Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 13°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


29.03.2025 | 18:00

img789

“MANA, BUGUN NAVRO‘ZI OLAM…”

Navro‘z ayyomida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi muallifi, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavallud topgan.

Shu munosabat ila aziz ustozimizning rafiqasi Hanifa aya bilan dildan suhbat qildik… Ulug‘ shoirimizning yorqin xotiralari, dil tubiga cho‘kkan orzu-armonlari, quvonchlari Hanifa aya tilida yana bir bor qog‘ozga to‘kildi.

– Abdulla Oripov Navro‘z bayrami kuni tug‘ilgan. Bunda ham bir ishora bor bo‘lsa kerak. Darhaqiqat, daho shoirimiz o‘zbek she’riyatiga bahor nafasini olib kirgan. Bundan tashqari, ushbu sana “Butunjahon she’riyat kuni” sifatida ham nishonlanadi. U kishi 1941-yilda – Alisher Navoiydan roppa-rosa besh yuz yil keyin tug‘ilgani ham bejiz bo‘lmasa kerak. Bir so‘z bilan aytganda, Abdulla Oripovdek hassos shoir xalqimizga Yaratganning bir tuhfasidir. Siz shoirimizning umr yo‘ldoshi va eng yaqin maslahatgo‘yi sifatida quvonchlarini ham, iztiroblarini ham birga baham ko‘rgansiz. Sizningcha, Abdulla Oripovning eng yaxshi xislati nimada edi?

– Abdulla akaning tabiatida juda ko‘p insoniy fazilatlar jamlangan edi. U kishi bir qarashda oddiy insondek ko‘rinardi, do‘stlarini, rostgo‘ylikni, yaxshilikni qadrlar, nihoyatda bolajon odam edi. Shoirning zukko nigohidan hech kim ilg‘amagan, boshqalar e’tibor bermagan narsalar ham chetda qolmas edi. Bir gal mana shu gullarga ishora qilib (aya qo‘llari bilan keng-mo‘l hovli chetida qator terib qo‘yilgan gultuvaklardagi turfa gullarni ko‘rsatadi), “Abdulla aka, shu gullarga hech e’tibor berasizmi?” deb so‘raganimda, “Albatta, e’tibor beraman”,  deb javob qilgan va ana shu xonaki gullarim haqida “Birlashgan gullar tashkiloti” degan she’r yozib berganlar. O‘shanda hazillashib, “Gulga ham siyosatni qo‘shdingiz-a”, deb kulganim esimda.

Juda sinchi odam edi. Ichki sezgi, hissiyotlari kuchli bo‘lgani uchun u kishidan hech nimani yashirib bo‘lmasdi. Hammasini sezib turardilar. U kishiga yolg‘on gapirishning foydasi yo‘q edi. Men biror sirni yashirib, aytishga qo‘rqib, dovdirab turganimda, Abdulla aka boshqa yo‘l bilan shu masalani yechishga yordam berardilar.

– Ustoz bahor haqidagi bir she’rida shunday degan:

Qizg‘aldoq bargidek uchar dildan g‘am,
Toshqinlar kiradi qalbimga manim.
Bahoring muborak bo‘lsin ushbu dam.
Mening O‘zbekiston – dilbar vatanim.
Faqat sen qalbimga cho‘ktirmay malol,
Charchagan ruhimga ilhom solursan.
Bahor ham, umr ham o‘tar ehtimol,
Faqat sen dunyoda mangu qolursan!

Umuman olganda, Abdulla Oripov she’riyatida navbahor, Navro‘z va ko‘klam juda ko‘p vasf etilgan. Bundan chiqdi, ustoz bahorni juda yaxshi ko‘rgan ekanlar-da?

– Abdulla aka bahor va kuz faslini juda qadrlar edi. Yoz – bahorning aynigani, qish esa kuzning aynigani, derdi hazil tariqasida… Bahor – uyg‘onish, kuz – pishiqchilik fasli. Baribir, bahorga mehri bo‘lakcha edi. Esimda, bir shoir yigit Abdulla aka haqida marsiya yozgandi. Unda “Abdulla Oripov bu dunyoga bahorda kelib, kuzda ketdi” degan satr bor. Bu ham Xudoyimning bir inoyati bo‘lsa kerak-da, aylanay… Bu dunyoda hech bir narsa besabab bo‘lmaydi, to‘g‘rimi? Balki, bunda ham qandaydir ramziy ma’no bordir…

21-mart – Butunjahon she’riyat kuni deb e’lon qilinganida ham u kishi hayratda qolgan edi. Yodimda, tug‘ilgan kunlari edi, bir payt telefon jiringlab qoldi. Shoshilinch yig‘ilishga chaqirishibdi. O‘shanda Abdulla akam uydan chiqmay qo‘ygan paytlari edi. O‘sha kuni istar-istamas majlisga ketdi. Bir mahal qaytib kelib, “Hanifa, bugun meni YUNESKOning majlisiga chaqirishgan ekan. 21-mart – Butunjahon she’riyat kuni deb belgilanibdi. Lekin mening xabarim ham, bunga aloqam ham yo‘q edi. Rost aytyapman, meni bunga aloqam yo‘q”, deb tinmay o‘zlarini oqlashga urinardi. Hech esimdan chiqmaydi.

– Mustabid tuzum davrida ko‘plab qadriyatlarimiz qatorida Navro‘z ham keskin qarshiliklarga uchragan. Sumalak biqirlab turgan doshqozonlarni tepib ag‘darish, hatto tansiq taomlar ustiga tuproq sochish holatlari bo‘lgan. Shoir o‘sha davrlarni xotirlab:

Sen bizni kechirgin, ey Navro‘zimiz,
Gʻaflatda chalg‘idi ul kun ko‘zimiz.
Yuzingga shapaloq tortib yubordik,
Sho‘rpaxta bosamiz endi o‘zimiz,

– degan satrlarni alam bilan bitgani rost. Siz shu hodisalarga bevosita guvoh bo‘lgansiz. O‘sha paytdagi tuyg‘ulari, iztiroblari, alamlarini eslay olasizmi?

– Ochig‘ini aytaman, mustaqillikdan keyin o‘sha “sho‘rpaxta”ni birinchi bo‘lib Abdulla aka o‘zining yuragiga bosgan.

Abdulla aka o‘n yillar chamasi Mustaqillik va Navro‘z bayramlari ssenariylarini yozdi. Uyda ijodkorlar yig‘ilib, uch-to‘rt oy Navro‘zga tayyorgarlik ko‘rilardi. Uyimiz Yozuvchilar uyushmasining rosmana filialiga aylanardi. Bayram dasturi har yili o‘zgacha bo‘lishi kerak, bir-birini takrorlamasligi shart, degan talab bo‘lardi. Ming yillik an’analarimiz, unutilish yoqasida turgan qadriyatlarimizni she’rga solishardi, kuy bastalatib, sahnaga olib chiqishardi. Navro‘zning tarixi, yaqin o‘tmishi va buguni haqida bahslar bo‘lardi. Mana sizga sho‘rpaxta…

– Oxirgi yillarda Abdulla Oripov chet elda davolangan kezlarida yonida bo‘lgansiz. O‘sha paytlarda u kishi asosan nimalar haqida o‘ylar, qaysi mavzularda gapirardi?

– Xalqni judayam ko‘p o‘ylardi. Ishdan bo‘shaganidan keyingi umrining oxirgi yetti yilida Abdulla aka uydan chiqmadi, hisob. Bir umr xalq ichida yurgan ijodkor uchun bu oson emas, albatta. Shunda ham el-xalqni o‘ylardi. Keyin men taskin bergan bo‘lib, “Ko‘p siqilmang, hammasi yaxshi bo‘ladi”, derdim. Xorijda yurganida ham faqat Vatan kelajagi va ravnaqini o‘ylab iztirob chekardi. O‘zbekistonni butun dunyoga tanitishni, bayrog‘imiz dunyoning har burchagida hilpirashini istardi. Aslida, hamma orzu-armonlari she’rlarida mujassam.

– Mana, bugun sun’iy intellekt haqida ko‘p gapirilyapti. Vaholanki, shoirimiz sun’iy idrok, temir odam to‘g‘risida oltmish yil oldin she’r bitgan. Inson hissiyotlari, go‘dak kulgisi, gul ifori, chaqaloq yig‘isini baribir temir odam his qilmaydi. Yoki mana “Genetika” she’rini olaylik:

Men ham yashayapman o‘z zamonimda,
Davrimdan qayga ham tushardim yiroq.
Va lekin bilmadim, mening qonimda
Qaysi bir bobomning xislati ko‘proq.

O‘z ildizini izlayotgan qalbning taftishi bu. “Men asli kimman, qayerdan kelyapman, o‘zbek xalqining avlodlari ertaga kim bo‘ladi?” degan masalalarni o‘rtaga qo‘ygan shoir. Bir qiziq savol tug‘iladi: Abdulla Oripov o‘zini kimga mansub hisoblagan – Navoiygami yoki sohibqiron Amir Temurga?

– Ko‘proq Amir Temur avlodidanman, deb his qilganlar o‘zlarini. Qashqadaryoda tug‘ilgani uchun bo‘lsa kerak-da! O‘zbekiston yoshlarini ham temuriylar deb atardi. “Yoshlarga” degan she’rida shunday satrlar bor:

Oldda kutib turar davrayi sarvar,
Tafakkur to abad ko‘z bilan qoshki.
Zora shoning chiqsa bobolar qadar,
Sening kamolingni ko‘rsaydim, koshki.

U kishi yoshlarimizga qarata, hech bo‘lmasa, bobolaringdek bo‘l, men ham sizlarning kamolingizni ko‘ray, deb xitob qilganlar. Afsuski, hozirgi yoshlarning ko‘pchiligi adabiyotni, xususan, Abdulla Oripov ijodini ko‘ngildagidek bilmaydi. Chinakam shoirlarning kitoblarini ko‘proq chiqarib, maktablarga tarqatish, asarlarini tahlili bilan darsliklarga kiritish kerak, deb o‘ylayman.

– Davlatimiz rahbari ko‘p davralarda Erkin Vohidov va Abdulla Oripov nomlarini ehtirom bilan tilga olib, ularning adabiyotimiz oldidagi xizmatlariga yuksak baho berganlar…

– Abdulla aka Prezidentimiz bilan juda ko‘p muloqotda bo‘lgan. Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati hokimi bo‘lib ishlagan vaqtlarida ham Abdulla akani nihoyatda hurmat qilib, viloyatda o‘tkaziladigan bayram va tadbirlarga, albatta, taklif qilardi. Keyinchalik Abdulla akaning Amerikada davolanishiga ham u kishi bosh-qosh bo‘lganlar. Bir so‘z bilan aytganda, u kishi bizning oilamizga juda ko‘p yordam berganlar. Ilohim, dunyo turguncha tursinlar.

Hozir Abdulla aka hayot bo‘lganida qaniydi! Lekin ishonasizmi, men uchun u kishi hali-hanuz tiriklar. Mana shu uyda men bilan birga hamnafas yashayotgandek tuyuladi. Ba’zan tushimga kiradi. Birga she’rlar yozamiz. U kishi aytib turadilar, men qog‘ozga tushiraman. Ha, men uchun Abdulla aka o‘lmagan, u kishi hamisha yuragimda men bilan birga yashaydi.

– Navro‘z bayrami arafasida xalqimizga qanday tilaklar aytgan bo‘lardingiz?

– Avvalo, Abdulla akaning armonlari ushalganidan xursandman. U kishi O‘zbekistonning yaxshi kunlarini ko‘rishni istardi. Mana, o‘sha kunlar ham keldi! U kishi yurtimizning hozirgi ravnaqini ko‘rib boshi osmonga yetgan bo‘lardi, islohotlarning har bir mevasi uchun bittadan yangi she’r bitgan bo‘lar edilar. Taskin shuki, O‘zbekistonning gullab-yashnayotganidan ruhlari shod ekaniga ishonaman.

Tilagim shu, shoirimiz sevgan bahor barcha yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin. U kishi ardoqlagan jonajon Vatanimiz abadiy gullarga burkansin! Abdulla Oripovni ardoqlagan insonlarni Xudo ham ardoqlab, doim aziz tutsin!

Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.

“Jadid” gazetasining 2025-yil 21-martdagi 12-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img64

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img587

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img584