Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


28.03.2025 | 12:48

img374

“IKI ZULF IKI LAYLAT UL-QADRDUR”

Bir xalqni yo‘qotish uchun unga mansub odamlarni qirib tashlash shart emas. Buning uchun uni o‘tmishidan ayirishning o‘zi kifoya. Yangicha jamiyat bayrog‘i-yu “jannatda ham topilmas” go‘zal hayot va’dasi ostida kechgan sovet zamonida xalq paydo bo‘lganidan bu yog‘iga misqollab yig‘gan, hali asrlar xizmat qilishi zarur madaniy boyliklarning ko‘pidan ayrildik-qoldik. Marhum ustozimiz, atoqli tarjimon, professor Gʻaybulla as-Salom o‘kinch bilan: “Biz hammamiz chalamullamiz”, deb tan olganlaridek, millatning omisidan ulamosigacha o‘z tarixini bilish bobida “alif”ni “kaltak” deb ketaveradigan bo‘lib qolgan edi.

Shuning uchun Sharq tugul, jahonni ham lol qoldirib kelayotgan injudek noyob boyligimiz – qadim she’riyatimizning qadriga ko‘p ham yetavermaymiz, ba’zan uni tushunmaymiz, gohida tushuntirolmaymiz ham. Buning ustiga, “bir xil, bir xil” deb qoralab, bizni undan aynitib ham qo‘yishgan. O‘qisak, ko‘pchiligimiz zerikamiz. Deyarli har baytda notanish so‘z-u tushunchalar uchrayversa, she’r o‘qib, zavq olish qiyinroq kechadi ham-da.

Yashirib nima qildik, sovet davrida Navoiy asarlaridagi juda ko‘p nozik nuqtalarni to‘g‘ri, ya’ni aslidagidek sharhlash yillar davomida zimdan taqiqlab qo‘yilgan edi.

Biz u davrlarda ulug‘ shoirimiz ijodidan o‘zimizga kerakli, ya’ni hukmron siyosatga mos keladigan jihatlarnigina izladik, bunday jihatlar bo‘lmasa, “topdik”. Oqibat shu bo‘ldiki, chalkashmagan masalamiz kam qoldi hisob.

Alisher Navoiy asarlarida “laylat ul-qadr” degan tushunchaga ko‘p duch kelamiz. Xo‘sh, laylat ul-qadr nima?

Navoiyning:

Har tunung qadr o‘lubon, har kunung o‘lsun Navro‘z! –

degan mashhur satri bor. Laylat ul-qadr – yil tunlari ichra eng qadrlisi, Navro‘z – yil kunlarining eng yaxshisi. Navoiy, har tun-u har kuning saodatli bo‘lsin, demoqchi.

Qur’oni Karim suralarining to‘qson yettinchisi – Qadr surasi. Unda shunday deyiladi: “1. Albatta, Biz u (Qur’on)ni qadr kechasida nozil qildik. 2. (Ey Muhammad), qadr kechasi nima ekanligini siz qayerdan bilar edingiz? 3. Qadr kechasi ming oydan yaxshiroqdir. 4. U (kecha)da farishtalar va Ruh (ya’ni, Jabroyil alayhissalom) Parvardigorlarining izni-ixtiyori-la (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar bilan (osmondan zaminga) tushurlar. 5. U (kecha) to tong otgunicha tinchlik-omonlikdir”.

Diniy ulamolarimizdan marhum Shamsiddin Ziyovuddin o‘g‘li Boboxonovning yozishlaricha: “Besh oyatli mazkur qisqa sura Makka shahrida ro‘za oyida nozil bo‘lgan. Bu va boshqa oyatlarning dalolat berishicha, Qur’oni Karim ham ana shu qadr kechasida Lavhul mahfuzdan birinchi osmonga to‘la-to‘kis, 114 surasi bilan tushirilgan. Lekin u Muhammad payg‘ambarga 23 yil mobaynida ehtiyojga yarasha, bo‘lib turgan hodisalarga muvofiq, sura yoki oyatlar shaklida Jabroil alayhissalom vositalari ila nozil qilib tamomlangan”.

Olim davom etib, boshqa muqaddas kitoblar ham ayni ana shu ro‘za oyida nozil bo‘lganini yozadi: “Mufassirlardan Imom Qurtubiyning aytishicha, Tavrot ham Muso payg‘ambarga ro‘za oyining oltinchi kunida nozil bo‘lgan, Injil esa Iso alayhissalomga ro‘zaning o‘n uchinchi kuni tushirilgan, Ibrohim alayhissalomga ham sahifalar shu muborak oyda nozil qilingan” (“Xalq so‘zi”, 1991-yil, 16-mart).

“Movarounnahr musulmonlari” jurnalining 1992-yil 1-sonidagi “Laylat ul-qadr” maqolasida yozilishicha: “Ushbu kechada Allohning maloyiklari Jabroil alayhissalom boshchiligida, Robbilarining ruxsati bilan ul Zot tayin etgan ishlar uchun Yer yuziga tushadilar”.

Muqaddas ramazon oyida ro‘za tutilishi ham bejiz emas. Ro‘za oyining qadr kechasi esa ming oydan yaxshiroq. Xo‘sh, nega ming oy qadr kechasining muqobalasiga qo‘yildi? Xalqda, ming oy yashagan odam jannatiy bo‘ladi, degan aqida ham bor-da. Ammo qadr kechasi ana shu ming oydan ham ustuvor ekan. Har bir musulmon har yili bir karra ana shunday qadr kechasiga musharraf bo‘lishidan umidvorlik qilishga haqli. Laylat ul-qadr biz uchun eng muborak kecha. Uni iymon-e’tiqodi butun kishilar toat-ibodat bilan o‘tkazadi, Allohdan yaxshi tilaklar iltijo qiladi. Jamiki maloyiklar Yer yuziga tushgan bu kechada duolar ijobat bo‘lg‘usidir. Inshoolloh.

Masalaning boshqa bir muhim tomoni ham mavjud. Laylat ul-qadr tushunchasi ota-bobolarimiz e’tiqodlarida chunon ham e’zozlangan va adabiyotimizda u ko‘p tilga olingan ekanmi, bas, biz buni bilishimiz ham farz, ham qarz. Bil’aks, Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonidagi mana bu bayt ma’nosini tushunmay o‘tiraveramiz:

Quyoshingg‘akim banda yuz badrdur,
Iki zulf iki laylat ul-qadrdur.

 “Quyosh” istiorasi bu yerda Muhammad (s.a.v.)ning yuzlarini anglatib kelgan. Demak, ul zotning Quyoshi, ya’ni chehrasiga yuz Badr, ya’ni to‘lin oy banda ekan. Ikki zulf, ya’ni yuz tomon osilib tushgan gajak – ikki laylat ul-qadr kechasi. Makka bilan Madina oralig‘idagi “Badr” degan joyda Payg‘ambar (s.a.v.) Abu So‘fiyon bilan jang olib borganlar. “Badr” so‘zida o‘sha voqeaga ishora ham yo‘q emas.

“Sab’ayi sayyor”ning Muhammad (s.a.v.) na’tlariga bag‘ishlangan 3-bobida mana bu satrlarni o‘qiymiz:

Dema, gisuki, topting ikki kamand,
Qilg‘ali ikki dahr saydini band.
Ochib ul chehri dilkushoy ichra,
Laylat ul-qadr iki bir oy ichra.

Shoir Payg‘ambar (s.a.v.)ning ikki kokilini ikki sirtmoqqa o‘xshatib, bu kokillar u dunyo-yu bu dunyo ovlarini band qilmoqchi, deydi. Keyingi baytda esa bu ikki gajak ikki qadr kechasiga o‘xshatilgan. “Oy” so‘zi bir o‘rinda ikki ma’no anglatadi: Oy – osmondagi Oymomo, bu istiora yuzni bildirib kelgan; oy – ramazon oyi. Garchi shoir ramazonning faqat bir kechasigina laylat ul-qadr ekanini bilsa-da, mubolag‘a qilib, Muhammad (s.a.v.)ning ikki sochi – ikki laylat ul-qadr, deydi.

“Mahbub ul-qulub”da xuddi shu mazmundagi bayt sal boshqacharoq tahrirda uchraydi:

Ikki gisuki ikki laylat ul-qadr,
Bu yanglig‘ ikki layl ichra yuzi badr.

Lekin Navoiy asarlaridagi Muhammad (s.a.v.)ga aloqador parchalarda “qadr” so‘ziki uchrasa, “laylat ul-qadr” deb tushunavermaslik kerak. “Lison ut-tayr”dagi mana bu baytda, u “taqdir” ma’nosida kelgan bo‘lsa ham, aslida, boshqa voqea bilan bog‘liq tarzda ishlatilgan:

Chun qamarg‘a markabidin yetti qadr,
Ul Quyosh tashrifidin oy bo‘ldi badr.

Bu dostonning me’roj ta’riflangan to‘rtinchi bobidan olingan. Shoir: “Oyga uning ulovidan taqdir yetib, u Quyosh (ya’ni, Payg‘ambar s.a.v.) tashrifidan Oy Badr (to‘lin Oy) bo‘ldi”, – demoqchi. Oyning to‘lin bo‘lishiga Muhammad (s.a.v.)ning nima daxli bor? Bu savolga javob berish uchun Navoiyning barcha dostonlarida, talay g‘azallarida ehtirom bilan qalamga olingan me’rojnomalarni batafsil tahlil qilib beruvchi maxsus risola kerak.

Ko‘rganimizdek, Navoiy baytlarida Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning ikki kokili laylat ul-qadr bilan bog‘lab tasvirlangan. O‘rni kelgani uchun Rasululloh (s.a.v.) kokillariga aloqador va tariximiz bilan bevosita vobasta bir tasvirni eslataylik. Qo‘qondagi Xudoyorxon o‘rdasining peshtoqiga arabiy husnixat bilan tojik tilidagi mana bu to‘rtlik yozib qo‘yilgan:

Xudovando, bigardonӣ baloro,
Zi ofatho nigah dorӣ tu moro.
Ba haqqi har du gisui Muhammad
Zabun gardon zabardastoni moro.

Mazmuni: “Xudovando, bizdan balolarni qaytar. Ofatlardan o‘zing asra. Muhammad (s.a.v.)ning ikki kokili haqqi-hurmati bizning zabardastlarimizni (jangchilarimizni) yenguvchi, ya’ni zabun etguvchilarga aylantir”.

O‘rdaning 1870-yili bitkazilgani hisobga olinsa, bu satrlarni yozdirish bilan Xudoyorxon rus bosqinchilarini yengish uchun Allohdan kuch-quvvat tilagani, Muhammad (s.a.v.)ni yodga olgani oydinlashadi.

Umuman, islomda laylat ul-qadr kechasini istash mo‘min-musulmon uchun muhim sifat tarzida talqin etiladi. Imom ibn Xibbon kitob (ya’ni, Qur’on) va sunnat (ya’ni, payg‘ambardan qolgan an’analar) asosida iymon komil bo‘lishi uchun sanagan yetmish sifat-u fe’l orasida ro‘za tutish, e’tikof, ya’ni ramazon oyida ro‘zador bo‘lib, niyat bilan ma’lum muddat masjidda o‘tirish qatori, qadr kechasini istash ham qayd etiladi (Muhammad Siddiq. “Komil moʻmin sifatlari”. – “Islom nuri”, 1990-yil, 4-son,).

Laylat ul-qadrdek zo‘r bir badiiy vositadan Izzat Sulton o‘zining “Bilmayin bosdim tikanni…” dramasida ham mahorat bilan foydalangan.

Demak, laylat ul-qadrni bilish faqat o‘tmish merosimiz emas, hozirgi o‘zbek adabiyoti namunalarini to‘g‘ri tushunish uchun ham zarur.

Shunday qilib, “layl” yoki “laylat” – arabcha “kecha” degani. “Qadr” “taqdir”, “uning belgilanishi” ma’nosida kelgan. “Laylat ul-qadr” taqdir belgilanadigan kecha degan ma’noni beradi. Bu ham Qur’on to‘laligicha yaratilgan, ham Muhammad (s.a.v.)ga rasulullohlik taqdir etgan, ya’ni Qur’onning ilk oyati vahiy orqali tushirilgan kecha.

Laylat ul-qadrni, ramazon oyining 17-, 19-, 21-, 23-kechalaridan birida, deb hisoblaydigan olimlar ham uchraydi. Lekin ko‘proq unga ro‘za oyining 26-kunidan 27-kuniga o‘tar kechasi, deb qaraladi. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, bir qancha sahobalar laylat ul-qadrni ramazonning oxirgi o‘n kunligi yettinchisida bo‘lishini tush ko‘ribdi. Shunda Rasululloh ularga: “Sizlarning tushlaringiz laylat ul-qadrni ro‘zaning oxirgi o‘n kunligining yettinchi kuni ekanligiga muvofiq kelyapti. Kimki laylat ul-qadrni kutmoqchi bo‘lsa, ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining yettinchisida kutsin!” debdilar (“Movarounnahr musulmonlari”, 1992-yil, 1-son, 8-bet).

Demak, laylat ul-qadr ibodat qilish uchun eng yaxshi, saodatli kecha hisoblanadi. Ana shu tundagi duo-yu ibodatlar zudlik bilan ijobat bo‘ladi, deb umid qilinadi. O‘sha kecha kishi nimayiki tilasa, orzusi amalga oshadi, deb ishoniladi.

Bu – ezgu tuyg‘u.

Biz, mana, 21-martda Navro‘zni nishonlayapmiz, 26-martdan 27-martga o‘tar kechasi esa laylat ul-qadrni qarshi olamiz.

Ham tunning eng yaxshisi, ham kunning eng yaxshisi bir hafta orasiga to‘g‘ri kelishi esa necha-necha yillarda bir yuz beradigan noyobdan noyob hodisa hisoblanadi.

Qonlari bizning tomirlarimizda oqib turgan ajdodlarimizning muqaddas e’tiqodlarini hurmat qilish hammamizning burchimiz hisoblanadi. Bu burch bizni, dunyoqarashimizdan qat’i nazar, ota-bobolarimiz e’tiqod qo‘yib kelgan jamiki narsalarni qadrlashga, buning uchun esa, avvalo, ulardan to‘la xabardor bo‘lishga undaydi.

Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori

“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-martdagi 12-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599