26.04.2024 | 10:43
737
MOTIVATSIYA

So‘nggi paytlarda “motivatsiya” so‘zi tez-tez quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Ushbu o‘rinda “motivatsiya” haqida yozish uchun esa menga bir do‘stimizning yaqinda e’lon qilingan maqola tagida qoldirgan izohi “motivatsiya berdi” (sabab bo‘ldi // asos bo‘ldi // ruhlantirdi // ilhomlantirdi // undadi // turtki bo‘ldi). Mazkur jumlada “motivatsiya” o‘rnida qavs ichidagi biror so‘zni qo‘ysam ham tushunarli bo‘lardi, lekin shu so‘zni ishlatgim keldi.
Xo‘sh, “motivatsiya”ni o‘zbekchalashtirish mumkinmi? Faqat bir muammo bor, “motivatsiya” – bu avvalo ilmiy atama. Atama, istilohlar ko‘pincha tarjima qilinmaydi.
Ilgari tilimizda fransuzchadan rus tili orqali o‘tgan “motiv” (“motif”) so‘zi ishlatilardi. “Motiv”ni ham adabiy atama sifatida taniganmiz, xususan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da unga shunday izoh berilgan: “motiv [р<фр] – syujetning tarkibiy elementi, asarning asosiy mazmuni, mavzui” (O‘TIL.I.1981.472-bet). “Falonchi adib ijodida vatan motivlari”, “falonchi shoir she’rlarida sevgi motivi” qabilida aytilardi.
Rus tilida esa “motiv” nisbatan kengroq ma’nolarda qo‘llangan. Xususan, “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da “motiv”ning asosiy ma’nolari sifatida: “sabab, bois, vaj” so‘zlari keltirilgan. Misol: “по личным мотивом – shaxsiy sabablarga ko‘ra” (RO‘S.I.1983.573-bet). Bundan tashqari, rus tilida sovet davrida “мотивироват” (“asoslamoq, dalil keltirmoq”) fe’li; “мотивировка” (“asoslar, dalillar, vaj-sabablar”) so‘zi ham yasalgan.
“Motiv”ning fransuzcha shakli – “motif” va unga fransuzcha “Larousse” lug‘atida: “nimadir qilishga, harakatga undaydigan sabab, intellektual omil” deb izoh berilgan. Umuman, “motif” lotincha: “harakatga keltirish, ko‘chish” ma’nosidagi “movere” so‘zidan kelib chiqqan.
Xullas, “motivatsiya” (fr. “motivation”) ana shu “motiv” so‘zidan yasalgan va u “Larousse” lug‘atida: “1. biror-bir ish-harakatni izohlovchi, ta’minlovchi, yuzaga chiqaruvchi omil, sabablar (motivlar) majmui…”, deb izohlangan. Albatta, “motivatsiya”ga berilgan izohlar lug‘atda yana davom etadi, ammo bu atamaning asosiy ochqichi – bu uning “motivlar majmui” ekanligi. Bundan tashqari, falsafa, ruhshunoslik, iqtisodiyot, tilshunoslik va boshqa fanlarda “motivatsiya” ilmiy atama sifatida turli qo‘shimcha ma’nolarga ega.
Yuqorida biz “motiv” so‘zining lug‘aviy ma’nosi: “harakatga keltirish, ko‘chish” ekanligini aytib o‘tdik, ya’ni, “motiv”, “motivatsiya” deganda biz shunchaki sabab, vaj, omillarni emas, balki “harakatga keltiruvchi”, biror ish-harakatni yuzaga chiqarishga undovchi sabablarni tushunamiz. Deylik, sizda biror joyga sayohatga borish uchun xohish, mablag‘, vaqt, imkoniyat, xullas, barcha omillar bor, bu sabablar sizni harakatga undaydi, ruhlantiradi, boshqacharoq aytganda, sizga motivatsiya beradi. Aksincha, mazkur omillar bo‘lmasa, tabiiyki, motivatsiya ham bo‘lmaydi. Yoki sizning uquv va bilimlaringiz imkoniyatingiz darajasidagi sohani tanlashga ilhomlantirishi (motivatsiya berishi) mumkin.
Fransuzcha gapiruvchilar oddiy so‘zlashuvda “motivation”ga nisbatan ko‘proq “motiver” va “motivé” so‘zlarini qo‘llaydi. “Motiver” fe’li – “sabablar bilan asoslangan” ma’nosiga ega, rus tilida ham unga munosib – “мотивироват” fe’li yasalgan, ammo o‘zbek tiliga bu fe’l o‘zlashmagan; “motivé” so‘zi esa – sifat – “asoslarga (motivatsiyaga) ega” degan ma’no bildiradi, rus tiliga bu so‘z – “мотивированный” bo‘lib o‘tgan (“un homme motivé” – “мотивированный человек”). O‘zbek tilida “motivli” yoki “motivlamoq” deyilmaydi va bunga hojat ham yo‘q. Yuqorida guvohi bo‘ldikki, o‘zbek tilida busiz ham fikrni to‘laqonli ifodalash mumkin. Alqissa, “motivatsiya” so‘zi hozirda tilimizga shiddat bilan kirib kelayotgan ekan, uni duch kelgan joyda emas, menimcha, ehtiyoj bo‘lganda ko‘proq ilmiy atama sifatida ishlatgan ma’qulroq, toki u jonli tilimizda shu paytgacha ishlatib kelgan so‘zlarimizni siqib chiqarmasin.
Abduvohid HAYIT
“Jadid” gazetasi 2024-yil 19-aprel 17-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596