Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


20.10.2024 | 14:06

img878

MAXTUMQULI – BASHARIYAT SHOIRI

Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Maxtumquli tavalludining 300 yilligiga bag‘ish­langan “Davrlar va sivilizatsiyalarning o‘zaro aloqasi – tinchlik va taraqqiyot asosi” nomli xalqaro forumda o‘ndan oshiq davlatdan nufuzli mehmonlar ishtirok etdi. To‘g‘risi, mehmonlarning dil so‘zlari va ulug‘ shoirga hurmatidan, ayni damda, mezbonlardagi bayramona kayfiyat va ularning samimiyatidan barchaning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi.

XALQARO FORUM

Turkmaniston Prezidenti qarori bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligi” esdalik medali bilan taqdirlandi. Mazkur nufuz­li Forumda qatnashgan turli respublika Prezidentlari o‘z ona tillarida nutq so‘zladi. Men ishtirokchi sifatida davlatimiz rahbari nutqini diqqat bilan tingladim: “Maxtumquli o‘zbek xalqi uchun ham g‘oyat ardoqli va suyukli siymo ekani bilan biz haqli ravishda faxrlanamiz. Ul zot Xivadagi Sherg‘ozixon mad­rasasida tahsil olgan, dunyoviy va diniy ilmlarni chuqur o‘rgangan. Ayni vaqtda u buyuk o‘zbek shoiri Alisher Navoiy ijodini yuksak qadrlagani ham mushtarak tariximiz sahifalari orqali yaxshi ma’lum.

Bugungi kunda o‘lkamizda Maxtumqulining dilbar she’rlari va qo‘shiqlari doimo yangrab, qalblarimizda yashab kelmoqda. Hech shubhasiz, uning boqiy asarlari azaldan bir-biriga qardosh va yelkadosh bo‘lgan xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda”.  Prezidentning bu samimiy fikr­lari, xususan, shoirning Xivada ta’lim olgani, hazrat Alisher Navoiyni o‘ziga ustoz bilgani haqidagi tarixiy haqiqat anjuman ahlini befarq qoldirmadi, nazarimda.

Dunyo tamadduniga ulkan ma’naviy-ma’rifiy ulush qo‘shgan muazzam shaxsiyatlar shunchaki, o‘z-o‘zidan dunyoga kelmaydi. Ildizlari, an’analari, geni, iste’dodi, o‘zining mehnat-mashaqqati ortidan orttirgan bilim va taj­ribalari ularni yer yuzida bashariyatning bamisoli zulmatni yorituvchi porloq yulduziga aylantiradi. Xalq­aro anjuman kunlari “Va’zi Ozod”, “Behishtnoma”, “Masnaviy”, qator g‘azal va ruboiylar yozgan shoirning otasi – Davlatmamat Ozodiy ham ko‘p tilga olindi. Ota haqidagi ma’lumot va tavsiflarni taqdim etadigan eng yaxshi manba – bu shubhasiz, Maxtumqulining she’rlaridir. Shoir­ning otasiga ehtiromi balqib turgan “Mulla Ozodim”, “Otamning”, “Ozodim qani?” singari qator she’rlari bor.

“Mulla Ozodim” she’rida ota shuhratini “Ovozi jumla jahonga to‘ldi”, deb yozadi. Maxtumquli boshqa bir – “O‘g‘lim – Ozodim” aytishuv she’rida otasidan ilm olish uchun safarga ketishni so‘raydi. Otasi duo berib, oq yo‘l tilaydi. “Haq yo‘ldoshing bo‘lsin, mayli, bor, o‘g‘lim!” Ota­ning rizoligi har narsadan ulug‘. Ota-bola o‘rtasidagi bunday munosabat orasta sharqona odob-axloqlarga amal­ning yaqqol namunasidir.

Tasavvur qiling, Maxtumquli safarga ketar mahali otasidan ruxsat so‘rab, duo olib yo‘lga chiqadi. Ta’lim olgandan keyin otasining imtihonidan o‘tadi. Vafot etganida marsiya yozadi. Maxtumquli “ko‘zining nuri” bo‘lmish otasini sog‘inganda yozgan hissiyotli misralari har qanday odam yuragini titroqqa soladi. Davlatmamat Ozodiyning ijodiy merosi, komil qarashlari, asarlarining umumbashariy mohiyati Maxtumquli suv ichgan zilol buloqlarni, dunyoqarashini shakllantirgan va unga ma’naviy ozuqa bergan muhitni tasavvur qilishga yordam beradi. Qolaversa, Maxtumqulidek bir daho islomiy ma’rifat bilan butun vujudi limmo-lim to‘lgan shoirning dunyoga kelishi sabablari ustida o‘ylaydi odam. Halol luqma, teran ta’lim-tarbiya, haqgo‘y ustozlar, jiddiy mushohada, yuksak odamiylik – bularning barcha-barchasi jamuljam bo‘lgan bir vaziyat Maxtumquli dahosini tarix sahnasiga olib chiqdi…

Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasida o‘qigan Maxtumquli bu dargohda ko‘plab do‘stlar orttirdi. Ulkan madaniyat, ma’rifat markazi bo‘lgan bu muazzam shaharning ma’naviy muhiti Maxtumqulining adabiy-estetik didi, dunyo­qarashi shakllanishiga, chinakam shoir bo‘lib yeti­shuviga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Shu bois tabarruk ta’lim maskaniga qarab “Xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi” degan she’rini yozdi shoir:

Makon aylab, uch yil yedim tuzingni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”
O‘tkazdim qishingni, navro‘z, yozingni,
Ketar bo‘ldim, xush qol, go‘zal “Sherg‘ozi!”

Toshning, g‘ishtning, binoning tili yo‘q, joni yo‘q. Biroq shoirlar tilsiz-zabonsiz obyektlar bilan “gurung”lashishi, ularni jonlantirishi mumkin bemalol. Nazarimda, Xivadagi Sherg‘ozi madrasasi aynan Maxtumquli she’ri tufayli hali-hanuz tirik va jonli. Shu kunga dovur madrasaning mahobatli binosi har bir ziyoratchiga nafaqat g‘aroyib tarixi va yoki me’morini, balki uch yuz yilga yaqin vaqt narida qoyilmaqom qilib she’riy vasfini yozib qoldirgan Maxtumqulidek sodiq va sobiq talabasini ham tak­ror va takror eslatib turadi.

QARDOSHLIK SAODATI

Maxtumquli shaxsi va adabiy siymosining juda ko‘p qirralari, xususan, shoirning ilm olishi, o‘zbek shoirlarini o‘ziga ustoz bilgani, do‘stlar orttirgani kabi ko‘plab jihatlari, Respublika Prezidenti o‘z nutqida ta’kid­laganidek, O‘zbekiston bilan bog‘liq, albatta.

Maxtumquli ijodi bilan O‘zbekiston ma’naviy muhiti o‘rtasida mustahkam rishtalar bor. Zero, shoir tavalludi­ning 300 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida, mamlakatning qator oliy o‘quv yurtlarida,­ turli nufuzli tashkilotlarda ko‘plab bayramona tadbirlar, ­ilmiy-adabiy anjumanlar tashkil etildi. Bu tadbirlarda O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid tashkilotchi va ma’ruzachi sifatida faol qatnash­ganidan xabarim bor. Shoirning xizmatlari Turkmaniston Respub­likasi hukumati tomonidan e’tirof etildi va u “Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligi” esdalik medali bilan taqdirlandi. Mukofot taqdimotida mamnuniyat bilan so‘zlar ekan, Sirojiddin Sayyid o‘zining maxtumquliyona pafosli “O‘zbek, turkman man­zumasi”ni o‘qiy boshladi. She’rda qon-qardosh, do‘st-birodar, qadimdan quda-anda bo‘lgan o‘zbek bilan turkman millati tabiatiga xos go‘zal fazilatlar bayon etiladi:

Olamni lol etgan hayrati bordir,
Saodati bordir, san’ati bordir.
Ketmas bo‘lib kelgan davlati bordir,
Davr-u davronlari o‘zbek, turkmanning…

– shu tarzda she’r tuganchiga yetganida majlis ahli shoir­ni olqishlashdi.

ULUG‘VOR E’TIROF

Forumga xorijdan kelgan mehmonlar – turkiyalik, qozo­g‘istonlik, qirg‘izistonlik, rossiyalik, armanis­tonlik, eron­lik maxtumqulishunos va mutarjimlarning ayrimlari bilan avvaldan tanishligimiz bor. Ular ulug‘ turkman shoiri­ga ehtiromini o‘z tillarida yozgan risola va maqolalarida ba­yon qilgan, shu bilan birga shoir she’rlarini o‘z ona tillari­ga tarjima qilib, tabiiyki, Maxtumquli she’riyatining dunyo bo‘ylab yoyilishiga o‘z hissasini qo‘shgan.

Qirg‘iziston Fanlar akademiyasi akademigi, adabiyotshunos Abdullajon Ahmataliyev Maxtumqulining she’riyati va shon-shuhrati xususida gapirganida Chingiz Aytmatovning: “Sharqda XVIII asr Maxtumquli Firog‘iy asri­dir… Maxtumquli so‘zlari bizning kunlargacha yetib kelishi – bu turkman xalqining jasoratidir. Maxtumqulini har bir turkman o‘z yuragida avaylab saqladi” hamda “Maxtumqulining bizga qoldirgan merosi xalqchilligi va hayotiyligi uchun qimmatli”, degan fikrlariga urg‘u berdi. Ulug‘larning ulug‘larni e’tirof etgan so‘zlari ham ulug‘vor bo‘ladi.

Bir necha yildan beri Anqarada ishlayotgan taniqli turkman olimi Berdi Sariyev muhim bir gapni aytdi: “Shoirga jon qo‘shnimiz, ildizimiz, urf-odatlarimiz bir bo‘lgan o‘zbeklar diyorining ehtiromi o‘zgacha. Bilaman, ular Maxtumquli she’rlarini juda yaxshi ko‘rishadi. O‘zbeklar­ning bag‘rikengligini hurmat qilaman. Dunyo o‘zbek ziyolilaridan ko‘p narsalarni o‘rganishi lozim…” Bu gaplardan g‘ururlandim. Haqiqatan, o‘zbek olimlari Maxtumquli ijodi­ni jiddiy o‘rgandi, dissertatsiyalar, risolalar, ulkan monografiyalar yozishdi. Shu bilan birga Maxtumquli she’rlarini zamonaviy o‘zbek tiliga moslashtirib o‘girganlar – mutarjimlarning ulkan bir ro‘yxati paydo bo‘ldi.

Maxtumqulidan qolgan meros qiymati shundaki, adabiy-nazariy tomondan juda ko‘p masalalarga, jumboqlarga yechim bera oladi. She’rning hikmatona tabiati, shakli, ohangi va inson qalbiga yo‘l topishi kabi xususiyatlar – bular Maxtumqulidan qolgan badiiy merosda jamuljamdir.

Ilmiy-nazariy jihatdan qaralsa, aslida, she’r monologik nutq asosiga qurilgan kechinma, his-tuyg‘ular ifodasi sa­naladi. Shoir arzi holini bamisoli o‘zi-o‘ziga so‘zlab, ­yuragini bo‘shatadi. Agar bu individual hissiyotning poetik bayoni boshqalar qalbidan joy olsa, albatta, zavq paydo bo‘ladi; umumbashariy mohiyatga ega bunday she’rlar­ning umri asrlar chegarasidan oshadi.

“MOHIYATI NIMA DUNYONING?”

Maxtumquli yozganlarini o‘qib, she’r tabiatiga xos muhim jihatga urg‘u berish zarurga o‘xshab ko‘rinadi. Nazarimda, shoir adabiy merosida she’rning dialogik tabiatini namoyon etadigan ko‘plab misollar topiladi. Maxtumquli she’riyatidagi bu xususiyatni bo‘rttirib ko‘rsatish bilan adabiyotshunoslikdagi ilmiy-nazariy fikrlar ko‘lamini kengaytirish mumkin.

Aslida she’rning dialogik tabiati folklorda, mumtoz adabiyotda bor hodisa. Maxtumquli bu she’riy shakldan juda unumli foydalandi. Shoirning otasi Ozodiy bilan she’riy suhbati, “Bizdan salom bo‘lsin ul O‘roz Xonga”, “Turdi shoir bilan Maxtumquli aytishuvi”, “Maxtumquli bilan Zunubiy aytishuvi”, “Turgil!” dedilar!..”, “Bir necha misol” kabi she’rlarida shu xususiyat aniq-tiniq ko‘zga tashlanadi.

Dedim: “Mohiyati nima dunyoning?”
Dedi: “Yotsang tush-u, uyg‘onsang xayol”.
Dedim: “Qachongacha nafsim bo‘lar rom?”
“Ta’zirin yeguncha cho‘zilar bu hol”.
Maxtumquli so‘zi durdir bilganga,
Aql-u hushing bo‘lsa, unga quloq sol.

So‘zlari marvarid-dur bo‘lgan donishmand, mutafakkir shoir Maxtumquli Firog‘iyga bag‘ishlangan xalqaro anjuman kunlari asrlar chegarasidan shitob bilan o‘tib kelayot­gan iste’dod egasining ijodiy biografiyasi, kuch-quvvati, qudrati va uch yuz yillik umri haqida ko‘p o‘yladim.

Maxtumqulining dilini, ko‘ngil dardini tushunishni istadim. Shoir: “Kel, ko‘nglim, men senga nasihat qilay”, deb o‘ziga murojaat etadi. Zotan, ichkari, ko‘ngil esa to‘xtovsiz evriladi, qaynaydi, o‘zgaradi, sokin tortadi. Gohida nasihatni eshitadi, ba’zan o‘z xohish yo‘lidan yuradi. Aslida, ko‘ngil pokligi va xotirjamligi – inson uchun bebaho saodat.

Maxtumquli she’rlarida ko‘ngil tilga kirib so‘zlaydi: “Ko‘ngil aytar: sayr etib, olam-jahonni ko‘rsam”, “Ko‘ngil der: xalqdan uzilib, Kezsam tog‘-u toshlar bilan” yoki “Ko‘ngil aytar: yo‘ldosh bo‘lsam, Oh urgan darveshlar bilan”. Bunday misralarda ko‘ngil moddiylashadi, shoirning so‘zlayotgan tiliga evriladi. Ba’zida lirik qahramon ko‘ngil mayli, ma’naviy-ruhiy kayfiyati darveshlar davrasini ham qo‘msaydi. Dunyo mohiyatini chuqur anglagan odam yolg‘izlikni, darveshona hayotni, Yaratgan bilan yolg‘iz qolishni istab qoladi. Gohida siqilgan inson ko‘ngliga qil sig‘maydi. Ba’zan ko‘ngilga koinot, borliq joylanadi.

Ko‘ngil royishiga, sayr-u sulukiga chegara-sarhad yo‘qdir. Maxtumquli ko‘ngilni qal’a-shaharga o‘xshatadi. Barcha yaxshi biladigan Durdi shoir bilan aytishuvida “U nimadir darvozasiz qal’adir”, degan savolga “U ko‘ngildir darvozasiz qal’adir”, degan javob beriladi. Darvozasiz qal’a qo‘rg‘onlanmagan, qo‘riqlanmagan joy. Ko‘ngilni egasi qo‘riqlashi, qo‘rg‘onlashi mumkin. Ko‘ngil o‘zi­ning barcha sifatlari bilan badiiy adabiyotning, she’riyatning abadiy mavzusi. Chin shoir ko‘ngil ko‘zi ochiq inson bo‘lgani uchun ham ardoqqa munosib, albatta.

300 YOSHLI MEZBON

To‘g‘risi, Maxtumquli Firog‘iyning insoniyatga taqdim etgan bebaho adabiy merosi asos-negizini bir so‘z bilan ifodalash qiyin. Qisqa ifoda lozim bo‘lsa, “Maxtumquli – bashariyat shoiri” demoq o‘rinlidir balki. Biroq bu ta’birdan keyin ham yana boshqa tavsiflar xayolga yog‘ilib kelave­radi. Ziddiyatli va qorishiq tuyg‘ular girdobini gohida shoirlar bitta haqqoniy fikr o‘zaniga solib berishadi. Maxtumquli she’rlarida butun zamin ahli kamoloti uchun zarur bo‘lgan juda ko‘plab o‘gitli, odamning go‘zal his-tuyg‘ulari tarbiya­siga bag‘ishlangan butun boshli she’rlar bor. Ularda tinchlik, xotirjamlik, birdamlik, ko‘ngil obodligi, dunyo­ning moddiy va ma’naviy holi badiiy talqin etiladi. “Yomon yaxshi bo‘lmas hech on, Asli yaxshi bo‘lmas yomon…”, “O‘g‘ri erdan bir to‘g‘ri it yaxshi”, “Halol luqma nur bag‘ishlar ko‘zlarga”, “Komil mard yigitlar haqingni yemas, Dunyo molin bersang, nomardlar to‘ymas” kabi hikmatli misralar allaqachon xalqning ma’naviy mulkiga aylandi.

Yaxshiga nazar va yomondan hazar, halollik, to‘g‘rilik, mardlik, saxovat va shu kabi axloqiy-ma’naviy fazilatlar poetik talqin etilgan she’rlarning umri uzun bo‘ladi.

Umid uzgil xomxayoldan,
Senga foyda yo‘qdir moldan,
Turmushing kechsa haloldan,
Oriflar suhbati kerak.

Maxtumquli aslida orif shoir. Oriflik esa baland mar­ta­ba. Ma’rifat so‘zining qadrini bilgan har kim undan ibrat oladi. Shoir aytmoqchi faqatgina “orif qadrin bilmas befahm nodonlar”.

Maxtumqulining she’riy so‘zi zamonlar o‘tgan sari mahobat kasb etadi. “Fikr daryosiga aqlim kemasin botirmishman”, deb yozgan shoirning fikri, fahmi, yurak so‘zi bugun ummonga do‘ndi. Shuning uchun ham “Maxtumquli Firog‘iy fahm-u hikmat ummoni” degan bir jumla xalqaro forumda juda ko‘p bora takrorlandi. Bu bebaho xazinali ummondan so‘z shaydolari asrlar bo‘yi dur-javhar terishadi, ularni marjondek ipga tizishadi; shoir she’rlarini takror o‘qishadi va uqishadi.

Maxtumquli ijodini uqib o‘qigan shoirlar, to‘g‘risi, olim, mutafakkir bo‘ladi. Ayni damda Maxtumqulining she’rlari har qanday odamga, ilm ahliga ham ilhom beradi. Shunda yurak to‘lqinlari beixtiyor she’rga ko‘chadi.

Deylik:

Maxtumquli – ruhi-joni turkmanning,
Tomirida oqar qoni turkmanning.
Maxtumquli – dil kotibi turkmanning,
Odamzotga Haq xotibi turkmanning.
Maxtumquli – ishq fununi turkmanning,
Layli-Layli, o, Majnuni turkmanning.
Maxtumquli – ko‘ngil sharhi turkmanning,
Olamqo‘shar – Gʻarb-u Sharqi turkmanning.
Maxtumquli – sarbonidir turkmanning,
Uch yuz yoshli mezbonidir turkmanning…

– misralari kabi.

Shoir tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro forumda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan ziyolilar “Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligi” esdalik medali bilan taqdirlanishdi.

Oqildor shoir ijodining muhibi va muxlisi sifatida shu taqdirlanganlar qatorida men ham borman.

To‘g‘risi, bunday e’tirof va e’tibordan mamnun bo‘ldim.

Bahodir KARIM

“Jadid” gazetasining 2024-yil 18-oktyabrdagi 43-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600