Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.01.2026 | 15:47

img1567

KO‘NGILDA QOLIB KETGAN GAPLAR

Oybekning yosh paytlariga tegishli bir rivoyat bor: yosh, nazarimda 4–5 yoshlik paytlarida biror yumush sabab bo‘lib, oyisi bilan tomga chiqadi. Ma’lumki, u paytlarda tomning usti somon suvoq bilan suvalib, yassi va tekis bo‘lgan. O‘shanda osmon musaffo, oy o‘zining saxovatli nurini yerga sochib, charaqlab turgan ekan. Tasavvur qilish mumkin, yerdagiga nisbatan tomda yana ham charog‘on ko‘ringan oyni ko‘rib bola hayratlarga tushgan.

– Oyi, oyi! Menga shu oyni olib bering! – degan ekan Oybek – yosh bola.

Shundan ma’lumki, bo‘lajak adib yoshligidan boshlab go‘zallik shaydosi bo‘lgan. Bu hol unga taxallus tanlashda ham qo‘l kelgani, shubhasiz. Oddiy, ma’nodor so‘z – Oybek!

* * *

Oybek shaxs sifatida ko‘p jihatidan menga ibrat bo‘ldi. U o‘z fikr va mulohazalarini ko‘p o‘ylab o‘tirmasdan o‘rtaga tashlayveradigan odam emas edi. Bu o‘rinda u nihoyatda vazmin edi. Xalqning “Yetti o‘lchab bir kes” degan maqoli go‘yo Oybek xislatlariga qarab aytilgandek sezilardi menga. Odamlarga munosabatda ham Oybek haqiqiy inson sifatida ko‘zga tashlanardi. Ko‘chalarda yurgan paytlarda uning qo‘li doim ko‘ksida edi. Adibning uyiga ijodkor, yozuvchi, shoirlar, ilm ahli ko‘p kelib turardi. Ular bilan muomalada ham Oybek o‘ta madaniyatli shaxs sifatida ko‘zga tashlanardi. Biror yetar-yetmaschilik yoki biror kamchilik yuzasidan jahli chiqib, fig‘oni falakka ko‘tarilgan paytlarini hech Oybekda kuzatgan emasman. Bir narsaga men doim qoyil qolardim. Oybek huzuriga kelgan har bir kimsa bilan ochiq chehra, ochiq ko‘ngil bilan suhbat qura olardi. Mehmon kattami, kichikmi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, ko‘chagacha chiqarib, qo‘li ko‘ksida turgan holda kuzatib qolardi.

Barcha bu jihatlari bilan Oybek men uchun ibrat hisoblangan ulug‘ siymo edi.

* * *

Bugun o‘ylab ko‘rsangiz, Oybek XX asr adabiyotida butun bir davr, muhim bir bosqich ekanligini aniqlaysiz. Bu davr 30-yillarning oxiri va 40–50–60-yillardan iborat. Oybek mana shu davr ichida tinimsiz ravishda izlandi, ishladi va adabiyotimiz taraqqiyoti yo‘lida yirik-yirik asarlar bitdi. U yaratgan she’r va poemalar, uchta roman va qissalar faqat o‘sha davr adabiyotining yutug‘i emas, balki ijod tajribasi sifatida, butun bir maktab sifatida shakllangan ijodiy biografiya sifatida yoshlarga saboq bo‘lib xizmat qildi. XX asrning ikkinchi yarmida ijod qilgan qaysi bir yozuvchini olmang, ularning ijodini Oybek merosidan ajralgan holda tushunish qiyin bo‘lar edi.

* * *

Oybek butun hayotini Respublikamizda adabiyot va ilm taraqqiyotiga bag‘ishlagan va bu sohada o‘z kuch-qudratini ayamasdan ishga solgan, shu yo‘ldan borib ko‘p mashaqqatlarni boshidan o‘tkazgan, ko‘pgina dard va alamli kunlarni ko‘rgan ulug‘ siymodir! Oybek nomi xalq ongiga shu darajada singib ketdiki, katta-yu kichik bu nom aytilganida uning kim ekanligini bilmasdan turishini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu ma’noda u butun bir asr, ya’ni XX asrning yirik arbobi edi, nazarimizda. Tug‘ilgan chaqaloqlarning kamida yuzdan biri Oybek nomi bilan ataladi. Oybek, Otabek adabiyotimizdan ko‘chib, xalq orasiga keng tarqalganligining nishonasidir bu. Ikkinchi jihatdan o‘zbek xalqining badiiy ijodga qay darajada yaqin ekanligining belgisi emasmikin bu hol?!

* * *

Oybek shunday ulug‘ ijodkorlardanki, u nisbatan qisqa umrining bir lahzasini ham bekor o‘tkazmagan. Yoshligidan ilm negizlarini egallashga harakat qilgan. O‘sha vaqtda savod, ilm uchun zarur bo‘lgan kitoblarni topib o‘qigan, o‘rgangan va har biridan o‘ziga kerakli xulosalar chiqargan. Shunday bo‘lishi o‘z-o‘zidan ma’lum. Qariyb o‘spirinlik chog‘laridan boshlab she’riyat mashqiga berilgan.

Bugun alohida ta’kidlash kerak bo‘lgan bir masala bor. Bu shundan iboratki, 30-yillarda mafkuraviy tazyiq o‘ta kuchaygan bo‘lib, endi tug‘ilib voyaga intilayotgan o‘zbek romannavisligi qattiq shikastlandi. Birinchi o‘zbek romannavisi qamoqqa olinib, totalitar mafkura qurboniga aylandi. Uning mashhur romanlari “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” qatag‘on qilindi. Hatto shu darajaga borib yetdiki, kimningki qo‘lida yoki uyida “O‘tkan kunlar” yoxud “Mehrobdan chayon” ko‘zga tashlanib qoladigan bo‘lsa, hech qanday so‘roqsiz hibsga olinavergan, ozodlikdan to‘la mahrum qilinaveradigan bo‘ldi. Shu qatorida Cho‘lpon ham hibsga olinib, uning “Kecha va kunduz” romani ham mafkuraviy jihatdan zararli asarlar qatoriga kiritildi. O‘sha davrning mashhur romanlaridan biri bo‘lmish Abdulla Qahhorning “Sarob” romani ham qatag‘onga uchradi. Shunday holat ro‘y berdiki, roman yozib uni kitobxonga taqdim qilish o‘ta xatarli ishdek ko‘rinadigan bo‘ldi. Ma’lum bir davr davomida ijodkorlar bu ishga qo‘l urishga qo‘rqishi tabiiy hol bo‘lib qoldi.

Bu yirik janr maydonidagi bir necha yillik jimlikdan keyin Oybekning “Qutlug‘ qon” romani chop etilib, kitobxonlar qo‘liga tegdi. Bu hol musaffo osmonda momaqaldiroqning guldurosidek tasavvur qoldirdi kitobxonlarda. Tabiiy, kitobning maydonga kelishi oson bo‘lmadi. Qator muhokama, munozaralar tashkil qilinib, muallif nomiga tanqidiy fikrlar ham aytildi. Bu fikrlarning bir qismi matbuot sahifalarida ham ko‘zga tashlandi. Romanda maishiy manzaralarning ko‘pligi va Rossiya inqilobchilarining obrazlari asar to‘qimasiga to‘laligicha kiritilmagani tanqid qiluvchilarning asosiy da’vosi edi. Biroq oddiy kitobxon bu yangi romanni zo‘r ishtiyoq va qiziqish bilan o‘qiy boshladi. Kitob qo‘ldan qo‘lga o‘tdi. Keng tarqaldi, nusxa jihatdan ham u yetarli darajada chop etildi.

Bu romanning paydo bo‘lishi shu jihatdan muhim ediki, butun bir yirik janrning uzilgan zanjiri yangidan ulandi. Ijodkorlar roman yozaverish mumkin ekan-da, degan xulosaga kelishdi. Bu hol Oybekka ilhom bag‘ishladi. Uning qalami tezkorlik bilan ishga tushdi. O‘tkir falsafiy ma’nodagi she’rlari bilan bir qatorda bir necha dostonlar yaratildi. Adib yildan yilga o‘sib, kuch va g‘ayratga to‘lib bordi. Shikastlangan roman janrining taraqqiyotini yana ham mustahkamlash burchi Oybekning zimmasida edi.

* * *

Adib Ikkinchi Jahon urushining ayni avjiga chiqqan yillari Alisher Navoiy hayotini aks ettiradigan “Navoiy” romani ustida ish boshladi. Tasavvur qilish mumkin. Adib “Qutlug‘ qon”da tasvirlangan voqealarni bolalik paytlarida o‘z ko‘zlari bilan kuzatgan bo‘lishi mumkin. Biroq o‘sha paytga nisbatan 500 yil oldin o‘tgan Alisher Navoiy siymosi bilan bog‘liq voqea va hodisalarni topib, bosh syujet ipiga bog‘lash oson ish emas edi. Buning uchun kutubxonalarda yoki kitobsevarlar javonlarida chang bosib yotgan qo‘lyozmalarni obdon o‘rganish zarur edi. Ijod otiga minib olgan Oybek bu ishning uddasidan chiqa oldi. Romanning yozilishi uzoqqa cho‘zilmadi. Ikkinchi Jahon urushining ayni avjiga chiqqan yillari asar chop etildi. Tezkorlik bilan roman rus tilida ham nashr qilindi.

Roman Oybekka yangidan yangi shuhrat keltirdi. Bu kitob ham qo‘ldan qo‘lga o‘tib o‘qildi. O‘zbek va rus kitobxonlari orasida keng tarqaldi. O‘zbekistonda va Rossiya matbuotida roman haqida maqolalar e’lon qilinib, uning bor fazilatlari targ‘ib qilindi. O‘sha yillardayoq Oybek bu roman uchun sobiq SSSRning davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shunga qaraganda hamma ishlar joyida bo‘lib, roman janrining taraqqiyotiga katta hissa qo‘shilgan hisoblanardi.

Biroq  kutilmaganda mafkuraviy holat o‘zgardi. Markaziy boshqarmalar tomonidan jiddiy mafkuraviy kamchiliklar topilgan bo‘lib, o‘sha davrdagi ziyolilarning bir qismi – yozuvchilar, bastakorlar, hatto ba’zi aniq fanlarning yetuk vakillari qattiq tanqid ostiga olindi. Ma’lum darajada totalitar mafkuraning 1937-38-yildagi kirdikorlari yangitdan ishga tushgandek edi. Turli-tuman tazyiqlar, matbuot va nashriyotlarning qattiq nazorat ostiga olinishi, ayrim yetuk arboblarning hibsga olinib, surgun qilinishi boshlab yuborildi. 50-yillarning boshlarida navbat Oybekka ham yetib keldi. 1952-yili O‘zbekiston Markazqo‘mi plenumida bir necha yozuvchilar qatori Oybekning nomi ham tilga olinib, qattiq tanqidga uchradi. Tanqidning ma’nosi shunda ediki, “Oybek go‘yo o‘tmishni ulug‘layapti”, ya’ni o‘rta asrdagi feodal tuzumga xos bo‘lgan hayotni qo‘msayapti. “Navoiy” romaniga nisbatan aytilgan bu tanqidiy fikrlar totalitar mafkura nuqtayi nazaridan o‘ta jiddiy va xatarli hisoblanardi. Shunday bir holat yuzaga keldiki, faqat “Navoiy” romani qismati emas, balki roman muallifining ham hayoti qil ustida turgandek bo‘ldi.

Voqea Oybekning qattiq betob bo‘lib qolishi bilan yakunlandi. Natijada kuch-g‘ayratga to‘lib-toshgan adib uzoq muddatga safdan chiqdi, tildan ajraldi. Uzoq davolanishlar natijasida adibning ongi, ish faoliyati qayta tiklangan bo‘lsa ham, betoblikning asorati uning tili va umumqiyofasida sezilib turardi.

Bugun “Navoiy” romaniga nazar tashlasak, unda zarracha ham mafkuraviy g‘alizlik borligini anglash qiyin. Romanda adibning asosiy maqsadi ulug‘ shoir Alisher Navoiyning keng va ko‘lamli ijodida o‘ziga xos insonparvarlik g‘oyalarini ochib berishdan iborat edi. Oybek shu vazifani a’lo darajada bajaradi.

* * *

Oybekning “Navoiy” romani “O‘tkan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Sarob”lardan uslub jihatdan farq qiladi. Bu roman ortiqcha to‘qimalardan xoli bo‘lib, tarixan hayotda ro‘y bergan aniq ma’lumotlarni tadqiq qilgan holda yozilgan ilmiy romandir. Shu ma’noda “Navoiy” o‘zbek adabiyotining tarixida yaratilgan tom ma’nodagi tarixiy biografik romandir. Shu jihatlari bilan “Navoiy” o‘zbek romanchiligining yangi bosqichi edi, degan xulosaga kelish mumkin.

Shunday bo‘lsa ham, bu romanning badiiy to‘qimasida, yuqorida qayd qilganimizdek, ma’lum darajada to‘la haqiqatni bayon qilishda totalitar mafkuraning xalal bergan nuqtalarini ko‘rish qiyin emas.

* * *

O‘tgan asrning 80-yillarida Navoiy nomidagi Adabiyot va til instituti Oybek asarlarining 20 jildlik akademik nashrini tayyorladi va chop ettirdi. Adibning ko‘pgina asarlari chet tillariga tarjima qilinib, nashr etilgan.

Xulosa qilib aytganda, Oybek Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulomlar bilan bir safda turib, XX asr o‘zbek adabiyotining taraqqiyotiga benazir hissa qo‘shgan ulug‘ siymodir. U badiiy ijod bilan barobar ilmiy-tadqiqot ishlari bilan ham band bo‘lgan. Bu jihatini hisobga olganda Oybek tom ma’nodagi akademik ijodkor edi.

Yuqorida Oybekning taxallusiga tegishli bir rivoyatni eslagan edik. Matnni shu rivoyatning sharhi bilan yakunlash ma’qul ko‘rinadi. Gap shundaki, Oybek XX asrning boshlarida, ya’ni 1905-yili bamisoli yangi oy singari dunyoga keldi. Vaqtlar o‘tib, u o‘sdi, ulg‘aydi. Umrining ma’lum bir davrida u yirik adib sifatida shakllanib, o‘zbek eliga yorug‘ nur taratdi. Biroq xuddi shu yillari Oybek totalitar mafkura tazyiqiga duch keldi. Tabiatda biz oyning tutilish hodisalarini ko‘rganmiz. Ayrim onlarda oyning bir qismi, ba’zan tugalligicha qorong‘ilashadi. Ilmiy ma’noda va xalqda buni “oy tutilishi” deb ataladi. O‘z adabiy taxallusini “oy” so‘ziga bog‘lab tanlagan adibning to‘lin oydek davriga erishgan paytlardagi qismatini o‘sha oy tutilishiga o‘xshatish mumkin.

Yuqorida aytganimizdek, oyning tutilishi tabiiy hodisa. O‘zbek adabiyoti olamiga to‘lin oydek nur sochib turgan Oybekning mafkuraviy tazyiqqa duch kelib qolishi totalitar mafkura hukmronlik qilib turgan paytlarda uchrab turadigan ijtimoiy va siyosiy hodisalar bilan bog‘liqdir. Demak, yaxshi niyat bilan tanlangan taxallus go‘yo tabiatda ro‘y beradigan oy tutilishlarini eslatayotgandek ko‘rinadi bugun bizga.

Matyoqub QO‘SHJONOV,
akademik

“Jadid” gazetasining 2026-yil 9-yanvardagi 2-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600