MUHAMMIR BURHONOV
(1897–1937)
Bolaligi. Muhammir Burhonov 1897-yil Buxoro shahrida mudarris oilasida tugʻilgan. Buxorodagi jadidchilik harakatining faol aʼzolaridan bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bastakori Mutal Burhonovning kenja amakisi edi.
Maʼlumoti. Muhammir Burhonov akasi Mazhariddin Burhonov bilan Turkiyaning Istanbul, Bursa, Kastumana shaharlarida yashagan va taʼlim olgan.
Faoliyati. Muhammir Burhonov 1921-yili Buxoroga qaytgan va 1921–1923-yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi militsiya boshqarmasi boshligʻi vazifasida ishlagan. 1921–1924-yillarda “Milliy Ittihod” tashkiloti faoliyatida qatnashgan. 1924–1926-yillarda Istanbulda milliy ozodlik harakati fidoyilari Usmon Xo‘ja va Nosir Hakim bilan uchrashgan. 1926-yili O‘zbekistonga qaytib kelgan va Samarqanddagi 5-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.
Oilasi. Muhammir Istanbulda turk millatiga mansub Nazmiyaxonimga uylangan va undan ikki o‘gʻil farzand (Muzaffar va Mustafo) ko‘rgan. 1923-yilda Labi Hovuz yonidagi kinozalda chiqqan yongʻin tufayli o‘gʻli Muzaffardan ayrilib qolgan Nazmiyaxonim o‘gʻli Mustafoni olib Istanbulga qaytib ketgan. 1924-1926-yillarda Turkiyada istiqomat qilayotgan oilasidan xabar olish uchun borib 2 yil o‘sha yerda yashagan.
O‘limi. Muhammir akalari Mazhariddin va Mukammil Burhonov bilan bir kunda 1937-yil 2-iyunda Samarqandda qamoqqa olingan va Toshkentga jo‘natilgan. 1937-yil 14-oktyabrda o‘lim jazosiga hukm qilingan va Toshkentda 1937-yil 25-oktyabrda sovetlar tomonidan otib tashlangan.
Jadidlar.uz saytidan olindi.