03.01.2025 | 16:12
381
JADIDONA SO‘Z DOVRUGʻI
“Jadid” gazetasi bir yil davomida o‘z o‘quvchilarining qo‘liga va qalbiga yetib bordi. Uning sahifalarida chop etilgan juda ko‘plab manbalar O‘zbekistonning yaqin tarixidagi eng qiziq, eng murakkab va shonli jadidlik harakatining mazmun-mohiyatini o‘zida ifoda etdi. To‘g‘risi, jadidlik harakati, xususan, jadid adabiyoti mutaxassislar tomonidan bir asrdan beri o‘rganib kelinadi. Sobiq tuzum zamonidagi tadqiqotlarda ularga turlicha yondashuvlar bo‘ldi. Hukmron davr mafkurasining korchalonlari jadidlik harakatini g‘ayriilmiy ravishda baholadi. Sun’iy tarix yozguvchilar xalqqa jadidlarning haqqoniy g‘oyalarini, orzu-niyatlarini asl holida ko‘rsatmaslikka urindi. Bir necha avlodga o‘z bobolari “dushman” sifatida tanitildi. Necha o‘n yillar haqiqat quyoshining yuzini qora bulut qoplab turdi. O‘ylab qaralsa, jadidlik harakatining asos-negizida millat va Vatan tuyg‘usi, istiqlol va istiqbol qayg‘usi mujassamdir. Shunday g‘oya va fikri uchun jadidlar qamaldi, surgun etildi, qatag‘on qilindi. Gazeta o‘z sahifalarida ayni tarixiy haqiqat bayonini taqdim etdi.

Gazetada bugungi ijtimoiy-siyosiy hayot, madaniy-maishiy turmush muammolari bilan uyg‘unlashgan jadid allomalarining fikrlari taqdim etib borildi. Xususan, “Yurt qayg‘usi”, “Mutolaa”, “O‘zbek tilim – o‘z tilim”, “Bedorlik” kabi qator ruknlarda berilgan maqolalar ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Darhaqiqat, o‘z zamonida Turkiston muxtoriyatini e’lon qilgan fidoyi millatparvarlar hurriyatni, erkni orzu qilgan edi. Ularning “Haq olinur, berilmas!” degan shiori har qanday zamonda mazlum insonlar kurashi uchun dasturilamal bo‘ladi. Jadidlar o‘z millatining dovrug‘i, shon-shuhrati dunyo xalqlarining ong-u shuuriga yetib borishini xohlashdi. Shuning uchun ular tarixda o‘tgan buyuk allomalarni esga oldi. Shuning uchun ular maktabga, matbuotga, adabiyot va san’at, xususan, teatrga diqqat qaratdi. “Ko‘mak” jamg‘armasi vositasida Turkiston farzandlarini dunyoning eng ilg‘or oliy o‘quv yurtlariga ta’lim uchun yuborishdi. Yuqorida tilga olingan masalalar “Jadid” sahifalarida yil davomida muhokama qilindi. Ayni damda gazetada bosilgan zamonamiz jadidlarining faoliyati ham ibratga munosibdir. Ba’zi fidoyi zamondoshlarimiz kutubxonalar, maktablar barpo etayotgani, xayriyalar bilan mashg‘ulligi – bularning barchasi qalb ko‘zi ochiq davr ziyolisining o‘tgan jadid bobolariga ergashayotganidan darak beradi.
Ta’bir joiz bo‘lsa, ushbu navqiron nashr yil davomida yangilangan fikr uchun, yangilangan dunyoqarash uchun, Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-ma’rifiy muhiti uchun ishladi. “Tabdil” ruknida jadid matbuotidan ko‘chirib bosilgan manbalar bugungi yangicha talqinlar uchun asos bo‘lishi tabiiy. Gazetaning so‘nggi sahifasida berib borilgan Ovsar bilan Mulla Xunobning kalvakona ruhdagi insholari ham gazetxonlarga ma’qul tushgani bor gap.
Menga gazetada berilgan ayrim xorijlik jadidshunoslarning fikr-mulohazalari ham muhim ko‘rindi. Nazarimda, shu yo‘sinda “Jadid”ning dovrug‘i dunyoga taralishi tabiiydir.
Ayni masalada yaqin kunlarga tegishli ikki ma’lumotni aytaman.
Birinchi gapim: dekabr oyi boshlarida Yaponiya va Turkiyada jadidlik borasida tadqiqotlar olib borayotgan olimlar gazeta tahririyatida mehmon bo‘lishdi. Ulardan ayrimlari “Jadid” gazetasida o‘z maqola va suhbatlari bilan qatnashgan ham. Suhbat jarayonida o‘zaro hamkorlik taklif etildi; gazetaning xorijda ham muxbirlari bo‘lishi lozimligi haqida so‘z bordi. Nazarimda, o‘rinli gap. Darhaqiqat, jadidlik hodisasi, jumladan, adabiyoti va madaniyati tarixiga kompleks yondashish uchun nafaqat o‘zbek olimlari, balki xorijdagi jadidshunoslarning ham tadqiqotlari, yozgan kitoblari muhim manba sanaladi. Ularni o‘qish, uqish hamda o‘ziga xos qarashlaridan voqif bo‘lish lozim, albatta.
Ikkinchi gapim: dekabrning o‘rtalarida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan tashkil qilingan ikki toifadagi (1-yosh toifasi – 6-, 7-, 8-sinf va 2-yosh toifa – 9-10-sinf) maktab o‘quvchilari orasida o‘tkazilgan “Jadidlar izidan” tanlovida hakamlar qatorida qatnashib, o‘quvchilarning bilimi, zehni, o‘zini tutishi va jadid allomalari qalbini anglaganidan quvondim. Turli hududlardan g‘olib bo‘lib kelgan ikki yosh toifasidagi yigirma sakkiz ishtirokchidan respublika minbaridagi bahsda saralangani – har toifadan 7 nafardan jami 14 nafar o‘quvchi Germaniyaga yuboriladigan bo‘ldi. Nasib etsa, ular jadid bobolari kabi dunyoga chiqadi. Ular o‘zlarining jadidlar izidan borayotganini chuqurroq anglaydi. “Jadidlar izidan” – bu tushunchada o‘ziga xos shijoat, ilm-ma’rifat, fidoyilik ramzi bor. Ushbu muhtasham ilmiy-adabiy tanlov loyihasi kelgusida ham, albatta, davom ettirilishini istardik. Yoshlar jadidlarimiz dovrug‘ini shu zaylda dunyoga olib chiqadi.
Urg‘ulab takror aytaman, “Jadid” bugun bir yoshga to‘ldi. Oradan yillar, zamonlar o‘tadi. Hech shubhasiz, bu nashr o‘zbek matbuoti tarixi tadqiqida juda noyob bir manba bo‘lajak. Yillik gazetaning barcha sonlarini takror varaqladim. Gazetada chiqqan maqolalar agar jamlansa, bitta emas, bir nechta muhtasham kitob bo‘lishi mumkin, degan fikr xayolimdan ketmadi. Chunki uning har bir soni ziyo ahlining juda muhim mavzularga bag‘ishlangan maqolalari bilan ziynatlangandir.
Jadidlarga doir ezgu rejalar, muhokama uchun mavzular, tiniqlashmog‘i lozim bo‘lgan “loyqalar” hali yetarli. “Jadid” gazetasi yuzaki va chalkash talqinlarga aniqlik kiritishi, milliy jadid harakati haqida xorijda yozilgan manbalarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, taqdim etishi ham kerak.
Demoqchimanki, men o‘tgan yil davomida bu gazeta bilan hamkor va hamnafas bo‘ldim. Yangi yilda ham gazetaga Ismoilbek Gʻaspralining “Turkiston ulamosi” asari bilan bog‘liq bir muammo xususida, shuningdek, xorijlik jadidshunos olimlardan ayrimlari ijodidan maqolalar taqdim etish niyatim bor. Men uchun jadidlarning dunyoga chiqish orzusi, dunyo falsafasi va adabiyotidan ta’sirlangani, jahon adabiyotidan qilgan tarjimalari, olamga taniqli allomalar haqida yozgan maqolalari qiziq.
Yaqinda o‘tgan asrning 20-yillarida bosilgan bir manbada amerikalik yozuvchi Edgar Allan Po, boshqa bir maqola tarkibida esa rus munaqqidi Vassarion Belinskiy nomlarini uchratdim. Jadid bobolarimiz L.Tolstoy, R.Tagor, M.Lomonosov, J.Zaydon, M.Lyuter va boshqa qator xorijlik taniqli yozuvchi hamda faylasuflar ijodi bilan qiziqishganidan xabarim bor. Kelgusida shular borasida sevimli gazetamiz uchun maqolalar yozishni ko‘nglimga tugib qo‘ydim.
Yangi yilda barcha ziyo ahli va tamaddun zahmatkashlariga “Jadid” gazetasini muntazam o‘qib borishlarini tilayman.
Bahodir KARIMOV,
professor
“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-yanvardagi 1-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604