10.04.2024 | 21:45
630
“MOʻLJAL”

“Bir ishni oldindan moʻljallash”. Bu soʻzning hozirgi tilimizdagi feʼl shakli – “moʻljallamoq”, ammo qadimda “bolja-(moq)” shakli boʻlib, “biror ishni oldindan belgilash, joy va vaqtni kelishib olish” kabi maʼnolarni bildirgan. Koʻpchilik mutaxassislar bu feʼlni asli moʻgʻulcha deb taxmin qiladi. Chindan ham, hozirgi moʻgʻul tilida ayni shu maʼnoni bildiruvchi – “bolju” (bolju) feʼli bor, qizigʻi shundaki, “Moʻgʻul tillari etimologik lugʻati”da moʻgʻulcha “bolju” oʻz navbatida turkiy “bol-” (“boʻlmoq”) oʻzagidan yasalganligi aytiladi (ESMYA.T.I.M.2015.97-b.). Bundan esa “moʻljal”, “boljol” yoki “bolja” moʻgʻulcha emas, turkcha negizga ega ekanligi ayon boʻladi.
Qadimgi turkiyda ikkita “bol-” arxetipi boʻlgan. Ulardan biri – hozirgi tilimizdagi “boʻlmoq” feʼli boʻlib, barcha turkiy tillar, shuningdek, moʻgʻul tillari, qolaversa, Uzoq Sharqdagi baʼzi tillarda ham “bol -” oʻzagi bir xil maʼnolarda qoʻllanadi (Oʻgʻuzlarda oʻrta asrlarda mazkur oʻzakning birinchi tovushi – “b” tushib qolib, “boʻl-” – “oʻl”ga aylangan va hozir ham oʻgʻuz lahjalarida “oʻlmak” shaklida ishlatiladi. Ammo keyinchalik “oʻlmak” shakli ham oʻgʻuzlardan tilimizga qaytib kelgan, shu bois, ayniqsa mumtoz adabiyotimizda “boʻlmoq” bilan birga “oʻlmak”ka ham koʻp duch kelamiz).
Qadimgi turkiydagi ikkinchi “bol-” esa: “topmoq, izlamoq, istamoq, erishmoq, yetishmoq” kabi maʼnolarni bildirgan. Lekin bu shakl hozir tilimizda saqlanmagan. Mahmud Koshgʻariy “Devon-u lugʻotit-turk”da unga: “Boldї – topdi”, – deb izoh beradi
(DLT.II t.T.1961. 30 b.). Ahmad Yugnakiydan oʻqiymiz: “Bilig bil saadat yolini BOLA”, – maʼnosi: “Bilim bil, saodat yoʻlini IZLA”. Yoki “Qutadgʻu bilig”da shunday deyiladi: “Koʻngil arzusin BOLsa oʻzka tatigʻ”, – maʼnosi: “Koʻngil orzusiga ERISHSA, oʻzi uchun yoqimlidir”.
“Moʻljal” (“boljol”) ham “istalgan, izlangan” maʼnolariga yaqin, shu bois, bizningcha, “bolja” feʼli, “Moʻgʻul tillari etimologik lugʻati”da taʼkidlangani kabi “boʻlmoq” maʼnosidagi turkcha “bol-”dan emas, balki biz yuqorida keltirgan “topmoq, istamoq, izlamoq, erishmoq” maʼnosidagi ikkinchi “bol” oʻzagidan yasalgan. Qiyoslang: “bolja-” – “ista, tanla”, “boljol” – “istalgan, tanlangan”.
Bu soʻz garchi turkiy oʻzakka ega boʻlsa-da, “bolja-” feʼli va “boljol”, chamasi, moʻgʻul tilida shakllangan. Har holda, bu soʻzni aynan “boljal” shaklida biz uchratgan eng qadimgi manba bu – “Moʻgʻullarning sirli tarixi” asari boʻlib, asarning 184-paragrafida: “bolǰal” – “oldindan kelishilgan, moʻljallangan joy” maʼnosida qoʻllangan (Pelliot P. Histoire secrète des Mongols, §184.r.63.. P.Pelleo transkripsiyasi).
Mumtoz adabiyotimizda biz koʻproq bu soʻzning “buljor” shakliga duch kelamiz. Xususan, Navoiy asarlarida ham “buljor” – “qoʻshin yurishga otlanganda toʻplanish manzili, toʻplanishga vaʼda vaqti” maʼnolarida koʻp uchraydi. “Saddi Iskandariy”dan bir misra: “Chu yettuk aning joru buljoriga”, – maʼnosi: “Nihoyat, jang qilish vaʼdalashilgan joyga yetdik”. Qizigʻi shundaki, “buljor” – oʻtgan asrlarda asosan harbiy atama sifatida qoʻllanilgan.
Harbiy atama sifatida “buljor”ning “Boburnoma”da qoʻllanishi diqqatga sazovor: “Javongʻor va gʻul oʻz buljorlaridin yakdast toʻra kiyurub, shotu qoʻyub yopishtilar”(162-b.), – maʼnosi: “Qoʻshinning soʻl va markaz qismlari oʻz turgan joylari (pozitsiya)laridan hamjihatlik bilan toʻra (qalqon) va narvonlar qoʻyib (devorlarga) yopishdilar”. Ushbu oʻrinda “buljor” – hozirda harbiy atama sifatida qoʻllaniladigan fransuzcha soʻz – “pozisiya” maʼnosida kelgan. Umuman, “Boburnoma”da asar davomida “buljor” soʻziga 30-40-marta duch kelamiz, baʼzi oʻrinlarda bu soʻz: “pozitsiya, qoʻshin turgan joy”, baʼzi oʻrinlarda: “kelishilgan vaqt, uchrashish vaʼdalashilgan joy”, “muddat” kabi maʼnolarda ishlatilgan. Shuningdek, Bobur uch oʻrinda bu soʻzni “moʻljor” shaklida ham qoʻllaydi (“moʻljor qoʻporib, yer yasamoq uchun” 256-bet) va har gal bu soʻz toʻplarning oldiga toʻsiq qilib tuproq uyub doʻnglik hosil qilishga nisbatan ishlatilgan (Boburnoma.T.2002.).
Abduvohid HAYIT
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596