnoma”si” XV asrda temuriy sultonlar tomonidan buyurtma berilgan 30 ta nusxa orasidagi bir nusxa bo‘lishi kerak. Xulosa qilib aytganda, amerikalik dip­lomat Jon Garrett “Husayn Boyqaro “Zafarnoma”si” qo‘lyozmasining bugungi kungacha yetib ke­lishiga xizmat qilgan. Qo‘lyozmadagi Amir Temurning yurishlari tasvirlangan miniatyuralar tarixshunoslik va san’atshunoslik nuqtai na­za­ri­dan alohida ahamiyatga ega. “Husayn Boy­qaro “Zafarnoma”si” ko‘proq Gʻarb san’atshunos va tarixchi olimlari tomonidan o‘rga­ni­lib kelinmoqda. Endilikda “Zafarnoma”ning maz­kur nodir qo‘lyozmasi taniqli olimlarimiz tomonidan maxsus tadqiq etilishi lozim.

Aftondil ERKINOV, filologiya fanlar doktori,

Gulandom YULDASHEVA, mustaqil tadqiqotchi

“Jadid” gazetasi 2024-yil 5 -aprel 15-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599