10.08.2026 | 17:31
1275
ILMNI BO‘LISHSANG – KO‘PAYADI
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Mirziyod MIRSAIDOV bilan suhbat

– Domla, Siz faoliyat yuritayotgan “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti melioratsiya va suv xo‘jaligi bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar olib borish, mehnat bozorida raqobatdosh, bilimli va salohiyatli muhandis kadrlarni tayyorlash borasida yurtimizdagi tayanch muassasalardan biri hisoblanadi. Suhbatni mazkur dargoh faoliyatidagi yangiliklardan boshlasak.
– Muhtaram Prezidentimiz joriy yilning 2-aprel kuni “Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu hujjatda universitetimiz jamoasi zimmasiga katta vazifalar yuklandi. Bu so‘nggi yillarda institutimizning xalqaro reytinglardagi yuqori o‘rni, ilmiy salohiyati, va eng muhimi, suv hamda qishloq xo‘jaligi uchun yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlashdagi katta tajribasi bilan bog‘liq.
Shu salohiyatni inobatga olgan holda, oldimizga yanada ulkan vazifalar qo‘yildi.
Xususan, yaqin istiqbolda xalqaro reytinglarda “TOP-300”talikdan joy olish, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, xorijiy talabalar sonini oshirish hamda xalqaro investitsiyalarni jalb etish kabi strategik vazifalar belgilandi.
Qarorning yana bir muhim jihati – zamirida strategik masala bo‘lgan suv xavfsizligi va muhandislik salohiyatini mustahkamlash maqsadi yotadi. Bu soha uchun puxta bilimli, zamonaviy fikrlaydigan muhandislar tayyorlash nafaqat ta’lim muassasasining, balki milliy taraqqiyotning muhim talabi. Shu bois, universitetimizda o‘quv jarayonlarini yangilash, dual ta’limga mos dasturlar ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilarni hududlarga maslahatchi sifatida jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar boshlab yuborilgan. Har qanday yirik maqsad yo‘lida muayyan sinov va to‘siqlar bo‘lishi tabiiy. Lekin Prezidentimiz bu vazifalarni oldimizga qo‘yar ekan, uni bajarish uchun imkoniyat ham yaratib berdi.
Moddiy-texnik baza masalasiga kelsak, bu borada ham salmoqli ishlar amalga oshirilgan. Zamonaviy laboratoriyalar shakllantirilgan, ilg‘or uskunalar olib kelingan. Masalan, hatto nazariy yo‘nalishlar bo‘yicha ham O‘zbekistonda kam uchraydigan laboratoriya bazasi yaratildi. Nazariy mexanika, materiallar qarshiligi kabi fanlarni amaliy tajribalar bilan bog‘lash imkoniyati mavjud. Seysmoplatforma kabi murakkab o‘quv-ilmiy uskunalar talabalar nazariy bilimini amaliyot bilan mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqyapti.
Menimcha, eng muhim omil – inson resursi. Muassasada ilmiy va pedagogik salohiyat yetarli. Professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar o‘rtasida ilmiy maktablar shakllangan. Agar barchamiz bir maqsad atrofida birlashib, tizimli va hamjihat ishlasak, belgilangan vazifalarni bajarishimizga ishonaman.
– O‘zbekiston ilm-fanida mexanika yo‘nalishining bugungi o‘rni va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatini qanday baholaysiz?
– Mexanika fanining jamiyatdagi o‘rni nihoyatda yuqori va fundamental ahamiyatga ega. U fizika, kimyo, biologiya kabi tayanch fanlar qatorida turadi. Chunki hayotdagi ko‘plab texnologik, sanoat va muhandislik jarayonlarining asosi mexanik qonuniyatlarga borib taqaladi. Bugun inshootlar qurilishidan tortib mashinasozlik, aviatsiya, energetika, transport tizimlari, irrigatsiya va sanoatgacha bo‘lgan deyarli barcha sohalarda mexanika hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Har qanday konstruksiya, bino, ko‘prik, samolyot, dvigatel yoki murakkab texnik tizim, avvalo, mexanika qonunlari asosida hisoblanadi, loyihalanadi va xavfsizlik nuqtayi nazaridan baholanadi. Shu bois, bu fan nafaqat nazariy, balki bevosita amaliy taraqqiyotning ham tayanchi hisoblanadi. Xususan, mexanikaning asosiy vazifalaridan biri – konstruksiya va inshootlarda yuzaga keladigan kuchlanish va deformatsiyalarni tahlil qilish, ular mustahkamligi, ishonchliligi va uzoq muddat xizmat qilishini ta’minlashdir. Agar ana shu ilmiy hisob-kitoblar bo‘lmasa, yirik inshootlar yoki texnik tizimlarda xavf va nosozliklar kelib chiqishi mumkin.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, mexanika faqat bitta oliygoh yoki ilmiy markaz doirasidagi fan emas. U barcha muhandislik yo‘nalishlarining poydevori. Texnika, transport, to‘qimachilik, irrigatsiya va boshqa ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida aynan shu fan orqali bo‘lajak muhandislar shakllanadi.
– Siz ilmiy faoliyatingizni deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi yo‘nalishi bo‘yicha tanlagansiz. Bu murakkab va fundamental yo‘nalishni tanlashingizga nima turtki bo‘lgan?
– Bu yo‘nalishga qiziqishim aslida ancha erta, talabalik davrimdayoq shakllangan. Men qishloq maktabida tahsil olganman, undan so‘ng Toshkent aviatsiya texnikumiga o‘qishga kirganman. Aynan shu dargohda samolyotlar, aviadvigatellar, ularning ishlash prinsipi va eng muhimi, xavfsizlikni ta’minlash masalalari bilan yaqindan tanishdim. O‘sha paytdan boshlab konstruksiyalar mustahkamligi, ularning chidamliligi va umrboqiyligi masalalari menda katta ilmiy qiziqish uyg‘otgan. Chunki aviatsiyada har bir detal, har bir konstruksiya elementi aniqlik va ishonchlilikka tayanadi. Shu muhit meni deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi tomon yetakladi.
Keyinchalik Toshkent politexnika institutida muhandislik ta’limi, undan so‘ng matematika yo‘nalishidagi chuqur nazariy tayyorgarlik bu qiziqishni ilmiy yo‘nalishga aylantirdi. Fanlar akademiyasidagi faoliyatim, Moskvadagi aspirantura, nomzodlik va keyinchalik Novosibirskda doktorlik dissertatsiyasi himoyasi – bularning barchasi aynan shu yo‘nalishdagi izlanishlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘ldi.
Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasining amaliy ahamiyati juda katta. Aslida bu yo‘nalish xavfsizlik va ishonchlilik fanidir. Har qanday inshoot – bino, ko‘prik, to‘g‘on, gidrotexnik obyekt, samolyot yoki sanoat qurilmasi – mustahkam bo‘lishi, tashqi ta’sirlarga bardosh berishi va uzoq muddat xizmat qilishi kerak. Ana shu talablarning ilmiy asosi ayni shu fan orqali ta’minlanadi.
Masalan, to‘g‘on qurilmoqda – u suv bosimiga, seysmik ta’sirlarga, vaqt omiliga bardosh bera olishi kerak. Samolyot yaratilmoqda – uning har bir elementi yuklama ostida qanday ishlashi oldindan hisoblanishi zarur. Agar bu ilmiy hisob-kitoblar puxta bo‘lmasa, xavf-xatarga olib kelishi mumkin. Shu bois, bu yo‘nalish nafaqat nazariy ilm, balki inson xavfsizligi, yirik inshootlar ishonchliligi va zamonaviy muhandislik taraqqiyotining fundamental asosi hisoblanadi.
– 55 yildirki, mazkur sohada faoliyat olib boryapsiz. Siz ishlab chiqqan ilmiy modellar zamonaviy muhandislik tizimlarining qator yo‘nalishlarida samarali qo‘llanmoqda. Mehnatlaringizning amaliyotdagi foydasini ko‘rganda boshqacha his o‘tsa kerak yurakdan.
– Olim mehnati inson qadri va olam farovonligiga qaratilgan bo‘lishi kerak. Ilmiy izlanishlarim, ayniqsa, doktorlik tadqiqotlarim asosan inshootlarning seysmik bardoshliligini baholash va mustahkamligini oshirish masalalariga qaratilgan. Bu yo‘nalishda ilgari mavjud yondashuvlarga ayrim yangi nazariy qarashlarni kiritishga harakat qilganman. An’anaviy yondashuvlarda zilzila ta’siridan inshootga uzatilgan energiya asosan materialning ichki xossalari, ya’ni, ichki dissipatsiya hisobiga so‘nadi, degan qarash ustuvor edi. Men tadqiqotlarimda bu jarayonga qo‘shimcha muhim omil borligini ilmiy asoslashga harakat qildim – zilzila energiyasining ma’lum qismi konstruksiya tebranishi natijasida to‘lqin ko‘rinishida tashqariga chiqib ketadi va shu orqali ham energiya yutiladi.
Bu nazariy yondashuv seysmik hisob-kitoblarda yanada aniqroq modellar qurish imkonini beradi. Eng muhimi, bu faqat nazariy yutuq emas, uning amaliy natijalari ham bor. Bu modellarni, avvalo, seysmik bardoshli inshootlarni loyihalash, gidrotexnik obyektlar, murakkab muhandislik konstruksiyalari, sanoat va fuqaro inshootlari xavfsizligini baholash kabi yo‘nalishlarda samarali qo‘llash imkoni mavjud.
Muhim afzalliklaridan biri – konstruksiyalar mustahkamligini ishonchli ta’minlash bilan birga, material sarfini optimallashtirish imkonini berishidir. Ya’ni, ortiqcha zaxira bilan emas, ilmiy asoslangan optimal yechim bilan xavfsizlikka erishish mumkin. Bu esa iqtisodiy samaradorlik ham beradi. Ayniqsa, zilzilaviy hududlarda bu yondashuv juda muhim. Chunki bu yerda masala faqat qurilish emas, inson xavfsizligi bilan ham bog‘liq.
Quvonarlisi, bu nazariya bugun faqat mening ishlarim doirasida qolib ketgani yo‘q. Shogirdlarim va yosh tadqiqotchilar tomonidan bu yo‘nalish rivojlantirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tarkibidagi Mexanika instituti va bizning institutda bu boradagi ilmiy izlanishlar davom etmoqda, ma’lum natijalar olinmoqda. Menimcha, ilmning qadri nazariyadan amaliyotga o‘tib, jamiyat manfaatiga xizmat qilganda oshadi.
– Bugun sun’iy intellekt deyarli barcha sohalarni egallayotgan bir vaqtda Siz faoliyat yuritayotgan ilmiy yo‘nalishda ular qanchalik yordam bermoqda? Shu bilan birga, yoshlar orasida ularga haddan ortiq suyanib qolish holatlari kuchaymayaptimi?
– Bu tabiiy jarayon. Bizning sohada ham uning imkoniyatlari sezilarli darajada kengaymoqda. Hisoblash usullarini tanlashda, muqobil yechimlarni ko‘rishda, murakkab jarayonlarni tahlil qilishda, hatto ayrim modellashtirish yondashuvlarini taklif etishda sun’iy intellekt muhim yordamchi vositaga aylanib boryapti.
Biz ham undan foydalanamiz. Ayrim hisoblash algoritmlarini tanlash, baholash jarayonlarini optimallashtirishda u yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi mumkin. Masalan, qaysi usul ma’qulroq, qaysi yondashuv aniqroq natija berishi mumkin – bu borada sun’iy intellekt foydali tavsiyalar beradi. Lekin men bir narsani doim ta’kidlayman: sun’iy intellekt ilmiy tafakkurning o‘rnini bosa olmaydi. Asosiy matematik modelni, baribir, olimning o‘zi yaratadi. Chunki model qurishdan oldin fizik jarayonni tushunish, hodisaning mohiyatini anglash kerak. Bu esa fundamental bilim va ilmiy mushohadani talab qiladi.
Sun’iy intellekt tayyor vosita sifatida yordam berishi mumkin, lekin u real jarayonning barcha nozik jihatlarini har doim ham to‘liq qamrab ololmaydi. Agar fizik model to‘g‘ri tushunilmasa, matematik model mukammal bo‘lmaydi, natija ham ishonchli chiqmaydi. Shuning uchun men sun’iy intellektni ilm o‘rnini bosuvchi emas, balki ilmga xizmat qiluvchi vosita deb bilaman. Kelajakda uning roli yanada ortadi, bunga shubha yo‘q. Muhimi, undan to‘g‘ri foydalanishdir.
Siz aytgan ikkinchi masala ham juda dolzarb. Ha, ayrim yoshlar orasida tayyor yechimlarga suyanib qolish holatlari kuzatiladi. Bu faqat sun’iy intellekt emas, umuman, raqamli muhit ta’siri bilan bog‘liq. Bugun chalg‘ituvchi vositalar ko‘p – telefon, ijtimoiy tarmoqlar, ortiqcha axborot oqimi. Ba’zida vaqt ilm olishga emas, mayda narsalarga sarflanib ketadi.
Shu bilan birga, men yoshlarimizga ishonaman. Juda iqtidorli, fidoyi, kelajakda kuchli muhandis, olim bo‘ladigan yoshlar ko‘p. Ularning orasida juda yaxshi natija ko‘rsatayotganlari bor. Men yoshlarga bitta fikrni doim aytaman: hech bir fan ortiqcha emas. “Bu menga kerak emas”, degan yondashuv ilmga yarashmaydi. Fundamental bilimlar bir-biriga bog‘liq. Katta yutuqlar aynan shu poydevor ustida quriladi.
– Siz o‘qitadigan fanlar asosan nazariy yo‘nalishlarga mansub. Bunday murakkab fanlarni chuqur o‘zlashtirish uchun laboratoriya va amaliy mashg‘ulotlar qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?
– Ko‘pchilik nazariy fan deganda uni auditoriyadagi formulalar va hisob-kitoblar bilan bog‘laydi. Aslida, muhandislik fanlarida nazariya va amaliyot bir-biridan ajralmaydi. Bizning kafedramizda nazariy mexanika, materiallar qarshiligi, elastiklik nazariyasi, qurilish mexanikasi, inshootlarning zarbalarga bardoshliligi, matematik modellashtirish kabi fundamental fanlar o‘qitiladi. Bular, albatta, chuqur nazariy tayyorgarlikni talab qiladi. Shu bilan birga, biz bu bilimlarni laboratoriya tajribalari orqali mustahkamlashga alohida e’tibor qaratamiz.
Men faxr bilan ayta olamanki, kafedramiz laboratoriyasi bu yo‘nalishda mamlakatdagi eng yaxshi va eng mukammal laboratoriyalardan biri hisoblanadi. Davlat tomonidan yaratilgan imkoniyatlar bilan birga, o‘z tashabbusimiz bilan ham zamonaviy uskunalar olib kelganmiz. Hatto xalqaro grantlar orqali qo‘shimcha laboratoriya jihozlari xarid qilingan.
Bizning yondashuv oddiy: har bir nazariy mavzu amaliy tajriba bilan mustahkamlanishi kerak. Chunki nazariyada eshitilgan narsa vaqt o‘tib unutilishi mumkin, ammo laboratoriyada ko‘rilgan va qo‘l bilan bajarilgan tajriba xotirada mustahkam qoladi.
Biz o‘z kuchimiz bilan seysmoplatforma ham yaratganmiz. Unda real gidrotexnik inshootlar, jumladan, Pskom to‘g‘oni modeli asosida zilzilaviy jarayonlar modellashtiriladi. Talabalar shu yerda nazariyada o‘rgangan hodisalarni amalda ko‘radi – qaysi nuqta xavfli, qaysi konstruktiv yechim barqarorroq, bularni tajribada anglaydi. Chunki faqat nazariy bilim bilan mukammal muhandis tayyorlab bo‘lmaydi. Nazariya laboratoriyada sinovdan o‘tmasa, bilim yuzaki bo‘lib qolishi mumkin.
Biz shu tamoyil asosida nafaqat laboratoriya bazasini yaratdik, balki shu fanlar bo‘yicha darsliklar, uslubiy qo‘llanmalar ham tayyorladik. Natijasi ham bor, talabalarimiz nazariy mexanika va materiallar qarshiligi bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy olimpiadalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Men boshqa oliygoh rektorlariga ham aytganman: laboratoriyangiz bo‘lmasa, keling, biznikidan foydalaning, darsliklarimizdan foydalaning, kerak bo‘lsa, tekin beramiz. Chunki ilmni bo‘lishsang – ko‘payadi.
– Ustoz, Siz suhbat davomida alohida ta’kidlagan yana bir dolzarb masala – inshootlarning seysmik bardoshliligini baholashda nazariya bilan bir qatorda tabiiy, ya’ni, real sharoitdagi sinovlarni qayta tiklash zarurati bor…
– Bu ko‘p yillardan buyon meni tashvishlantiradigan masalalardan biri. Chunki seysmik xavfsizlik masalasi faqat nazariy hisob-kitob bilan tugamaydi. Bu yo‘nalishda biz tabiiy sinovlar masalasiga jiddiy qaytishimiz kerak. Oldingi davrlarda, ayniqsa, yangi turdagi ko‘p qavatli inshootlar yoki muhim konstruksiyalar qurilishdan oldin real sinovlardan o‘tkazilardi. Maxsus vibromashinalar yordamida sun’iy tebranish hosil qilinib, inshootning zilzilabardoshligi amalda tekshirilardi. Faqat shundan keyingina u ommaviy qurilishga tavsiya etilardi. Bu juda katta ilmiy-amaliy maktab edi. Ustozlarimiz, jumladan, Abdurashidov kabi olimlar bu borada sobiq ittifoq miqyosida yetakchi bo‘lgan. Ular ko‘p qavatli binolarni real sharoitda sinab, keyin loyiha yechimlarini tavsiya qilgan. Afsuski, bugun bu yo‘nalish ancha sustlashib qolgan. Hozir yangi model va texnologiyalar joriy qilinmoqda. Bu yaxshi, lekin haqiqiy xavfsizlik uchun ayrim strategik yoki ommaviy tipdagi inshootlar bo‘yicha real obyektning o‘zida tabiiy sinovlar qayta tiklanishi kerak. Axir, mustahkamlik faqat loyiha bilan belgilanmaydi.
– Jahon xalq og‘zaki ijodi xazinasida ajoyib naql bor: “Rim bir kunda qurilmagan”. Shu ma’noda yangi bunyodkorlik ishlarida Siz kabi fidoyi olimlarning ilmi tirgak bo‘lishiga ishonamiz. Bu yo‘lda Siz va jamoangizga yangi ilmiy yutuqlar va kuch-quvvat tilab qolamiz! Salomat bo‘ling!
Vasila HABIBULLAYEVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 7-avgustdagi 32-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604
