23.09.2024 | 11:20
550
MILLAT IFTIXORIGA AYLANGAN DAHO
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakat ziyolilari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardan birida Mirzo Ulug‘bekka baho berar ekan, “Qaysi millat, qaysi xalq Mirzo Ulug‘bekday siymosi borligi bilan g‘ururlana oladi, uning buyuk ishlari bilan faxrlana oladi?”, deb ta’kidlagan edi. Jahonda o‘zining ilmiy kashfiyotlari bilan tabiat va jamiyat qonunlarini ochib bergan olim va tadqiqotchilar son-sanoqsiz. Lekin insoniyat taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan daholikka da’vogar shaxslar ko‘p emas.

Mirzo Ulug‘bek hech shubhasiz, ana shunday xalqaro miqyosda tan olingan daho hisoblanadi. Prezidentimiz Mirzo Ulug‘bekka baho berganida aynan shuni nazarda tutgan edi.
Mana bir necha asrdan beri Mirzo Ulug‘bek vatanimizni dunyoga tanitib kelmoqda. Uning bunday roli, ayniqsa mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin alohida ahamiyat kasb eta boshladi. Haqiqatdan ham dunyo xaritasida 1991-yilda paydo bo‘lgan yangi davlatda qanday xalq yashaydi, ular kimning vorislari, degan savolga “Biz Ahmad Farg‘oniyning, Muhammad Xorazmiyning, Abu Rayhon Beruniyning, Ibn Sinoning va, albatta, Mirzo Ulug‘bekning avlodlarimiz” deb baralla gapirish imkoniga ega bo‘ldik. Ulug‘ ajdodlarimiz qatorida ham buyuk davlat arbobi va islohotchi, qomusiy olim, ustoz hamda iqtidorli bunyodkor bo‘lgan Mirzo Ulug‘bekning o‘rni alohida.
Yurtimizdagi ko‘plab aholi yashash maskanlari, ta’lim muassasalari, jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti, poytaxtimizdagi yirik tuman Mirzo Ulug‘bek nomi bilan atalgan. Mamlakatimiz va xorijda uning muazzam haykallari o‘rnatilgan.
Lekin Mirzo Ulug‘bekning hayoti va faoliyatini har tomonlama o‘rganish va ommalashtirish borasida oldimizda hali muhim vazifalar turibdi.
Kuni kecha mamlakat Prezidentining “Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori aynan shu muhim vazifani yechishga qaratilgan. Qarorda qator chora-tadbirlarni amalga oshirish ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, “Jahon tamadduni rivojida Mirzo Ulug‘bek ilmiy-ma’rifiy merosining o‘rni va ahamiyati” mavzusida ilmiy-adabiy uchrashuvlar o‘tkazish, yoshlar teatr-studiyalarida Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyatiga oid spektakllar sahnalashtirish, allomaning ilmiy-ma’rifiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali axborot vositalarini, media mahsulotlar va audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, internet hamda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari, madaniy markazlari, vatandoshlar jamiyatlarida Mirzo Ulug‘bekning davlat arbobi sifatidagi faoliyati va ilmiy-ma’rifiy merosi, uning insonparvarlik g‘oyalarini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida ilmiy anjumanlar va davra suhbatlari tashkil etish ham alohida ta’kidlab o‘tilgan.
Qarorda Samarqand shahrida 2024-yil 10–11-oktyabr kunlari “Mirzo Ulug‘bek: buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya o‘tkazilishi belgilangan. Samarqand observatoriyasi faoliyat ko‘rsatgan davrdan beri olti asr davomida unda erishilgan ilmiy natijalar oldin Sharqda, XVII asrdan boshlab esa Gʻarbda o‘rganilib kelinmoqda. Lekin buyuk alloma merosining boshqa ko‘plab qirralari hali to‘la ochilgani yo‘q. Bu oson ish emas, albatta. Chunki u o‘rta asr qo‘lyozmalari bilan ishlashni, chuqur tahliliy yondashuvni talab etadi. Shuning uchun Samarqandda bo‘lib o‘tadigan anjumanga jahonda e’tirof topgan ayni sohaning yirik mutaxassislarini jalb etish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, anjumanni o‘tkazish orqali buyuk vatandoshimizning umumbashariy ilm-fan va ta’limni rivojlantirishdagi roliga yana bir bor jahon hamjamiyati ziyolilarining e’tiborini qaratish rejalashtirilgan.
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga allomaning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida chop qilish, “To‘rt ulus tarixi” nomli tarixiy asarining o‘zbek tiliga tarjimasini qayta nashr etish topshirilgan. O‘z vaqtida Mirzo Ulug‘bekning shogirdi Ali Qushchi Samarqand observatoriyasida yaratilgan shoh asar – “Ziji jadidi Ko‘ragoniy”ni Istanbulga olib borgan va uni ko‘p nusxada ko‘chirtirib, Usmoniylar davlatidagi barcha madrasalarga tarqatgan. Bu ish asarning yanada mashhur bo‘lishi va Yevropaga tarqalishida muhim ahamiyat kasb etgan. Bugungi kunda bu asar mamlakatimizdagi barcha kutubxonalar va resurs-markazlarining eng markaziy kitob javonlarining to‘rida turishi kerak. Zero, barcha yoshlarimiz unga qayta-qayta nazari tushib, buyuk ajdodimiz asaridan ilhom olsin.
Qarorda nazarda tutilgan yana bir muhim tadbir bu – “Osmon toqiga qo‘yilgan narvon” nomli badiiy-publitsistik film taqdimotini tashkil etishdir. Mazkur filmda AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya olimlari tomonidan Mirzo Ulug‘bekning buyuk merosini va uning jahon ilm-fani rivojidagi o‘rni va rolini ochib berishga harakat qilingan. Kinoasarning badiiy qismida jahonning mashhur kinoyulduzlari Armand Assante (Mirzo Ulug‘bek rolida), Vinsent Kassel (voqealarni taqdim etuvchi) hamda o‘zbek aktyorlaridan Ma’ruf Otajonov (Amir Temur rolida), Javohir Zokirov (Abdulatif rolida) ishtirok etishgan. Kinofilm dastlab ingliz tilida tayyorlanib, bir qator kinofestivallarda namoyish etilgan. Endilikda ushbu filmni o‘zbek tilida keng jamoatchilikka taqdim etish vaqti keldi.
Prezidentimizning ushbu tarixiy qarori millatimiz iftixoriga aylangan daho – Mirzo Ulug‘bek shaxsini va merosini yana bir bor jahon ziyolilari hamjamiyatiga va aholimizning keng qatlami, ayniqsa yoshlarimizga ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha zaruriy chora-tadbirlarni qamrab olgan. Biz olimlar, o‘qituvchi-professorlar, jurnalistlar hamda barcha ziyolilarning burchi mazkur qarorda belgilangan mavjud tadbirlarni yuqori darajada amalga oshirishdan iboratdir.
Shuhrat EGAMBERDIYEV,
O‘zR FA Astronomiya instituti direktori,
akademik
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 39-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



