Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.09.2024 | 16:10

img761

MA’RIFATPARVAR MUALLIMLAR: RAHIMIYLAR

Rahimiylar oilasi o‘z vaqtida dehqonchilik bilan shug‘ullandi. Biroq bu oila eng olijanob kasb – muallimlik bilan juda katta e’tibor qozondi. Oilaning otasi Mulla Rahimjon domla muallim sifatida yangilikka qiziquvchan, maktablarga kirib kelayotgan texnika vositalariga, ilg‘or o‘quv usullariga, yangi darsliklarga befarq qaramaydigan o‘qituvchi edi. Shunga ko‘ra uni “qadimchilar” toifasiga kiritib bo‘lmasdi.

Bu hol uning o‘g‘illari va qiz­lari faoliyatida ham o‘z ifo­dasini topdi. Ayniqsa, uning katta o‘g‘li Sobirjon Rahimiy jadid pedagogi sifatida samarali faoliyat olib bordi. Keyingi o‘g‘li Shokirjon Rahimiy jadidlik hara­katining yirik namoyandasi, uchinchi o‘g‘li esa kelajakda texnika bo‘yicha yirik olim – akademik sifatida Texnika universitetida faoliyat ko‘rsatdi. Qizlari Adolat­xon, Salomatxon, Xosiyatxon qiz­lar uchun ochilgan dastlabki jadid maktabida dars berishdi. Kelini Bekoy Rahi­mova esa Toshkentda qiz­lar uchun ochilgan birinchi jadid maktabi­ning tashkilotchisi edi.

1907-yili Toshkent­ning Tax­ta­­pul mahallasida Mulla Rahim­jon domla vafot etadi. Otasi tashkil qilgan maktabda o‘qigan, mual­lim­likda unga ko‘maklashib yur­gan Sobirjonni mahalla faol­lari otasi o‘rniga muallim etib tayinlashadi. Bu haqda Sobirjon Rahimiyning o‘g‘li, marhum olim, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Hikmat Sobirov quyida­­gi­larni yozib qoldirgan edi: “1907-yilda buvam Mulla Rahim­jon vafot etganidan keyin Taxtapul mahallasi fuqarolari tavsiyasi bilan buvam ochgan maktabni davom ettirish otam Sobirjon Rahimiy zimmasiga yuklatilgan. Otam ham muallimlikka katta ixlos qo‘ygan odam edi. O‘zbekcha, tatarcha, ruscha ro‘znomalarni doim o‘qib, mutolaa qiladigan yosh o‘qituv­chi otam bobomiz­dan qolgan maktabni jadid usulida yangi maktabga aylantirgan. Maktab “Sobir domla maktabi” nomi bilan mashhur bo‘la boshlagan. O‘qituvchilar yetishmaganidan onam Bekoy Rahimova, amma­larim Adolatxon, Salomatxon, Xosiyatxon, keyin­roq amakim Shokirjon Rahimiy ham o‘qitishda otamga ko‘maklashib, ayrim fanlardan dars berganlar”.

Munavvar qori Abdura­shid­xo­nov, Abdulla Avloniy, Rustambek ibn Yusufbek hoji kabi Toshkentning yetakchi pedagoglari ta’sirida hamda o‘qitishda yangilanish tarafdori bo‘lgan Sobirjon otasining “Rahimiya” maktabini bir yil davomida butkul jadid maktabi­ga aylantirdi, iloji boricha maktab darsliklarini yig‘di. Endi jadid maktabi “Rahimiya”ning e’tibori o‘lka ziyolilari, maktabdorlari orasida oshib bordi. 1910-yillar boshida Hamza Hakimzoda Niyo­ziy Toshkentda Sobirjon Rahimiy xonadonida bir necha oy ­yashab, Beshog‘och dahasida jadid maktabi ochadi. Bu ishda katta tajribaga ega bo‘lgan do‘sti Sobirjon yaqindan yordam beradi.

Sobirjon Rahimiyning tur­mush qurish masalasi ham ayni shu jadid maktabini ancha yuksaltirgan davrga to‘g‘ri keldi. U 1910-yilda uzoqroq qarindoshlik robitalari bilan bog‘langan Abdu­razzoq qizi, muallimlikka mehr qo‘ygan Bekoyga uylanadi.

Bekoy (Abdurazzoq qizi) Rahimiy 1893-yilda tug‘ilgan. Olti yoshidan mahallada ochilgan diniy maktabda o‘qiydi. Onasi yordamida o‘qish va yozishni o‘rganadi. Qur’on sura va oyatlarini yod olib, “otinoyi” bo‘lib yetishadi. Tez orada Said­rasul Saidazizovning “Ustodi avval”, Munavvar qori Abdu­rashid­xonovning “Adibi avval”, “Adibi soniy” darslikla­rini mustaqil ravish­da o‘rganib, xali­falik – mual­lim­larga yordamchi sifatida faoliyat ko‘rsata boshlaydi. O‘qi­tish­da yangi usulning ikki tarafdori – Sobirjon va Bekoy hayoti va faoliyatida yangi davr boshlanadi. Bekoy bir yillik faoliyati davomida xalifalikdan “usuli savtiya”da mustaqil faoliyat ko‘rsatuvchi muallim darajasiga ko‘tarildi.

Bekoy Abdurazzoq qizi bosh­­chi­ligida 1912-yilda Toshkentning Taxtapul mahallasida qiz bolalar uchun birinchi yangi usuldagi jadid maktabi ochiladi. Alohida ta’kidlash kerak, Bekoy Rahimova ilm-fanga, ta’lim-tarbiyaga qiziqishi, unga intilishi bilan boshqalardan ajralib turar edi. Ayniqsa, Sobirjon Rahimiyning bu ishda Bekoyga ko‘rsatgan yordami beqiyos katta bo‘ldi. Chunki Sobirjon Rahimiy o‘z davri­ning ulug‘ pedagog va metodistlari Avloniy, Munavvar qori bilan ­yaqin hamkorlik qilgan. Umuman, bu davrda ta’lim-tarbiya tizimida yuz berayotgan buyuk o‘zga­rishlar, yaratilayotgan asar­lar Sobir­jon Rahimiy boshchili­gida ular diqqat-e’tibori markazida tur­gan.

Toshkentning Eski shahar qismida ayollar uchun ­birinchi usuli jadid maktabining ochi­lishi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ushbu maktabning shuhrati tezda shahar bo‘ylab keng tarqaldi. “Sadoyi Turkiston” gazetasida, hatto Qo‘qonda chop etiladigan “Sadoyi Farg‘ona” gazetasida tabrik-maqola e’lon qilinadi. Mak­tabda imtihon tashkil etildi: o‘quvchi-qizlar imtihon ahli, ota-onalar oldida olgan bilimlarini namoyish etdilar. Imtihon ahli farzandlari bilimidan mamnun bo‘lishdi. Bu imtihondan keyin 1914-yilda Toshkentning Ko‘kcha dahasida qiz bolalar uchun yana bir jadid maktabi ochildi. Shu tariqa qiz bolalar uchun jadid maktablari tarmog‘i Vatanimiz bo‘ylab kengayib bordi.

1917-yil jadid mutafakkirlari, jumladan, jadid pedagoglari uchun quvonch va iztiroblarga to‘la yil bo‘ldi: Fevral inqilobi­ning Romanovlar taxtini barbod qilishi ularda millat va Vatanning mustamlaka zulmidan ozod bo‘li­shiga ishonchni kuchaytirdi. Jadid pedagoglari, xususan, Rahimiylar Turkiston Muxtoriyati e’lon qilingan 1917-yil 27-noyabr tunini zo‘r mamnuniyat bilan kutib oldilar. Ammo bu safar taqdir ularga kulib boqmadi, aksincha, yuz o‘girdi. Muvaqqat hukumat ag‘darilib, yurt bolsheviklar qo‘liga o‘tdi. Turkiston muxtoriyatini oyoqqa turishga ulgurmasdanoq yanchib tashladilar.

Qanday tuzum, qanday sharoit bo‘lmasin, jadid muta­fak­­kir­­larining asosiy vazifasi millat­ni o‘zligini tanitish, ilm-ma’ri­­fatli qilish, jaholatga botgan hayotidan ogoh etish edi. 1918-yilning 25-noyabridan Maorif xalq komissarligining buy­rug‘iga muvofiq an’anaviy mahal­liy maktab­lar ham, rus-tuzem maktab­lari ham, usuli jadid maktab­­la­ri ham rasman tugatildi. Ular­ning hammasi sovet mak­tab­lari tasarrufiga o‘tdi. Amalda o‘zbek va rus mak­tab­lari faoliyat ko‘rsata boshladi.

Sobirjon Rahimiyning g‘ayrati, yangilikka chanqoqligi uka­lari Shokirjon va Gʻofurjon Rahi­miy­larga ham o‘tgan edi. Shokir­jon Rahimiy dastlab peda­gogik mahoratini akasi­ning uy maktabida namoyon qilish­ga muvaffaq bo‘ladi.

Sobirjon Rahimiy tashkil qilgan maktab 1918-yilda Toshkentdagi sovet maktablari ro‘y­xa­tiga kiritilib, u namunali “Sobir domla maktabi”ga aylanadi.

Shu yili tashkil qilingan birin­chi Musulmon dorilfununi­ning dars­lar dasturini tuzish va talaba­larni jalb qilish ishlari­da Sobirjon Rahimiy beminnat yordam ko‘rsatadi.

Sobirjon Rahimiy 1918-yil­dan 1930-yilgacha Oktyabr rayo­ni­dagi sobiq 18-maktab, keyin­roq 53-maktab direktori vazi­fa­sida ishlagan.

Qahramonimiz qo‘lida ta’lim olgan o‘quvchilar respublika­mizda ko‘zga ko‘rinarli kadrlar bo‘lib yetishdi. Bular jumlasida general Sobir Rahimov, birinchi ayol vazirlardan Vosila Sodiqova, arxitektor Jahongirov, shoir Quddus Muhammadiy, professor Homil Yoqubov singari ziyolilar bor.

1920-yilda Sobirjon Rahi­miy­­ning turmush o‘rtog‘i Bekoy­ni Toshkent shahrida ochil­gan 38-mak­tab­ga ishga taklif etisha­di. U dastlab boshlang‘ich sinf muallimi, keyin­cha­lik yuksak peda­gogik qobiliyati e’tiborga oli­nib, maktab o‘quv bo‘limi mudiri lavozimiga tayinlanadi.

Shu bilan birga, ayollar o‘rta­sida savodsizlikni tuga­tish kursida ham ishlaydi. U har qanday o‘quv jarayonida o‘zini yetuk pedagog sifatida na­moyon qiladi. O‘qituvchilik faoliyati­ga, xalq, Vatan ishiga bunday sidqidildan munosabati tufayli uni Toshkent shahar mehnatkashlari sovetiga deputat etib saylaydilar.

1926-yilda “Eski va yangi maktab” nomli kinofilm suratga olinadi. Sobirjon Rahimiy bu filmda yangi maktab o‘qituv­chisi, taniqli aktyor Rahim Pirmuhamedov esa eski maktab domlasining rolini ijro etgan. Bu film orqali yangi maktablar­ning obro‘si va o‘qituvchining sharafli mehnati aholiga keng targ‘ib etilgan.

1930-yil Sobirjon Rahimiy o‘z ma’lumotini oshirish maqsadida ToshDUning pedagogika fakul­tetiga o‘qishga kirib, uni 1934-yilda tamomlaydi. O‘qish davrida hukumat topshirig‘iga asosan 1929-1930-yillarda Chinoz tumanida, 1931-yilda Xorazm viloyatining Mang‘it tumanida, 1932-yilda Tojikistonning Xovaling rayonida uzoq muddatli xizmat safarlarida bo‘lib, madaniy-oqartuv va o‘qituv­chi kadrlar tayyorlash ishlari­ga yaqindan yordam beradi. Toshkentga qaytganida esa “Toshselmash” zavodi qoshidagi kurslarda, 1932-1933-yillarda kechki ishchilar universitetida til va adabiyotdan dars o‘tadi.

Qatag‘onning avj pallasida – 1938-yilda Rahimiylar xona­doni­ning eng faol jadid mutafakkiri, pedagogi, 20 dan ortiq pedagogik asarlar muallifi Shokirjon Rahimiy otib o‘ldirildi. Jadid maktablari tashkilot­chisi Sobirjon Rahimiy esa Sibir­ning Kolima lageriga surgun qilinadi.

Xotin-qizlar uchun jadid mak­­­tab­­larining birinchi tash­kilot­­chisi, ilk jadid ayollarimiz­dan biri, tug‘­ma o‘qituvchilik qobiliyati sohibasi Bekoy Rahimiyning mual­limlik faoliyati­ga ham 1938-yilda nuqta qo‘yi­ladi.

Nargiza SOBIROVA,
mustaqil tadqiqotchi

“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 39-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img88

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600