Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


29.10.2024 | 11:58

img398

IJTIMOIY TARMOQDAGI RO‘YO

Ijtimoiy tarmoqlardagi saviya­siz videolavhalardan birining ostiga qoldirilgan ajabtovur izoh e’tiborimni tortdi. Unda ikki o‘smirning bemaza qiliqlari tasvirlangan edi, bunga munosabat bildirgan bir foydalanuv­chi “Sohibqiron bobomiz Amir Temur shular uchun jang qilganmidi?” deya izoh yozgan. Bu gap bir qaraganda ma’nosiz tuyuladi, lekin tagida achchiq haqiqat va kinoya mavjud.

Avlodlar yuksak texnologiyalar asrida ajdodlarga munosiblik u yoq­da tursin, milliy o‘zlikdan ham uzoqlashayotgani achinarli hol. Bu holatni o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish ayni paytdagi dolzarb vazifalardan biridir. Keyingi payt­lar­da aholining yosh qatlami bevo­sita tarmoqlardagi kayfiyat, muloqotlar ta’sirida voyaga yetayotgani sir emas. Afsuski, o‘smirlarning qo‘li­dagi telefonni nazorat qilish mushkul bo‘lib qoldi. Shunday paytda ular­ga taqiq bilan emas, internetdan foydalanish madaniyatini o‘rgatish bilan vaziyatni yaxshi tomonga o‘z­gar­tirish mumkin. Biroq bizda hali internetdan foydalanish madaniyati ham to‘la-to‘kis shakllanib ulgurgani yo‘q. Aksariyat yoshlar real hayotdan ko‘ra ko‘proq virtual hayotga bog‘lanib qolishyapti. Virtual hayot reallikdan keskin farqlanishi, u yerda illyuziyalar ko‘p ekanini yoshlar tushunib yetmayapti. So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda ba’zi o‘smirlarning tajovuzkor xatti-harakatlari aks ettirilgan keyslar soni ortib bormoqda. Biroq bu hodisaning turli tomonlarini va uning ijtimoiy tarmoq­larda har xil ko‘rinishda namoyon bo‘lishini tavsiflovchi tadqiqotlar hali ko‘p emas. Ijtimoiy tarmoqlar­ning yosh foydalanuvchilari orasida vir­­tual tajovuz bo‘yicha xorijiy tadqiqotlarni ko‘rib chiqish orqali ayrim xulosalar bilan o‘rtoqlashamiz.

Ommabop ijtimoiy tarmoqlarda internetdagi bezorilikning xususiyatlarini va uning salbiy psixologik oqibatlarini ochib beradigan tadqiqotlarni kuzatdik. Bir qator mamlakatlarda o‘smirlar o‘rtasida kiberbulling, ya’ni zamonaviy axborot texnologiyalari orqali bezorilikning tarqalishi bo‘yicha alohida statistik ma’lumotlar keltirilgan. Kibertajovuzning asosiy sabablari, shuning­dek, yoshlarning kiberbullingga jalb etilishiga yordam beradigan xavf omillari va uning yosh foydalanuv­chilarning ruhiy to‘kisligiga ta’sirini kamaytiradigan omillar tahlil qilingan.

Virtual tajovuzning turli variantlari mavjud. Bularga, xususan, og‘zaki zo‘ravonlik, do‘q-po‘pisa, kamsitish yoki boshqa foydalanuvchini masxara, haqorat qilish yoki unga nisbatan tahdidlar kiradi. Bir guruh odamlar tomonidan yozishmalar orqali shaxsni qabul qilmaslik, rad etish va u bilan muloqot qilishni istamaslik esa guruh zo‘ravonligi hisob­lanadi. Boshqa shaxslarning foto va videomateriallarini uning ruxsatisiz ijtimoiy tarmoqqa joylashtirish va tarqatish “vizual zo‘ravonlik” deb ata­ladi.

Kiberbulling yoki bolalar va o‘s­mir­larning internetdagi virtual tajovuzlari xorijdagi tad­qiqotchilarning e’tiborini tort­moqda. 1990-yillarda paydo bo‘lgan bulling tushunchasi ijtimoiy kuch yoki jismoniy kuchning tengsizligini o‘z ichiga olgan qasddan, muntazam ravishda takrorlanadigan tajovuzkor xatti-harakatlar sifatida tavsiflanadi. So‘nggi yillarda bulling doirasi sezilarli darajada kengaydi. Internet va ijtimoiy tarmoqlarning paydo bo‘lishi va rivoj­lanishi virtual makon zamonaviy o‘smirlar hayotining muhim qismiga ayla­nishi­ga yordam berdi. Shu jumladan uning ijobiy va salbiy tomonlari, tajovuzkorlik va onlayn bezorilik, aniqrog‘i, kiberbulling kuchayishiga yo‘l ochdi. Kiberbullingning o‘ziga xosligi va ortib borayotgan xavfi shundaki, anonimlik, ya’ni shaxsini yashirgani tufayli tajovuzkorning jazosiz qolishi va sodir etgan hara­katlari uchun o‘zini aybdor his qilmasligi mumkin, jabrlanuvchi esa muntazam ravishda tashvish va qo‘rquvni his qiladi. Kiberbulling­ning keng tarqalgan shakllariga qo‘rqitish yoki muntazam ravishda yuborilgan haqoratli xabarlar kiradi.

Tadqiqotchilar, o‘qituvchilar va ota-onalarni bir savol ko‘proq qiy­na­moqda – o‘smirlarni kiberbullingga qanday sabablar undamoqda? O‘rganishlarga ko‘ra, o‘tmishda tah­qir va zo‘rovonlikka duch kelgan o‘smirlar ruhiyatida “qasos ­olish motivatsiyasi” o‘rnashib qoladi. Keyinchalik ana shu holat uni kiberbuzg‘unchilikka undashi mumkin. Ba’zi tajovuzkorlar esa o‘zi­ning boshqa tayinli mashg‘uloti va qiziqishlari yo‘qligi bois shunchaki vaqt o‘tkazish maqsadida ana shunday nojoiz ishlarga qo‘l uradi. Tengdoshlarning bosimi ham ayrim o‘quvchilarni onlayn bezorilikka undashi mumkin. O‘smirlarning har bir kishi kamida bir marta boshqalarni haqorat qilgani haqidagi fikriga asoslangan motivatsiya (“hamma­ning ishtiroki”) va “xavfsiz­lik tuyg‘usi” kiberbuzg‘unchilarning xatti-harakat­lari jazosiz qolishi haqidagi ishonchini mustahkamlaydi. 

Kiberbullingning oldini olish­da asosiy yo‘nalish sifatida in­ternet plat­formalarining xavf­sizlik darajasini oshirish, bolalar va ularning ota-onasini internetda adekvat xatti-harakatlarga o‘rgatish kabi mezonlar tilga olinadi. Ba’zi ijtimoiy tarmoqlar o‘z akkauntlarida maxfiylik sozlamalarini o‘rnatish imkoniyatiga ega, bu esa foydalanuvchilarga salbiy sharhlardan xalos bo‘lish va huquqbuzarlarni bloklash imkonini beradi. 

Kiberbulling internet va ijtimoiy tarmoqlar rivojlangani sayin bizning jamiyatimizda ham jiddiy muammoga aylanmoqda. Maktablarda o‘smirlarning tajovuzkor xatti-hara­katlari oldini olish uchun maxsus dasturlar ishlab chiqilishi lozim. Peda­gog xodimlarning psixo­logik kompeten­siya darajasini oshirish va voyaga yetmaganlar­ning tengdoshlari bilan munosabatlaridagi psixologik muammolarni bartaraf etish zarur. Virtual zo‘ravonlikdan aziyat chekkan shaxslar bilan indivi­dual va guruhli psixote­ra­piya usullari orqali shug‘ulla­nish tavsiya etiladi. Biroq bu tadbirlarni o‘tkazish uchun yoshlarning shaxsiy xususiyatlarini inobatga oladigan malakali mutaxassislarni tayyorlash talab etiladi.

Shuningdek, turli internet saytlari va yangi tashkil etilgan ijtimoiy tarmoqlarda o‘smirlarning virtual muloqotini o‘rganish lozim. Ayniqsa, Tik-tok ijtimoiy tarmog‘i o‘smirlar eng faol foydalanadigan platforma hisoblanadi. Bizda virtual bulling jabrdiydalari statistikasi yuritilmas­ligi ham muammoning eng katta jihatlaridan biridir. Kiberbulling va an’anaviy maktab zo‘ravonligi­ning o‘zaro bog‘liqligi masalasi ham dolzarb hisoblanadi. Kiberbul­ling­ning paydo bo‘lishiga yordam beruv­chi omillar va uning oldini olish sohasidagi izlanishlarni davom ettirish esa ushbu hodisaning psixologik va ijtimoiy-psixologik xususiyatlari­ni chuqurroq o‘rganish va ularning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralar ishlab chiqish imkonini beradi. Shu bilan birga, bunday tadqiqotlar raqamli makon va ta’lim maskanida o‘quvchilar uchun xavfsizlik sharoitlarini yaxshilashda qo‘l kelishi mumkin.

Zotan, bulling ham ijtimoiy tarmoqdagi bir ro‘yo, xolos. Biroq buni o‘smir ruhiyati yomon qabul qiladi va keyinchalik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shunday ekan, far­zandlarimiz taqdiriga befarq bo‘l­­mas­­ligimiz, ularni ijtimoiy tar­moq­dagi illyuziyalardan asrashimiz ­kerak.

Kamoliddin TO‘RAYEV,
Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

“Jadid” gazetasining 2024-yil 25-oktyabrdagi 44-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599