Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.09.2025 | 18:00

img5139

JADID BOBOMGA MAKTUB

Hurmatli yurtdoshlar, xabaringiz bor, maktab o‘quvchilarida “Dolzarb 90 kun” doirasida ijodiy fikrlash va badiiy tasavvurini rivojlantirish, bu orqali yangi avlodda Vatanga bo‘lgan mehr-u muhabbat va sadoqatni kuchaytirish, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi g‘oyalarini maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida keng targ‘ib etish, milliy qadriyat va an’analar ruhini badiiy talqinda singdirish hamda jadid bobolarning ibratli faoliyatini tahlil va talqin qilish layoqatini shakllantirish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda “Jadid bobomga maktub” tanlovini e’lon qilgan edik.

Bugun tanlov g‘oliblari aniqlandi. Pochta orqali xat shaklida hamda tanlov uchun maxsus yaratilgan telegram-botga elektron ko‘rinishda yuborilgan, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri tahririyatga keltirib berilgan 40 mingga yaqin ijodiy ishlarni tekshirish va saralash o‘z yakuniga yetdi.

Avvalroq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan jalb etilgan 300 nafardan ortiq malakali pedagoglar hamda tahririyat xodimlari har bir inshoning har bir satriga diqqat bilan yondashib, 100 ta inshoni saralab bergan edi. Malakali pedagog-olimlar, adabiyot va jurnalistika sohasi vakillaridan tuzilgan hakamlar hay’ati qizg‘in bahs-munozaralar, tahlil va tadqiqlardan so‘ng, nihoyat, g‘oliblarni aniqlab berdi:

1-O‘RIN
Otaboyeva Nafisaxon Umrbek qizi – Xorazm viloyati Urganch shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi.

2-O‘RIN
1. Narzullayeva Gulhayo Baxtiyor qizi – Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi;
2. Safarova Shahlo Sodiq qizi – Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida joylashgan Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi.

3-O‘RIN
1. Baxtiyarova Tumaris Allayarovna – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 36-sonli maktab o‘quvchisi;
2. Husanova Munisa Sherzod qizi – Toshkent shahar Yunusobod tumani 260-maktab o‘quvchisi;
3. Otamurodova Sabina Zavqiddinovna – Buxoro viloyati Shofirkon tumani 3-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi.

RAG‘BATLANTIRUVCHI O‘RINLAR
1. Meliqulov G‘olibjon Akmal o‘g‘li – Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 17-maktab o‘quvchisi;
2. Fazliddinov Dilmurod Po‘latjon o‘g‘li – Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani 6-maktab o‘quvchisi;
3. Urinbadalova Mashhura Ilhom qizi – Surxondaryo viloyati Uzun tumani 56-maktab o‘quvchisi;
4. Nosimova Jasmina Nasillayevna – Navoiy viloyati Konimex tumani  19-maktab o‘quvchisi;
5. Bobobekova Ruxshona Otabek qizi – Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani 3-maktab o‘quvchisi;
6. Rasuljonova Shukronabonu Abbos qizi – Namangan viloyati Pop tumani ixtisoslashtirilgan maktabi o‘quvchisi;
7. Jalolova Shahinaxon Javharxon qizi – Toshkent viloyati Angren shahar 7-maktab o‘quvchisi;
8. Qudratov Ibrohimjon Aktam o‘g‘li – Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani 32-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi;
9. Jamoldinova Dilziroxon Jasurbek qizi – Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani 3-maktab o‘quvchisi;
10. Usmanova Gulnur Ubaydullayevna – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri 38-maktab o‘quvchisi.

G‘oliblarni va tanlovda qatnashgan barcha iqtidorli o‘quvchilarni chin yurakdan muborakbod etamiz! Tanlovni tashkil etishda, ijodiy ishlarni sidqidildan, adolatli baholashda faol ishtirok etgan aziz ustozlar va hakamlar hay’ati a’zolariga samimiy minnatdorlik bildiramiz.

Tanlov davomida muhtaram Prezidentimizning jadidlar hayotini o‘rganish, ularning faoliyatini tahlil qilish, ma’rifatparvar ta’limotini hayotga tatbiq etish to‘g‘risidagi qator qarorlari bugungi yoshlarimizning dunyoqarashi shakllanishida alohida o‘rin tutayotgani, millat oydinlarining “Najot ilmdadir!” degan g‘oyalari maktab ta’limida dasturulamalga aylanganiga guvoh bo‘ldik. Yoshlarimizning erkin va keng fikrlashi, millatparvarligi bizni quvontirdi. O‘tkir qalam, uchqur fikr sohibi bo‘lgan minglab o‘quvchi-yoshlarni o‘zimiz uchun kashf etdik: ular, albatta, kelajakning yetuk ijodkorlari bo‘lib yetishishlariga tilakdoshmiz!

Aziz mushtariylar, ushbu tanlov-tajriba jamoamizga katta kuch va ishonch bag‘ishladi. Biz iste’dodlarni kashf etadigan, ijod ahlini birlashtiradigan, tafakkurni charxlaydigan bu kabi tanlovlarni davom ettirishni niyat qildik. Zero, maqsadimiz bitta: Tilda, fikrda, ishda birlik!

Hurmat bilan “Jadid” jamoasi.

Nafisaxon OTABOYEVA,
Urganch shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi

Kimga maktub yuborsam ekan, deb bosh qotirmadim. Suratingizga tikilgancha ko‘nglimdan kechganlarni qog‘ozga ko‘chiraman. Siz haqingizda yozishga chog‘langan edim, so‘z ipim “qalamning ignasidan qoch”madi, ilhom siyohiga cho‘milib, varaqda chiroyli husnixat paydo qildi.

Qodiriy bobo, birinchi marta uy-muzeyingizga borganim menda ilk va iliq xotiralar qoldirgan. Bobojon, adabiyot muallimimiz Sizning ijodingiz bo‘yicha ilmiy ish qilgani uchunmi, bizga nimanidir tushuntirmoqchi bo‘lsa, albatta, hayotingizdan yo asarlaringizdan misol keltirishni yaxshi ko‘radi. Sinfxonamiz ham portretlaringiz, hikmatli so‘zlaringiz bilan bezatilgan.

Tanlovga tayyorgarlik jarayonida asarlaringizni, ular haqidagi maqolalarni mutolaa qilar ekanman, olmosning qiroti kattaligiga qarab narxi ko‘tarilganday, Siz haqingizdagi tasavvurim sayqallana bordi. O‘z navbatida, bu o‘ylovim va so‘ylovimga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. “O‘tkan kunlar”ni 6 yil oldin sinfimiz bilan o‘qiganmiz (ustozimiz majburlagan). Keyin bilsam, bu asarni 5-sinflar o‘qib tugatishi maktabimiz an’anasi ekan.

Shularni yozar ekanman, xayollarim Kumushga ko‘chdi… Goh tuhmatga qolgan Otabekni qutqarishga otlanaman, goh O‘zbekoyimga dakki bermoqchi bo‘laman. Ba’zan Zaynabga, ba’zan Yodgorga achinaman. Sotti Husayn haqida o‘qiganimda “Mehrobdan chayon”dagi “dumi gajaklar”: Shahodat muftiy, Kalonshoh, Abdurahmon domlalar ko‘z o‘ngimda paydo bo‘ldi. Axir, “Yig‘indi gaplar” uchun qancha quzg‘unlar ko‘zingizni cho‘qishga urindi?! “Uloqda” ham “bo‘lganman”, so‘ng xayolan Turg‘un bilan o‘rtoq tutinaman, Esonboyga jannatlardan joy so‘rayman. Aytganday, “Jinlar bazmi”da “maza qilganman”, hayrat dengiziga g‘arq bo‘lganman.

Abdulla bobo, Sizga bir sir aytaymi, men ham ijod qilaman. U kuni yozganlarimni ustozimga iymanibgina berdim. “Ahvolimiz” she’ringizga javob misralarimni o‘qigan muallima yig‘lamsirab: “Qodiriy bobo ruhi qo‘llasin!” deb peshonamdan o‘pib qo‘ydi. Keyingi maktubimda she’rlarimni ham qo‘shib jo‘nataman. Oldinlari “Abdulla Qodiriy romanchilik maktabi” jumlasi qulog‘imga chalinsa, qayerda joylashgan ekan-a, o‘sha maskan, deb o‘ylab qolardim. Yozishga ishtiyoqim bo‘lganidan men ham o‘sha yerda o‘qishni orzu qilardim. Bu iboraning ma’nosini, mana, hozir tushunyapman. Aytganday, S.Ahmad, A.Muxtor, P.Qodirov, O‘.Hoshimovlar maktabingizning a’lochi o‘quvchilari bo‘lishgan.

Bobojonim, bir paytlar: “Uxlaganlarni agar Qodir esak uyg‘otamiz”, deb umidlangan edingiz. Ha, Siz g‘aflat uyqusidagi millatni bir siltab uyg‘otishga qodir ekanligingizni isbotladingiz.

To‘rtinchi oktyabr tongi… Har yili shu kun tunday qaro, zilday og‘ir kechadi men uchun. Sizni oramizdan olib ketgan o‘sha kunni yomon ko‘raman. Abdulla bobo! Bilasizmi, ukamning ismi – Otabek, amakimning u bilan tengdosh qizi bor Kumush. Bobojonim, odobi olamga ulgi bo‘la oladigan qahramonlaringiz bilan oramizda ikkinchi umringizni yashayapsiz. Asarlaringizni qalbiga jo qilgan har bir o‘zbek bolasi bugungi kun Qodiriysi, Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lishiga umid bog‘layman.

Gulhayo NARZULLAYEVA,
Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi

…Yusuf savdosida beqaror Zulayho ismidan, Majnun ishqida yig‘lagan Layli o‘tidan – Sizga boshimdagi sochlarimning tuklaricha behad salomlar bo‘lsin, Qodiriy bobom.

Bu satrlarni yozmoqqa chog‘lanar ekanman, yuragimda g‘alati bir hayajon bordur. Har nechuk Siz bilan yuzma-yuz suhbat qurgan emasman, ammo asarlaringizni o‘qiganimda o‘zingiz qarshimda o‘tirgandek, so‘zlaringiz qulog‘imda jaranglagandek bo‘lur. Sizning har bir satringiz, har bir jumlangiz minglab yuraklarni uyg‘otganini bilaman. Sizning zamoningiz qaro bulutlar ostida bo‘lgan paytda, ma’rifat shamchirog‘ini yoqib, millatni zulmatdan nurga eltmoq uchun sarflagan umringiz bugun biz uchun ibratdir.

“O‘tkan kunlar” kitobini varaqlab, har bir qahramoningiz, nafaqat bir obraz, balki millatning qalbidagi armon ekanligini tushunib yetdim. Jumladan, millat sha’nini himoya qilgan mard o‘g‘lon timsolida Otabekni, sadoqat va muhabbatni yuksak timsolida Kumushni; zamonamizning ojizlik va ilmsizlik balosini, jamiyatdagi jirkanch illatlarni Zaynab va Homid siymosida ko‘rdim. Siz bu manzaralarni shunday ajib bir kuch bilan tasvirlagansizki, o‘qib yuragim ezildi. Erkin so‘z uchun, millat uyg‘onishi uchun, qalamning, erkning haqqi uchun qanday mashaqqatlar chekkaningizni o‘ylasam, yuragim qiyma-qiyma bo‘lur.

Endi zamon o‘zgardi. O‘zbekistonimiz mustaqil bo‘ldi. Bayrog‘imiz barlari osmonlarni hilpiratmoqda. Ammo, bobojonim, Siz orzu qilgan to‘la ma’rifat, qalblardagi uyg‘onish sari yo‘l hali ham tugamadi. Nodonlik soyasi ba’zi qalblarda hali-hanuz kezib yuribdi.

Bugun biz “O‘zbekiston – 2030” degan ulug‘ bir g‘oyaga yuz tutganmiz. Maktablarimizda bolalar zamonaviy fanlardan saboq olishmoqda, tariximizni o‘rganishmoqda. Men ham shu yo‘lda intilmoqdaman. Sizning izingizdan borib, yurtimga foyda keltiruvchi, millatimni yuksaltirguvchi farzand bo‘lishni niyat qilganman.

Bobojon, bilasizmi, men Sizni tasavvur ham qilib ko‘rganman. Oq to‘garak yuzli, mard va jiddiy, ammo yuragi nihoyatda nozik, qat’iyatli, mehribon, qo‘lida qalam, qalbida esa millat muhabbati bo‘lgan ajib bir inson. Sizning tarix sahifalariga bitilgan oydin nomingiz minglab, yo‘q-yo‘q, millionlab qalblarda mangu yashaydi.

Bobojon, bu maktubim Sizga yetib borishiga ishonaman, umidim borki, duolarim ruhingizni shod etur. Bobojonim, yana gaplarim bir-biriga ulanmagan, buni yaxshi bilaman. Biroq Sizdan bir asr narida yashayotgan kichik nabirangiz qalbidagi sado va iztiroblarini bir maktub qilib sizga yozdi. “Mendan haddu hisobsiz gunoh, sizdan kechirish”.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-sentyabrdagi 37-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img82

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img132

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img324