01.08.2024 | 11:13
420
IZLANISH ISTE’DODNI CHARXLAYDI
Eski suratlarni, yoshlik yillarimda yozilgan maqola-yu hikoyalarni varaqlab turaman ba’zan. Bilmadim, bu yoshlikni qo‘msashmi yoki bosib o‘tilgan umrni tahlil qilishmi… Har qalay ko‘p voqealar esga tushadi, turli odamlar siymosi ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Bulardan zavq olaman, ba’zilaridan mahzun tortaman, ishonasizmi, vujudimga go‘yo kuch-quvvat enadi. Nima bo‘lganda ham qachonlardir izim qolgan so‘qmoqlar, yo‘llar – mening hayotim. Shu bois ular qadrli va aziz.

Ana shu odatim bo‘yicha yana arxiv titkiladim. Bir qancha hikoyalar, maqolalar chiqdi. Ularning aksariyati hech qayerda e’lon qilinmagan. Hikoyalarning ham, maqolalarning ham ko‘pini yirtib tashladim. Sanoqli hikoya va maqolalarni bir chekkaga olib qo‘ydim. Ular orasida “Kamolot” sarlavhali maqola e’tiborimni tortdi. Ko‘z yugurtirdim: aktyor Erkin Komilov haqida ekan. Shu maqola sabab Erkin Komilov haqida, uning ijodi to‘g‘risida o‘yga toldim…
Bir kuni uyda kitob o‘qib o‘tirgan edim. Telefon jiringladi. Oldim. Tanish ovoz. Erkin Komilov. Uning tovushidan nimadandir xursandligi sezilib turardi.
– Meni tabriklang, – dedi u.
– Xo‘sh?
– Hozirgina yangi spektaklning jamoat ko‘rigi bo‘ldi. Mutaxassislar yaxshi baholashdi. Glumov rolini alohida qayd etishdi.
– Chin yurakdan tabriklayman!
…Uning odati shunaqa: quvonchini ichiga sig‘dirolmaydi. Yaqin do‘stlari, ustozlari bilan baham ko‘radi. Ba’zilarday “ichimdan top” emas. Gaplashsangiz, bir qop yong‘oq deysiz. Lekin ichi puch emas, mag‘zi to‘q.
Erkinni A.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida o‘qib yurgan kezlaridan beri bilaman. Andijonning Xo‘jaobod tumanidan kelgan bu yigit hazilkashligi, dilkashligi bilan kursdoshlari va institut domlalarining e’tiboriga tushgan edi. Shu bois u o‘qib yurgan yillari, ya’ni 1966-yilda sobiq Hamza nomidagi o‘zbek davlat akademik drama teatriga ishga qabul qilindi. O‘sha yillari u bilan birga teatrga yana bir necha yoshlar keldi. Tez orada ustozlari nazariga tushdi, hurmat-e’tiborga erishdi. U o‘z ijodiy uslubiga ega. Zotan, san’atkor mahoratini, uning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini belgilaydigan asosiy mezon ham ana shu uslub – o‘ziga xoslikdir.
Har bir aktyorning o‘z ijodiy ampluasi bo‘ladi. Erkin Komilov dastlab komik rollar ijrochisi sifatida tanildi. “Oltin devor”dagi Qilichbek, “Kelinlar qo‘zg‘oloni”dagi muxbir, “Qiyomat qarz”dagi Maks va boshqa rollar shular jumlasidan. Komik rollar ijrosi aktyordan juda katta mahorat talab qiladi. Chunki bunday xarakterdagi obrazlarning ijrochilari faqat qahramon xarakterini ochib berish bilan kifoyalanib qolmasdan, tomoshabinni kuldira olishi ham kerak, kuldirganda ham zo‘rma-zo‘raki emas, balki mahorat bilan, tabiiy kuldirishi lozim. Bu borada Erkin ustoz san’atkorlardan ko‘p narsa o‘rgandi.
Ammo Erkin Komilov bular bilan cheklanib qolmadi. Agar uning ijodiy biografiyasiga nazar tashlasak, turli xarakter va qiyofadagi dramatik, psixologik, mulohazali, chuqur mushohadali rollarni ham mahorat bilan ijro etganiga guvoh bo‘lamiz. Har bir rolga mas’uliyat, mehr bilan yondashadi. Erkin bilan qachon uchrashmang, suhbatlashmang, biron-bir yangi rolni tayyorlayotgan bo‘ladi, sizga ana shu obraz haqida, uning xatti-harakatlari, yurish-turishi, dunyoqarashi haqida gapiradi, bilmagan narsalarini tortinmay so‘raydi, o‘rganadi. Zero, izlanish, tinimsiz mehnat iste’dodni charxlaydi.
E’tibor bering-a! “Qaroqchilar”da Karl Moor, “Abu Rayhon Beruniy”da Ibn Sino, “Yo‘lchi yulduz”da Avaz, “Antigona”da Gemon, “Tirik murda”da sud tergovchisi, “Tarix tilga kirdi”da Muxlis afandi, “Samandar”da Qobilxon, “Ro‘yxatlarda yo‘q”da politruk, “Qalbi olov”da Sergey Politov, “Tomosha davom etadi”da Mannon Uyg‘ur, “Shoshma quyosh”da Bahrom… Telespektakllar-chi? Ularning o‘zi bir olam. “Yoz yomg‘iri”da Rahim Saidov, “Uchinchi avlod”da Boris Yarsev, “Billur qandillar”da Begimqul, “Har xonadonda bayram”da Sarmon va boshqa ko‘plab obrazlar.
Mana shu ro‘yxatning o‘ziyoq Erkinning aktyorlik mahorati, mulohaza qobiliyati, tafakkur doirasi kengligidan dalolat beradi. Chunki Erkinning qalb qo‘ri, iste’dodi ko‘chgan rollar orasida zamondoshlarimiz ham, turli millat vakillari ham bor. Uning qahramonlari har xil davrda, turlicha sharoitda yashaydi, mehnat qiladi. Aktyor ularning har biriga xos ijro usulini topa olgan. Bu haqda ustoz san’atkorlar, mutaxassislar yaxshi fikrlar aytgan. Nazir Safarovning “Tarix tilga kirdi” dramasi sahnaga qo‘yilib, jamoatchilik muhokamasidan o‘tganda atoqli dramaturg Uyg‘un Muxlis afandi rolini yaratgan Erkin Komilov mahoratini alohida ta’kidlagan edi. Bu jadid shoirning xarakteri Erkin ijrosida yorqin ochib berilgani qayd qilingandi.
Boris Vasilyev asari asosida qo‘yilgan “Ro‘yxatlarda yo‘q” spektaklidagi politruk roliga e’tibor beraylik. Bu spektakl Hamza nomidagi teatr sahnasidagi eng baquvvat asarlardan biri bo‘lib qoldi. Shu asar postanovkasi uchun uning rejissyori Bahodir Yo‘ldoshev O‘zbekiston yoshlar tashkiloti mukofoti bilan taqdirlangan edi. Bu spektakl teatr yoshlarining mahoratiga misoli bir ko‘zgu bo‘ldi. Ana shu spektakldagi politruk rolini Erkin Komilov g‘oyat mahorat bilan yaratib, spektaklning umumiy muvaffaqiyatiga munosib hissa qo‘shdi.
Erkin bir qator klassik asarlar qahramonlarini ham ijro etdi. “Antigona”da Gemon, “Ajal minorasi”da aka-uka Filip-Gatiya, “Qaroqchilar”da Karl Moor, “Uylanish”da Jevakin… Bir-biriga sira o‘xshamagan obrazlar. Karl Moor Germaniyani respublika sifatida ko‘rishni istagan, oddiy xalqqa zulm o‘tkazayotganlarga qarshi kurash olib boruvchi, ana shu ezgu niyat yo‘lida bir guruh “qaroqchilar”ni to‘plagan atamandir. F.Shiller qalamidan sayqal topgan bu klassik obrazni bir vaqtlar Olim Xo‘jayev mahorat bilan yaratgan, tomoshabinlar xotirasida o‘rnashib qolgandi. B.Yo‘ldoshev qaytadan sahnaga qo‘yganida uni uch aktyor – Y.Sa’diyev, E.Komilov, S.Umarov ijro etdi. Tabiiyki, uchala aktyorning talqini bir-biridan farq qiladi, o‘ziga xoslik bor. Erkinning Karli shiddatkor, ma’lum darajada qiziqqon, ammo yuragi toza yigit.
Jevakin-chi? Gogolning qaytarilmas qahramonlaridan bo‘lgan bu siymoni yaratish hazilakam ish emas. Loaqal uning gapirish usulini uddalay olishning o‘ziyoq aktyor mahoratidan dalolat beradi.
Teatr yoshlari (B.Yo‘ldoshev rahbarligida) tomonidan sahnaga olib chiqilgan “Uylanish”ni kim ko‘rgan bo‘lsa, Erkin ijrosidagi Jevakin uning yodida saqlanib qolganiga shubha yo‘q. U Jevakinning yurish-turishi, biroz maqtanchoqligi, ayni chog‘da sal ovsarroqligini to‘la ifodalay olgan. Jevakin – Komilov tomoshabinni loqayd qoldirmaydi, u ishtirok etadigan sahnalar spektaklning eng jonli ko‘rinishlaridandir. Binobarin, klassik asarlar qahramonlarini sahnaga olib chiqish uchun aktyorga qobiliyat bilan birga jur’at ham kerak. Har qanday ishga dadillik va jur’at bilan kirishilmasa, ko‘ngildagidek chiqmasligi mumkin. Chunki inson o‘zidagi talantni ko‘rsata bilishi, namoyish qila olishi kerak. Ko‘pgina talantlar mana shu tomondan oqsab qoladilar-da, oqibatda tabiat ato qilgan iste’dod dunyo yuzini ko‘rmay yo‘qolib ketadi. Sahnaga qanday chiqib kelish, o‘zini tuta bilish, partnyori bilan muloqotda bo‘lish, harakatlarini aytayotgan gapiga moslashtira olish, o‘rniga qarab pauza ushlash, har bir so‘zni mazmunga qarab talaffuz qilish – bularning hammasi aktyor uchun suv bilan havodek zarur. Erkin bularni mukammal egallagan. Bu fikrni shunchaki aytayotganim yo‘q. Esimda, Hamza nomidagi teatr jamoasi 1977-yili Moskvada ijodiy safarda bo‘lib, jiddiy imtihondan o‘tdi. Ana shu gastrol spektakllarining to‘rttasida Erkin Komilov yetakchi rollarni ijro etgandi. Uning ijrosini tomoshabinlar olqishlaganini, spektakldan so‘ng dastxat yozdirib olish uchun atrofini muxlislar o‘rab olishganini ko‘rib ich-ichimdan sevinganman. O‘sha gastrol muhokamasiga bag‘ishlab SSSR Madaniyat ministrligida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar Erkin Komilov mahoratini alohida ta’kidlab o‘tishgandi. Ayniqsa, san’atshunoslik doktori, talabchan, prinsipial tanqidchi Konstantin Rudniskiy Erkin Komilov ijodi haqida juda yaxshi fikrlar aytib, uning ishtirokida bo‘ladigan sahnalar spektakllarning eng yaxshi, hayajonli, qiziqarli sahnalaridir, deb ta’kidlagan edi. Rudniskiy teatrimizning Moskva gastroliga bag‘ishlab yozilgan va “Pravda” gazetasida chiqqan maqolasini “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklining Erkin Komilov ijro etgan muxbir roli tahlili bilan boshlagani ham buning dalilidir.
Erkinning ijodini kuzatgan kishi u roldan rolga o‘sib borganini payqaydi. Bu fikrga u sahnada va teleekranda yaratgan bir qator obrazlari to‘la asos beradi. Bular Uyg‘unning “Abu Ali ibn Sino” asaridagi Kamoliddin, Odil Yoqubov romani asosida ishlangan “Diyonat” videofilmidagi Haydar, O‘ktam Usmonning “Girdob” romani bo‘yicha suratga olingan shu nomli videofilmdagi bosh qahramon – Aziz Qosimov obrazlaridir. Haydar va Aziz rollari Erkinga shuhrat keltirdi. Bir qarashda, bu ikki obraz bir-biriga o‘xshab ketadi. Ikkovi ham aspirant, hatto ular ishlayotgan mavzularda ham qaysidir darajada yaqinlik bor – ikkovi ham qishloq xo‘jaligi masalasi. Lekin Haydar bilan Aziz bir tayoqning ikki uchi. Haydar otasining obro‘yi, puli orqali ilmiy darajaga ega bo‘lishni o‘ylaydi, bu yo‘ldan borish yaxshilikka olib kelmasligini ancha kech tushunadi. Aziz esa butun umrini ilmga, paxtaning yangi navini yaratishga bag‘ishlagan izlanuvchan yosh olim. U o‘zining bu ezgu ishi yo‘lida ne-ne mashaqqatlarga duch kelsa-da, biroq u hech qachon o‘z fikridan qaytmaydi. Bunday murakkab qahramonlar qiyofasini jonlantirish oson emas, albatta. Erkin Komilov ana shu mas’uliyatli ishni uddalay oldi. Tomoshabinlar uning ijrosida Haydarni ham, Azizni ham mukammal tarzda ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Erkin talqinida tomoshabinga Aziz roli orqali haqiqat egiladi, ammo sinmaydi degan aqida singdirildi. Erkin Aziz obraziga shu darajada mehr berdiki, o‘sha yillari tug‘ilgan o‘g‘liga ham shu ismni qo‘ydi.
Erkin Komilov so‘zga harakatni, harakatga so‘zni moslashtirish mahoratiga ega. Qahramon dilidagi gaplarni, uning ruhiy dunyosini, yuz, qosh-ko‘z harakatlari – mimikalar orqali tomoshabinga yetkazib bera oladi. U obrazga yuzaki qaramaydi, butun vujudi bilan kirishadi. Ichki tug‘yon jo‘shib turadi. Mashhur aktyor Shukur Burhonov radio orqali berilgan bir suhbatda Erkin haqida yaxshi fikrlar aytib, uning ijrosida, ichki tuyg‘ularida, jo‘shqinligida o‘zimning yoshligimni ko‘rganday bo‘laman, deb ta’kidlagandi. Ulug‘ san’atkorning bu fikri shunchaki Erkinning ko‘nglini ko‘tarish uchun aytilgan gap emas. Shukur aka yaxshi gapni ham, tanqidni ham odamning yuziga tik aytadigan ko‘ngli ochiq, dangalchi odam edi. Buni hamma yaxshi biladi. Erkinning ijro mahorati nimasi bilandir uning yuragini jizillatganki, yuqoridagi fikrlarni aytgan. Shukur akaday san’atkorning nazariga tushish har qanday aktyor uchun baxt, sharaf.
Ana shu baxtni, sharafni saqlab qolish, saqlab qolishgina emas, uni rivojlantirish, yangi-yangi obrazlar bilan boyitish lozim. Ko‘pgina yosh san’atkorlar dastlabki shuhratdan, obro‘-e’tibordan gangib qoladi, ijodning, mahoratning cho‘qqisiga chiqib bo‘ldim, endi mening oldimga tushadigan ijodkor yo‘q, deb o‘ylaydi. Xuddi mana shu qarash izlanishning poyiga bolta uradi, mahorat qirralarini o‘tmaslashtiradi. Bu, afsuski, san’atkorni xalq nazaridan qoldiradi. Erkinda bunday hol deyarli bo‘lmadi. Biroq shuhrat balosi shunday yovki, har qanday kimsani o‘z domiga torta oladi, buni o‘sha odamning o‘zi ham sezmay qoladi. To‘g‘ri maslahat berganlarni “mening yutuqlarimni ko‘rolmayapti”, deb o‘ylaydi. Bir paytlar Erkinda ham bu kasallikning ba’zi elementlari ko‘rina boshladi. Ma’lum bir vaqt rolga yengilroq qaraydigan, ko‘ngliga yoqqan-yoqmagan rollarni ijro etadigan odat chiqardi. Ertalab radioda, peshinda dublyaj, keyin televizor, oqshom teatr… Bularni hech kim man etmaydi. Ammo ijodkor o‘z ustida ishlashi, aktyor har bir rolni puxta o‘zlashtirishi zarur. Yuqoridagi yugur-yugurlar esa bunga imkoniyat bermaydi. Erkinning ijodini, talantini qadrlovchilar unga do‘stona maslahat berdilar, bu yaxshilikka olib kelmasligini, ishga yengil-yelpi qarashga o‘rganib qolishi mumkinligini aytishdi.
Bir vaqtlar suhbatimiz jarayonida unga shunday degan edim:
– Aytaylik, yigirma-o‘ttiz yildan keyin umringizning aynan mana shu yillarini eslaganingizda, qaysi rollaringizni havas bilan tilga olasiz?
U avvaliga biroz xafa bo‘ldi. Biroq masalani chuqurroq o‘ylab ko‘rdi chog‘i, fikringizga qo‘shilaman, dedi. Shundan keyin men uni ancha payt ko‘rmadim. Bir kuni qo‘ng‘iroq qilib, yangi spektakl premyerasiga taklif qildi. Bordim. Hamza teatrida qo‘yilgan Ostrovskiyning “Har to‘kisda bir ayb” asaridagi bosh qahramon Glumov obrazini ijro etdi. Spektakldan so‘ng uni grimxonasiga kirib qutladim. Glumov Erkin ijodidagi eng yorqin, mukammal obrazlardan biri bo‘lgan edi. Bu spektakldan keyin u “Zebunniso”dagi Roja Ram, “Yulduzli tunlar”dagi Tohir rollarini ijro etdi. “Zangori ekran”da Bachana Ramishvili (“Abadiyat qonuni”), Sultonali (“Alisher Navoiy”) obrazlarini yaratdi. Bularning har biri tomoshabin esida qoladigan, o‘ziga yarasha xarakterga, qalb va qiyofaga ega obrazlardir.
Erkin bilan tez-tez uchrashib turamiz. U bilan suhbatlashishni yoqtiraman. Sahna san’ati, aktyorlik mahorati, dramaturgiya, proza va poeziya haqida to‘lib-toshib so‘zlaydi. O‘qigan asarlarini yoxud tayyorlayotgan yangi rolini hayot bilan, odamlar bilan qiyoslab, solishtirib, tahlil qiladi. Uning suhbatidan sira zerikmayman. U ustoz san’atkorlarning hayotini, ijodini, uslubini o‘rganishga harakat qiladi. Ular butun umrini, qalb qo‘rini, kuch-quvvatini ijodga, san’atga bag‘ishlaganini hayajon bilan so‘zlaydi.
– Ustozlarimiz Olim Xo‘jayev, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Sora Eshonto‘rayeva bizning yoshimizda qancha-qancha obrazlar yaratishgan, – degan edi ancha yillar oldin. – Xalq ularni e’zozlagan, ularga yuksak unvonlar berilgan. Biz esa hamon yoshmiz. Vaholanki, bizning davrimizdagi imkoniyat, sharoit u paytlarda bo‘lmagan. Ustozlarimiz butun vujudini, mahoratini ijodga qaratgan, yengil-yelpi ishlarga qo‘l urmagan. Biz, ochig‘i, dangasamiz, iloji boricha ko‘proq rol ijro etishga intilamiz. Uning sifati haqida ko‘pincha o‘ylab ko‘rmaymiz. Bitta bo‘lsa ham xalq qalbida qoladigan obraz yaratish lozim. Vaqti-soati kelib, g‘alvir suvdan ko‘tarilganda unda nimadir qolishi kerak.
Erkinning o‘zi bu gaplarga to‘la amal qilib kelmoqda…
Erkin Komilovning keyingi yillarda teatr va kinoda ijro etgan rollari, olgan unvonlari-yu ordenlari, xullas, erishgan barcha yutuqlari va yo‘qotganlarini xayolan ko‘z oldimga keltirdim va tahlil qildim. Ularning barini birma-bir yozadigan bo‘lsam “sarvdan qalam, daryodan siyoh qilmoq kerak” bo‘ladi. Binobarin, Erkin Komilovning hayoti va ijodi haqida uchta kitob – N.Musomovning “Biz yig‘lagan oqshomlar”, Z.Nazirjon qizining “Quyoshga eltuvchi yo‘l”, A.Ismoilovning “E’tibor. E’tiqod. E’tirof. Erkin Komilov” kitoblari, matbuotda o‘nlab maqolalar e’lon qilindi.
Erkin barakali, sermahsul ijodkor. U ijro etgan ayrim rollar to‘g‘risida alohida kitob yozish mumkin. Misol uchun, Mirzo Ulug‘bek roli. Xalqimizning buyuk farzandi, benazir olim, adolatli, ma’rifatparvar sulton, ilm ahlining rahnamosi temuriyzoda Mirzo Ulug‘bek obrazini sahnada talqin qilish har bir o‘zbek aktyorining orzusi, desak xato bo‘lmas. Bu buyuk bobokalonimiz siymosini sahnada va kinoda ulug‘ san’atkorimiz Shukur Burhonov qoyilmaqom qilib yaratib qo‘ygan. Shu bois o‘z qadrini va iste’dodi darajasini bilgan aktyor bu rolni ijro etishga istihola qiladi. Chunki ko‘z oldida buyuk Shukur Burhon turadi. Erkin Komilov ham ana shu mulohazalar tufayli Ulug‘bek rolini ijro etishga hadeganda jur’at qilavermadi. Qolaversa, u Shukur Burhonning suyukli shogirdlaridan hisoblanadi. Ustozi “panjasiga panja urishdan” o‘zini tiyib yurdi.
Ammo hayot davom etaveradi. Bir rolni bir necha aktyor ijro etish tajribasi hamma joyda bor. Bu rolni falon buyuk san’atkor qoyil qilib yaratib qo‘ygan, undan oshirib ijro etish mushkul, degan andisha bilan yuraversa, yillar o‘tgan sari o‘sha tarixiy rol-obraz esdan chiqib ketishi mumkin. Chunki zamonlar o‘zgaradi, avlodlar almashadi, lekin Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk shaxslar xalq xotirasi va tarixda mangu yashayveradi. Ularning faoliyati haqida yoshlarga vaqti-vaqti bilan sahna yoxud ekran orqali hikoya qilib turish lozim.
Ana shunday mulohazalar tufayli iste’dodli rejissyor Olimjon Salimov Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasiga murojaat qildi va bosh rolni Erkin Komilovga topshirdi. Erkin Allohdan, so‘ng buyuk olim va adolatparvar sulton Mirzo Ulug‘bek va ustozi, ulug‘ san’atkor Shukur Burhon ruhidan madad so‘rab, ishga kirishdi va nazarimda, bu mas’uliyatli ishni uddaladi. Erkin Komilovning Mirzo Ulug‘begi tomoshabinlarga ham, mutaxassislarga ham ma’qul bo‘ldi.
Dunyo teatr san’atida shunday tajriba bor: mumtoz asarlar qachon yozilganidan qat’iy nazar zamonga moslab sahnaga olib chiqilaveradi. Zotan, mumtoz asarlarda umuminsoniy muammolar ifoda qilingan bo‘ladiki, ularning boqiyligi, mumtozligi ham shunda va shu bois bunday asarlar har qanday davr va tuzumga qaramay, zamonaviylik kasb etaveradi. Rejissyor biron-bir mumtoz asarni sahnaga qo‘yayotganda unda ko‘tarilgan masalalar orasidan o‘zi yashab turgan zamondagi muammolarga uyg‘un jihatlarini birinchi planga olib chiqadi. Olimjon Salimov ham “Mirzo Ulug‘bek” fojiasiga ana shu nuqtayi nazardan yondashgan va talqin qilgan. Demak, spektakl va Mirzo Ulug‘bek roli alohida tadqiqotga arziydi. Erkin Komilov sahnada ijro etgan Abulfayzxon, Husayn Boyqaro, sulton Boyazid, Mo‘min chol, kino va teleekranda o‘ynagan Aziz Qosimov, Bachana Ramishvili, Bolta Mardon kabi rollar haqida ham shunday fikr bildirish mumkin…
Tanlagan kasbiga, oilasiga, ustozlar va shogirdlarga, do‘stlarga sadoqatli bo‘lish insonning eng asosiy fazilatlaridandir. Buni barcha biladi, ko‘p joyda gapiradi, ammo, afsuski, hamma ham rioya qilmaydi, rioya qila olmaydi. Shoxdan shoxga sakraydigan, do‘stlariga uning mansabi, obro‘yi, el-yurtdagi mavqeyi va boyligiga qarab muomala qiladiganlar, bugun ot ustida bo‘lgan do‘stining oyog‘i sal toysa uyalmay-netmay undan yuz o‘girib ketadiganlar qancha… Erkin shunga o‘xshaganlardan farqli ravishda kasbiga, oilasi, ustozlari va do‘stlariga tom ma’noda sadoqatli. Uning uchun do‘stining mansabi-yu boyligi, obro‘yi va mavqeyining ahamiyati yo‘q. Uning Hamza nomidagi o‘zbek davlat akademik drama teatri (hozirgi Milliy teatr)ga kelganiga oltmish yil (1966-yil, yigirma yoshida) bo‘layotir. Ana shu yillar ichida biron marta ish joyini o‘zgartirmadi, mehnat daftarchasiga bitta ishxona yozilgan. Kinoda, teleekranlarda necha o‘nlab turli darajadagi rollar ijro etdi, tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi, filmlardagi ba’zi rollari uchun xalqaro mukofotlar bilan taqdirlandi (Nyu-York shahrida o‘tkazilgan XVII Xalqaro Osiyo kinosi festivalida Erkin Komilov “Suv yoqalab” filmidagi Bolta Mardon roli uchun oliy sovringa sazovor bo‘ldi). Kino va teleekrandagi ulkan yutuqlariga qaramay, u qadrdon teatrini tark etmadi, unga “bevafolik” qilmadi. Zero, ana shu muqaddas dargoh tufayli u elga Erkin Komilov bo‘lib tanildi.
Erkin bilan tanishganimizga oltmish yil bo‘lmoqda. Mana shu yillar davomida ikkovimiz ham boshimizdan ne-ne yaxshi-yomon kunlarni o‘tkazdik. U bilan turli safarlarda bo‘ldik, ijodiy uchrashuvlarda qatnashdik. Quvonchli-yu tashvishli kunlarda bir-birimizga yelkadosh bo‘ldik, yutug‘imizdan quvondik, g‘am-tashvish chog‘ida madadkor bo‘lib, taskin berdik. Mana shu uzoq yillik do‘stligimiz davomida o‘zaro hurmatimiz, hazil-huzullarimiz, eng muhimi, samimiyatimiz yo‘qolmadi. O‘rni kelganda kichkina bir sirni ochmoqchiman. Erkin bilan dastlab tanishgan paytlarimizdayoq xuddi bolalikdan birga katta bo‘lgandek sensirab gaplasha boshladik. Buning sababini ikkovimiz ham bilmaymiz. Balki, ko‘ngillarimiz yaqin bo‘lganidandir. Shu odatimiz hozirgacha davom etib kelayotir. Erkin 1988-yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘satgan artist, 1998-yilda O‘zbekiston xalq artisti, 2011-yilda “Mehnat shuhrati”, 2016-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi unvoni bilan taqdirlandi. Bir necha yildan buyon O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida talabalarga aktyorlik mahoratidan saboq berib kelayotir, unga professor ilmiy darajasi berilgan.
Ulug‘ yoshga qaramay Erkin Komilov bugun ham ijodda, ijtimoiy hayotda faol. Milliy teatrimizda namoyish etilayotgan aksariyat spektakllarda bosh va yetakchi rollarni ijro etayotir, turli darajadagi rasmiy va ijodiy tadbirlarda faol qatnashmoqda.
Bugun Erkin Komilovga qirq yil oldingi savolni yana qaytardim:
– Shu paytgacha teatrda, kino va televideniyeda ijro etgan rollaringdan qaysilarini havas bilan eslaysan?Biroz o‘ylanib turdi-da, dedi:
– Allohga shukur, eslasam eslagudek rollarim bor, og‘ayni. Bularni o‘zing ham yaxshi bilasan… Ijro etgan rollarimning aksariyati men uchun qadrli. Ularning har biriga yurak qo‘rimni berishga, Yaratgan ato etgan iste’dodimni sarflashga harakat qildim. Shu bois ular menga farzandlarim kabi aziz. Ota uchun farzandining yomoni bo‘ladimi?
Bu javobda u haq!
Salkam oltmish yillik qadrdonim, jonday do‘stim Erkin! Senga mustahkam sog‘lik, uzoq umr tilayman!
Mamatqul HAZRATQULOV
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600


