Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


12.05.2026 | 12:03

img1353

KINODAN MUHIMROQ ISH

Hotam Fayziyev. Ukpardek oppoq sochlari o‘ziga yarashgan, qotma gavdali, yuzida mudom nim tabassum akslanib turadigan bu qadrdon siymo xotiramda muhrlanib qolgan.

O‘sha kezlarda kino sohasida muharrir vazifasida ishlaganim bois, rejissyor, operator va aktyorlar bilan tez-tez uchrashib turardim. Garchi bu insonlarning fe’l-atvori turlicha, dunyoqarashi farqli bo‘lsa-da, barchasi o‘z kasbining chin fidoyilari edi. Ba’zilari hatto dunyoda kinodan muhimroq ishlar borligini tasavvuriga ham sig‘dirolmasdi. Ularning ko‘pchiligi bilan munosabatimiz salom-alig-u ishga oid gap-so‘zlardan nariga o‘tmagan. Biroq Hotam aka bilan ancha yaqin bo‘lib qolgan edik.

Hotam Fayziyevning yarim asrdan ziyod ijodiy faoliyati “O‘zbekfilm” kinostudiyasi bilan bog‘liq bo‘lgani bois, ushbu maskanni jonidan ortiq yaxshi ko‘rardi. Doim kinostudiyaning yutuqlaridan quvonar, muammolari haqida qayg‘urardi.

– Ko‘chada “O‘zbekfilm” qurilish mollarini sotib oling”, degan bahaybat e’longa ko‘zim tushib qoldi, – dedi u kishi bir gal kuyunib. – Buyam yetmaganday, qaysi kuni taksiga chiqib, “O‘zbekfilm”ga tashlab qo‘ying”, desam, haydovchi “Qurilish qilayotgan ekansiz-da”, deydi. Hozir ko‘pchilik kinostudiya desa ohak bilan sementni tushunadigan bo‘lib qoldi. Bu ketishda kinostudiyaning ahvoli nima bo‘ladi?

Chindanam, o‘sha kezlarda kinostudiya hududining kattagina qismi qurilish mollari bozoriga aylantirilgan edi. Boshqalar bunga e’tibor bermasligi mumkin, ammo Hotam aka o‘z hayotining mazmuniga aylanib qolgan ushbu maskanning taqdiriga befarq qaray olmas, uning nufuzi va obro‘sini hamma narsadan ustun qo‘yar edi.

Keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan “O‘zbekfilm” kinostudiyasi to‘liq rekonstruksiya qilinib, eng so‘nggi kinotexnologiyalar bilan jihozlandi. Yaqin-yaqingacha xarobaga aylanib, deyarli huvillab yotgan ushbu maskan yana fayzli ijodxonaga aylandi. O‘zimiznikilar tugul, xorijlik kino ustalari ham u yerdagi zamonaviy pavilonlarda filmlar tasvirga olishmoqda. Agar Hotam Xolmatovich hayot bo‘lganida, bundan yosh boladay quvongan bo‘lardi. Afsus, u kishi shu kunlarni ko‘rmay ketdi.

Kinochilar orasida Hotam Fayziyevning operatorlik mahorati haqida afsonalar yuradi. Aytishlaricha, xorijdagi kino institutlaridan birida u kishi olgan kadrlar talabalarga qo‘llanma sifatida o‘qitilarkan. Bu bejiz emas. Shu o‘rinda taniqli rejissyor Shuhrat Abbosovning kino san’atimiz xazinasidan joy olgan “Sen yetim emassan”, “Toshkent – non shahri”, “Abu Rayhon Beruniy” singari filmlarini aynan Hotam Fayziyev tasvirga olganini eslashning o‘zi kifoya bo‘lsa kerak. Ta’bir joiz bo‘lsa, mazkur kartinalarning har bir lavhasi chinakam san’at namunasi hisoblanadi.

Keyingi vaqtlarda Hotam aka rejissyor sifatida filmlar ishlashga bel bog‘lagan edi. Shu niyatda mualliflar bilan hamkorlikda bir nechta ssenariylar ham tayyorladi. Biroq mutasaddilar negadir bunga hadeganda ro‘yxushlik beravermasdi. “Siz tajribali operatorsiz, rejissyor bo‘laman deb boshingizni og‘ritib nima qilasiz? Undan ko‘ra, yangi filmlarni tasvirga olib, ko‘proq shogirdlar tarbiyalasangiz yaxshi bo‘lardi”, degan gapni goh ochiqchasiga, goh pardaga o‘rab aytishardi.

– Nega hamma meni operator deb hisoblashiga tushunmayman, – dedi u kishi bir kuni xafa bo‘lib. – Axir, institutda rejissyorlik fakultetini bitirganman. Faqat ikki yil operatorlik kursida o‘qiganman.

Hartugul, Hotam Fayziyev ma’lum darajada niyatiga erishdi – “Oq bino oqshomlari”, “Kichkina odamlar”, “Yozsiz yil”, “Ta’ziyadagi to‘y” (taniqli rejissyor Melis Abzalov bilan hamkorlikda) filmlariga rejissyorlik qildi.

O‘sha kezlarda soha vakillari “kino – boshqa, adabiyot – boshqa” degan gapni ko‘p takrorlashardi. Bir hisobda bu gapda ham jon bor. Zotan, kino san’atining asosiy ifoda vositasi tasvir va harakatdan iborat bo‘lsa, adabiyot asosan so‘zning kuchiga tayanadi. Ularning “boshini qovushtirish” har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ushbu tushuncha ta’sirida bo‘lsa kerak, ayrim rejissyorlar milliy adabiyotimizga ancha bepisand qarashardi. Ular yangi chiqayotgan asarlarni deyarli o‘qimas, yozuvchi-shoirlarimizni yaxshi tanimasdi. O‘zi ssenariy yozib, o‘zi suratga olish ishtiyoqi kuchli edi. Afsuski, hammayam Zulfiqor Musoqov, Yolqin To‘ychiyev bo‘lolmaydi!

Hotam aka esa o‘zbek adabiyotining haqiqiy muxlisi edi. Yangi chiqqan asarlarni tinimsiz o‘qirdi. Qachon qarasangiz, bironta kitob yoki adabiy jurnalni qo‘ltiqlab yurardi. U kishi kitoblardan kino qidirardi. Qo‘liga tuzukroq asar tushib qolsa, muallifini so‘rab-surishtirib, topib, u bilan gaplashardi. Rejissyor sifatida suratga olgan to‘rtta filmiga ham badiiy asarlar asos bo‘ldi.

Hotam Fayziyevning ssenariy yozish jarayonidagi talabchanligi, sinchkovligi uncha-muncha ijodkor uchun yaxshigina tajriba maktabi vazifasini bajarardi. Bunga o‘zim guvoh bo‘lganman.

“Ta’ziyadagi to‘y” deb nomlangan komediyam nufuzli teatrlardan birining ijodiy rejasiga kiritilgan edi. Lekin ayrim sabablar tufayli uni sahnalashtirish ortga surilib ketdi. Kutilmaganda Melis Abzalov bilan Hotam Fayziyev ana shu pyesa asosida film ishlashni taklif qilib qolishdi. Bundan ruhlanib, sahna asarini kinossenariyga aylantirishga kirishib ketdim. Hotam aka kunda-kun ora kelib xabar oladi. Nimalarni yozganimni surishtirib, jo‘yali maslahatlar beradi.

Bir oyning nari-berisida adabiy ssenariy tayyor bo‘ldi. Asar badiiy kengashda ham ma’qullanib, “O‘zbekfilm” kinostudiyasida ishga tushirildi. Qishning ayozli kunlari edi. Kinostudiyada isitish tizimi yaroqsizligi sababli xonalar sovuq, o‘tirib ishlashning imkoni yo‘q. Vaqt esa kutib turmaydi. Oqsoqol ijodkorlarga men ishlaydigan “O‘zbekkino” milliy agentligidan alohida xona ajratib berishdi. Bu men uchun ham ayni muddao bo‘ldi.

Xullas, uchalamiz ertalabdan ishga kirishamiz. Har bir jumla, epizodni chig‘iriqdan o‘tkazamiz. Rejissyorlik ssenariysini yozish – juda mashaqqatli ish. Kishini tez toliqtiradi. Melis aka buni yaxshi biladi. Shu bois, orada qiziq-qiziq voqealarni gapirib berib, bizni kuldiradi. So‘ng yana kompyuter ekraniga termilamiz. Tushlik vaqtida film direktori Sharif Qosimboyev somsa yoki gumma ko‘tarib kirib keladi…

Kechqurun yozganlarimizni kompyuterdan chiqarib, Hotam Fayziyevning qo‘liga tutqazaman. U kishi ertasi kuni sahifalarni “qora qoniga bo‘yab” ko‘tarib keladi. Nazarimda, Hotam aka chiroyli dialoglarni qisqartirib yuborgandek tuyuladi. Ikkovimiz talashib-tortishamiz. Men so‘zni qizg‘anaman, u kishi tasvirga ko‘proq urg‘u berishni istaydi. Hotam Xolmatovich muloyim ohangda yotig‘i bilan fikrlarini tushuntiradi. Tabiiyki, Melis aka ham qirq yillik qadrdonining gaplarini ma’qullaydi. Oxir-oqibat oqsoqol san’atkorlarning haq ekaniga iqror bo‘lib, kechagi lavhalarni qaytadan yozishga kirishaman.

Bir oycha davom etgan ushbu jarayon haqida yana uzoq gapirishim mumkin. Men bu vaqt ichida tajribali kino ustalaridan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Buning uchun ulardan nihoyatda minnatdorman.

Hotam Fayziyev yaxshi film ko‘rsa yoki ssenariy o‘qisa, chin yurakdan xursand bo‘lardi. Badiiy kengash majlislarida doim xolis gapirardi. Hech kimga, hatto, o‘zining yaqin do‘stlariga ham yon bosishni xayoliga keltirmasdi. Taniqli ijodkorlarning ssenariylari yoki filmlarida uchraydigan nuqsonlarni ham yashirib o‘tirmasdi. Muhokama chog‘ida avvaliga asarning yutuqlarini qayd etib, so‘ng “yaxshi asarni yanayam yaxshiroq qilish” bo‘yicha mulohazalarini bayon qilardi. Hotam akaning o‘ta madaniyat bilan bildirgan fikrlari ko‘pincha o‘sha asarning saviyasini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yardi. Turgan gap, bu hol ko‘pchilikka yoqmas edi. Hotam aka buni yaxshi bilardi. Shu bois, doim o‘zini noqulay his qilardi.

– Imkoni bo‘lsa, meni badiiy kengashdan chiqarib yuboringlar, – deb iltimos qilardi u kishi ba’zan. – Bu yerda gapiraverib, ko‘pchilikning ko‘ziga yomon ko‘rinib qoldim.

Tabiiyki, bu iltimosni bajarishning imkoni yo‘q edi. Chunki kengashga ana shunday rostgo‘y, xolis odamlar judayam kerak edi.

Bir kuni Hotam aka qo‘ng‘iroq qilib qoldi.

– Muhokamaga qo‘yilayotgan ssenariylarni o‘qib, fikrlarimni yozib qo‘ydim, – dedi u kishi allaqanday horg‘in ohangda. – Sizga olib borib berishadi. Bu gal muhokamada qatnasholmaydiganga o‘xshayman. Taqrizlarni muhokamada mening nomimdan o‘qib berarsiz.

Odatda, Hotam aka jiddiyroq sabab bo‘lmasa, kengash yig‘ilishlarini o‘tkazib yubormasdi.

– Biron zarur ishingiz chiqib qoldimi? – so‘radim men.

– Yo‘q… Do‘xtirlar “ozgina dam olishingiz kerak”, deyishdi. Shunga statsionarga yotuvdim.

– Bexabar qopmiz-ku, – dedim o‘ng‘aysizlanib. – Qaysi statsionarda yotibsiz? Ko‘rgani boramiz…

– Ovora bo‘lmang, – gapimni bo‘ldi Hotam aka. – Hozir yaxshiman, bir-ikki kunda javob berishadi. Ukol-dorilar odamni ancha holsizlantirib qo‘yarkan. Taqrizniyam zo‘rg‘a yozdim. Ertalab ustidan ko‘rib, bir-ikki joyini tuzatgan edim. Qaytadan oqqa ko‘chirishga kuchim yetmadi. O‘qishga qiynalsangiz, mendan xafa bo‘lmang.

Kechga yaqin taqrizlar yetib keldi. Darhaqiqat, Hotam akaning dastxati avvalgilaridan farq qilar, u kishi har bir satrni qiynalib yozgani sezilib turardi. Lekin uch-to‘rtta jumlaga tuzatish kiritilganini aytmasa, matn ravon va tushunarli. Zahmatkash san’atkor har bir ishni rasamadi bilan bajarishga odatlangan edi.

O‘shanda Hotam aka bilan oxirgi marta gaplashib turganimiz xayolimga ham kelmagan edi. Ertasi kuni kutilmaganda u kishining vafot etgani haqidagi noxush xabar yetib keldi…

Ha, Hotam Fayziyev umrining so‘nggi damlarida ham kino haqida qayg‘urgan edi.

Tez orada badiiy kengash majlisi bo‘lib o‘tdi. O‘sha taqrizlarni o‘qib berganimda xonaga bir muddat sukunat cho‘kdi. Barcha Hotam Fayziyevning bo‘shab qolgan o‘rniga o‘ychan tikilib qoldi. Kino san’atimiz u kishining timsolida o‘zining juda katta namoyandasidan judo bo‘lganini hamma birday his qilib turardi.

G‘afur SHERMUHAMMAD

“Jadid” gazetasining 2026-yil 8-maydagi 19-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600