01.10.2024 | 13:33
991
MUALLIM SHAKURIY IZTIROBLARI
Asrimiz boshidagi Samarqand muhitining tarixi qiziqarli, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy iqlimi g‘oyatda fayzlidir. Zotan, “Turkiston ma’rifatchilarining otasi” nomini olgan Mahmudxo‘ja Behbudiy hazratlari ayni shu zamon va zamin farzandidir. Uning tegrasida yig‘ilgan ziyolilar esa Turkiston o‘lkasida qudratli ma’rifiy harakatlarni boshlab bergan atoqli shaxslar edi.

Shulardan biri mashhur jadid muallimi Abduqodir Shakuriydir.
Abduqodir Shakuriy Samarqandning Rajabamin qishlog‘ida 1901-yili birinchi yangi usuldagi maktab ochgan shaxs. Bu yangilik ham biryoqlama qarashli yerli kimsalar, ham chor ma’murlari tomonidan juda ko‘p qarshiliklarga uchragan.
Shu sababli maktabdor o‘z maktabi manzilgohini tez-tez o‘zgartirib, ko‘chib yurishga majbur bo‘ladi. Biroq maktab aynan bolalarni tezda savodxon qilish jihatidan, yuksak darajada diniy va dunyoviy bilim berishi bilan nafaqat Samarqand atrofida, balki butun Turkistonda ma’lum-u mashhur edi.
Mo‘min Fattoyevning “Atoqli pedagoglarimiz” kitobida yozilishicha, 1923-yil Abduqodir Shakuriy nomi 20 yillik faoliyatining e’tirofi sifatida “Pravda” gazetasida sobiq ittifoqdagi 27 nafar eng ilg‘or pedagog qatorida sanab o‘tiladi. Ularning o‘n beshtasi e’zozlanib, turli mukofotlar beriladi, jumladan, Abduqodir Shakuriyga ham. 1926-yili “Maorif va o‘qituvchi” jurnalining “Tarjimayi hol” ruknida bosilgan Tursunqulning “25 yillik pedagog” maqolasida: “Chorak asrlik pedagogimiz Shakuriyga biz ko‘p narsalar qilsak arziydir. Shakuriyning xizmati butun boshqachadir. Shakuriy 25 yil amalda ishlagandir. U o‘z ishining mevalarini bizga taqdim etkan, yana etmakdadir. Zamonida hech bir ochiq fikrli, Samarqandning hech bir jadidi bu qadar tahdid etilmagan, ranjitilmagandir. Chunki uning maktabi yangi, savodli, bilimli, ongli kimsalar yetishdirdi. U har yil xurofot va nodonliq o‘rdusining oldig‘a yangi kuchlar tayyorlab tizdi”, degan muhim fikrlar bayon qilinadi.

Bu e’tirof muallimning obro‘-e’tiboriga munosib edi, albatta. Ammo bizdagi tasavvur mustabid tuzum Shakuriyni ardoqlagan, mukofotlagan, hurmat-izzatini joyiga qo‘ygan tarzida qotib qolishi aslo mumkin emas. Mukofotlagan ham, bir kun kelib qon qaqshatgan ham. Faktlar o‘jardir. Haqiqiy mudhish manzaralarni namoyon qiladigan dalillar sun’iy shohona liboslarni xush ko‘rmaydi.
Sobiq GPU hujjatgohida P-13856-raqamli “Abdusaidov Q.H. va boshqalar” degan ikki jilddan iborat hujjatlar taxlami saqlanadi.
Undan tergovga tortilgan Qozi Haydarbek Abdusaidov, Toppeldi Rahmonberdiyev, Abubakir Abdulxayrov, Abduaziz Abdug‘afforov, Kamoliddin Husanov, Mirzaxo‘ja O‘rinxo‘jayev, Rojiy Nazretdinov, To‘laboy Jo‘raboyev, Sulton Haqberdiyev, Zayniddin Nazretdinov kabi shaxslar qatorida o‘n birinchi bo‘lib Abduqodir Shakuriyga doir hujjatlar ham o‘rin olgan.
1937-yilning 5-avgust kuni kichik leytenantlar – Xotyakov, Afanasev imzolari bilan Abduqodir Shakuriy domla O‘zbekiston SSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-bandi bo‘yicha ayblanib, uni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqariladi.
Mudhish “uchlik”ning tartibiga binoan 1937-yil 7-avgust kuni bo‘lgan tergovda Shakuriy o‘z tanish-bilishlaridan 3-4 kishining nomini sanab beradi.
Darvoqe, rasmiy tergov bayonnomasida muallimning 1875-yili Rajabamin qishlog‘ida tavallud topgani, o‘sha joyda yashayotgani qayd etilgan edi. Oilaviy sharoitiga doir ma’lumotlardan esa quyidagilarni o‘qiymiz: xotini Muyassara 38 yosh, qizi Muattara 18 yosh, o‘g‘illari – Tal’at 16 yosh, Midhat 13 yosh, Rif’at 6 yosh, Nuzhat 1 yosh. (Abduqodir Shakuriyning avlodlari hozirda Samarqandda istiqomat qiladi. Mazkur ro‘yxatdagi ismlar hujjatda qanday bitilgan bo‘lsa, shundayligicha olindi – B.K.).
Muallim ikkinchi marta 1937-yil 29-avgust kuni tergov qilinadi. To‘g‘risi, hujjatlarga qarab bu maxfiy jarayonning ikir-chikirlarini to‘la-to‘kis tasavvur etish qiyin, ammo nimalarnidir sezish mumkin. Har holda haqiqat uchqunlarini, ayrim manba-dalillar ahamiyatini nazarda tutgan holda o‘sha kundagi nisbatan batafsil yozilgan savol-javob jarayonini aziz o‘quvchilar hukmiga havola qilish o‘rinli deb bildik:
– Sizning otangiz kim? Uning tomorqasi qancha edi va unda kim ishlagan? Otangiz qachon vafot etgan?
– Mening otam mulla-imom edilar, 20 tanobcha yeri, sigiri, otlari bor edi. Ammo ularning sonini hozir eslay olmayman. Uning yeriga kimlar ishlov bergani ham esimda yo‘q.
Otam – 1884-yili, ya’ni men 9 yoshdalik paytimda vafot etgan.
Onam – bibixalfa musulmon maktabida muallima edi. Maktabni o‘z uyimizda ochgan. Unda yoz oylari 70 ta, qishda 30 ta bola tahsil olardi. Onam 1914-1915-yillari (hujjatda negadir shu tarzda noaniq yozilgan – B.K.) vafot etdi.
– Siz inqilobdan oldin va undan keyin nima bilan mashg‘ul bo‘lgansiz? Sizning tomorqangiz – xo‘jaligingiz qanday edi?
– Men avval onamdan tahsil oldim. So‘ngra Tillaqori hamda Orifeshonboy madrasalarida o‘qidim. Musulmoncha o‘rta ma’lumot olgach, Samarqandda ma’rifatchi maktabi ochishga qaror berdim va shu maqsadda Qo‘qonga bordim. U yerda O‘rta Osiyodagi yagona – birinchi jadid maktabi bor edi. (Bu maktab 1898-yili tatar ziyolisi Salohiddin Majidiy tomonidan ochilgan. Shakuriy shu maktabni borib ko‘rgan – B.K.) O‘n kun davomida maktab bilan tanishdim. Samarqandga kelib Rajabamin mahallasida maktab ochdim. Bu Samarqand bo‘yicha birinchi, O‘rta Osiyo bo‘yicha ikkinchi jadid maktabi edi. Xullas, men Samarqanddagi birinchi jadid maktabining tashkilotchisi edim. Maktabda 150 tacha bola tahsil olardi. Tomorqam yo‘q edi.
Inqilobdan so‘ng uch tanob bog‘im, bir sigir-buzoq va bitta eshagim bor edi.
– Maktab ochgandan so‘ng siz yana qayerlarga bordingiz?
– Men maktabni ochganimdan so‘ng 1903-yili Orenburg, Qozon shaharlariga, 1911-yili Turkiyaning Istanbul shahriga bordim. Istanbulda ikki yarim oycha turib jadid maktablaridagi o‘qitish tartiboti bilan tanishdim.
Shu o‘rinda muallimning xos shogirdlaridan Vadud Mahmud qalamiga mansub Abduqodir Shakuriyning Istanbul safari bilan bog‘liq xotirani yana yodga olish zarur. Muallim Istanbulda turkistonlik talabalar bilan, jumladan, allaqachon mashhur bo‘lib ulgurgan Abdurauf Fitrat bilan tanishadi. Yurtiga qaytishda uning “Sayha” she’rlar majmuasidan bir necha o‘n donasini choponining astari orasiga joylab, chor ma’murlariga sezdirmasdan chegaradan olib o‘tadi. Muallimning shu sa’y-harakati tufayli “Sayha” Turkiston talabalari hamda ziyolilari orasida keng tarqaladi. Muallimning ma’rifatparvarlik jasoratiga tahsin aytamiz va bir oz tin olib, yana tergov hujjatlariga qaytamiz.
– Siz keyingi paytlarda nimalar bilan shug‘ullanmoqdasiz va maktabdagi faoliyatingiz qancha davom etdi?
– Mening ma’rifatchi maktabim 1925-yilgacha faoliyat ko‘rsatdi, so‘ng yopildi. Shahar maorif bo‘limi uch yillik maktablar ochdi. Keyinchalik men bog‘bonlik bilan shug‘ullandim. Uch tanob bog‘im bor. Bog‘da o‘zim ishlayman. Har yilgi mavsumda yordamchi ham yollayman. 1937-yili mening bog‘imda Allaberdi Mavlonberdiyev ishladi. Mevalarni bozorda o‘zim sotaman.
Demak, Shakuriy domla umrining o‘sha mash’um onlariga qadar uzluksiz muallimlik qilgan emas. Balki jismoniy mehnat bilan mashg‘ul bo‘lgan. El-yurt boshiga, ziyolilar faoliyati ustiga balo-qazodek yopirilib kelgan va zulm-zo‘ravonlik asosida o‘zini mustahkamlayotgan sovetlar hukumati-stalinizm siyosati shakuriylarning jadidona faoliyati va umuman erkin nafas olishi uchun imkon bermaydi. Bu tarixiy haqiqat. Zotan, Shakuriy muallimning “aksilinqilobiy harakatlari” 1937-yilning o‘ziga kelib paydo bo‘lib qolmadi. Hujjatlarning guvohlik berishicha, maxsus tayinlangan “ko‘z-quloq”lar 1923-1924-yillardan boshlaboq muallimning har bir bosgan qadami yuzasidan kerakli tashkilotlarga ma’lumot yetkazib turadi. Ma’lumotlar Shakuriy domlaga doir taxlamlardan o‘rin olavergan va hatto sobiq o‘quvchilari bilan bo‘lgan munosabatlar, gap-gashtak mehmondorchilik yoxud ziyofatlar ham “ko‘z-quloq”lar nazaridan chetda qolmagan.
– Siz sobiq o‘quvchilaringizdan kimlar bilan qanday aloqada bo‘lgansiz?
– Sobiq talabalarimning hech biri bilan hech qanday aloqam yo‘q. Kim bilan uchrashsam, salomlashaman, xolos.
– Hamroqulbek Rajabov va uning oilasi bilan bog‘liq munosabatlaringiz to‘g‘risida so‘zlang.
– Hamroqulbek Rajabov rajabaminlik, mening maktabimda o‘qigan, mening tarbiyalanuvchim. Biroq hozirgi kunda u bilan ham hech qanday aloqam yo‘q. Mening bilishimcha, Hamroqulbek bosmachilarga boshchilik qilgan, bu harakatga barham berilgach, Afg‘onistonga qochib o‘tgan. Bundan boshqa narsani bilmayman.
– Siz aksilinqilobiy, millatchilik tashkiloti “Milliy Ittihod”ga qachon kirgansiz va sizni bu tashkilotga kim jalb qilgan edi?
– Men “Milliy Ittihod” a’zosi bo‘lgan emasman, meni bu tashkilotga hech kim jalb qilmagan va hatto men bu haqda eshitmaganman.
– 1937-yil 7-avgustda qabul qilingan qarorda sizga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha o‘zingizni aybdor hisoblaysizmi? (Bu qarorda Shakuriy aksilinqilobiy millatchilik tashkiloti “Milliy Ittihod” a’zosi, antisovet targ‘ibotchi sifatida O‘zSSR Jinoyat kodeksining 66-moddasi 1-bandi bo‘yicha ayblanadi – B.K.).
– Menga qo‘yilgan ayblarni mutlaqo tan olmayman…
Savol-javoblar oxirida mazkur tergovnoma “aybdor” so‘zlaridan to‘g‘ri yozilgani va o‘rischaga to‘g‘ri tarjima etilgani xususida Abduqodir Shakuriyning arabiy imlodagi imzosi bor. So‘ngra kichik leytenant, tergovchi Xotyakov imzo qo‘yadi.
Mazkur savol-javoblardan tergov jarayonidagi muhitni tasavvur etish uncha qiyin emas. Biroq oq qog‘ozga silliq yozilgan, haqiqatni past-baland turli darajada ifoda etgan bu hujjatlarda bir jihat bor – muhtaram jadid muallimi o‘ziga qo‘yilgan aybni tan olgan emas.
Tergov jarayonida muallim hech kim bilan yuzlashtirilmaydi. Aybdorning gunohini tasdiqlovchi guvohlar chaqirilmaydi. Hujjatlar taxlamida bunga doir manbalar yo‘q. Ayni chog‘da 29-avgustdagi savol-javob bilan tergov yakun topmaydi.
1937-yili 2-oktyabr kuni muallim bor-yo‘g‘i uchta savol asosida qisqa tergov qilinadi. Qandaydir sirlarni yashirganini va “Milliy Ittihod”ga a’zoligini bo‘yniga qo‘ymoqchi bo‘lishadi. Muallim barchasini qat’iy turib rad etadi. Tergovchi “Milliy Ittihod”chilar bilan rasmga tushganini ro‘kach qiladi. Muallim o‘rinli, ishorali, mantiqli javob beradi. Haqiqatan ham kim bilib o‘tiribdi rasmga tushayotgan bir guruh kishilar orasidan qaysi biri “Milliy Ittihod”chi ekanligini?!
Keyingi tergov 1937-yil 29-oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Tergovchi endi Abduqodir Shakuriyga “1935-yili sizning uyingizda aksilinqilobchi Qozi Haydarbek Abdusaidov ishtirokida aksilinqilobiy maxsus majlis bo‘lib o‘tgan”, deydi. Muallim bu da’voni tan olmaydi. Ismi tilga olingan shaxs bilan keyingi yillari bog‘dorchilik masalalari yuzasidangina suhbatlashganini aytadi. “Sovetlarga qarshi bo‘lgansiz, turli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borgansiz” mazmunidagi ayblarni ham bo‘yniga olmaydi.
Biroq bu inkorlar befoyda bo‘lgan. Chunki “uchlik” ishni allaqachon pishitib qo‘ygan: muallim baribir “aybdor” edi.
Xullas, hujjatlardagi haqiqat shuki, o‘z el-yurtining farzandlari kelajagi uchun jon chekkan muallim Abduqodir Shakuriy oxir-oqibat NKVD “uchlik” komissiyasining 1937-yil 21-noyabrdagi majlisi qaroriga binoan aksilinqilobiy faoliyati uchun o‘n yil muddatga ozodlikdan mahrum etiladi.
Jadid muallim Shakuriy vafoti (1943-yil)dan keyin – 1956-yil 27-avgustda mutlaqo aybsizligi tufayli O‘zbekiston Oliy sudining qaroriga ko‘ra oqlanadi.
Bahodir NURMUHAMMAD
“Jadid” gazetasining 2024-yil 27-sentyabrdagi 40-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



