20.11.2024 | 18:25
2719
“Izlam” davrasida
“Akademnashr” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Izlam” turkumi doirasidagi kitoblar keyingi paytlarda ko‘p bor tilga olindi, o‘quvchilarda ushbu mualliflarning ijodiga nisbatan qiziqish bir qadar ortdi. Biz ushbu turkumning bu yilgi mualliflari ijodidan namunalarni bir havolada jamladik.

Mansur Jumayev – 1991-yil Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida tug‘ilgan. “Oq orzularim”, “Hayrat qo‘shiqlari”, “Hazrati ishq” nomli she’riy to‘plamlari nashr qilingan. “Izlam” turkumida “Biz kutgan fasl” she’riy to‘plami chop etilgan. Shoir 2024-yil kuzida olamdan o‘tgan.
***
Necha bor qalbingda tikladim qasr,
Ayriliq bo‘roni buzdi muttasil.
Nechun yana qattiq qish kelayotir,
Bahor emasmidi biz kutgan fasl?!
Sahroyi sevgimiz ko‘kargan dashtim,
Sog‘inch o‘rdasida muncha savashdim?..
Nahot adashtirdim, nahot adashdim,
Bahor emasmidi biz kutgan fasl?!
Sevildik – sevindik, ammo aqlli
Zotlardek bo‘lmadik odam shaklli,
Ertaroq nishonlab qo‘ydik shekilli,
Bahor emasmidi biz kutgan fasl?!
Azizim, asalga evrilsin zahr:
Sevgida saxiy bo‘l, nafratda – baxil,
Bahorga aylantir qishni ham, axir,
Bahor emasmidi biz kutgan fasl?!
Bahor emasmidi biz kutgan fasl?!

Najmiddin Ermatov – 1993-yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. O‘zMUning Jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Izlam” turkumida “Turon sog‘inchi” she’riy to‘plami nashr qilingan.
ERTAK
Falon mamlakatning falon shahrida,
Falonchi kimsalar etganda bazm,
Qizlari qaltirab qattol qahridan,
Erlari eshilib etarkan ta’zim.
Fuqaro birdayin otsiz falonchi,
Nomdor shiorlarga tamshanib shodon –
Ortib borar emish falon ishonchi,
Qotib borar emish ko‘ksida iymon…
Falon zamonlarga falon rejalar
tuzganda,
shukuhdan to‘lg‘anib omma,
Atoqli o‘ylarning otin nechalar
Qordayin kurarmish tinimsiz ongdan.
Falon yillar o‘tib,
armon o‘tida,
Top debon, avlodlar urganida do‘q –
Falon bir ertakning falon betida
Shoirlar tirilgan varaq emish yo‘q…

Suhrob Ziyo – 1996-yil Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida bakalavr hamda Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti Oliy adabiyot kursida magistratura bosqichini tamomlagan. “Ko‘ngil yelkani” va “Izlam” turkumida “Daryo” nomli she’riy to‘plami nashr qilingan.
TOSHKENT JANGI. 1865.
Birlashmadi gumroh shohlarim,
Vatan deya necha jon ketdi.
G‘anim bir-bir kesdi ohlarim:
Chimkent ketdi, Turkiston ketdi.
Bir er tizdi mardlarni jangga,
Bu zaminda yo‘qmi boshqa ul?
Titroq kirdi yog‘iy badanga,
So‘ngra… o‘qqa uchdi Alimqul.
Biz tirashdik, toki bir xoin
O‘ris poyin o‘pmoq tiladi.
Nido qildi o‘q tekkan joyim:
«Buxorodan madad keladi».
Ha, ojizmiz. Ha, och-nahormiz.
Miltiqlarga qarshi – ha, mushtum.
Biroq bizlar bir sarbadormiz,
Biroq bizlar emasmiz tushkun.
Biz o‘lamiz, kim ham qoladi?
Biroq bizim bo‘lar qutlug‘ jang.
Buxorodan madad keladi,
Sarbozlarim, ungacha chidang!
Bardosh qancha bo‘lsa – erk shuncha!
Qo‘ldan bermang aslo alarni.
Buxorodan madad kelguncha
Ochmasak bas darvozalarni.
Qattiq qo‘ring ko‘ngil – O‘rdani,
Shu pok yurtga bo‘lib munosib.
U qulasa, qulaydi aniq
Erlar ori, ayol hayosi.
Bo‘g‘zingizdan o‘tgan har qultum
Suv g‘animga shaylasin yaroq.
Hayqirmoqqa kuchingiz bo‘lsin
Buxorodan madad kelgan chog‘.
Boqib ko‘zi nigoronlarga,
Bir achchiq o‘t yoqdi jonimni.
Va o‘yladim qo‘rqoq xonlarga
Kuni qolgan Turkistonimni.
Afsus, yana nafs erkdan g‘olib:
Toptab g‘oziy mayitlarini,
Yov qo‘liga tutdilar oxir
Shoshning oltin kalitlarini.
Bosh egmasdan o‘lmoq ham sharaf,
Yov tig‘ urdi titrab mo‘ylari.
Buxoroning yo‘liga qarab,
So‘nggi bora erkni o‘yladim:
«Buxorodan madad keladi…»
«Buxorodan madad keladi…»

Shahriyor Shavkat – 1998-yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitobim” ruknida “Ruhim qushlari” nomli she’riy to‘plami nashr qilingan. Yoshlar ishlari agentligi va Yosh ijodkorlar kengashi tomonidan o‘tkaziladigan “Duel” tanlovining 2021-yilgi g‘olibi. “Izlam” turkumida “Ham” nomli she’riy to‘plami nashr qilingan.
ChO‘LPONga
(Haqiqatning ko‘zlaridan qo‘rqamen)
Lattaxo‘rlar sho‘roga mahsi,
Danagidan bemaza mag‘zi.
Olloh dedim, bo‘g‘zimda takbir,
Manglayimda miltiqning og‘zi –
Qo‘rqmasman!
Jodugarning jodisi tezdir,
Ajalimning chalg‘isi keskir.
Qaro qurtlar aqlimni kavshab,
Tez kir, deydi, lahatga tez kir –
Qo‘rqmasman!
Korchalonlar haddidan hatlab,
Oldi munis yurtimni xatlab.
Mard yigitlar mardikor, attang,
Dodxolarim yuribdi dodlab…
Keldi nomus nayzaboshiga,
El qayishmas qayg‘udoshiga.
Jangchilarim tobora tobe
Moshxo‘rdaga –
oz maoshiga…
Ulus yupun.
Amaldor esa
Suvarakday sabringni yesa…
Qani deysan, har do‘ppili bosh
Ko‘tarilsa,
qo‘rqmasman!
… desa…
Qanday dahshat,
hazrati Cho‘lpon,
Olmos umrim ochko‘zga o‘lpon!
Haqiqatning tishlarida tosh,
Haqiqatning ko‘zlarida qon…
Qo‘rqmasman!

Nozima Habibullayeva – 1996-yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat konservatoriyasini tamomlagan. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining “Birinchi kitobim” ruknida “Moviy qo‘shiq” nomli she’riy to‘plami nashr qilingan. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori (2020). “Izlam” turkumida “Nafas” nomli she’riy to‘plami nashr qilingan.
BURG‘U
Vatan sha’ni uchun kurashsang, to‘ram,
Kaftimni qo‘yaman bosar izingga.
Sidirg‘a do‘ppilar tikkandan ko‘ra,
Kamon tutqazaman erka qizingga.
O‘zim tozalayman sovutlaringni,
O‘zim sug‘oraman tulporingni ham.
Kiprigimda tarab movutlaringni,
Tishimda eshaman zunnoringni ham.
Sandiqqa yiqqancha xayollarimni,
Nayza o‘stiraman guldonlarimda.
Paytava qilaman ro‘mollarimni,
Chilla bag‘ishlayman chiltonlaringga.
Vatan sha’ni uchun kurashsang, to‘ram,
Xanjaring damida o‘ynasin baror.
Elning ko‘kayiga bitilgan jur’at,
Temir bilagingda qaynagan qaror.
Oftob yag‘riningda eritsin tilla,
Lochinlar panjasi yelkangga payvand.
Tug‘ingda ko‘kbo‘ri tinmay uvillab,
Oyni nog‘orangga to‘ldirib qaytar.
Vatan sha’ni uchun kurashsang, to‘ram,
Boshida osmoni dubulg‘a lashkar,
Ortingdan shiddati yelar yildirim,
Yelkalar birlashgan,
orlar birlashgan.
Alarning ortidan yorlar birlashgan.
Chavaqla, zulmning yugurdagini!
Bo‘yniga taqib qo‘y cho‘zgan qamchisin.
Toki o‘tolmasin kekirdagidan
Jayhun-u Sayhunning biror tomchisi.
La’nati miltiqning tupuklarini,
Qon yuvgan kechaning sadolarimiz.
Gul unib ruhining kuyuklaridan
Qabrida tinch yotsin bobolarimiz.
Vatan sha’ni uchun kurashgil, to‘ram!…

Jaloliddin Sayyid – 1990-yil Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida tug‘ilgan. Maymanak kasb-hunar kollejida sport murabbiyi yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. “Izlam” turkumida “Huqqaboz” she’riy to‘plami nashr qilingan.
ISTAK
Ruhim bir yovvoyi ohang istaydi,
Bu bandi ko‘ngilning mayli – yechilmoq.
Shu qadar to‘ydirib yubordi, rosti,
Xonaki mushukdek umr kechirmoq.
O‘, aziz cho‘qqilar, orzu cho‘qqilar.
Ne etib tarqatay tumanday g‘ashni?
Ko‘rsatsam, har onda ming o‘y cho‘qilar,
Yurakka, siz kabi baland yashashni.
To‘fonlar gurlasa, to‘lqinlar ursa,
Qirg‘oqlar chekinsa haddidan qaytib.
Bu mushtoq ko‘zlarim dengizni ko‘rsa,
Dengizday ketolsa to‘rt tomon daydib.
Betizgin ohangning shiddatin ichib,
His etsam bulutlar nafaslarini.
Sindirib chiqolsam – tosh kabi uchib –
Ko‘ksimning yaltiroq qafaslarini…
Ruhim bir yovvoyi ohang istaydi,
Tokay sokingina kulmoq, ingramoq.
Hey Osmon, ichimda bo‘ron muzlaydi…
Tinglamoq istayman, seni tinglamoq.

Rahmat Bobojon – 1998-yil Xorazm viloyati Shovot tumanida tug‘ilgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabasi. “Izlam” turkumida “Ro‘baro‘” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.
VATANNI O‘RGANISH HAQIDA UCh SHE’R
Ukamga
I
Mana bu ishtiyoq, mana bu mehr,
Senga onamizdan yagona meros.
Mana bu tor kulba, mana bu qahr,
Senga otamizdan yagona meros.
Mendan senga qolar, qolsa, yoniq dil,
Uch-to‘rt she’r kitobi, mashq daftari ming.
Nima bo‘lganda ham, ammo, inim bil, –
Odamlari beerk yashagan yurtda
Umri yo‘lda o‘tgan badbaxt og‘angning
Ikki misra she’rin ko‘zingga surtma.
Haqsizlikni ko‘rsang, qo‘yarmisan chek…
Men uzoq o‘ylayman ushbu daqiqa:
Hech qachon bizniki bo‘lmaydigan Erk,
Senga qoladigan Vatan haqida…
II
Biz uni Xorazm deya ataymiz,
Ataymiz Turkiston
yoki Turon deb.
Toshkent, shahri azim deya ataymiz,
istasak ataymiz O‘zbekiston deb.
Tonglarin nomlaymiz: baxtlarning tongi,
sog‘inchlar kechasi deya nomlaymiz,
xohlasak, Shovotga do‘nadi nomi,
Istiqlol ko‘chasi deya nomlaymiz.
Ba’zan ega unga otiz degan nom,
tuproq ko‘chadagi tosh shior ham u.
Mana bu ostona va mana bu tom
mana bu nuragan chor devor ham u.
Men shoir emasman,
no‘noq muallim,
darsni kechiktirdim senga, olgum tan.
Oliy ta’lim – Vatan haqdagi ta’lim,
xullas,
bular bari Vatandir, Vatan.
III
Uy tiklab, mehnatdan qochmaysan, demak,
Kaftlari qadoqlar bilar Vatanni.
Minbarda javragan og‘izlar emas,
Yoshlangan qaroqlar bilar Vatanni.
Inim, ularni qo‘y, axir sen kabi
Ruhi yo‘lchiroqlar bilar Vatanni.
Xalqim, deb janggohdan qochgan mardlarmas,
Jon bergan qo‘rqoqlar bilar Vatanni.
Nodonlar yurt sotsa shoir ahmoq deb,
Bilki, shu ahmoqlar bilar Vatanni.

Gulhayo Anorova – 1998-yil Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida tug‘ilgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘qigan. “Izlam” turkumida “Avron” nomli she’riy to‘plami nashr qilingan.
***
Bo‘g‘zimda uluv bor, ko‘zimda g‘ulu,
Mezon iplarida raqs etgan dorboz.
Qaylarda tuproqni ko‘pchitgan suruv,
Qayerga ketmishdir bog‘larim qiyg‘os?
Yenglarim namlangan, pochalarim nam,
Bu xazon faslidan tomgan ko‘z yoshmi?
Yoqamni shalabbo qildimi shabnam?
Asrab qololmadim bir yomg‘irpo‘shni.
O, sho‘rlik umrimning uzaygan fasli,
Ko‘ksimda yarador to‘lg‘ongan suron.
Bevaqt qulatilgan niholman asli,
Bo‘ronda to‘nkalar topajak omon.
Men qafas ichinda sayragan bulbul,
Sen navo ichiga yashirgan qafas.
Menga anglattirgin, menga tushuntir,
Qushman.
Nega erkim o‘zimda emas?
Bo‘g‘zimda uluv bor, ko‘zimda g‘ulu.

Furqat Alimardon – 1991-yilda Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutini bitirgan. Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “Quyosh kulib boqadi” nomli hikoyalar to‘plami chop etilgan. “Yoshlik”, “Mushtum” jurnallarida, shuningdek, Rossiyaning “Kamerton”, Ukrainaning “Avtograf” elektron jurnallarida hikoyalari nashr etilgan. “Pichirlangan sirlar” va “Izlam” turkumida “Qorakuya” nomli qissa va hikoyalar kitobi nashr qilingan.
SULUK
(Hikoya)
Bepoyon sahro. Sariqtus kaltakesak qumdan boshini chiqarib turdi-da, yana qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Qumtepa ustida xarsangtosh qorayib ko‘rinadi. Qum barxanlari toshning yarmiga qadar ko‘mib borgan. Pastroqda quriy boshlagan quduq. Uning yonida yarmi qurib bitgan olma daraxti. Hali yashilligini saqlab turgan shoxlarida quruqshagan bir necha olma.
Sersoqol keksa kunbotar tomonga og‘ir-og‘ir qadam tashlaydi. Qarashining mahzunligidan dindorga o‘xshaydi. Bo‘yi baland, soch-soqoli ko‘kimtir oq, mo‘ylarining uzunligi xuddi keksa soqoltoy rassomlarni eslatadi.
Mahbusga o‘xshagan musofir beo‘xshov odimlab, unga qarshi tomondan kelmoqda. Qumtepa ustidagi xarsangtosh ko‘ziga odamdek qorayib ko‘rindi. “Ey, yaxshi bo‘ldi, juda chanqagan edim, suv so‘rayman!” deya xayolidan o‘tkazdi-da qadamini tezlatdi. Bir ho‘plam sovuq suvga tashnaligi ortib, yuragida olov yondi. Ammo qarshisida odam emas, qoraygan tosh turardi. U qo‘lidagi to‘rvasini yerga tashlab, xarsangga suyangancha hansirab nafas oldi. Toshdagi o‘yiqlar unga sirli tuyulib qo‘li bilan siypalab, changni artdi. “Bu nima ekan? Qadimiy yozuv-ku!” Savodsiz-da, savodsiz! Afsus! Uni endi suvsizlik emas, yozuvni o‘qishga bo‘lgan ishtiyoq qiynay boshladi.
Sersoqol qariya ham uning yoniga yetib keldi.
Musofir qariyaning salomiga alik olarkan:
– O‘qishni bilasizmi? — deb so‘radi.
Mo‘ysafid “ha” degandek bosh irg‘adi.
– Shuni o‘qing-chi, nima yozilgan ekan! – dedi u qo‘li bilan xarsangdagi yozuvlarni ko‘rsatib.
– Qani, qani! — dedi qariya ham qiziqib va toshni hafsala bilan paypaslay turib: “Hayhot, uni hech yerdan topolmaysan…” — degan so‘zlarni o‘qidi.
Qariya bo‘ynini cho‘zdi va:
– Bu gap tugamagan, davomi bor. Toshning tagini ham oching! — dedi so‘ngra.
Musofir qo‘li bilan tosh tagidagi qumlarni sidirgan edi, yozuvning davomi yaqqol ko‘zga tashlandi.
Mo‘ysafid:
– “Zero, u sendadir”, — deya o‘qidi allaqanday horg‘in ohangda.
Garmsel shamol esdi.
Mo‘ysafid ibodatga o‘tirdi. Musofir daraxt shoxidagi qoqidek burishgan olmani shart uzib, g‘arch tishladi.
Mo‘ysafid ibodatini tugatgach, musofirga ijirg‘anib, kibrli nazar soldi.
G‘alati musofir tumshaydi.
– Nega kibr bilan qarayapsiz? — dedi bir oz o‘pkalangan ohangda.
Mo‘ysafid oppoq soqolini siladi, lekin hech narsa demadi.
Musofir baquvvat qo‘llarining changini qoqdi:
– Men bilan ketasizmi?
– Qayoqqa ketyapsiz o‘zi? — dedi savolga savol bilan mo‘ysafid. Musofirning yuzida anglashilmas mayl jilo taratdi:
– O‘zimni topgani. Siz-chi?
– Xudoni! — dedi Mo‘ysafid mahzun ohangda va:
Men siz bilan ketolmayman! Istagan taqdirimda ham! — deya yo‘lga otlandi.
– O‘zingiz bilasiz, — deya musofir “zorim boru, zo‘rim yo‘q” degandek to‘rvasini ko‘tarib, yo‘lga tushdi.
Keng sahro zarrin nurlarga to‘lgan, garmsel shamol esib, qizigan yuzlarga oltin qum zarralarini sochmoqda edi.
Ikkalasi ham ikki tarafga yo‘l solib ketdi. Xarsangtosh xuddi ulardan xafa bo‘lgandek, mung‘ayib qolgandek, shom qorong‘usida qorayib turar edi.
Ikki inson, ikki ko‘ngil, muddaosi ikki xil bo‘lgan o‘z yo‘llarida ketib borar, faqat ikkisini ham bitta savol qiynar, bu ham bo‘lsa: toshdagi yozuvning ma’nosi…
– Nima ekan a?! — deya o‘ziga-o‘zi savol berardi Musofir. Uning qadamlari toboro sekinlasha boshladi va oxiri yurmay qoldi. Birdaniga qo‘lidagi to‘rvasini osmonga otib “Tushundiiimmm!” deya hayqira boshladi.
Tongni yetib kelgan joyida ottirgan Musofir, yana ortga, xarsangtosh yoniga qaytdi.
Xarsangtosh yonidagi quriy boshlagan quduqni qaytadan kovlab xorigan Musofir uzoqdan kimningdir kelayotganini ko‘rdi. Chorak soatlardan so‘ng u yetib keldi. Kelgan odam o‘sha kibrli Mo‘ysafid ekanini ko‘rib Musofirning yuziga tabassum yugurdi.
– Ha, nega qaytib keldingiz? Bu yerda ekanimni qayerdan bildingiz?
Musofirning savollariga Mo‘ysafid birgina ishora bilan, toshdagi yozuvni ko‘rsatib javob berdi. Buni ko‘rib Musofir yerga ag‘nab qah-qah otib kulgancha “Qoyil siz ham anglabsiz!” — der edi. Mo‘ysafid bir so‘z demay toshdagi yozuvga termilib o‘tirardi.
To‘lin oy yoritgan sahroda ikki sharpa quduq qazir edi: biri Mo‘ysafid, biri Musofir.

Jumanazar Yoʻldosh – 1997-yili Xiva tumanidagi Shomohulum qishlogʻida tugʻilgan. Urganch davlat universitetining Oʻzbek filologiyasi fakultetini tugatgan. Ijod namunalari «Jilgʻalar qoʻshigʻi», «Orzu va dengiz», «Mushtarak dillar», «Ijod gulshani» toʻplamlariga kiritilgan. 2019-yilda Xivada oʻtkazilgan «Oʻzbekiston bahori» (II mavsum) respublika ijod festivali gʻolibi. Hikoyalari ingliz, rus, nemis, turk, ozar, vyetnam tillariga tarjima qilinib, AQSH, Rossiya, Germaniya, Italiya, Turkiya, Ozarboyjon, Pokiston, Vyetnam kabi davlatlarning gazeta-jurnal, adabiyot saytlarida e’lon qilingan. “Izlam” turkumida “Sir” nomli hikoyalar to‘plami nashr etilgan.
RO‘YO
(Hikoya)
Uning qulogʻiga mutlaqo dars kirmasdi. Atrofida kechayotgan hodisalar: keraksiz narsalarni zoʻr berib tushuntirishga urinayotgan allaqanday odam, gohi sokin, gohi shivir-shivir tovush chiqarayotgan kimsalarga mutlaqo befarq edi. U bu biqiq auditoriyada mutlaqo yolgʻiz edi. Xayollari parishon, koʻzlari deraza ostida boʻy choʻzib turgan teraklarga tikilib qolgan, yaproqlarning mayin shabadadan shitirlashini tinglar edi. «Qani edi derazadan sakrasang-u, qanot chiqarib olis-olislarga parvoz etsang…» ‒ deya xayol qilardi.
U ana shu lahzada nafasni boʻgʻuvchi bu xonada ortiq qololmasligini angladi va oʻrnidan turdi-da, yugurib borib oʻzini derazadan otdi. Birdan uning yagʻrinidan kabutarnikidek ulkan qanotlar yorib chiqdi-yu, havoda keng yoyildi va u parvoz eta boshladi…
U havo oqimiga hamohang ravishda oppoq momiqday parqu bulutlar aro keng qanot yoyib uchardi. Koʻzlarini chirt yumib olib, havo shiddatidan huzurlanar, qarshi shamol yuzlaridan mehribon onasiday ardoqlab silar, lablarida shodon tabassum oʻynoqlar, vujudini parday yengil sezardi.
Tobora yuksaklik sari koʻtarilarkan, ikki yonida nomaʼlum qushlar hamrohligida uchayotganini payqadi. U oʻzini ham ana shu toʻda vakiliday his qildi…
Ular oppoq parqu bulutlarni yorib kirisharkan, oʻzga olam sari yoʻl olishdi. Bulutlarni yorib oʻtishganidan soʻng hammayoqni xira tuman chulgʻab oldi. Hech narsani koʻrib boʻlmasdi. Tuyqus allaqayoqdan yogʻdu taraldi-yu tuman pardasini tilimlab tashladi. Olam yorishib ketdi.
U koʻnglida surur tuyib, jilmayib qoʻydi. Qandaydir qoʻsh togʻdan oʻtishgach, sarhadsiz dengiz boshlandi. Har qayoqdan eshitilayotgan chagʻalaylarning chirqiroq sasi, shovullab mavjlanayotgan dengiz ovozi qoʻshilib ajib kuyday qulogʻini qitiqlardi. U boʻlsa bularning hammasidan masrur edi, koʻzini yumib olib jilmaygancha uchib borardi. Bu uning uchun sirli, huzurbaxsh olam edi.
Olisda savatday kichikkina orol koʻrindi. Yonidagi qushlar esa chirqillab bir-birini qoʻnish haqida ogohlantirdi. Orolga yaqinlashisharkan, asta pastlay boshlashdi.
Oroldagi sayhonlikka yengil qoʻnishdi.
U atrofga ajabsinib tikilarkan, butun vujudini qamragan joʻshqinlikdan entikib ketdi.
– Nahotki men shu yerdaman?! Axir bu xuddi tasavvurimdagi orolcha-ku!..
Chirqillashib bir-biridan ahvol soʻrashayotgan qushlarga qaradi-da:
– Rahmat! Sizlar meni orzumga yetkazdingiz! – dedi.
Qushlar boʻlsa oʻz vazifasini bajarib boʻlgandek tagʻin allaqayoqlarga uchib ketishdi…
U orziqish va hayrat bilan atrofga tikilardi. Orolni yam-yashil maysa, dov-daraxtlar qoplagan, bir chekkasida kulba joylashgan, tevarakda qushlar chugʻurlashib charx urishardi.
– Men endi shu yerda yashayman! Umrbod yashayman! – dedi beixtiyor.
U bu orolni oʻziga makon qilib oldi.
Ertalab quyoshdan avval uygʻondi. Rohatlanib homuza tortdi-da, olis ufqqa tikilib qoldi. Quyosh dengiz bilan tutash osmondan bosh koʻtara boshlagandi.
U ilk nurlardan huzurlanib, beixtiyor jilmaydi. Shu nurlardan mislsiz quvvat olganday, ichidagi charchogʻ-u zardoblardan xalos boʻlganday tetiklashdi.
– Nega shu huzurli hisni ilgari hech tuymaganman?.. – deya savol berdi oʻziga. – Yo shunchalik loqayd boʻlib qolganmidim?..
U tong otishini uzoq kuzatdi. Bu tong uni hayajonga solayotgan edi. Xuddi tugʻilganidan beri birinchi bor quyoshni koʻrayotganday sezdi oʻzini. Shuning uchun ham charaqlab turgan quyosh tilsimli tuyuldi.
Quyoshni tomosha qilib boʻlgach, kulbaga qaytdi. Bir gala qushlar gir aylanib charx urishardi. U kulbasidan ichiga don solib savat olib chiqdi. Qushlar shodon chah-chahlashib savatga qoʻnishdi-da, don choʻqilay boshlashdi.
U qushlarning donlashini chekkada jim kuzatib oʻtirdi. Allaqanday tuygʻudan koʻngli iyib jilmayar, qushlarga muhabbati ortib, yana ham koʻproq yaxshilik qilgisi kelardi.
– Qushlar ‒ ajoyib jonzotlar… – dedi oʻz-oʻziga. – Eng baxtli jonzotlar. Ular istagan yoqqa uchib keta olishadi, oʻzlariga yoqmagan makonni tark eta olishadi, oʻzlari uchun soʻlim manzil axtara olishadi va nihoyat oʻzlarini baxtiyor his qilgan zaminda umrbod yashab qola olishadi. Shuning uchun ham ularni sevaman! Shuning uchun ham ularga havas qilaman!
U nimagadir mahzun boʻlib qoldi. Koʻzida allanechuk mung paydo boʻldi. Xomush nigohi qushlarning patirlab uchib ketishidan soʻng sergaklandi.
Yengil mavjlanayotgan, olis osmonga qadar choʻzilgan sarhadsiz dengizga qaradi. Orolcha qirgʻogʻida yogʻoch qayiq chayqalib turardi. U birzum turib qoldi, koʻngli dengizda sayr qilishni tusadi. Qayiqqa oʻtirib sershovqin dengiz yuzida suza boshladi. Eshkak eshib borarkan, dengiz nafasini tuydi, qalbi allaqanday huzur va hayajondan hapriqib ketdi.
– Men ozodman! – deya hayqirdi. – Hech kim hayotimga daxl qilolmaydi!
U yosh boladay quvonar, shodon kular, hech ham his qilmagan baxt hisidan mast boʻlgan edi goʻyo.
Oʻzini nihoyatda baxtiyor sezayotgan mana shu pallada osmon-u falakni quyuq qora bulut qopladi. Atrofni zim-ziyo qorongʻilik zabt etdi. Endi na dengiz chayqalishi, na chagʻalaylar xonishi eshitilar, hech narsa koʻrinmas, eshitilmasdi ham.
U sarosima ichida atrofga alangladi, nimadan najot kutishni bilmay dahshatli vahima ichida qoldi.
Birdan oyogʻi ostida boʻshliqni his qildi. Soʻng oyogʻida, qoʻlida, boshida – butun vujudida chidamsiz ogʻriqni tuydi. Boshidan iliq suyuqlik silqiyotganini sezdi… biroz o‘tib hech narsani his qilmay qoʻydi…

Bayram Ali – 1991-yil Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida tugʻilgan. “Bolangman, Dunyo”, “Kuz yomgʻirlari” kabi nasriy kitoblar muallifi. “Sharq yulduzi” jurnali muharriri. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. “Izlam” turkumida “Bosiriq” nomli qissa va hikoyalar to‘plami nashr qilingan.
POCHCHA
Bahriddin telefonini o‘chirdi-yu, og‘ir so‘lish oldi.
– Nima gap dadasi, kim ekan? – so‘radi o‘g‘ilchasini cho‘miltirib kelib kiyintirayotgan xotini.
– Qishloqdan… Manzilimizni so‘radi… – xuddi o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgandek ming‘irladi Bahriddin. Uning tushkun kayfiyati ayni dam xotiniga ham yuqdi.
– Kim?..
– Eshi pochcha.
– A?!… Nima deydi? – taqqa harakatidan to‘xtadi ayol.
– Qarzdir-da, mazasi yo‘q deyishayotuvdi…
Xotini irg‘ishlab o‘ziga bo‘ysunmayotgan o‘g‘ilchasini zarda bilan siltab oldi:
– Eee, nafi tegmaydigan xeshning, zarari ham tegmasa…
***
Yakshanbaligi bois Bahriddin oyog‘ini uzatib televizor ko‘rdi. Uyda timirskilanib u yoq-bu yoqqa yurdi, gazeta titkiladi. Tushga yaqin mehmon ham kelib qoldi.
– Aylanayin, ertalabdan esgan shamol qayerniki desam, chimliklarniki ekanda! – Pochchasiga sir boy bermay tirjaygan kuyi ostonada qarshiladi u. – Buytib odamni ilhaq qildingiz-ay, jezza…
Bahriddin qishlog‘i shevasida gapirib shaharda o‘zgarmaganini namoyish qilgan bo‘ldi. Og‘irgina sumkani uchinchi qavatga chiqarguncha terga botgan pochcha ham qishloqdan keltirgan narsalarini qo‘yib, quchog‘ini ochdi:
– O‘zimam tilipon qimasdan boraveray devdim-a… Shu, xolang qo‘ymadi-da, shaharda odat bo‘lak, deydi.
– Nega xolamni ham olib kelmadingiz, bir aylanib ketardi.
Pochcha xotini va birorta bolasini ergashtirmaganiga ichidan astoydil achindi.
– Ey-y, ul ro‘zg‘ordan bo‘sharkanmi, Bahriddinjon…
– Ttt-ti, tt-ti, – pochchasi keltirgan sumkaga imo qilib tanglayini qoqdi Bahriddin. – Bularingiz nimangiz-a endi, jezza, ovora bo‘lib. O‘zingiz kelavermaysizmi mundoq?
Pochcha ajablangan ko‘yi yelka uchirdi.
– Ovorasi bo‘larkanmi?.. Turshak, chakki deganday, qishloq ne’matlari-da axir…
***
Bahriddinning xotini ham pochcha bilan ko‘rishib-so‘rashgach, ular mehmonxonaga o‘tishdi. Kelin dasturxon yozdi, choy keltirdi.
Pochchani shaharga mos bezatilgan xonaning salobati bosar, qarindoshlari o‘ziga to‘q yashayotganiga suyunsa-da, hurmati bu qadar oshib ketganidan allatovur bo‘lardi. Zum o‘tmay dasturxonni “qishloq nematlari” ham egallay boshladi. Bundan ko‘ngli yorishdi pochchaning, xijolati picha aridi. Ustma-ust terib qo‘yilgan televizor, musiqiy markazga o‘xshash narsalarni, xonaning bir yonini to‘laligicha egallagan servant to‘la chinni-billur buyumlardan tortib, o‘zlari hozir o‘tirgan divan-kresloni yana bir qur havas bilan kuzatib chiqarkan, yayrab so‘z qotdi:
– Bahriddin, siz shaharliklarga juda maza-da! Hamma narsa to‘kin-sochin, sharoit zo‘r. Xolang, ayniqsa chiroq o‘chib bezor qilgan pallalari ko‘p aytadi: “Shu o‘y-joyni sotsagu, bizam shahardan bitta dum olsak…”
Pastga qarab olma archiyotgan bo‘lsa-da, pochchasiga zimdan e’tibor berib o‘tirgan Bahriddin u boshlagan gapning borar yerini tusmolladi.
–Eyy, jezza, sizlar shunaqa deysiz-da, biz esa sizlarga havas qilamiz. Siz uydagi bu ashqol-dashqollarga qaramang, jezza. Siz…
U nimadir qidirganday atrofiga alangladi-yu, nihoyat qo‘lidagi yarim archilgan olmani pochchasiga nuqib ko‘rsatdi:
– Siz masalan manavi keltirgan olmangizni ayting. Ekib qo‘ysangiz uch yilda hosilga kiradigan narsa. O‘zingizniki, istaganingizcha qoqib yeyavermaysizmi. Bizda buning donasi falon so‘m hozir. Masalan mana bu keltirgan tarvuzingizni olaylik, yo qovuningizni ayting, a? Bekorchilikdan ham shularni yerini chopib, so‘g‘orib qo‘yaverasiz-da, to‘g‘rimi. Bozorga chiqarsangiz pul! Ib-yey-ib-yey, bizda-chi, so‘ramang buni qanchadan olishimizni…
Bahriddin “mehmon izzati uchun dasturxonga qo‘yilgan” shirinliklaru, boshqa noz-ne’matlarning narxini chamalab chiqishdan ham erinmadi. Mashinasi yo‘qligi, xotini ikkalasi ishiga borib kelishining o‘ziga qancha yo‘lkira sarflayotganini kuyinib gapirdi ayniqsa. Pochchasi “Unchalik noshukur bo‘lma…” deb ko‘nglini ko‘tarmoqchi edi, aksincha, yigitning battar yarasi tirnalishiga sababchi bo‘lib qoldi, sho‘rlik.
Dami ichiga tushdi pochchaning. Ko‘ngli og‘rimadi, ko‘ngli g‘ijimlangan qog‘ozday xijil bo‘ldi pochchaning. Aytgan gapiga ming pushaymon yedi. Anoyi odam, bu yoqlarda narx-navoning bunchalik ko‘tarilib ketganini qayerdan ham bilibdi.
Picha fursatdan beri ko‘zga tashlanmayotgan kelin dasturxonga o‘rtacharoq tovoqda polov keltirib qo‘ydi. Pochcha har qancha qishloqi bo‘lmasin choyxona-poyxonaga chiqib yurgan odam emasmi, choyxonaning polovini darrov tanidi. Choyxonada shunaqa, polov sersabzi bo‘lib, ustiga sarimsoq va qazi bosib qo‘yiladi. Hoynahoy bularning uyida guruch, yog‘ deganlari ham taxchil chiqar. Chin, suvgacha sotib olgandan keyin shaharda yashashning ham o‘zi bo‘lmasa kerak, chin. Bechora kelini, ahvolini sezdirmay deb pastdagi tamaddixonadan ovqat keltiribdi, shekilli.
Kelini tovoqni dasturxonga qo‘yib, siniqqina tabassum qildi:
– Oling pochcha, dasturxonga qarab o‘tiring. O‘z uyingizdagiday bemalol… – so‘ngra o‘g‘ilchasini yetaklab narigi xonaga chiqib ketdi.
Bahriddin ham pochchani oshga unnay boshladi, lekin…
Pochcha ona-bola chiqib ketgan eshikka tikilib qoldi… Shuginalarda bor vijdon, pochchada yo‘qmi? Shugina go‘dak oshdan men ham yey demadi, shugina go‘dak halitdan beri dasturxondagi biror qand-qursga uzanmadi. Shugina go‘dak… Qarindoshning ro‘zg‘ori bekorga bunchalik charchamaydi. Sir berishni istamayapti, ishida bir ishkallik chiqqanga o‘xshaydi buning. Pochchaning ichidan ich-qirindisi ketdi. “Ey, mehmonga kelmay har balo bo‘l, Eshim govkalla! Yetmay yotgan holing bormidi, o‘larmiding shuncha vaqtdan beri xesh bo‘lib bir xabar olsang… O‘larmiding xotinday chakki ko‘tarib yurguncha, bir qo‘yni so‘yib, nimtalab kelsang…” .
Pochcha alam bilan non kavshadi. Yeganlari zahri-zaqqum bo‘ldi, ichgan choyi ichaklarida shaldur-shuldur qildi. Bahriddinboy shahar sharoiti-yu, narx-navosi haqida nolishdan, pochcha ichida o‘zini so‘kishdan charchamadi. O‘rtada ovqat mustar qoldi… Bahriddin sezmagandek pochchasini oshga unnab qo‘yar, uning tobora to‘nayotgan rangiga qarab “Kasalligi chinga o‘xshaydi, – deya o‘ylardi. – Qarz qaytaradigan holi yo‘q buning, so‘rab qolsa Xudo urdi!”.
Nihoyat pochchaning safari qarib, mezbonlardan ketishga ruxsat so‘radi. Bahriddin yotib ketasiz, deb harchand qistalang qilmasin, unamadi. Qarindoshni bag‘riga bosib xayrlasharkan, o‘pkasi to‘ldi. Ostonagacha kuzatishga chiqqan keliniga, uning qo‘lidan siqib turgan ma’yusgina go‘dagiga qarab battar ezildi. Sumkasini olishni ham unutib, jo‘nab ketdi.
***
Qulog‘i tom bitgan pochcha, shaharning gerdaygan, hissiz beton uylari oralab gandiraklab ketib borarkan, bo‘g‘ziga achchiq bir narsa tiqilardi. “Eshim govkalla, he, odamgarchiligingga la’nat seni, mol!”, so‘kardi o‘zini. “Normat serri, o‘g‘ling shaharda bu kunda yashaydi-yu, ota bo‘lib bosh ko‘tarib yurganingga o‘laymi, eshshak!”, so‘kardi bojasini. “Tag‘inam go‘dakning tantiligini qara, dardi ichida, baribir sir boy bermadi-ya. Ahvoli bunaqa emasdi-ku, nima bo‘ldi ekan buning ishiga…” O‘yining adog‘i ko‘rinmasdi…
Ayni paytda esa Bahriddin bilan xotini o‘zga bir kayfiyatda edilar.
– Gap bilan pishirivordim, nimaga kelganini unutib, yana sumkasini ham tashlab ketibdi, bu pochcha, – tizzasiga urib kulardi qarindosh…
Pochcha avtobus bekatiga yaqinlashganda ortiga burilib, boshqa domlarnikidan ajralib yaltillab turgan ko‘kish, oldi balkonli derazaga yana bir marta nazar tashladi: “Uch kundan keyin molbozor, sog‘im sigirni sotamanu, pulini keltiraman. Qarindosh degan shunday kunda yaramasa, to‘ng‘iz qo‘psin!”.

Mohira Eshpo’latova – 1995-yil 25-oktyabrda Navoiy viloyati Xatirchi tumanida tug’ilgan. Navoiy davlat pedagogika institutini tamomlagan. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti magistranti. Hikoyalari “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “Звезда востока”, “O’zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Tafakkur” singari bir qator gazeta-jurnallarda nashr etilgan. Shuningdek, 7 tilga tarjima qilinib, dunyoning 18 dan ortiq davlatlarida e’lon qilingan. “Olov raqsi” (2023), “Izlam” turkumida nashr qilingan “Qirq birinchi kun” nomli kitoblar muallifi. Zomin seminari ishtirokchisi (2022), “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori (2024).
DEVOR
Kutilmaganda uning qarshisida devor paydo boʻldi.
Devorning gʻishtlari koʻchaga yotqizilganlari bilan bir xil, shuning uchun yoʻl boshidan koʻrinmasdi, goʻyo yoʻl tikka koʻtarilib, uning oldini toʻsib chiqqanday edi. Devor ancha baland, undan oshib, boshi berk koʻchaning narigi tarafiga oʻtib boʻlmasdi. U devorning mahobatidan hayratlanib, ogʻzi ochilgancha ancha payt joyida turib qoldi. Ortga qaytish haqida oʻyladi, ammo unday qilib boʻlmasdi. Chunki uzoq yoʻlni bosib oʻtib qoʻygan. Buning ustiga, koʻchaga aniq maqsad bilan kirgan, agar unga erisholmasdan ortga qaytib ketadigan boʻlsa, odamlar nima deyishi mumkin? Yoʻlning oxirigacha borishga kuchi yetmabdi demaydimi? Deydi! Yoʻq, shu devor ostida oʻlsa oʻladiki, ortga qaytib ketmaydi. Qatʼiy qaror qildi u. Keyin esa bundan bu yogʻiga nima qilish haqida oʻylay boshladi. Bir kun oʻyladi, bir hafta oʻyladi, ehtimol, bir oylar chamasi vaqtini oʻylab sovurgandir. Buni aniq aytib boʻlmasdi, zero, u uchun biz oʻlchaydigan vaqt tushunchasi oʻz maʼnisini yoʻqotib, cheksizlikka singib ketgan edi. Endi vaqt haqida oʻylashning hojati yoʻq edi. Axir bir oʻzingga tegishli boʻlgan narsani hisoblashdan maʼni yoʻq-ku! U kimdir shu koʻchaga kirishini, ulkan devor ostida yolgʻiz oʻzi oʻtirganini koʻrib, yupatishini, quchoqlab, koʻzyoshlarini artishini, qoʻrquvlarini gapirib berganda, tinglashini istadi. Oʻsha kimnidir uzoq kutdi. Ammo hech kim kelmadi. U oʻylash, siqilish, kutish bilan birga oʻziga ermak ham topdi. Kichkina bir choʻpni olib, devor gʻishtlari orasini chuqulay boshladi. Biroz vaqt oʻtgach gʻishtlarning orasidan bir uyum tuproq toʻkilib tushdi.
U tushundiki, gʻishtlar orasi moʻrt, buzishning iloji bor. U choʻpni kaftida mahkam siqqancha katta kuch, ishtiyoq bilan oʻz ishida davom etdi. Bir necha soatlik astoydil urinishlardan soʻng birinchi gʻishtni joyidan ajratib oldi. Uning oʻsha paytdagi holatini soʻz bilan ifodalab boʻlmasdi, telbaga oʻxshardi, changga belangan qoʻlida gʻishtni boshi uzra azot koʻtargancha qiyqirib kulardi. Atrofida uning ishiga qoyil qoladigan odam yoʻq, shunga qaramay, goʻyo olqish qabul qilayotganday vazmin tutardi oʻzini, ikki yoniga biroz egilib taʼzim ham qilardi. Bir payt eʼtirof etadigan odam yoʻqligi esiga tushib, shashti soʻndi, alam qildi, eyforiyasi tarqab ketib, ranjidi. Shunday birda umidsiz, birda xursand – quroq kayfiyatda devordan gʻishtlarni ajratib ola boshladi. Sekin-asta ikkinchisi, uchinchisi joyidan siljidi, soʻng ularni ham devordan sugʻurib oldi. U shu ish ustida oʻzidan mamnunlikni tuyar, ichki qoniqish his qilar edi. Devor oralaridan mitti, chiroyli gullar unib chiqqan, u devorni buzayotib gullarni tomiri bilan uzib oldi. Jarroh bemorining ichak-chovogʻini qornidan chiqarib, sinchiklab qaraganiga oʻxshab u ham tomirlarini diqqat bilan koʻzdan kechirdi. Soʻng yoʻl chetiga ekib qoʻydi. Bir kuni yangi oʻtqazilgan gullarning joniga ora kirib yomgʻir yogʻdi. U yomgʻirga yuzini tutgancha devor ostida uzala tushib yotdi. Oʻsha paytda oʻzini juda baxtli his qildi. Yozning quyoshli kunlarida devor soyasida oʻtirar, soya surilgan sari, u ham soyaga qarab siljir, shunday jaziramada jon saqlardi. U fasllar almashayotganini havo harorati, devorda gullar, oʻtlar unishi, qurishiga, devor soyasining uzundan ingichkaga tomon qisqarib borishiga qarab belgilardi. Uning urinishlari devordan bir gʻishtning koʻchishiga olib keldi. Gʻishtning yerga tushgandagi ovozi jaranglab eshitildi, bu juda uzoq kutilgan tovush edi. Qalin devordan teshik ochilib, koʻchaning narigi tarafini koʻrish mumkin boʻldi. Uning butun vujudi koʻzga aylanib toʻrtburchak teshikdan qaradi. Narigi tomonda nima bor? Nima?! U tomonda devorning oʻzi yashayotgan tarafidagiga ayni bir xil koʻchani, osmonni, u yoqdan bu yoqqa tinmay oʻtayotgan mashinalar va odamlarni koʻrdi. Shu paytgacha nimalarni koʻrib, bilib yashagan boʻlsa, ulardan ayricha hech nimaga koʻzi tushmadi.
Avvaliga gʻishtlarni birin-ketin olib tashlashga, oʻzi sigʻadigan teshik ochishga pala-partish harakatlar bilan joni boricha urindi. Gʻishtlarni olib tashladi, koʻz oʻngida kichkina toʻrtburchak olam kengayib bordi. Endi narigi tarafni aniq-tiniq koʻrsa boʻlardi. Ana, koʻchaning ikki tarafida qad kergan baland binolar, huv ana koʻchaning oxiri, chiroqlari va ular osilib turgan ingichka ustunlar, hamma narsa – binolarning qurilish uslubi, odamlarning kiyinish uslubi, reklama bannerlarigacha bu taraf bilan aynan bir xil edi. Bularni koʻrib, boʻshashib, toʻxtab qoldi. Bir odam sigʻadigan teshik ochib boʻlingan, u esa bir koʻchaning narigi tarafiga, bir oʻzi kelgan tomonga qarab ikkilanib, oʻylanib qoldi. Oʻtmadi. Qoʻllarini boricha yoyib, hayotidagi eng muhim, qadrli narsaga aylanib qolgan devorga yopishdi, uni quchoqlamoqchi boʻldi. Quchogʻiga sigʻishi uchun qoʻli kaltalik qildi, devor esa kattalik. Va u devorning mahobatini ich-ichidan his qildi, negadir oʻsha lahza unga singib ketishni, bitta gʻishtga aylanib ichida abadiyga qolishni istadi. Xayolan erib loyga aylanayotganini, toʻrtburchak qolipga oqib tushayotganini, shu devorning bir parchasi boʻlib terilayotganini tasavvur qildi.
U koʻzini chirt yumib olgan, uni ochishdan, xayollari haqiqat bilan yuzlashganda chil-chil sinishidan qoʻrqdi. Oʻsha yerda, devor ichida hech qachon topmagani rohat-farogʻat, maqsad, maʼnini koʻrdi. Ammo buning mutlaqo iloji yoʻqligini aqlan bilib turardi ham. Devorga qattiq yopishganidan uning qingʻir-qiyshiq yuzasi yuzida iz qoldirgan, qizarib ketgan edi. Koʻzlarida yosh, devordan najot kutganday unga javdirab qarardi. U devorning boshqa tomoniga borib turdi. Xuddi joniga xavf solayotgan maxluqqa qaraganday oʻzi ochgan teshikka ham qoʻrquv, ham nafrat bilan tikildi. Tizzalarini quchoqlagancha oʻtirib olib, boshini ularning orasiga yashirdi. Uning butun aʼzoyi badani qaltirardi. Oʻsha teshikning mavjudligi miyasiga chidab boʻlmas ogʻriq berayotgan edi. U yerda tartibsiz dumalab yotgan gʻishtlardan qoʻliga ilashganlarini olib, “ogʻriqlarining markazi”ga otdi. Bu bilan yengil tortmasligini tushungach, gʻishtlarni oyoqlari bilan tepib-surib kelib, teshikni qayta yopib qoʻydi. Va boyagi joyiga qaytib oʻsha-oʻshanday oʻtirdi. Oʻtish yoʻli boʻlgan, oʻyilgan, pala-partish gʻisht terilgan sobiq teshikka qarashni istamasdi. Qancha paytgacha shu holatda oʻtirganini bilmaydi, boshini koʻtarganda koʻzlari jiqqa yosh edi. U oʻzini butkul yolgʻiz his etar, na taskini, na quvonchi, na bundan chiqib ketadigan yoʻli bor edi.
U oʻzi ishongan yoʻlning najot emasligini bilish dahshati bilan yolgʻiz qolgan edi. Eng achinarlisi, endi uning koʻngli oʻsha chiqish yoʻlini ham istamasdi. Bundan bu yogʻiga nima qilishga hayron edi. Yerda esa qadrdon ish quroli – choʻpi yotardi. Shunda u miyigʻida kulgancha choʻpni qoʻliga oldi va devorning oʻzi oʻtirgan tomonini kavlay boshladi.

Sevara Alijonova – Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti (bakalavr), XXR Dalyan jahon tillari universiteti va Oʻzbekiston Milliy universiteti (magistratura)da jurnalistika boʻyicha tahsil olgan. Bir qator markaziy nashrlarda faoliyat yuritgan. Hozirda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti stajyor-tadqiqotchisi. “Izlam” turkumida “Mahkum sayohati” nomli esselar to‘plami nashr qilingan.
DARAXTGA AYLANGAN ODAM
(Esse)
Shoirning tavallud kuni. Uning endi oramizda yo‘qligini eslatib yubordi. O‘sha mash’um xabarni eshitganimdagi titroqni qayta vujudga soldi. Salkam bir yildan buyon miyamda g‘ujg‘on aylanayotgan alg‘ov-dalg‘ov hislarimning jilovini qo‘lga tutqazdi. Qog‘ozu qalamga yaqinlasholmay qolgan qo‘limga kuch berdi. Shoirni she’rlaridan qidirdim. Kamtar-qamsuqum, madhiyabozligu xushomadni bilmaydigan, o‘zining kimligini-da atrofga ko‘z-ko‘zlamay, yurakka she’rlari bilangina kirib boradigan shoir qoldimikan, degan o‘yga toldim. Bordir. Qurib ketmagandir. Ammo Usmon Qo‘chqor she’riyati, samimiyati necha ko‘ngillar qatori meni-da cho‘llatib, quritib qo‘ygani yo‘q. She’rlari tilga quyilib-quyilib kelayotir:
Tinmay oqayotgan
nima bu o‘zi –
Daryomi,
umrmi,
ko‘zyoshmi – nadir?
Bilmadim. Shoirning bu so‘rog‘iga ayni dam javob bermoqqa ojizman. Balki tinmay oqayotgani ustozi, otasiday yaqin bilgan kishisini yo‘qotgan kimsaning unsiz faryodidir?..
Esimda. Talabalik davrimda o‘zining sehrli dunyosiga chorlagan “Jahon adabiyoti”ga ilk bor kelganim. Otalarcha mehr bilan kutib olgan inson – shoirning o‘zlari edi. Rizq-nasiba qo‘shilib, orzu armonga aylanmay, bir muddat bu muqaddas dargohda ishladim, o‘rgandim. Tahrir, tarjima san’atidangina emas, hayot maktabidan ham ilk muallimim “Jahon adabiyoti” bo‘ldi. Hamkasblik yorlig‘i yopishtirilib, nuqul ishdan so‘zlovchi biz sho‘rliklarga shoirni kashf qilishga, borida qadriga yetishga vaqt topilgan deysizmi? Yo‘q. Usmon Qo‘chqor-chi? Hammasiga ulgurgan. Biz havaskorlarga muxlislik qilib, “Yangi asaringizni qachon o‘qiymiz endi?” deguvchi edi. Iymanibmi, tortinibmi yo “arzandalik kasali”ga chalinibmi, ustozning o‘ziga hech shu savolni bermabman. Axir, ko‘rga hassa bo‘lib, shoirning she’rlari “Kitob dunyosi” sahifalarini yoritib chiqmagunicha, hamkasb nazari bilan qarab yuraverganman-da. Yildan-yil go‘zallashib borayotgan shoir she’riyati suyunishdan ko‘ra uyalish hissi bilan yuzimni o‘n chandon qizartirardi. Sokin oqqan dengizda po‘rtana turgandek edi. Balki quyidagi she’rini biz kabi havasmandlarga atab yozgan bo‘lsa, ne ajab:
Sen doim qaygadir shoshib yashaysan,
Qalbingda bir dunyo orzu va umid.
Bahor daryosiday toshib yashaysan,
Men esa daraxtday saqlayman sukut.
“Shoirning ham sukut saqlaydigani bo‘larkanmi?” o‘ylayman o‘zimcha. Saqlay-saqlay butun sukunatini, ichidagi g‘am-anduh, nafratiyu sevgisi – bari-barini “lop” etib oshkor etadigan ham shoir emasmi, axir? Shu misralaridan ham shoirning ko‘nglini, allanechuk dardini anglagandek bo‘laman. Ammo baribir Usmon Qo‘chqorning chindan sukut saqlay olishiga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Ozarbayjon madaniyat markazining har tadbirida baholi qudrat qatnashardi. Ana shunday tadbirlarning birida yig‘ilganlarning ortida, panada, ko‘zdan nari turibdi. Taniganlar qo‘l berib so‘rashgach, o‘z o‘rinlarini bilib, to‘rdan joy qidirish bilan band. Ozar adabiyotini o‘zbek kitobxoniga tanishtirishda ko‘p xizmati singgan taniqli tarjimon esa tadbir yakuniga qadar joyidan jilmay, maroq bilan kuzatib, sinchkovlik ila tinglab, jimgina iziga qaytdi. O‘sha uchrashuvdan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston milliy kutubxonasi katta zalida ozarbayjonlik taniqli adib va dramaturg Yunus O‘g‘uzning “Malika va jodugar” asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tarjimon – Usmon Qo‘chqor. Tadbirda Yunus O‘g‘uzning o‘zi ham ishtirok etdi. Muallifning ham, tarjimonning ham sha’niga iliq gaplar aytildi, o‘rni kelganda tanqid toshlari bilan ham siylandi. Usmon Qo‘chqorda na xursandchilik, na xafalik alomati seziladi. Kamchiliklarini diqqat bilan tingladi-yu, “to‘y tarqab” ketar chog‘da ko‘pchilik qatori qo‘limga tilaklar bitilgan kitobni tutqazdi-da: “Sevaraxon, asarni o‘qib, fikringizni aytarsiz. Tarjimada xatolar bo‘lsa, aybga buyurmaysiz. Sizlar tuzatasizlar, endi”, dedi kulimsirab.
Yo‘l-yo‘lakay o‘ylab ketaman: “Qanaqa odam ekan-a, bu odam? Men kim bo‘libmanki, u kishining xatosini aytsam”. Ammo adabiyotimizda shunday to‘g‘ridil odamlar borligidan, ularning suhbatini olganimdan ich-ichimdan sevindim.
Termilishar falakka bot-bot,
Bot-bot ko‘kda bir ot kishnaydi –
Kahkashonga chiqib ketgan ot,
Endi yerga qaytib tushmaydi…
Dunyoda insonning kimligini ko‘rsatuvchi vijdon masalasi bor. U shoh bo‘ladimi yo shoir, vijdoni oldida sof ketganlar kam bo‘lsa kerak. Bu baxt hammaga ham nasib etavermaydi. Vijdonni sof saqlash – baxt, bu baxtga yetish yo‘li esa bir umrlik mashaqqat. Usmon Qo‘chqorning televideniedan ketishiga ham ana shu vijdoni sabab bo‘lganini eshitgandim. Eshitganimdayoq hurmatim, ixlosim yanada ortgandi.
Shu qadar yaqinsan…
Shu qadar yiroq…
Sendan zarra nari o‘tolmagaylar.
Borligingni anglab yetgaylar, biroq
Kimligingni anglab yetolmagaylar…
Rost so‘zlagan ma’qul. Usmon Qo‘chqorning borligini bildik, ammo o‘zi aytganidek, kimligini bilolmay, g‘aflatda qoldik. Yonginamizdagi durni toshga qiyoslab, ko‘pam e’tibor bermadik. Bugun amin bo‘lyapmanki, U sezdirmaygina bizlarni o‘ziga sehrlab, mehrlab qo‘ygan ekan.
Hurmat bilan tilga olishar
O‘tgan zamon fe’lida seni.
Uchratib boz hayron qolishar
Kelajakning yo‘lida seni.
Bu misralarni o‘qiganki bor, ko‘nglidan o‘z hayot yo‘li, qadr-qimmati haqidagi xayollar o‘tsa, ne ajab. Nazarimda, bu misralarga hammadan ham ko‘proq shoirning o‘zi munosib. Munosiblikni tan olish, haqiqatni anglash uchun esa shuncha ko‘p vaqt kerak bo‘ldimi bizga? Vaqtni qo‘ya turaylik, jon kerak bo‘ldi! Ruhi tanidan chiqqan jon!
Atrofga jovdirab boqursan hayron,
Hayron suyanasan yolg‘iz daraxtga.
Bilmassan –
Bu daraxt nega jim qotgan,
Bilmassan –
Bu qayg‘u qaydanligini.
Bilmassan –
Seni kuta-kuta ildizlar otgan
Bu daraxt – daraxtmas, odamligini…
Usmon Qo‘chqor na shuhrat, na amalga intildi. Nazarimda, o‘zi buni istamadi. Xurshid Davron ta’biri bilan aytganda, hech nima da’vo qilmasdan, indamasdan ijod qildi. Garchi yuragida dardi ko‘p bo‘lsa-da, uni hammaga ochavermadi, faqat va faqat she’riga ishondi.
Orzu qilmagandik bu xor jasadni,
Ruh ila ko‘klarga bog‘langan edik.
Tangri anglamabdi bizning maqsadni,
O‘zga olamlarga chog‘langan edik.
Hayot yo‘limda ustozlarim ko‘p, yana bo‘lar, inshaalloh. Sizdek kamtar, vijdonni pok saqlay olsam, ustoz demakka haqqim bo‘lar. Bizdan rozi bo‘ling.
Erk desam…
boshimga bu shisha qozon –
Osmonni to‘ntarib qo‘yding, Xudoyim.

Muhammadxon Yusupov – 1995-yil Namangan tumanida tug‘ilgan. 2014-yilda Iqtisodiyot kollejini tamomlagan. Hikoyalari matbuot nashrlarida chop etilgan. “Izlam” turkumida “Deraza ortida” nomli to‘plami nashr qilingan.
IZHOR
– Siz nega meni sevishingizni hech aytmaysiz, dil izhor qilmaysiz? Buni onda-sonda aytib turish shunchalik qiyinmi?
– Yaxshi, aytaman. Unda yana ko‘p narsalarni aytib yurishimga to‘g‘ri keladi: quyosh nur sochadi, yulduzlar kechasi ko‘rinadi, qishdan so‘ng bahor keladi…
HAVAS
– Bilasizmi, sizlar dunyodagi eng baxtli kishilarsiz! Odamlar nima deyishsa ham, siz haqingizda qanday o‘yga borishsa ham, e’tibor bermang. Ko‘pchilik o‘zlarining bo‘g‘izlarigacha yetgan muammolari sizlarda bitta ham yo‘q ekanini ko‘rolmaganlari sabab buni tan olmaydilar. Lekin siz menga ishoning, chunki sizlarga hatto mening ham havasim keladi! Biz orzularimiz ortida yillarni o‘tkazib yuboramiz. Sizlarda esa orzu va uning ro‘yobi – bir qadam. Naqadar baxtlisiz! Qaniydi buni men bilayotganchalik bilsangiz…
Mayli, dori ichadigan vaqtingiz bo‘ldi. Faqat bu safar til tagiga yashirishlar bo‘lmasin!
NEGA YIG‘LAYSAN?
– Axir, bolam, bu qanaqasi?! To‘rt muchang sog‘ bo‘lsa! Tengdoshlaringdan hech bir kaming yo‘q… Yemay yedirib, kiymay kiydirsak, topganimizni seniki desak… Shundoq ekan, yana nega yig‘laysan, yetim qo‘zim?…
QARZ
– Dada, esingizdami bundan to‘rt yarim oy burun – singlimnikidagi to‘y oldidan mendan 350 ming olgan edingiz?
– Ha-ya, albatta, hozir…
– Yo‘q-yo‘q, bu nima qilganingiz? Uni talab qilayotganim yo‘q. Otaga berilgan pulni ham so‘ralarkanmi? Ammo bu narsa farzandning gardanida qolib ketmasligi kerak! O‘tgan oyda sizdan qancha olgandim?
– Qaydam?… Esimda yo‘q…
UMID
“… Biz boshqa hech qachon uchrashmaymiz! Boshqa hech qachon to‘qnash kelmaymiz! Boshqa hech qachon ko‘zlarimiz ko‘zlarimizga tushmaydi…
Ko‘rishguncha…”
PAYMONA
Jonimga tegdi bunaqa yashash! Doim bir xil!
Shuyam hayotmi?
Sabr kosam to‘ldi!
Tezroq qutulsaydim shularning baridan…
Tezroq tug‘ilaqolsaydim…
BEMOR
– Mening ismim Humoyun. Doktor, bilasizmi, mening ko‘zimga aslida yo‘q narsalar ko‘rinyapti, yo‘q odamlar menga ro‘baro‘ bo‘lyapti. Ular bilan gaplashmaslikka urinyapman. Agar gaplashsam atrofdagilar meni jinniga chiqarib qo‘yishyapti… Men kim haqiqiy, kim sarob ekanini ajrata olmayapman. Yordam bering!… Tashqaridan hamshiraning ovozi eshitildi: – Doktor, Humoyun yana o‘ziga o‘ziga gapirishni boshladi…
SIMYOG‘OCHDAGI E’LON
“Oyijonimni qidiryapman… Oyim dunyodagi eng go‘zal ayol! Alohida belgilari: ko‘zim kasal derdilar – yoshlanib ketaveradi. Shu sabab uxlashga ham qiynalardilar. Keyin bir marta bilaklaridagi tomirlarini kesib olgandilar, shuning izi bor. Oyimni ko‘rganlar ularni sog‘inganimni, qidirayotganimni aytinglar. Dadam ham qidiryaptilar. Har kuni topib keldim deydilar, lekin u boshqa oyi bo‘ladi… Oyijon, qayting! Endi hecham aravachamdan tushib olmayman…”
SUN’IY ONG
– Nechta tilni bilasan?
– Uchta
– IQ darajang qancha?
– 116
– Adashmasam, ijod qilishga ham qodirsan, shundaymi?
– Albatta.
– Ha, men o‘ylaganimdan ancha mukammalroq ekansan, odamzot…
OPTIMIST
– Yangi poyabzal sotib olganimda doim bitta qo‘shimcha bog‘ichga ega bo‘lishimni o‘ylab, quvonaman. Umuman kiyilmaydigan ikkinchi poy haqida esa o‘ylamaslikka urinaman…

Gulrang Ubayeva – 2000-yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tamomlagan. “Izlam” turkumida “Gulqaychi” nomli maqolalar to‘plami nashr qilingan.
SHOIRNING “IZLAM”I
Inson insonni xayolot ustida o‘ynashi qaltis.
Shunday ekan, haq tarafligiga, yutishiga, yutgani hamono yo‘ldosh orttirishiga aminlargina badiiy boshqotirmalarda tafakkur chiziqlarimizni cho‘zaversinlar.
“Tomib bo‘lgan ko‘zyoshlaringning
soyasi muallaq. Inmaydi”.
Ilk satrlar “Izlam” dagi. O‘ylayman, to‘kilib bitgan ko‘zyoshning ham soyasi bo‘larkanmi?.. Tovba! Chalg‘iyotganday ko‘rinadi shoir. Bildim, chalg‘itayotgan ekan. Chalg‘iyverdim, o‘qiyverdim.
Yana bilgandayman: Faxriyor va tafakkur so‘zlari yaqindayligini, faqat hissiyotlar emas, bazo‘r epaqaga olingan aqliy hayolot uydirmalaridan iborat tasvirlarda biz ko‘proq tajallinaverishimizni
“… Niqtagin, siqtagin, urin ming,
Soya to‘kilmaydi, sinmaydi”
Bu soya yashirinmaydi, yo‘qolmaydi, tomgan yeriga singib ketsa-da tomchi, soyasi o‘z sabablari yonida bo‘ladi doim. Chunki bu soya bizniki emas, bizga oid emas. Shoir ham epigrafni qalovini topib tanlay olgani, ehtimol aynan ta’sirlangani ayonlashadi: “Sen biror marta ko‘zyosh soyasini ko‘rganmisan?.. U oddiy soyaga o‘xshamaydi… U yuraklarimizga mutlaqo boshqa, uzoq dunyolardan keladi…” (Xaruki Murakami).
Bu soyalar tunlarda ham ko‘rina oladi, ehtimol shundan qoradir tun, ehtimol ko‘zyosh sabab, ko‘zyosh uchun bordir tun…
“U tunlarga kirib boradi
Muallaq ko‘y, qadam-baqadam”
“Armon yanglig‘ u ham o‘chmaydi,
Soyalarni tunga yoyasan”.
Bir o‘rinda shunday jumlalar bor: “Nursiz soya – ko‘zyosh soyasi”
Keling chalg‘iymiz, soyaning o‘zi hech nurlisi bo‘larmidi? Yo ma’no ko‘rsatishda “ziqna shoir” Faxriyor: ko‘zyosh soyasida rohatlana olmaslikka sha’ma qilib topib keltiryaptimikin bu so‘zlarni. Negaki, keyingi jumlalarida bu “nursiz soya” lar allaqachon yulduz bo‘lib ko‘rina boshladi-da…
“Soya yulduz bo‘lib jivirlar,
Lekin yulduz kabi uchmaydi…”
Bu dunyoga aloqasi bo‘lmagan har ne naqadar manguligiga yana bir bor iqror-ishorasi bu shoirning.
“Ko‘zyosh” obrazi aksariyat boshqa she’rlarining ham “ko‘ksi” ga sizib turgani seziladi. Uqqanga o‘ylovli bo‘lib boraveradigan o‘xshatish bilan boshlangan mana bu she’rni olaylik:
Iso chormix qilingan og‘och
uzra yig‘lab turgan tangrining(1)
shafoatin yosh bilan sochib,
ko‘nganiday banda amriga,
gulga bo‘yinsunadi yurak,
gulning hijronida – gulsizlik.
Ko‘zyosh gulni izlab yuradi
Har qadami gursillar – bizlik.
Dastlabki satrlar haqidagimiz albatta shoirning izohisiz bo‘lmas. Unda yozilishicha, Mel Gibson suratga olgan “Iso ehtiroslari” filmining so‘nggi sahnasiga ishora qilingan. Va aynan shu holatga o‘xshatish ravishida keyingi so‘z quyuni quyulgan qolipga.
Xochga tortilgan Iso Masih uzra go‘yo yosh to‘kadi Tangri, go‘yo zamon teskari – u o‘z bandalari amriga ko‘nikkanday…
Ishonish og‘ir va qaltis bo‘lgan bu tasvirga o‘ta nafislik – “Gul” bilan bog‘liq allanarsalar o‘xshatiladi. Nimani nazarda tutmoqchi yoki tuta olgan shoir.
Bu gul nima? Yoshlikmi? Muhabbatmi? Ayolmi? Dardmi? Odammi farishtaroq?
Aslida bularning bari yonma-yon ham. Qay biri gul obrazida bo‘lgan taqdirda ham ularga bo‘yinsunadi Yurak, ularni izlab yuradi, yurak bilan ular o ‘rtasida hijron muntazam bor, yurak bilan ular o‘rtasida ko‘zyosh bor muntazam…
“Har qadami gursillar” bu izlamning, hijronning, ko‘zyoshlarning.
Faxriyorni ko‘pchilik noan’anaviy yozadi deb bilib shunday tushunishga harakat qilsa, undan ham ko‘pchilik tushunarsiz deya baholaydi va tushunmay qo‘ya qoladi. Ba’zi taniqli adabiyotshunoslarimizning ham uni shoir sifatida inkor qilishiga guvoh bo‘lganman.
“Izlam” bilan izlashgunga qadar shoir sifatida bilsam-da, lekin men ham Faxriyor haqida fikrlovchilarning yuqorida keltirganim ikki turiga ham kirardim. Kitob bilan tanisha-tanisha anglayapmanki, bu shoir ijodida xalqona qo‘shiqlar ritmidagi she’rdan tortib, umuman ritmga no‘noq, to‘qson yashar kampirday ezma, ammo ko‘rgan-bilganlari ko ‘p she’rlar, hatto ora-chorada o‘z demagini suratlarda, shaklchalarda ham ko‘rsatib bergan o‘ta sahiy she’rlargacha bor. Keragicha bor.
“yurak-bag‘rim xundir mani
kechib-kechib biy kechani
tushlar kelar qon ichgani
gala, gala” (“Tanaffus”)
…yoki
“oylar cho‘kar falakdan jimir jimir jimirlab
tog‘lar cho‘kar falakka g‘imir g‘imir g‘imirlab
toshlar qilar kalaka qiqir qiqir qiqirlab…”
Bu ham boshdan oxirgacha xuddi shu ohangda yozilgan kattagina she’rdan kichik parcha. O‘qilishidan yengilgina, o‘ynoqidek eshitilsa-da, xulosasi yelkangizni yag‘ir qiladigan, hayotning xarakteriga aylangan achchiq haqiqatlarni singdira olgan shoir ularga.
Dastlab keltirilgan parchadagi yurak-bag‘irni shu qadar egovlaganki qon, hatto tushlarda-da yengillasha olmaydi, balki butun kechani “qon qiladi” kechinmalari bilan, “kechib-kechib biy kechani tushlar kelar qon ichgani” so‘ngra!.
Savol tug‘iladi: Nega?
Shoir shunchaki “shoirmeros sevgi-muhabbat dardlari” ga burkanib oh-vovaylo qilayotganday ham ko‘rinadi. Lekin bunday ko‘rinishigina mumkin faqat. Unaqa bo‘lolmasligini, bir she’r diydiyosi ne ekanligini boshqalari ham ta’kidlayveradi chunki
“oylar cho‘kar falakdan jimir jimir jimirlab
tog‘lar cho‘kar falakka g‘imir g‘imir g‘imirlab
toshlar qilar kalaka qiqir qiqir qiqirlab…”
Osmondagi Oy cho‘kyapti. Osmonni yelkalagan tog‘lar cho‘kyapti o‘z osmonlariga. Yerdagi toshlar, tog‘larning yelkalaridagi toshlar kulsa-ya qiqir-qiqirlab?! O‘zini tutib turgan tog‘larning ezg‘ilasa yelkalarini! Shoirning yozganlari she’r emas, “Sher” bo‘ladi. “Oh”i vovaylo emas, “Na’ra” bo‘ladi agar u hayvonot bog‘ida bo‘lmasa! Uni eshitmaslik uchun kar emas, gung bo‘lishi kerak tirik jon.
Yuqoridagi bir o‘rinda shoirning “Sahiy she’rlari” deya tilga olgandim. “Geometrik bahor” nomi ostidagi qator she’rlariga ishora qildim o‘zimcha… Adabiyotdagi o‘rnini insonni faqatgina hayajonga solishda, shirin kalomlar bilan peshonasini silashda deb bilmagan shoirimiz ming xijolatda talmovsirayotgan shaklchalar, suratchalarni izoh sifatida olib kiradi so‘zlar orasiga. Lekin bu yangilik umuman keraksiz sifatida taassurot qoldirdi menda. Va menimcha, she’r figurasini qadrlaydigan har bir o‘quvchida bu usulga nisbatan shunday fikr uyg‘onadi.
She’rdagi tasvirlar shu qadar tiniq va uning hech qanday surat va shakllarga ehtiyoji yo‘q. Mana qarang:
“Bahor bog‘ga maysaning tili
bilan kirar bildirmay
ilonning og‘zida jannatga
kirgan shayton singari”.
Shu joyda, “maysaning tili” yonida allaqanday geometrik shaklchani-yu, “ilon” so‘zi yonida uning jingalak suratchasini ham qo‘shishdan kimga foyda, kimga zarar? Yakungi gap yaxshi bo‘lish odati bor bizning adabiyotda. Bundan foydalanib qolayotgan she’rxon sifatida bemalol ayta olamanki, yaxshi kitob ham, “yomon” kitob ham kitobxonni o‘ylatadi, so‘zlatadi, yozdiradi. Lekin yaxshi kitoblargina kitobxonni hayajonga solib yozdiradi… Hayajonlarimni ma’zur tutasiz.
Diyorbek MAHMUDOV tayyorladi.
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
82
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
324