Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.12.2025 | 09:35

img1475

JADIDLAR HALQASI

1938-yilning 5-oktyabrida hukmi e’lon qilingan, biroq 4-oktyabrdayoq yoppasiga otib tashlangan 36 nafar vatandoshimiz to‘g‘risida har gal o‘qiganimizda, jon-tanimizga titroq kiradi. O‘ttiz olti qurbonning xalqimiz taqdiriga doxil o‘ttiz olti hikoyati bor.

Qudratulla Yunusov 1896-yili Toshkent shahrida ishchi oilasida tug‘ildi. Uning bolalik davri jadidlar faoliyati shahri azimda keng quloch yoyib borayotgan vaqtlarga to‘g‘ri keldi. Xususan, bu paytda, Abdulla Avloniyning “Tarjimayi holi”dan ma’lum bo‘lishicha, 1904-yilda Tosh­kentda yashirin “jadidlar to‘dasi” ish boshlaydi. 1909-yil 12-mayda Munavvar qori Abdurashidxonov, Mulla Abdulla Avlonov (Avloniy), Bashirulla Asadillaxo‘jayev, Toshhoji Tuyoqboyev, Nizom qori Husanov muassisligida “Jamiyati xayriya” tashkil etiladi. Mazkur jamiyat bir yil keyin Buxoroda tuzilgan “Tarbiyai atfol” jamiyati bilan birga iste’dodli yoshlarni chet mamlakatlarga o‘qish­ga yuborishdek xayrli ishni boshlab yuboradi.

So‘ngra, 1913-yili “Turon” jami­yati, 1914-yili esa Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Muhammadjon Poshshaxo‘jayev, To‘la­gan Xo‘jamiyorov (Tavallo) va bosh­qa­lar muassisligida “Nashriyot” shirkati ishga tushadi. Mazkur ma’rifiy tashkilotlarning tuzilishi, bun­dan avvalroq yangi usul maktab­larining ochilishi, o‘zbek tilida qator gazetalarning bosila boshlashi Turkis­tonda bir maromda kechayotgan hayot dengizini to‘lqinlantirib yuboradi.

Toshkentlik shoir va yozuvchilar “Al-Isloh” jurnalida, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Tujjor”, “Osiyo”, “Sadoyi Turkiston” gazetalarida o‘z asarlarini chop etish imkoniga ega bo‘ladi. Kitob nashr qilish ishlari ham yo‘lga qo‘yilib, turli bayoz va majmualar chiqa boshlaydi.

Toshkentdagi ushbu ma’rifiy muhit, jadidlik ruhi Qudratullaning shaxsiy kamolotida ma’naviy tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Garchi u ota-onasi ko‘magidan bahramand o‘sgan bo‘lsa-da, jamiyat sharoiti bolani barvaqt mehnatga olib kirdi: oldiniga oddiy ishchi, so‘ng qadoqlovchi va kotib bo‘lib ishladi. Shunga qaramay, o‘qib-o‘rganishga doim vaqt topdi, ishtiyoqini so‘ndirmadi. Tillarni puxta o‘rgandi, oliy ma’lumotga ega bo‘lib, nufuzli bibliograf, turk-tatar tillari bo‘yicha mohir tarjimon hamda muharrir bo‘lib yetishdi. Shu tariqa, sekin-asta o‘zining ilmiy-amaliy faoli­yatiga xos maskan – o‘sha davrda SSSR miqyosida xalqaro bibliografiya markaziga aylangan Butunittifoq kitob palatasida ishlay boshladi. Qudratulla Yunusovning Moskvada ana shu nufuzli muassasadagi mehnati uning ma’rifatparvarlik ruhini charxlab, jadid an’analariga sadoqatini kuchaytirdi. Turli tillardagi adabiy va ilmiy manbalar bilan tanishgani sayin, tasavvuri yanada kengaydi, o‘z millati taqdiri uchun ma’rifatning qanday beqiyos qudratga ega ekanini anglay bordi.

1915-yilga kelib Nizomiddin Xo‘jayev, Abdulla Avloniy, Salohiddin Muftiy, Shokirjon Rahimiy, Miraziz kabi yetakchi ziyolilar tashabbusi bilan “Turon” jamiyati faollashadi va u jadid mafkurasi hamda milliy o‘ziga xoslikni targ‘ib etuvchi muhim markazga aylanadi. Qudratulla Yunusov ham aynan shu davrdan boshlab mazkur jamiyat faollari safiga qo‘shiladi.

1917-yili Rossiyada ro‘y ber­gan o‘zgarishlar Turkiston o‘lkasiga ham ta’sir qilib, boshboshdoqlik va siyosiy beqarorlikka olib kelgani, Turkiston o‘lkasida sovet tuzumini qaror toptirish uchun bolsheviklar mahalliy hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallagani tarixdan ma’lum. Shu bois, milliy davlat g‘oyasini qo‘llab-quvvatlovchi mahalliy ziyolilar siyosiy maydondan mutlaqo chetlatilgan edi. Oqibatda, milliy manfaatni himoya qilishga qaratilgan yashirin tashkilotlar paydo bo‘la boshlaydi. Ana shulardan biri 1919-yili Munavvar qori Abdurashidxonov va Sadriddin­xon Sharifxo‘jayev tashabbusi bilan Tosh­kentda tashkil topgan “Milliy ittihod” edi. Tashkilot tez orada milliy ozodlik g‘oyasi markaziga ayla­nib, 1920-yilning kuzida Qudratulla Yunusov ham unga qabul qilinadi.

1921–1922-yillarda “Milliy ­ittihod” tarkibida aloqachi sifatida faoliyat yuritib, avval Toshkentda Munavvar qori bilan uchrashish orqali tashkilot ko‘rsatmalarini qabul qilib turadi. U har bir topshiriqni bajarish jarayonida aloqalar doirasini bosqichma bosqich kengaytirib borar, shu orqali Sa’dulla Tursunxo‘jayev hamda Abduqodir Qushbegiyev bilan muloqotga kirib, Buxoroda ham ishonchli bog‘lanish nuqtalariga ega bo‘ladi.

Ayni shu davrda Toshkent­dagi “Turkiston shirkati” magazini asosiy aloqa markaziga aylanadi va 1922–1923-yillar davomida shu yerda shifrli xabarlarni qabul qilish va yetkazish ishlarida Yunusov uzluksiz ishtirok etadi. 1923-yildan jarayon Buxoroga ko‘chadi, Yunusov bir necha marta ushbu shaharga safar qilib, Ali Rasulov xonado­nida o‘tgan yig‘ilishlarda shax­san shifrli ma’lumotlarni topshirib, qabul qilib boradi. Shu orqali u Buxoro tarmog‘ining ham ishonchli aloqa bo‘g‘iniga aylanadi.

1924-yilga kelib, qahramonimiz ishtirokida ma’lumot almashinuv jug‘rofiyasi yana kengayganini kuza­tamiz. Bu gal aloqa zanjiriga Moskva yo‘nalishi ham qo‘shiladi. Qudratulla Yunusov Temirqul va G‘ulom Ikromov orqali Moskvadan kelgan ma’lumotlarni Toshkent markaziga yetkazar, shu bilan bir qatorda, Toshkentdan Moskvaga xabarlarni ham muntazam uzatib borardi. 1921–1924-yillar davomida u Toshkent, Buxoro va Moskva o‘rtasida axborot aloqasini uzluksiz ta’minlab turgan shaxsga aylanadi. Bu jarayonda Munavvar qori, Sa’dulla Tursunxo‘jayev, Abduqodir Qushbegiyev, Ali Rasulov, Temirqul va G‘ulom Ikromov o‘z yo‘nalishi, hududi doirasida muhim vazifani bajargan bo‘lsalar, Yunusov ana shu tarmoqlarni o‘zaro bog‘lab turuvchi mustahkam halqa edi.

Qahramonimiz 1931-yilda xizmat safari bilan Moskvaga yuborilib, garchi o‘qish maqsadida bo‘lsa-da, “Milliy istiqlol” tashkiloti­ning o‘sha yerdagi tarmog‘i bilan faol bog‘lanadi. U yerda Abdulhay Tojiyev, Muhitdin Tursunxo‘jayev, Nazir Shoabdurasulov, Mirmuslim Sher­muhammedov va Yusuf Aliyev bilan bir safda ish olib boradi. Bu muhitda Yunusov faoliyati rasmiy ta’lim bilan cheklanmasdan, o‘zbek talabalari orasida milliy ruhdagi suhbat va muhokamalar bilan boyidi: tarixiy xotira, o‘zlik, Turkistonning kelajak maqomi kabi masalalar muntazam muhokama qilindi. Bu muloqotlar, ilmiy-badiiy bahs va milliy ruhni mustahkamlovchi suhbatlar yurtning kelgusi boshqaruvida ishtirok etadigan yosh kadrlarning o‘zini anglashida g‘oyat muhim edi.

E’tiborli jihati, Qudratulla Yunusov Moskvada Butunittifoq alfaviti bo‘yi­cha komitet kotibi sifatida ham ishlaydi. Bu ish yangi alifbo, yangi ta’lim tizimi orqali xalqlar madaniyati va yozish usulini yangilash bilan bog‘liq edi. Biroq ushbu jarayonda til, ma’rifat va ta’limga e’tiborning kuchayib ketishi sovet rasmiylari nazaridan chetda qolmadi. Ular bu ish ortida xalqning milliy o‘zlikni anglash xavfini ko‘ra boshladi. Bu esa keyinchalik Yunusov taqdiriga ham ta’sir etmay qolmadi.

1930-yillar oxiriga kelib, SSSRda siyosiy muhit keskinlashdi, ommaviy ravishda “xalq dushmani” degan sun’iy obraz ishlab chiqildi. Natijada jadid ziyolilari, fikr sohiblari hamda mustaqil tafakkurga ega shaxslar keng qamrovli ta’qib va kuzatuv ostiga olindi. 1937-yil 28-avgust kuni Qudratulla Yunusov Moskvadagi yashash manzilidan hibsga olinadi. U avval Butirka qamog‘ida saqlanib, so‘ng 1937-yil 15-sentyabrda Tosh­kentga etap qilinadi.

Tergov davomida unga sovet hokimiyatini ag‘darishga qasd qilish, chet el razvedkasi bilan aloqa o‘rnatish, Qobuldagi ingliz konsulligi bilan shifrli yozishmalar olib borish, Miyon Buzruk orqali inglizlar bilan aloqa qilish kabi bir qator ayblar qo‘yiladi. Bu o‘rinda uning “inglizlar orqali ikki adad yozuv mashinkasini keltirgani”, “bir yarim yil davomida kvartirasida ingliz tili mutaxassisini saqlagani” va shunga o‘xshash vajlar ham “dalil” o‘rniga o‘tadi.

Taqdirning achchiq haqiqati shundaki, Qudratulla Yunusov bor umrini bag‘ishlagan barcha ezgu ishlar: ta’lim, tarbiya, tarjima, til ­islohoti, talabalar bilan ma’naviy suhbatlar… bari bir kunda “jinoyat” sifatida ayblovga aylantiriladi. 1938-yil 5-oktyabrda Toshkentda o‘tgan SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining sayyor sessiyasida Qudratulla Yunusov otuvga hukm qilinadi…

Shu o‘rinda O‘zbekiston xalq shoiri Shukrulloning xotiralari esga keladi: “O‘ttizinchi, elliginchi yil­lar­da xalqimizning minglab asl far­zandlari begunohdan begunoh sur­gun qilindilar, hibsga olinib, otib tash­lan­dilar. “Qamaldilar, otib tash­landilar”, deyish oson! Ammo bu – qamalgan, otib tashlanganlarning oh-u nolalari, azob-u xo‘rliklari, ularning xonavayron bo‘lgan oilalari, bola-chaqalari, eri­dan ayrilgan ayollarning faryodlari, darbadarliklarini hamma ham bir dam ko‘z oldiga keltirib, yurakdan his qila oladi, deysizmi?

“Otib tashlandi!” Begunoh qatl qilinayotgan odamning holatini his qila olasizmi? Yo‘q! Unga achinasiz, albatta, “attang” deysiz, ammo uning juvonmarg orzu-maqsadlari-chi?!”

Rustambek SHAMSUTDINOV,
tarix fanlari doktori, professor

“Jadid” gazetasining 2025-yil 5-dekabrdagi 49-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img68

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img587

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img584