28.12.2024 | 11:59
459
MAQBUL TOSHOTAR…
Qadim rivoyatlarda aytilishicha, Ayoz ismli bir qulga Sultonning mehri tushib, unga juda katta ishonch bildiradi. Hatto Ayozni vazir etib tayinlaydi. Besh-olti kun saroy a’yonlaridan biri: “Ayoz ketadi, uyiga borib yotadi. Buni bir poylay-chi, uyida nima ish qilar ekan”, deb o‘ylab, uni kuzatibdi. Ayoz uyiga borgandan keyin, vazirlik libosini avaylab yechib, sandiqqa solib, sholi poxolga chalqancha yotibdi, qoziqqa ilib qo‘ygan eski chorig‘iga qarab naql o‘qibdi:
“Ey, Ayoz, vazir bo‘ldim deb, o‘tgan kuningni unutma, eski chorig‘ingni quritma”.

Kitob javonimda sovetlar davrida chop etilgan “O‘zbekiston SSR tarixi” kitobi bor. Yaqinda uning 1-jildi, birinchi kitobining 7-bobida jadidlar haqida bayon qilingan fikrlarni o‘qiy turib, bugungi ahvolimiz haqida o‘yladim.
“…1905–1907-yillardagi revolyutsiyada Rossiyada juda katta kuch ekanligini ko‘rsatgan ishchilar harakati va uning mazlum millatlar milliy-ozodlik kurashining rivojlanishiga ko‘rsatgan ta’siri Turkistondagi milliy burjuaziyani va burjua intellegensiyasini qattiq cho‘chitdi va dastlabki vaqtdanoq ularni reaksiya lageriga uloqtirib tashladi. Mahalliy milliy burjuaziya kontrrevolyutsion kuch bo‘lib chiqdi: shuni aytish mumkinki, mahalliy milliy burjuaziya dunyoga kelgan kunidan boshlaboq O‘rta Osiyo xalqlarining milliy harakatida hech qachon progressiv, obyektiv-revolyutsion rol o‘ynamadi.
Reaksion panturkizm va panislomizm ideologiyasi o‘zbek burjuaziyasining g‘oyaviy quroli bo‘ldi.
Turkistonda panturkizm va panislomizm ideologiyasini ifoda qiluvchilar jadidlar edi.
Jadidizm milliy burjuaziyaning bozor va bozor munosabatlari doirasida rus imperialistik burjuaziyasiga qarshi boshlanib ketgan raqobat kurashi zaminida maydonga chiqdi. Jadidlik harakati tezda siyosiy tus ola boshladi…”
Bu kitob o‘sha vaqtdagi O‘zSSR Fanlar akademiyasi tomonidan tayyorlangan va 1957-yilda ko‘p nusxada chop qilinib, maktab darsliklari, oliy o‘quv yurtlari o‘quv dasturlariga kiritilishi uchun asosiy zuvala vazifasini bajargan. Afsuski, ushbu to‘qima-soxtalashtirilgan tarix necha avlod ongini zaharladi, millatni ma’rifatli, ma’naviyatli qilib tarbiyalash, uning kelajagini istiqlolda deb orzu qilgan jadid bobolarimizga “xalq dushmani” tamg‘asini bosdi.
Yuqoridagi iqtibosda keltirilgan “turkparast”, “islomparast” degan atamalar keyingi barcha boblarda jadidlarga yopishtiriladi. Badanida turkiy qon oqayotgan, yetmish nasli islom diniga e’tiqod qiladigan millat bolalariga “turk” va “islom” so‘zlari olabo‘ji qilib ko‘rsatiladi. Bu ikki so‘z hech ikkilanmay “imperializm”, “burjua millatchiligi” atamalariga tenglashtiriladi.
“Sinfiy kurash”ni asosiy qurol qilib olgan bolsheviklar olabo‘ji sifatida ko‘rsatayotgan burjuaziya ishlab chiqaruvchilar, ya’ni hozirgi til bilan aytganda davrining tadbirkorlari edi, xolos.
O‘qiymiz: ”Jadidlar milliy ozodlik harakatiga rahbarlikni o‘z qo‘llariga olib, bu harakatning revolyutsion mazmunini yo‘q qilib tashlash va uni burjuaziyaning sinfiy manfaatlarini amalga oshirish uchun kurashga aylantirmoqchi bo‘ldilar.
Jadidlarning katta bir qismi “vatan” imperializmi bilan chet el imperializmi o‘rtasida ikkilanib qolsalar-da, lekin Turkistonni Rossiyadan ajratib olish ideyasini ko‘proq tilga oldi”.
Ushbu iqtibosda vatan so‘zi qo‘shtirnoqqa olingani qiziq. Mualliflar, go‘yoki sotsializmdan boshqa birorta tuzumda vatan bo‘lmaydi, demoqchi bo‘ladilar, shekilli.
Kommunist tarixchilar o‘sha davrdagi asl haqiqatni qanchalik xaspo‘shlamasin, yolg‘onni qanchalik to‘qib-bichmasin, “jadidlar milliy ozodlik harakatiga rahbarlikni o‘z qo‘llariga olishgani”ni tan olishga majbur bo‘ladi, ammo yurtni ozod qilish g‘oyasini bayroq qilganlarni adashganlikda, ya’ni “bu harakatning revolyutsion mazmunini yo‘q qilib tashlashganlikda” ayblashadi. Ular nazdida faqatgina revolyutsiya ozodlikka olib borarmish, bu ishga faqat bir hovuch bolsheviklar qodir va haqli emishlar. (Yurtimizning 1991-yilda mustaqil bo‘lishiga hech qanday revolyutsiyaning aloqasi yo‘qligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan avlod vakillari bu jumlalarni o‘qib, miyig‘ida kulib qo‘yishi aniq). Ushbu jumla yakunida jadidlar “Turkistonni Rossiyadan ajratib olish ideyasini ko‘proq tilga oldi”, deyilgani jasur bobolarimizga o‘sha vaqtda qo‘yilgan siyosiy ayb bo‘lsa, bugun ular uchun sharafdir.
Ushbu ko‘ptomli kitobda jadidlarning ma’naviy, ma’rifiy faoliyatiga ham ko‘p bora asossiz toshlar otilganiga ko‘zimiz tushadi. Ayniqsa, bu aybnomalar jadidlar tashkil qilgan vaqtli nashrlarga “feodal-klerikal”, ular yaratgan asarlarni “tarixni ideallashtirish” yoki el bolalari bilim olishlarini istab ochgan maktablarini hamda chet ellarda yoshlarni o‘qitish uchun yuborganliklarini (aniq sonlari keltiriladi) “turkparastlik ruhida tarbiyalashga intilish”, degan tamg‘a bilan “siylanganlik”da ko‘rinadi.
Yana o‘qiymiz: “…Jadidlar darhol teatrga ideologik kurashning o‘tkir quroli deb baho berdilar. Ular 1911-yildan boshlab milliy burjuaziya uchun teatrning foydali ekanini isbotlovchi maqolalarni muntazam ravishda vaqtli matbuotda chiqarib turdilar. Shu bilan birga ular o‘zbek tilida dramatik asarlar yaratishga ham urinib ko‘rdilar.
Bu sohada Turkistondagi jadidlar harakatining rahbarlaridan biri – Behbudiy aktiv ish olib boradi. U “Padarkush” pyesasini yozadi va bu pyesa avtor va uning hamfikrlarining tashabbusi bilan 1914-1915-yillarda Turkistonning deyarlik hamma shaharlarida sahnaga qo‘yiladi. O‘zbeklar o‘z intelligensiyasini boy sinflarning vakillaridan yaratishi kerak, degan fikr – pyesaning asosiy siyosiy g‘oyasidir. Bu pyesaning targ‘ib qilinishicha, o‘zbek ziyolilari Fransiya, Yevropa va Turkiyada ta’lim olishlari kerak: bu esa, bir tomondan, ularning xalqni islom ruhida tarbiyalashi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, mustamlaka apparatining idoralarida ishlaydigan xodim bo‘lib chiqishlarini ta’minlar edi. Buni jadidlar “millatni saqlab qolish”ning eng qulay yo‘li, deb bildilar.
Jadid teatri milliy madaniyat taraqqiyoti tarixida hech qanday progressiv rol o‘ynamadi, chunki u o‘zining butun mazmuni bilan O‘rta Osiyo xalqlarining ozodlik harakatiga qarshi qaratilgan edi. O‘z taraqqiyotida bu teatr boshqa xalqlarning ilg‘or madaniyatiga emas, balki panturkizm adabiyotining reaksion g‘oyalariga tayangan”.
Ushbu iqtibosni o‘qib, yoqa ushlaysan kishi. Nahotki, “o‘zbek tilida dramatik asar yaratishga urinish” ayb bo‘lsa? Behbudiyning “Padarkush” asari ikki yil davomida sahnalarda takror va takror namoyish qilinganki, uni tomoshabin – xalq olqishlab kutib olgan. O‘zbek ziyolilari Yevropa, Fransiya (go‘yoki Fransiya Yevropaga kirmaydigandek!) yoki Turkiyada ta’lim olsalar, ular mustamlaka idoralarida ishlashdan boshqasiga yarashmaydi-yu, Chor Rusiyasida ta’lim olsalar, oddiy xalqqa xizmat qiladilarmi? Mantiq qani? (Mustaqillik yillarida minglab yoshlarimiz jahonning eng nufuzli universitetlarida tahsil olib, hozirda yurtimiz taraqqiyoti uchun xizmat qilishmoqda. Ular orasida vazir darajasiga ko‘tarilganlari ham bor).
Besh yuz varaqli, katta (qizil muqovada!) hajmli kitob mualliflari jadidlarga nisbatan haqoratli iboralarni mo‘l-ko‘l qo‘llashgan. Bolsheviklarning asosiy dushmani bo‘lgan mensheviklar haqida so‘z ketganida “partiya” so‘zini ishlatishadi-yu, “Yosh buxoroliklar” va “Yosh xivaliklar” harakatiga, hech bo‘lmaganda, “firqa”, “harakat” iborasini ham ravo ko‘rishmaydi – “to‘dasi” deb yozishadi. O‘z vaqtida ikki ming nafar a’zosi bo‘lgan “Yosh buxoroliklar” shunchaki to‘da emish-u, Toshkentda atigi uch yuz a’zosi bo‘lgan mensheviklar to‘dasi partiya emish. Adl-u insof shumi, haqiqatni yozishga da’vogar tarixchilar?
Kitobning “O‘zbekistonda 1916-yil qo‘zg‘oloni” bo‘limida podsho Nikolay ikkinchining 1916-yil 25-iyunda chiqargan “Imperiyadagi rus bo‘lmagan erkak aholini harakatdagi armiya rayonida mudofaa inshootlari va harbiy aloqa yo‘llari qurish uchun olib borilayotgan ishlarga, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish haqida”gi farmonidan so‘ng o‘lkaning barcha joylarida boshlangan norozilik g‘alayonlari haqida gap boradi. Ushbu farmonga binoan Turkistondan 19 yoshdan 31 yoshgacha bo‘lgan jami 250 ming kishi majburiy safarbar qilinishi kerak edi.
Ayni yozda – ekinlar parvarishi (bug‘doy o‘rog‘iga kirishilgan) davrida dalada asqatadigan erkaklarning urush jahannamiga olib ketilishini xalq qabul qilmaydi va oqibatda norozilik harakati boshlanadi. Toshkent, Samarqand, To‘ytepa kabi shaharlarda bo‘lib o‘tgan g‘alayonlar askarlar yordamida bostiriladi. Tinch aholidan yuzlab kishi yarador bo‘ladi, o‘qqa uchadi. Isyonning eng kattasi va shafqatsiz bostirilgani tariximizga “Jizzax qo‘zg‘oloni” nomi bilan kirgan fojiadir. Shaharda norozilik namoyishiga chiqqan aholi ayovsiz qirib tashlanadi, qolganlari shahar tashqarisiga haydab chiqilib, saraton jaziramasida kun bo‘yi tiz cho‘ktirib qo‘yiladi. Bu isyonda o‘n mingdan ortiq tinch aholi qurbon bo‘lgan.
O‘sha vaqtda jadidlar chop qilayotgan vaqtli nashrlarda oq podsho farmoniga norozilik ruhidagi maqolalar ketma-ket chop qilinib turgan va oxir-oqibat zo‘riqishga tushgan imperiya bu farmonini kechiktirishida jadidlarning faolligi katta ahamiyat kasb etgan. Ammo kitobning yuqoridagi bo‘limida g‘alayon vaqtida bevaqt o‘qqa uchganlar uchun jadidlar aybdor, “ular odamlarni aldab, ko‘chalarga chiqarishdi, “millatchilik ruhidagi varaqalar tarqatishdi”, degan ayblovlar (“milliy burjua elementlari”, “millatchi guruhlar” atamalari ko‘p uchraydi) ularga ochiqdan-ochiq to‘nkalgan. Go‘yoki, bu jarayonda “o‘lkadagi bolsheviklar partiyasi a’zolari tinch aholi qoni to‘kilmasligi uchun jon kuydirishgan” emish.
Ushbu kitobdagi yozilmish gaplarga ishonilsa, o‘lkamizda 1911-yildan toki 1920-yilgacha bo‘lgan davrda qay darajada ijobiy o‘zgarish (kitobda bu holat “progressiv” so‘zi orqali ifodalanadi) ro‘y bergan bo‘lsa –bolsheviklarning xizmati, nimadir fojia ro‘y bergan, salbiy holatlar, (“regressiv” degan atama qo‘llaniladi) xatoliklar yuzaga kelgan bo‘lsa – jadidlarning qilmishi emish.
Shu o‘rinda “O‘g‘ri bo‘l, g‘ar bo‘l – insofli bo‘l!” degan otaso‘zimiz darrov esga keladi.
Yostiqdek kitobda o‘lkamizda milliy ong o‘sishiga katta ta’sir ko‘rsatgan jadidlik harakati haqida alohida bo‘lim yo‘q. Davr va sohalar haqida gap ketganida ora-orada kimnidir (nimanidir ham) tanqid qilish, yomonotliq qilish zarur bo‘lib qolganida, ular uzuk-yuluq eslanadi. Faqat bir o‘rinda “milliy dramaturgiyani yaratishga uringani uchun” Behbudiy nomi tilga olinadi, boshqa birorta jadid bobomiz nomi keltirilmaydi. Demak, bundan anglashiladiki, maqsad ularning nomlarini tariximizdan o‘chirib tashlash bo‘lgan.
…Esimda, maktab darsliklarida g‘aroyib ertak bo‘lardi – “Muqbil toshotar”. Muqbil – ijobiy qahramon, mohir mergan. U zerikkanidan ko‘cha boshida o‘tirib, o‘tgan-ketganga tosh otmaydi – tirikchiligini ov orqasidan o‘tkazgan ajdodlarimiz ramzi edi u. Uning adolatliligi, merganligi bolalarga ibrat qilib ko‘rsatilardi.
“O‘zbekiston SSR tarixi” ko‘pjildli kitobi mualliflarini erinmasdan sanadim – oltmish nafarga yaqin. Ular orasida sohaning akademig-u professorlari anchagina…
Jadid bobolarimiz 1930-yillar oxiridagi “tozalashlar”da qatag‘on tegirmoniga tushib, yo‘q bo‘lib ketgan. Oradan yigirma yil o‘tgan bo‘lsa-da, jasur ajdodlarimiz xotirasiga tosh otish, ularni yomonotliqqa chiqarish, faoliyatiga boriki qora bo‘yoqlarni chaplash tizimli davom etgan. Maqsad – ularning muqaddas nomlarini tamomila tarixdan o‘chirish! Buning uchun sho‘ro dohiylari munosib Muqbil… uzr, Maqbul toshotarlarni topgan, tarbiyalagan, xizmatlari evaziga ularga unvon-u nishonlar bergan…
Yuqorida Ayoz haqidagi rivoyatdan parchani bejiz keltirmadik. O‘z davrida zamona zayliga yurib, shaxsiy manfaatlarini millatdan, el-u yurtdan ustun qo‘ygan, ildizidan ayrilib, oyog‘i yerdan uzilgan ayrim vallamatlarga ibrat bo‘lsa zora, dedik.
Keyingi yillarda yurtimizda jadidlik harakati namoyandalarining pok nomlari oqlanib, ularning keng ko‘lamli savobli ishlari izchil tahlil qilinmoqda. Afsuski, o‘sha Maqbul toshotarlarning izdoshlari ozmi-ko‘pmi borligi, ular pana-pastqamda qo‘yni to‘la tosh bilan payt poylab turishgani (ming‘irlab yurganlari) uchun ogohlik ma’nosida ushbu bitiklarni qoraladim.
Ro‘zimboy HASAN,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-dekabrdagi 52-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596
