29.07.2024 | 12:17
348
MANIM “PADKAS”IM

Landavurboy, shu desang, kamina kuchayadurg‘on, sanga o‘xshag‘on besh-olti kallakning keti lovullaydurg‘on bo‘lib turibdi. Sababi shulkim, kaminani Yutibida padkas degich bir azim muhorabag‘a, qonli mubohasag‘a chaqirdilar. Mana, bir hafta bo‘ldikim, naq qirq yetti marta ko‘rilibdi. San bo‘lsa yuribsan, o‘tganning o‘rog‘iga, ketganning ketmoniga kammintariy yozib.
Tarixi qandog‘ bo‘ldi, de? Mana bundog‘ bo‘ldi. Shanba kuni peshindan keyin uyda qorinni qashib, oyoqni antenna qilib yotg‘on edim. Padkasning kattasi shaxsan o‘zi sim urib, “Ovsarboy aka, keyingi sonda sizni mehmonga chaqirmoqchibiz, kelasizmi?” deb qoldi.
Bayt:
Arzon-garov shuhratingdan atkaz qilolmay dog‘man,
Yakka tartibda o‘zim-o padkas qilolmay dog‘man…
Maning muhtasham miyamda bir xirmon fikr uyulib yotg‘on bo‘lsa, yarmi zanglab, yarmi panglab qolg‘on bo‘lsa! Fikrlarg‘a ozodlik berib, alarni bir shabadalatmoq joiz emasmu? Axir maning ilmlarimdan xalq oziqlansin. Xuddi shundog‘ dedim-u, ertasi kuni man faqir kelishilg‘on soatda o‘shal padkasig‘a bordim. “Qancha savollaring bo‘lsa, beringlar, kamina bugun avtomatning o‘qiday tayyor”, dedim.
So‘zamol boshlovchi “Lets go‘v, Ovsar aka, to‘kning narxi nega oshib ketyapti?” deya birinchi savolni berdi. Gʻalatimasmu? Man to‘kning kattasimidimki, bu savolga javob bersam. “Buni man qaydan bilay? O‘zim ham shundan dod bo‘lsam! Savolning egasi elektrosetda o‘tiribdiyov, o‘rtoq blogirlar”, dedim. “Sizda baribir munosabat bo‘lishi kerak-ku”, deyishdi. A, bu gap to‘g‘ri. Keyin bilganimcha sayray boshladim. “To‘k o‘lgir doim ko‘ngilni xufton, uyni zimiston qiladi. To‘ksiz dunyo – betartib dunyo. Xo‘sh, tejab ishlatg‘onning asakasi ketadimi? Ana, ko‘p yoqqon bo‘lsa, normadin u yog‘ini gumbura-qars to‘lab qo‘yaversin. Man faqirg‘a to‘k o‘chmay tursa, bas. Yoqqon to‘kimni haqini kredit olib bo‘lsa ham to‘layman”. Bu gaplarni aytishim bilan telfonimg‘a shart sms kelib turibdi-da. Nima emishki, shu oy dunyoning to‘kini yoqib qo‘yibman. Kapalagim uchib ketayozdi, to uni joyiga qaytarib ulgurmay, blogirlarning mahmadanarog‘i “To‘y-hashamlar haqida fikringiz qanaqa?” deb yana savolga tutib qoldi.
Bu savolga ne deb javob qilding, deysanmi, Landavur? Man aytdimki, “Kim nima desa desin-u azadan ko‘ra to‘y ancha yaxshi. To‘y bizning tugab qolmasligimiz uchun zarur, to‘g‘rimi? Demak, to‘y degan an’anani yo‘qotish avlodlarga xiyonat bilan teng. Hashamga esa hushim yo‘q, birovning dabdabasi bilan ishim yo‘q. Har kim qurbi yetganicha, bilgan ashulasini aytaversin, deyman. Lekin har narsada me’yor bo‘lgani ham durust. Bir kallaqand, uch so‘m pul bilan to‘y bo‘ladurg‘on zamonlar o‘tib ketdi. Topganing to‘yga buyursin, deb ota-buvalarimiz qarg‘ab ketgan bo‘lsa ne qilaylik? O‘rtag‘a karantin oralab, sal-pal epaqaga kelib qoluvdi, biroq virusni yengib olganimizdan keyin to‘ylarga qaytadan zo‘r berib boshladik. Mana, ikki devor naridagi qo‘shnimning topar-tutari yaxshi edi, hamma jon saqlash qayg‘usida yurg‘on mahal karantin qoidalarining ustig‘a iks tortib, besh yuz odamni besh mahalga bo‘lib-bo‘lib uyig‘a chaqirdi. To‘yda karantin mahal bekor qolgan artis zotining neki toifasi bo‘lsa, bari birrovga kelib ketdiyov. Kamina ham o‘tgan yil bir to‘yning harakatiga tushib qoldi-yu cho‘ntak bilan majlisdan keyin fikrimdan qaytdim. Hali yana besh yilcha yig‘im-terim qilmasak, xotin ikkov bor-budimizdan ayriladurg‘on ko‘rinamiz. Xullas, gapning po‘stkallasi, tilimda “dabdabali to‘ylarni to‘xtataylik”, deb og‘iz yirtsam ham, dilimdagini aytib qo‘ya qolay: qo‘lim kaltalik qilmaganda shunday to‘y qilardimki, hindiy milliarder Ambani sohib ham mening oldimda bir rupiya bo‘lib qolardi”.
Keyingi savol yanada dolzarb mavzuda bo‘ldi. “Sizning fikringizcha, bu yil Oskar mukofotini kim oladi?” deyishdi. Kamina umri davomida o‘zi sakkizta kino ko‘rgan bo‘lsa ham, bu savol mani dovdiratib qo‘ymadi, albatta. Kino haqida miyamning allaqaysi g‘ovaklarida chang bosib qolg‘on bilimlarim bor-ku. “Shu deyman, keyingi paytlarda kinolar juda bo‘sh ishlanyapti. Qahramonlarning harakati bejoligini aytmaysizlarmi? Aniq bir maqsad qolmayapti. Na Gollivudda, na Bollivudda. Shohrux Xonning qarib borayotg‘onini ko‘rishdan yurak-bag‘rim ezilib ketyapti. Masalan, dunyo kinosig‘a insonlarg‘a ezgulik urug‘larini sochadurg‘on, qalblarga insoniylik niholini qadaydurg‘on muhtasham g‘oyalar yetishmayapti. Bizning kinochilar ham Oskar olish uchun ana shunaqa g‘oyalar haqida o‘ylashi kerak. Endi bu yil Oskar mukofotini kim olishig‘a keladurg‘on bo‘lsak, ochig‘ini aytay, kimg‘a nasib etg‘on bo‘lsa, o‘sha oladi”. Yigitlar fikrlarimg‘a qo‘shilishdi. Axir qo‘shilmay bo‘lurmu? Man sanag‘on kamchiliklarga ko‘z yumib bo‘lmaydi-ku.
O‘shal ikki soatlik padkasda dunyoning barcha global muammolarini yechishimiz lozim edi. Aqlim yetg‘onicha o‘tladim. Asosiysi, jim bo‘lib qolg‘onim, mum tishlab olg‘onim yo‘q. Butun padkas davomida sezib turdimki, yigitlar maning bilimlarimg‘a havas qilib, ich-ichida lol qolib, har bir gapimni jon qulog‘i bilan tinglab o‘tirdilar. Savol berishadi: “Oxirgi paytlarda asalarilar olayotgan asalda sifat o‘zgarishlari yuz berayotgan ekan. Buning sababi nima deb o‘ylaysiz?” Javob beraman: “Chunki tabiatda namgarchilik kamayib, changlanish ko‘payib ketdi. Forig‘ degan asalchi qo‘shnim bor, u menga ko‘p aytib berg‘on. Asalarilar asalni changdan olarmish. Demak, chang ko‘payib ketib, alarning ish grafiklari buzilg‘on. Hali moslashib olishsin, o‘shanda ko‘rasiz, sifat tag‘in joyig‘a tushadi”.
Shunday qilib, bir bog‘dan, bir tog‘dan suhbatlasharkanmiz, biz kirmag‘on ko‘cha, biz mo‘ralamag‘on soha-yu tahlil qilmag‘on jabha qolmadi, hisob. Padkasni to‘liq aytib bersam, qizig‘i qolmas. Yaxshisi, Yutibig‘a kirib, qidiruv joyig‘a manim ismimni yozsang, o‘zi chiqib keladur. Ko‘rib bo‘lib, ikki og‘iz fikringni aytib qo‘yarsan. Endi mashhurlig‘im karrasig‘a oshg‘ay, lekin san sho‘rlikka qiyin bo‘lg‘ay, tushunaman. Havo sovitkichingni eng balandig‘a qo‘yib olaverasan. Hali yana Amirxonning shousig‘a chiqib, tiktokdag‘i beqiliq yoshlarg‘a dakki berib, yoshlikda faqat ilm olish haqida o‘ylash kerakligi-yu mutolaa bo‘yicha foydali layfhaklarimni alar bilan baham ko‘rib qolishim ham mumkin. Hushyor qaynab tur, Landavur, xo‘pmi?
OVSAR
Husan SODIQOV chizgan surat.
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
594
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591
