27.09.2024 | 15:06
1316
KITOBGA OTILGAN O‘Q
“O‘tkan kunlar” romani bunyod bo‘lganiga bir asr to‘ldi. Alloma buvamizning bu asari xususidagi yoqimli e’tiroflar, yangi davr qodiriyshunoslarining talqin va tahlillari, ayni damda xalq orasidagi g‘aroyib xotiralar ham hamon og‘izdan og‘izga o‘tib kelayotir.
Tarix fanlari doktori, professor Abdulaziz Muhammadkarimov shunday hikoya qilgan edi: “1956-yili Intelligensiyaning ikkinchi qurultoyida Nuriddin Akramovich Muhiddinov o‘z ma’ruzalarida Abdulla Qodiriyni oqlash, asarlarini qayta nashr etish haqida gapirgandi. Men o‘sha paytda Navoiy ko‘chasidagi kitob do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlardim. Yonimga kelib: “O‘tkan kunlar” kitobi qachon chiqadi?” deb so‘rovchilar ko‘payib ketdi.

Bir kuni, chamasi, o‘ttiz yoshlardan oshgan, adabiyotga ishqiboz bir yigit: “Menda “O‘tkan kunlar”ning 1926-yilda chiqqan nashri bor”, deb qoldi. Men qiziqib o‘sha kitobni berib turishini so‘radim. O‘rniga Cho‘lponning lotin alifbosida chiqqan “Kecha va kunduz” romanini olib kelib berishimni aytdim. U rozi bo‘lib ertasiga “O‘tkan kunlar”ni olib keldi. Uch bo‘limdan iborat kitobni olib varaqlab chiqdim. Kitob varaqlarining betlari dog‘ bo‘lib ketganiga hayron bo‘lib, sababini onamdan so‘raganman. Onam: “Bular kitobni o‘qigan odamlarning Otabek va Kumushga qayg‘urib to‘kkan ko‘z yoshlarining dog‘i”, deb tushuntirgan edi.
Arab alifbosini o‘qishni bilmasdim. “O‘tkan kunlar”ni o‘qish uchun arab alifbosini o‘rgandim. 1958-yilga kelib “O‘tkan kunlar” to‘qson ming nusxada chop etildi. O‘sha kungacha hali bironta o‘zbek kitobi bunchalik katta adadda bosilmagan. Men kitob do‘konida besh yil ishlagan bo‘lsam, doim ko‘nglim bir sabab o‘ksik edi. U ham bo‘lsa rus kitoblari katta navbat bilan sotilardi. Biz esa: “Qani edi o‘zbeklarda ham shunday navbat bilan sotadigan kitoblar bo‘lsa…”, deb havas qilardik. “O‘tkan kunlar” chiqqach, bir kunda besh yuz dona sotganmiz. Marhum yozuvchi Habibulla Qodiriyning “Otam haqida” kitobini o‘qib, Abdulla Qodiriyni Abulqosim madrasasida tahsil olganini bildim. Shuning uchun madrasadagi bir xonani Abdulla Qodiriy uchun ajratib, kerakli buyumlar bilan jihozladik. Bu ishda Habibulla aka yaqindan yordam berdilar. Keyinchalik “O‘tkan kunlar”ning o‘sha yillarda chiqqan ilk nashrini mazkur xonaga olib kelib qo‘ydik. Chunki bu kitob yuzimizni yorug‘ qilgandi”.
Taniqli yog‘ochsoz Abdug‘afur akaning uyida ustalar bilan birga o‘tirgan edik. Uy sohibi meni ularga tanishtirdi. Shundan so‘ng ustalardan biri shunday voqeani so‘zlab berdi: “Bir yili rus kampirning xonadonida ishladik. Ayol o‘rangan. Sof o‘zbek tilida gapirardi. U “Bu gaplar “O‘tkan kunlar”dan”, deb shunday misollar keltirardiki, biz u kitobni o‘qimaganligimiz uchun uyalib ketardik. Ishimiz nihoyasida kampir: “Men asli Kaliningraddanman. Taqdir taqozosi bilan Sibirda ham yashaganman. O‘sha yerda yozuvchi Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” kitobining ruscha tarjimasini o‘qib, yurtingizni sevib qolganman. Keyin bu yerga ko‘chib keldim. “O‘tkan kunlar” tufayli islom dinini qabul qildim”, deb bizni lol qoldirgandi”.
Qariyb o‘ttiz besh yil davomida Ittifoq hamda O‘zbekistondagi eng yuqori lavozimlarda ishlagan bir rahbar, oxiri xorlanib, amaldan tushgach, dam olishga ketayotib “O‘tkan kunlar”ni (ustiga boshqa kitobning muqovasini qo‘yib) o‘zi bilan birga olib ketadi. U yerdan kitobni o‘qib qaytgach, “Men shu kitob muallifining hayotini “qatag‘ondan” saqlab qolsam bo‘larkan”, deb afsuslangan ekan.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida 1935-yil 2-maydan boshlab Oqtepa gidroelektr stansiyasi qurila boshlaydi. O‘zbekistonda dastlabki qurilgan ushbu inshoot Chirchiq-Bo‘zsuv suv traktining o‘rta qismida joylashgan bo‘lib, Ikkinchi jahon urushi davrida qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatib qo‘yiladi. GES qurilishida Toshkent shahri aholisi hashar yo‘li bilan faol qatnashadi. Keyinchalik unga O‘zbekistonning o‘sha davrdagi rahbari Yo‘ldosh Oxunboboyevning nomi beriladi. Hozir ushbu stansiya poytaxt va Toshkent viloyati iste’molchilariga elektr energiyasi yetkazib beradi.
Toshkent davlat texnika universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori Nurulla Zikrillayev ushbu GES qurilishida bo‘lgan bir voqeani so‘zlab berdi: “Samarqand darvoza” mahallasining yaqinida istiqomat qilgan bizning bir qarindoshimiz bo‘lardi. U kishining ismlari Obidxo‘ja Toshxo‘jayev edi (men uni bilardim. Bizga qo‘shni bo‘lgan Zangi ota mahallasida yashagan. O‘zlari bobomizni bilgan, tanigan insonlardan edi. Ularning Ayniddin ismli o‘g‘li bilan o‘rtoq edim. Obidxo‘ja aka dadamiz to‘plagan, “Abdulla Qodiriy zamondoshlari xotirasida” kitobiga yaxshi bir xotira yozib bergan. – Sh.Q.). O‘sha paytda GES qurilishi bevosita Davlat xavfsizligi qo‘mitasi (DXQ) nazorati ostida bo‘lgan. Men u yerda qorovul edim. Bir kuni boshliq mendan:
– Sen “Samarqand darvoza” mahallasining yaqinida turarkansanmi? – deb so‘radi.
– Ha, – dedim.
– O‘sha “Samarqand darvoza” mahallasida Abdulla Qodiriy degan yozuvchi bo‘lgan, – dedi tovushini pastlatib. – U “O‘tkan kunlar” degan kitob yozgan. Shu kitobni menga topib berolmaysanmi?
Men avvaliga qo‘rqib ketdim. Chunki Abdulla aka qamalib ketgandi… Biror hafta vaqt o‘tdi. Qarindoshlarimning biridan “O‘tkan kunlar”ni topib, boshlig‘imga olib bordim. O‘sha kundan boshlab boshliq o‘z xonasidan chiqmay qo‘ydi. Oradan chamasi to‘rt-besh kun o‘tgach, uning xonasidan to‘pponchadan otilgan o‘q tovushi eshitildi. Biz “Nima bo‘ldiykin?” deb o‘ylab, xonasiga yugurib kirdik. U soqollari o‘sib ketgan, sochlari to‘zg‘igan holda bir qo‘lida kitob ikkinchi qo‘lida to‘pponcha bilan turardi. O‘zi esa: “Kumushga Zaynab zahar berdi. Kumush o‘ldi”, deb ho‘ngrab yig‘lardi. Men va hamkasblarim boshlig‘imiz o‘qni zahar bergan Zaynabga qarata otdimi yoki asar ta’siriga tushib, aql-u hushi o‘zida emasligidan to‘pponcha tepkisini bosib yubordimi yoki… anglolmay qoldik.
Yozuvchi bobom Abdulla Qodiriy va uning yozganlari haqida shu kabi hayotiy hikoyalar talaygina. Aslida ham tarix saboqlarga to‘la. Garchand muallif va uning kitobiga qarab o‘qlar otilsa ham, haqqoniy asarlar va uni yozgan adiblar aslo o‘lmaydi.
Sherkon QODIRIY
“Jadid” gazetasining 2024-yil 27-sentyabrdagi 40-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



