Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


09.07.2025 | 12:06

img890

JAVONDA “QARIYOTGAN” TO‘NLAR

Yetti yil oldingi gap. Qo‘shni elatdagi o‘rta maktabning yuqori sinf o‘quvchi yigitlari iltimos bilan kelishdi: “Maktabimizda hazrat Navoiy va Bobur Mirzo tavalludlari kuniga sahna ko‘rinishi tayyorlayapmiz. Sizda zarto‘n bor deyishdi… Berib tursangiz”.

Haqiqatdan ham kiyim javonimda turli sana, tadbir, to‘ylarda yelkamga tashlangan zar choponlar bor edi. Ozmas – naq o‘n ikkita.

Hazrat Navoiy hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur siymosida chiqadigan yigitlar ular orasidan o‘z bo‘ylariga mosini tanlashdi.

E’tibor berdimki, vaqt o‘tishi bilan to‘nlarni chang bosgan, tusini yo‘qotgan.

Oradan bir yil o‘tgach, uchinchi o‘g‘limni uylantirganimda “quda chaqiriq” marosimida bisotimdagi to‘nlarni qudalar, inilarim, to‘yda bel bog‘lab xizmat qilganlarning yelkasiga yopdim…

“To‘n yopish” otlig‘ odat-an’ana xalqimizda ming yillarki bor. Hatto bu qadriyat darajasiga ko‘tarilgan.

O‘tgan asrning saksoninchi yillarida oliygohda o‘qigan kezlarimda poytaxtning “Birlik” mavzesidagi bir xonadonda ijarada turganmiz. Xonadon egasi kattagina qurilish tashkiloti rahbari edi.

Xonadon egalari bir kuni to‘yga borib qaytishgach, tungi soat birlarda yaxshigina janjalning guvohi bo‘ldik. Xonadon egasi “Akang obro‘yimni bir pul qildi. Hammaning yonida menga qora to‘n yopdi”, deb ayolini g‘ajir, ayoli bo‘lsa “Imkoni bo‘lmagan, sizni kuyovim, yaqinim, o‘zimniki deb bundayroq to‘n yopgan”, deb akasini oqlashga urinardi.

Insonning obro‘si to‘y yoki tadbirda “yelkasiga yopilgan to‘n rangiga qarab belgilanishi”ni o‘shanda bilganman. O‘sha davrda Xorazmda bu an’ana yo‘q edi, keyinroq kirib keldi.

…Kursdoshimiz qizini uzatganida ertalabki oshdan so‘ng 90 kishining yelkasiga to‘n yopgan (kaminaga ham bittasi tekkan). O‘shanda bo‘g‘cha qilib tugilgan to‘nlarni alohida avtobusda keltirishgan.

To‘g‘ri, ayrimlar nazdida “mensimaslik belgisi” hisoblanadigan qorato‘n nasib qilgan egasiga ozmi-ko‘pmi xizmat qiladi. Bahor-u kuz salqini, qish sovug‘ida uni yelkaga tashlab, hovliga chiqish va hatto elatdagi to‘y-ma’rakalarga kiyib borish mumkin. Paxtalik issiq to‘nlar egalariga to‘zib ketgunicha xizmat qiladi, ammo…

Qorato‘nga qaraganda bir necha baravar qimmat zarto‘nlar taqdiri boshqacha – ular javonlarda “qarish”ga mahkum. Kim qaysi to‘y yoki tadbirda yaltiroq to‘n kiyganini ko‘rgansiz?

Yana hozirda zarto‘nlarning oq rangdagi, bir vaqtlar podshohlar-u mulozimlar kiygan turlari, yana salla yoki toj ko‘rinishida, ukpar osilgan bosh kiyimi bilan birga tuhfa qilish rusmga kirmoqda. Narxi bir necha million so‘m turadigan bu turdagi to‘nlar (sallasi-yu tojini aytib o‘tirmay) maktab havaskorlariga yilda bir necha marta kerak bo‘lmasa… javonlarga to‘zib ketgunicha qamalishga mahkum.

Xalqimizda “Kerakli yukning og‘irligi yo‘q” degan maqol bor. Ammo hurmat, e’tibor, shaxs mavqeyini belgilaydigan matoh darajasiga aylanib ulgurgan bu rusmdagi zarto‘nlar haqida bu gapni aytib bo‘lmaydi. Ko‘pi bilan davrada besh daqiqa yelkangizga ilasiz, ahli tomoshabin qarsaklarini olasiz va yana qayta bo‘g‘chaga joylab, uyga qaytasiz va javonga ilib qo‘yasiz.

Tamom-vassalom!

Vohalik bir ustoz ijodkorga yetmish yilligi sanasida do‘stlari, shogirdlari ozmas – ellikta to‘n kiygizishgan. Keyinchalik o‘sha inson afsus bilan aytgan: “Hurmat qilib shuncha odam yelkamga to‘n kiygizdi. Rahmat hammaga. Ammo buncha to‘nni nima qilaman? Ayolimning maslahati bilan qirqtasini shaharda aynan to‘n bilan savdo qiladigan do‘konga olib borib, yarim bahosiga topshirib keldik. Uyda uyulib yotganidan kimgadir yana kerak bo‘ladi-ku, deb shunday qildik. Rosti, bu ishimdan juda uyaldim…”

Ustoz ijodkor aytmish holat yangilik emas. To‘y, yubiley tadbirlarida o‘nlab to‘nlar egasiga aylangan insonlarning aksari shu yo‘lni tutadi. To‘n biznesi bilan shug‘ullanadiganlarga bu katta foyda. Axir, kuni kecha o‘zi falon yuz ming so‘mga sotgan to‘nni bugun yarim va hatto undan ham past narxda qaytib oladi va ertaga yana baland narxda kimlargadir sotadi.

Jadid bobolarimiz o‘z davrida vaqtli matbuotdagi chiqishlarida insonning tashqi ko‘rinishini hashamatli liboslar emas, balki ichki dunyosi – ilmi va madaniyati go‘zal qilishi va har qanday ortiqcha dabdababozlik ortida isrof yotishi haqida ko‘p yozishgan.

To‘g‘ri, o‘sha zamonlarda qora-yu zarto‘nlar raiyatning odatiy kiyimi edi. Bunda isrofgarchilik bo‘lmas edi. Ayniqsa, xon-u sultonlardan olingan tuhfa-to‘nlarni kiyish faxr hisoblangan. Ammo bugunda go‘yo milliy udumga aylangan “to‘n yopish” aynan o‘sha dabdababozlik, isrofgarchilikning g‘irt o‘zginasi.

…Yetti yil oldin bisotimda to‘planib qolgan to‘nlardan qutulgandim. Bu orada javonimda yana zarto‘nlar qatorlasha boshladi.

Ro‘zimboy HASAN
jurnalist, “Do‘stlik” ordeni sohibi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 4-iyuldagi 27-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600