Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


25.07.2025 | 11:56

img828

MEHR-U IXLOSIMGA BOIS…

Vahob Rahmon bilan meni bir-birimizga yaqinlashtirgan vositalardan biri atoqli shoir va mutafakkir, iste’dodli sarkarda, adolatli hukmdor Zahiriddin Muhammad Bobur va uning xotirasidir.

Har yili 14-fevral kuni hazratning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xalqaro yo an’anaviy yig‘inlar viloyat hokimligi va Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tomonidan Andijonda tashkil etiladi. Mazkur ilmiy-adabiy anjumanlarda Vahob Rahmon ham Bobur ijodiy faoliyatining u yoki bu qirrasiga oid ma’ruzalari bilan faol qatnashardi. Fond raisi Zokirjon Mashrabov matnshunos, navoiyshunos olim Vahob Rahmonni fondning yaqin a’zosi, hamkori maqomida Bobur hayoti va ijodini o‘rganish, targ‘ib etish, uning nomini abadiylashtirish borasidagi boshqa joriy tadbirlarga ham chaqiradigan bo‘ldi. Shundan buyon Vahob akaning bir oyog‘i Andijonda. Biz endi u bilan Bobur fondida tez-tez uchrashadigan bo‘lib qoldik.

Yillar davomida Vahob aka Zahiriddin Muhammad Bobur asarlarini bir necha bor nashrga tayyorladi. Bobur fondi buyurtmasiga ko‘ra “Boburnoma”ning eski o‘zbek lisonidan zamonaviy tilimizga tabdilini amalga oshirdi (adabiyotshunos Karomat Mullaxo‘jayeva bilan hamkorlikda) va bu kitoblarga so‘zboshilar yozdi, izohlar bitdi. Boburning xolavachchasi, ko‘p yillar Kashmirda hukmdorlik qilgan Xaydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” memuar asarini forschadan o‘zbekchaga o‘girish (rafiqasi, ajoyib olima, tarjimon Yanglish Egamova bilan), “Bobur ensiklopediyasi”ni yaratish va nashrga tayyorlashdagi xizmatlarini adabiy jamoatchilik yuksak qadrlaydi.

Vahob akaga qoyil qolishim sabablarini ham aytib o‘tishim kerak. U mahallarda aka Guliston shahrida yashar va Sirdaryo davlat universitetida ishlardi. Andijonga ko‘pincha Toshkent orqali kelar va yana shu yo‘nalish bilan Gulistonga qaytardi. Shunday qatnovlarini o‘ylab, Vahob akaning hafsalasiga, sabr-toqatiga, matonatiga, fidoyiligiga tan berardim. Biror marta yo‘lning aylanaligi, uzoqligidan noligani, ko‘p vaqti yo‘lga ketib qolayotganidan zorlanganini bilmas, eshitmas edim. Zokirjon Mashrabov meni ham tez-tez Bobur fondining Bog‘ishimol mavzeidagi idorasiga chaqirib turar, ayrim vaqtlarda o‘z ishlarimdan qizg‘anib yo shunchaki erinib (masofa 40 chaqirim atrofida), vaj ko‘rsata boshlasam, Zokirjon aka: “Gulistondan do‘stingiz Vahob Rahmon kelgan, ko‘rishib ketsam, yaxshi bo‘lardi, deyapti” deya pisanda qilar, shunda men o‘z qilig‘imdan xijolat chekib, qolaversa, qadrli mehmon bilan diydorlashish, suhbatlashish ishtiyoqida darhol yo‘lga tushardim.

Kaminani Vahob aka bilan jips bog‘lagan omillardan yana biri – hamsafarlik. Inson mansabda va safarda sinaladi degan gap bor. Bu xulosaning bejiz emasligini, albatta, boshidan o‘tkazganlar yaxshi bilishadi.

Bobur xalqaro jamoat fondi qoshidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning navbatdagi (2011-yili) muhim yo‘nalish va dasturi – Sohibqiron Amir Temur hayoti va hukmdorlik faoliyatining muayyan bir davrini – Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxonga qarshi yurishi asnosida bosib o‘tgan sobiq Dashti Qipchoq va boshqa manzillarini, xususan, o‘sha mashhur to‘qnashuv sodir etilgan maskan hamda jang bilan bog‘liq tarixiy hodisalar, tafsilotlarni o‘rganishdan iborat edi. Ekspeditsiya rahbari Zokirjon Mashrabovda mazkur safar to‘g‘risidagi maqsad va rejaning paydo bo‘lishiga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir xabar sabab bo‘lgan edi. Xabarda Rossiyaning Varna tumanida “Temur minorasi”, “Ksene sag‘anasi” degan atamalar bilan nom qozongan tarixiy yodgorlikning barpo etilishiga bois bo‘lgan ma’shuqa qizning Amir Temur avlodi yo haramiga mansubligi aytilgan edi. Ushbu ma’lumot aslida tor doiradagi ilm ahli, muarrixlarga ma’lum bo‘lsa-da, uni hamma bilavermas, boz ustiga, qadimshunoslar ham mazkur dalilga nimagadir e’tibor qaratishavermas edi.

Bobur Mirzo va uning sulolasiga oid har qanday yangilikni ko‘ziga to‘tiyodek suradigan Zokirjon Mashrabovni g‘oyat qiziqtirib qo‘ygan mazkur mujdani esa unga Vahob Rahmon yetkazgandi. Avvaliga fond raisi Vahob aka bilan samolyotda borib-kelishni ham chamaladi, lekin u odatda mo‘ljallagan ishlari, rejalari durustroq salmoq va ahamiyat kasb etishi zarurligini inobatga olib, safarni avtomobilda amalga oshirishni lozim topdi.

Xullas, Zokirjon Mashrabov boshchiligida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Davlat mukofoti laureati Muhammad Ali, filologiya fanlari nomzodi, adabiyotshunos Vahob Rahmon va kaminadan iborat ekspeditsiya a’zolari yosh bo‘lsa-da, tajribali haydovchi Ahmadjon boshqaruvidagi koreyslar “tulpori” Xunday-stareksda “Qaydasan, Varna?” deb, yo‘lga tushdik.

Internet xabarida aytilgan “Temur minorasi”ni topdik. U tuman markazidan chetroqda – bepoyon kengliklar og‘ushida, Novopakrovsk yo‘lidan yuz qadamcha ichkariroqda salobat bilan qad ko‘tarib turardi. Vahob aka yodgorlikni sharhlab, u bilan bog‘liq voqea-hodisalar o‘sha davrda yashagan o‘zbek shoiri Sayfi Saroyining “Suxayl va Guldursun” dostonida qanday tasvirlangani haqida o‘ziga xos hayajonli ohangda batafsil gapirib berdi.

Varna o‘lkashunoslik muzeyida moziygoh xodimlari bilan “Temur minorasi” yuzasidan savollarimizga javob olishga, mazkur yodgorlik to‘g‘risidagi “mish-mish”lar va tarixiy haqiqatlarga oydinlik kiritishga harakat qildik. Tatariston markazida esa Qozon universiteti tarixchi va filologlari bilan o‘zbek-tatar adabiy aloqalari mavzusida bafurja muloqot-munozara o‘tkazdik. Yana, bu suhbatda “Boburnoma”ning 1957-yili turkolog olim I.M.Ilminskiy tomonidan dastlab shu yerda kitobat qilingani va bu nashr asarning London nusxasi bilan birga O‘zbekistonda chop etilgan nashrlarga asos bo‘lganiga alohida urg‘u berildi.

Yuqoridagi uchrashuvlar, muloqot-munozaralarda Vahob Rahmon o‘zbek klassik shoir-yozuvchilari bilan bir qatorda qozoq, rus, tatar adabiyotlarini ham chuqur bilishiga imonim komil bo‘ldi. Sanalgan xalqlarning qaysi namoyandasi ijodi haqida so‘z ketsa yo bir savol tug‘ilsa, Vahob aka boshqalar bilan barobar, balki ulardan ko‘proq ma’lumotga egaligini baralla namoyon etar, har qanday jumboqli, munozarali vaziyatdan ishonchli misollar, dalillar bilan qoqilmay, tutilmay, g‘olibona chiqa olardi. Bunday holatlarda men ich-ichimdan faxr va qoniqish tuyar, Vahob akaning ekspeditsiyaga qo‘shilgani ayni muddao bo‘lgan ekan degan gap ko‘nglimdan qayta-qayta o‘tardi.

Samara viloyatida Sohibqiron bilan To‘xtamishxon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan va Turon mamlakati sultoni g‘alabasi bilan yakunlangan muhoraba bo‘lgan joylarni o‘rganib, o‘sha janglar bilan bog‘liq va boshqa tarixiy dalil, hodisalarni muhokama qilar ekanmiz, Vahob akaning jonajon mamlakatimiz – O‘zbekiston tarixini ham teran bilishi meni lol qoldirardi. Har qanday suhbat-muzokaralarimiz esa o‘z-o‘zidan adabiyot mavzusiga borib tutashar va beixtiyor mushoiraga kirishib ketganimizni ham payqamay qolardik.

Vahob Rahmonni men iste’dodli, o‘z fikrini dadil va dangal ayta oladigan adabiyotshunos olim deb bilardim, uning she’r yozishi, durustgina shoirligidan mutlaqo bexabar ekanman. Hajman ancha yirik falsafiy-lirik she’ri ham, jarangdor ovoz bilan ifodali o‘qishi ham o‘ziga jalb etgulik edi.

Vahob Rahmonga bo‘lgan hurmatim, ixlosimning oshishiga bois bo‘lgan uchinchi omil – uning mumtoz adabiyotimiz, ayniqsa, Alisher Navoiy asarlari nashrlaridagi imloviy, grammatik sahv-u xatolar borasidagi kuyunishlari, jonkuyarligidir. Ma’lumki, daho, mutafakkir shoirimiz satrlari qatlariga jo etilgan tagma’nolarni ilg‘ab olish oson emas. Qolaversa, she’riyat sultoni asarlarida arab, fors va boshqa chet so‘zlar nihoyatda ko‘p qo‘llanishi natijasida ularni uqish, tushunish muammosi yanada og‘irlashadi. Shuncha qiyinchilik va muammo ustiga turli sabablarga ko‘ra so‘zlarning qo‘lyozmalardan va kitoblardan, arab imlosidan kirill harfiga ko‘chirish jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan xatolarga nisbatan (ular shu qadar ko‘p), qo‘polroq bo‘lsa ham dard ustiga chipqon, “xol qo‘yish” iboralarini qo‘llash mumkin. Vahob aka Navoiy asarlarining 10, 20 jildliklarining har bir kitobida minglab xato va yanglish so‘zlar bor desa, dastlabki paytlarda mubolag‘a qilyaptiyov deb o‘ylardim. Bunday xatoliklar borasidagi Vahob Rahmon tuzatishlari va sharhlarining, u kishining ta’biri bilan aytganda “bomba” maqolachalarning bir nechtasini kamina bosh muharrirlik qilgan “Xolis” ijtimoiy-ommabop gazetida ham e’lon qilgan edik. Keyinroq Vahob akaning “Mumtoz so‘z sehri” kitobida keltirilgan, tuzatish-o‘nglashga sabab bo‘lgan xatoliklarga, buning oqibatida kelib chiqadigan yanglish satrlar, fikrlar, obrazlarga guvoh bo‘lgach, to‘g‘risi, yuragim shuvullab ketdi. Nahotki biz, umuman, kitobxonlar, ixlosmandlar Navoiy g‘azallari-yu dostonlarini shu alpozda o‘qiyotgan, o‘rganayotgan bo‘lsak, degan taajjub va taassuf, demak, mazkur asarlarni yaxshi tushunmasligimiz sabablaridan biri ana shu “xol”lar bilan ham bog‘liq ekan-da, degan achinish xayolimdan ketmay qo‘ydi. Mana, bir misol:

Ey Navoiy, gar vafosiz chiqdi
ul Sulton Husayn,
Topding eldinkim,
tilarsen emdi sultondin vafo?!

“O‘sha bayt mazmuniga boqsak, muallif shoir Husayn Boyqaroni ochiqchasiga vafosiz deb haqorat qilmoqda, – deya kuyunib yozadi Vahob Rahmon. – Bunga nima deysiz? Bu usul Alisher Navoiy ruhini qaqshatish emasmi? Holbuki, shoir yozgan edi:

Ey Navoiy, gar vafosiz
chiqti ul sultoni husn,
Topding eldinkim,
tilarsen emdi sultondin vafo?”
(“Mumtoz so‘z sehri”,110-11-b)

Darhaqiqat, Navoiydek betakror, zukko shoir, oqil, donishmand inson o‘zining umrlik do‘sti-qadrdoni, boz ustiga, uni yuksak mansab-martabalar va boshqa g‘amxo‘rliklar bilan siylab yurgan, ijodi va nomini hamisha izzat-ikromda tutgan yurt podshohi sha’niga shunday ta’na, ayblov bitishi mumkinmidi? Eng achinarlisi, mazkur buzuq bayt va boshqa xatolar ikki asrdan beri kitobdan kitobga, barcha oliy, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari talabalari-yu maktab o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan darsliklar, qo‘llanmalarda ham biridan ikkinchisiga o‘tib kelayotgan ekan.

Ehtimol, bu “xol qo‘yish”larda faqat matnshunoslarninggina emas, boshqa mas’ul shaxslar – noshir, muharrir, musahhihlarning ham “hissasi” bordir, ammo qay birini oqlab bo‘ladi va kim aybdor, kim zahmatkashligining asliyatdan mutlaqo bexabar bechora kitobxonga qanday ahamiyati bor? Balki, ko‘hna imloning zer-u nuqtalari olimlarga, tadqiqotchilarga ko‘p pand bergandir, zahmat-u tashvishlar keltirgandir, ammo sho‘ring qurg‘ur o‘qiguvchida nima gunoh?

Navoiy asarlari asliyatidagi, aytaylik, “eng” (yonoq) so‘zini “yeng” (kiyimning yengi), “ma’man” (maskan)ni “ma’ni” (ma’no), “oytti” (aytti)ni “oyati”, “babr”…ni “bir”, “yog‘ib”…ni “yo g‘ayb”, “hamul”…ni “ham ul”, “mehr”…ni “hajr”, “bir Bilol”…ni “pur hilol” (va hokazo) tarzida, mazmuni butunlay teskari qilib ko‘chirilgan besanoq xatolarni o‘qigach, bechora Vahob akaning quyidagi faryodi sababi, ma’nisini anglaganday bo‘ldim. U bir jurnalistning “Vahob aka, siz tajribali matnshunossiz. Matnlarni ayovsiz tanqid qilasiz… Nahotki ular shunchalik tanqidga loyiq bo‘lsa?” degan savoliga javoban shunday degan ekan:

“…Nashrga tayyorlovchilar matn mazmunini idrok etolmasalar, matnni eski yozuvdan buzib ko‘chirsalar, har bir kitobda yuzlab xatolar uchrasa, men dod demay, kim dod desin?!” (Yuqoridagi kitob, 110-b.)

Ha, bu “dod” ulug‘ ajdodlarimiz ijodining kitobxonlarga, xalqqa aslidagiday, benuqson yetkazish, ularda noto‘g‘ri tushuncha va tasavvur yuzaga kelmasligi uchun sidqidildan qayg‘urgan, kurashgan fidoyi olimning faryodidir.

Albatta, mumtoz adabiyotimiz namunalarini yaxshi niyatlar bilan, katta zahmatlar ila nashrga tayyorlashdek juda mas’uliyatli, xayrli vazifani ado etganlarga minnatdorlik bildirish va ular sha’niga tahsinlar aytishga burchlimiz. Zero, besh-olti asr ilgari bitilgan katta hajmdagi, balki ayrimlari bir qadar eskirgan qo‘lyozmalarni o‘qish, so‘zma-so‘z o‘zga imloga ko‘chirish serdiqqat, mashaqqatli yumush ekanligini, bunday serko‘lam va murakkab ishlarda ancha-muncha xatolar, anglashilmovchiliklar, kamchiliklar bo‘lishi tabiiyligini yaxshi anglaymiz, lekin gap shundaki, xatolar “ancha-muncha” degan qolipdan oshib-toshib ketgan va fikri ojizimizcha, Vahob Rahmon tuzatishlari ana shu ishlarga sifat, mukammallik bag‘ishlashi nuqtayi nazaridan baholanishi maqsadga muvofiq edi.

Illo, anglashimizcha, hazrat Navoiy ruhidan, kitobxonlar ommasidan uzr so‘rash o‘rniga, tuzatguvchiga, o‘nglovchiga, asliyatni tiklovchiga rahmat aytish, tashakkur-u minnatdorlik bildirish o‘rniga, ba’zilar undan ranjiydi, xuddi arpasini xom o‘rib qo‘ygandek, unga yovqarash qiladi, tag‘in, hech xijolat chekmay, “bu (biz nashrga tayyorlaganlarimiz) – bizning Navoiyimiz, u (siz tuzatgan variantdagi) – sizning Navoiyingiz”, deyishdan ham tap tortmaydilar (Axir, Vahob aka yozganiday, rostdan ham olimning xatosi – olamning xatosi-ku!) Bu pichingli munosabatlarga esa, nazdimda, Vahob aka yuzlaridan deyarli arimaydigan mayin tabassumi bilan javob qaytaradi.

Ammo o‘zga holatlardagidan farqlanuvchi ushbu jilmayish zamirida, shubhasiz, andak quvlik bilan birga, achinish hissi ham yo‘q emasligini ola qarovchilarning o‘zlari ham juda yaxshi anglasalar kerak. Ehtimolki, Vahob Rahmon o‘z uslubidan kelib chiqib, tanqidiy fikrlarini “xushxo‘rroq” qilish uchun istehzo qalampiridan bir-ikki chimdim ziyodroq qo‘shib yuborar, lekin haqiqat shuki, uning tuzatishlari, niyati muhim va o‘ta zarur – mumtoz adabiyotimiz namoyandalari ijodini ixlosmand-kitobxonlarga mumkin qadar bexato yetkazish, hazrat Navoiy ruhiga esa ozor yetkazmaslikdir.

So‘zni muxtasar qilsak, Vahob akaning kamtarlik, kichikko‘ngillik, odamoxunlik, yaqinlariga sadoqat, oliyjanoblik kabi insoniy sifatlari, kaminaga yo‘llagan maktublaridagi do‘stona mehr tuyg‘ulari meni bu fidoyi navoiyshunos, boburshunos va matnshunos olimga oshno etgan, hurmatimni ziyoda qilgan omillarning a’lolaridandir. Ushbu bitikni ham Vahob akaning menga yozgan nomalaridan biridagi, keyingi paytlarda o‘ta muhim va og‘riqli masalaga aylangan mavzuga oid quyidagi gaplari bilan yakunlasam:

“Olamda odamni Ilm kabi ulug‘laydigan bebaho kashfiyot bo‘lmaydi. Buni keng ma’noda ijod desak, balki to‘g‘riroq bo‘lar. Kitob insonga baxt uchun kerakligini, ulug‘ baxt uchun zarurat ekanligini insoniyat balki tushunib yetolmas. Tushunib yetganlari esa bir umr baxt sohibi bo‘ladilar. Kitobxon odam, menimcha, hamisha baxtiyordir.

Kitob o‘qimaydigan odam yorug‘ olamda ko‘zi so‘qir kimsa kabi zimistonda yashaydi. Holbuki, ko‘zi ochiqlarning ko‘ngil ko‘zlari ochiqdir. Chunki kitob o‘qimaydigan odam so‘qirdan tubanroq turadi. Ularga Allohning rahmi kelmagani shu – kitob o‘qimaslikdir. Chunki Navoiy “Alloh odamni ma’rifat uchun, ya’ni o‘qish uchun yaratdi” deganlar. Ma’rifat yaratish esa eng oliy baxtdir”.

Qamchibek KENJA,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi

“Jadid” gazetasining 2025-yil 18-iyuldagi 29-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img86

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img599