30.01.2025 | 08:44
244
JAHOLATGA QARSHI “VAKSINA”
Yuz yil oldin jadid bobolarimiz “millat oyog‘iga tushov” deb qoralagan to‘y-hasham, ma’rakabozlik masalasi bugun ham taraqqiyotimiz yo‘liga g‘ov bo‘lyapti.
Tojikistonlik taniqli adib Sattor Tursunning bir hikoyasi bor. Qo‘shnisi bilan hashamat bobida kimo‘zardan charchagan hikoya qahramoni qotil yollab, unga o‘zini o‘ldirib, jasadini qo‘shnisining hovlisiga tashlashni buyuradi. Mubolag‘a zamiridagi achchiq haqiqat shuki, bebaho umrimizni loaqal bir lahzaga uzaytirolmaydigan keraksiz dahmazalar uchun atrofdagilar bilan kimo‘zarga jonimizni jabborga berishga tayyormiz.

Janob payg‘ambarimiz qizlari Fotima(r.a.)ni Hazrati Aliga uzatganlarida, bor-yo‘g‘i bir jonliq so‘yib, kelinning sepiga bittagina po‘stak berganlar va dap chalishni buyurganlar. Kuyovning sovut, qalqoni puli bir to‘yga kifoya qilgan. To‘g‘ri, u davrda odamlar juda nochor yashagan, hozirgidek imkoniyatlar bo‘lmagan. Lekin o‘sha davrda payg‘ambarimiz (s.a.v.) istasa, har qanday amirning to‘yidan ziyodroq to‘y qilish imkoni, albatta, topilardi.
Bugun sodir bo‘layotgan ayrim voqea-hodisalarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, ijtimoiy tarmoqlar-u vaqtli matbuotdan o‘qib, guvohi bo‘lyapmiz: go‘yoki biz dang‘illama uy-joylar-u to‘y-ta’ziyalar, yap-yangi mashinalar uchungina dunyoga kelgandekmiz. Mo‘may pul topib, murod-maqsadiga yetish uchun aziz jonini garovga qo‘yib, notinch xorijiy davlatlarga yo‘l olganlar qancha. Mayli, halol non topib, orzu- havasini ko‘ryaptimi, qandini ursin.
Ammo… Bir tanishim xorijda o‘n yil ishlab, yemay-ichmay dang‘illama hovli qurdi. Endi ko‘chib kirmoqchi bo‘lganda, “oting qurg‘ur” dardi xuruj qilib qoldi. Davolanishga qo‘lidagi bor dastmoyasi yetmagani uchun yangi uyni sotishga majbur bo‘ldi. O‘tniki o‘tga, suvniki suvga bo‘ldi.
Ba’zan kitob karvonlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar sabab Respublikaning turli viloyatlarida bo‘lamiz. Bir safar Javdat aka degan o‘qituvchi bilan gapimiz qovushib qoldi.
– Maktabimizga Eldor degan bir yigit ishga keldi, – hikoya qiladi u. – Endi universitetni bitirgan ekan. Talabalikda sirdaryolik bir qizni yaxshi ko‘rib qolgan. Unga uylanish uchun oilasining ham roziligini olibdi. Ammo kuyov bo‘lmishning otasi ko‘p ichar, o‘g‘li uylanadimi-yo‘qmi, farqi yo‘q edi.
Yigit dastlabki maoshlari hisobidan uy-joyini ta’mirlatdi. Endi to‘yga pul kerak. Shunga mendan katta miqdorda qarz so‘radi. Yigitga rahmim keldimi yo savobtalabligim tutdimi, otasini ichimda koyib-koyib, oilaviy umra ziyorati uchun yig‘ib-tergan pulimning hammasini keltirib beribman, deng.
To‘yga borib, ne ko‘z bilan ko‘rayki, kuyov dabdabaga zo‘r berib yuborgan. Keyin bilsam, bu shovvoz katta bir amaldorning qiziga og‘iz solgan-u to‘y kuni kelinni o‘z mashinasida olib ketish, to‘g‘rirog‘i, o‘zini ko‘rsatish uchun men bergan qarzga yap-yangi “Lacetti” olgan ekan. Eng yomoni, qarzni yillar davomida bo‘lib-bo‘lib, bebaraka qilib bergani bois oilaviy ziyoratimiz qoldirildi. Moyana esa mayda-mayda bo‘lib, ro‘zg‘orga ishlatilib ketdi. Pul-ku qo‘lning kiri, lekin chillasi chiqmay, ikki yoshning gapi-gapiga to‘g‘ri kelmadi, shekilli, ish ajrimgacha bordi.
Aslida, yozuvchi Sattor Tursun hikoyasi qahramoni bilan o‘sha o‘qituvchi Eldor orasida deyarli farq yo‘q. Biri uchiga chiqqan xudbin, baxil; ikkinchisi ayyor, ustomon. Ikkalasi ham dabdaba uchun hech nimadan toymaydi.
Qisqasi, ming qarg‘aga bir kesak, deydilar. Ammo qorong‘i shudgorga kesak otish ham befoyda. Aytmoqchimanki, yuz yil oldin jadid bobolarimiz “millat oyog‘iga tushov” deb qoralagan to‘y-hasham, ma’rakabozlik masalasi bugun ham taraqqiyotimiz yo‘liga g‘ov bo‘lyapti.
Mening gapim bilan ham qurbaqa yaylovga chiqmas, lekin baribir jim turishga vijdonim yo‘l qo‘ymaydi. Bu og‘riqli muammoni bartaraf qilish uchun targ‘ibot-u tashviqotdan tashqari shaxsiy namuna shart va zarur. Chunki aksariyatimiz bu borada ham o‘zgalarga “aql” bo‘lishga ustamiz-u, to‘y yo ma’raka savdosi boshimizga tushsa, el qatori dabdaba-yu as’asaning boshiga toj kiydirib yuboramiz. Demak, jaholatga qarshi “vaksina”ni avval o‘zimizga urishimiz kerak.
Yahyoxon MAHMUDOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 24-yanvardagi 4-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



