Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


03.09.2026 | 11:36

img2046

INJIQLIKMI, EHTIYOJ?

Bugun aksariyat ota-onalar farzandlarining injiq, o‘jar, itoatsiz, tajovuzkor va hissiy noroziligidan shikoyat qiladi. Ammo bola bularni ataylab qilmaydi. Go‘dakdagi har bir hissiy va xulqiy o‘zgarishlarning sababi bor. Muammoning asl ildizini tushunish ota-onaning farzandi bilan yanada mehr, hurmat va xotirjamlik bilan munosabatda bo‘lishiga yordam beradi.

Besh-yetti yosh davrda kuzatiladigan injiqliklarning muhim sabablaridan biri – ota-onaning bola yoshiga mos kelmaydigan talablar qo‘yishidir. Ba’zan ota-onalar bolaning jismoniy, aqliy va hissiy rivojlanish darajasini hisobga olmagan holda, undan kattalardek mas’uliyatli, sabrli va har doim to‘g‘ri qaror qabul qilishni kutadi. Bunday yuqori talablar esa bolada hissiy zo‘riqish va injiqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Bu davrda bola hayotidagi yana bir katta o‘zgarish – maktabga qadam qo‘yishdir. Yangi muhit, yangi qoidalar, o‘qituvchi bilan munosabat, dars tayyorlash, tartib-intizomga rioya qilish va tengdoshlari orasida o‘z o‘rnini topishga intilish bolaning ruhiy yukini sezilarli darajada oshiradi. Shu sababli, maktabning ilk yillarida bolaning ba’zan tez jahli chiqishi, yig‘loqi bo‘lib qolishi yoki injiqligi kuchayishi tabiiy hol hisoblanadi.

Besh-yetti yoshga kelib bola o‘zini boshqalar bilan ko‘proq taqqoslay boshlaydi. U sinfdoshlarining bilimiga, kiyimi, o‘yinchoqlari yoki o‘qituvchining ularga bo‘lgan munosabatiga e’tibor beradi. Endi u nafaqat ota-onasi, balki tengdoshlarining ham fikrini qadrlay boshlaydi. Shu bois, maktabdagi muvaffaqiyatsizlik yoki do‘stlari bilan kelisha olmaslik ham bolaning hissiy holatiga ta’sir qilishi mumkin. Oilada bir nechta farzand bo‘lsa, ota-onaning ularga nisbatan adolatsiz munosabati ham injiqliklarga sabab bo‘ladi. Masalan, “Sen kattasan, ukangga yon ber”, “Sen qiz bolasan, ukangga yordam ber” kabi iboralar tez-tez takrorlansa, katta farzand o‘zini tushunilmayotgandek his qiladi.

Albatta, oilada vazifalar bo‘lishi tabiiy, biroq ular bolaning yoshi va imkoniyatlariga mos bo‘lishi, barcha farzandlarga nisbatan adolat saqlanishi muhim. Bu davrda yana bir o‘zgarish yuz beradi. Bola asta-sekin ota-onasining ham xato qilishi mumkinligini anglay boshlaydi. Avvallari ularni eng kuchli va hamma narsani biladigan inson deb tasavvur qilgan bo‘lsa, endi ularning ham kamchiliklari borligini sezadi. Ota-onaning xatti-harakati va aytgan so‘zlari bu davrda bolaning tarbiyasiga yanada kuchliroq ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun bu paytda ota-onaning asosiy vazifasi bolaning his-tuyg‘ularini tinglash, uning yoshiga mos talablar qo‘yish, muvaffaqiyatini boshqalar bilan emas, o‘zining kechagi natijalari bilan solishtirish va oilada adolatli munosabatni saqlashdir. Ayni yondashuv bolaning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi va injiqligi kamayishiga yordam beradi.

O‘smirlik davri bola hayotidagi eng murakkab va muhim rivojlanish bosqichlaridan biridir. Ko‘pchilik ota-onalar aynan shu davrda: “Farzandim butunlay o‘zgarib qoldi”, “Gapimni eshitmay qo‘ydi”, “Juda qaysar bo‘lib qoldi”, deya xavotirga tushadi. Ko‘pincha bu xatti-harakatlar tarbiyaning buzilganidan emas, balki o‘smirning tabiiy rivojlanish jarayonidan dalolat beradi. Bu davrda farzandlarimizning oldida eng muhim vazifa turadi – “Men kimman?” degan savolga javob topish. Endi u o‘zini ota-onasining bir qismi emas, balki alohida shaxs sifatida anglay boshlaydi. O‘z fikri, qarashi va tanloviga ega bo‘lishni istaydi. Avvalgiga qaraganda ko‘proq bahslashishi, qarshilik ko‘rsatishi yoki mustaqil qaror qabul qilishga intilishi tabiiy hol hisoblanadi.

O‘smirning miyasi ham jadal rivojlanishda davom etadi. His-tuyg‘ularni boshqaruvchi miya qismlari bu davrda juda faol ishlaydi. Biroq rejalashtirish, oqibatni oldindan baholash, sabr qilish va impulslarni nazorat qilish uchun mas’ul bo‘lgan old miya po‘stlog‘i hali to‘liq yetilmagan bo‘ladi. Shu sababli, o‘smir ba’zan hissiyotga berilib qaror qabul qilishi, keyin esa qilgan ishidan afsuslanishi mumkin.

Bundan tashqari, balog‘at davrida organizmda kechadigan gormonal o‘zgarishlar ham uning hissiy holatiga ta’sir qiladi. Kayfiyatning tez o‘zgarishi, ta’sirchanlik yoki ba’zan jizzakilik holatlari ko‘pincha shu jarayonning bir qismi hisoblanadi. Yana bir muhim jihat shundaki, bu davrda tengdoshlarining fikri o‘smir uchun juda katta ahamiyat kasb eta boshlaydi. U do‘stlari tomonidan qabul qilinishni, hurmat topishni va o‘z o‘rnini egallashni istaydi. Ota-onalar ba’zan: “Do‘stining gapini eshitadi, mening gapimni esa yo‘q”, deb o‘ylashlari mumkin. Bu ham rivojlanishning tabiiy bosqichlaridan biridir.

O‘smirlik davrida ota-onaning munosabati muhim ahamiyatga ega. Haddan tashqari nazorat, doimiy tanqid, boshqa bolalar bilan solishtirish yoki uning fikrini mensimaslik qarshilikni yanada kuchaytirishi mumkin. Chunki bu yoshda o‘smir hurmat qozonish va unga ishonishlarini xohlaydi. Bu, albatta, barcha istaklarini bajarish kerak, degani emas. O‘smirga ham aniq va izchil chegaralar zarur. Biroq bu chegaralar qo‘rqitish, baqirish yoki tahdid orqali emas, balki hurmat, muloqot va o‘zaro ishonch asosida qo‘yilganda samarali bo‘ladi. Ota-onaning vazifasi nazorat qilish emas, balki asta-sekin yo‘l ko‘rsatish va mustaqillikka tayyorlashdir.

Shuni unutmaslik kerakki, o‘smirlikdagi qaysarlik ko‘pincha ota-onaga qarshi turish emas, balki o‘z shaxsini topishga bo‘lgan ichki ehtiyojning ifodasidir. Bu davrni sabr, mehr va to‘g‘ri muloqot bilan yengib o‘tgan oilalarda o‘smir va ota-ona o‘rtasida ishonchli munosabat yanada mustahkamlanadi.

Muslima TO‘LQINBOYEVA

“Jadid” gazetasining 2026-yil 21-avgustdagi 34-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img38

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img120

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img312