Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


24.09.2024 | 12:50

img1542

NAFS, JISM VA RUH

HAR ODAMNING ENG YOVUZ DUSHMANI

Inson, aslan olganda, jism va ruhdan tashkil topgan. Jism esa nafsga ega. Nafs va jism – hayvonlarda ham bor. Lekin ruh yo‘q ularda. Shu jihatlari bilan inson, bir tarafdan jonzotlarga, ikkinchi tarafdan farishtalarga o‘xshaydi. Chunki farishtalarda mutlaqo nafs bo‘lmaydi. Ular faqat Alloh ibodati bilan mashg‘ul.

Endi savollar tug‘iladi: “Agar hayvoniy­lik jihati hisobga olinsa, inson Alloh nazdida farishtalardan keyingi o‘rinda turishi kerak emasmi?” “Axir, unda nega Tangri taolo buyrug‘i bilan farishtalar ham Odam Atoga sajda qildi?”

Insonning ustunligi shundaki, u o‘zida nafs bo‘la turib, uni qat’iy jilovlash orqali farishtalik darajasiga intiladi. Farishtalar esa hech bir mashaqqatsiz bu mavqega ega bo‘lgan.

Iye, deyishingiz mumkin, nafsni butkul jilovlab, Alloh taolo toat-ibodati bilan shug‘ullanish orqali farishtalikka intilish shunchalar mashaqqatmi?

Mashaqqat bo‘lganida ham shunday mashaqqatki… 

Batamom Alloh amrida bo‘lish va barcha nahy, ya’ni man etilgan ishlardan chekinish uchun inson o‘zidagi nafsni bata­mom yengishi shart. Shuning uchun har bir odamning haqiqiy, eng yovuz dush­mani o‘z ichida. Bu – uning nafsi.

Nafsini yenggan shaxs esa farishtadan ham yuqori mavqega erishadi. Shuning uchun ham Haq taolo barcha farishtalarga Odam Atoga ta’zim qilishni buyurgan.

KOMILLIK YO‘LI

Islom davrida tasavvuf ta’limoti paydo bo‘ldi. Tasavvuf yo‘liga kirganlar o‘z­larini Alloh taolo vasliga yetar darajada poklashni ko‘zlab yashaydi. Shuning uchun so‘fiylar umrni “nafsga qarshi kurashdan iborat” deb biladi. Chunki shu tariqa komillikka erishiladi. So‘fiyning bosh maqsadini nafsga qarshi shunchaki kurash emas, balki qattiq urush olib borish tashkil etadi. So‘fiy ruhni “insonning buyuk ne’mati” deb hisoblaydi.

Demak, tasavvuf – ruh parvarishidan iborat bir umrlik yo‘l. Ruhni ravnaq toptirish uchun esa jismni yengish kerak. Jismning ehtiyoji bilan ruhning ehtiyoji – tamoman bir-biriga qarama-qarshi. Ruh ehtiyojini qondirish uchun tashlangan har bir qadam jismni yengish orqali, ya’ni jismdan kecha borish yo‘li bilan amalga oshadi. Jismni yengish uchun esa, avvalo, nafsni mahv etish lozim.

Ko‘rinadiki, ruhoniyatga yetish faqat va faqat riyozat, ya’ni azob-uqubatlarga bardosh berish, nafsoniyatni yo‘qotish orqaligina amalga oshadi. So‘fiylar ana shu mashaqqatni bajonu dil qabul qiladi. Shuni “yashashning mazmuni” deb biladi. Chunki inson faoliyati ‒ yaxshilik va yomonlikdan, inson xususiyati fazilat va illatdan va hokazo boshdan-oxir ana shunday ikki o‘zaro zid jihatlardan iborat. Yomonliklarning bari – nafsoniyatdan. Yaxshilik­lar manbasi bo‘lmish ruhoniyatga yetish nafsoniyatdan qutulish vositasi bilan qo‘lga kiradi.

YOMON AXLOQNI BARTARAF ETISH SHARAFI

Shunday qilib, nafsni yengishni “inson­ning barcha yomonlik, ya’ni illatlardan forig‘ bo‘lishi, faqat va faqat yaxshiliklar qiladigan kishiga aylanishi” deb tushu­nish kerak. Chunki tasavvufni o‘zining mafku­rasi hisoblagan buyuk Alisher Navoiy asarlarida bunday targ‘ibotlarga ko‘p duch kelamiz.

Masalan, “Lison ut-tayr”da shunday baytlar borki, ular fikrimizni to‘la tasdiq­laydi:

Chun riyozat raf’ etib ruhoniyat,

Salb bo‘lg‘ach kimsadin nafsoniyat,

Qolmag‘ay ruhoniyatdin o‘zga hech,

Sen taxallufdin bu ma’ni ichra kech.

Bordur inson zotida oncha sharaf, –

Kim yamon axloqin etsa bartaraf,

Bo‘lmasa fir’avnlig‘ning payravi,

Qolmas ondin juz sifoti musaviy.

Bu yerda Fir’avn kofirlikning, Muso esa musulmonlikning ramzi bo‘lib kelyapti. Shundan ham bilsa bo‘ladiki, so‘fiylar, jumladan, uning Navoiy kabi targ‘ibotchilari nafsni “kofirlikka olib boruvchi maxluq” deb hisoblaydi va shuning uchun ham ular “chin musulmonlik nafsni yengish orqaligina qo‘lga kiradi” deb biladi. Tasavvuf, ko‘rinib turganidek, birgina ana shu nafs borasida ham islomni oliy maqomga ko‘tarish tarafdori bo‘lgan.

Soddaroq, tushunarliroq qilib aytadigan bo‘lsak, tasavvufning “faqru fano yo‘li” deyilishi ham, foniylikning eng ulug‘ insoniy orzu yanglig‘ tas­virlanishi ham – shundan.

Foniy bo‘lish uchun ham nafsni yengish kerak. Faqrni faxr bilish – so‘fiy­larga payg‘ambarimizdan meros. Tasavvuf, avvalo, farz va sunnatga qat’iyan amal qilishdan boshlanadi.

MENING NAFSIM BALODUR…

Nafsni yengishni yalang‘och tarzda, ya’ni mutlaqo yeb-ichmaslik, yaxshi ki­yinmaslik, tarkidunyochilik ma’nosida tushun­maslik kerak. So‘fiy ruhini shu darajada rivojlantirishi lozimki, u hech qachon va hech qanday boylikka, umuman, bu dunyoga aloqador biror narsaga bog‘lanib, uning quliga aylanmasin. Aksincha, nafs uning quli bo‘lsin. Shunday qilmasa, nafs uni yengib, oyoq-qo‘lini bog‘lab oladi. Dunyoda nafsning quliga aylanib qolganlar kammi? Eh-he… To‘lib-toshib yotibdi. Xalq bilib aytgan: “Nafsim mening ‒ balodur, har maqomga solodur”.

Inson hech qachon nafsini Shayton boshqarishiga izn bermasligi zarur.

JANNAT “QONUN”INI BUZGANLAR JAZOSI

Nafs-ku – insonga azaldan berilgan narsa. Aniqrog‘i, Alloh bandasini sinash uchun unga nafs berib qo‘ygan. Esingizda borki, Odam Ato bilan Momo Havo jannatdan aynan ana shu nafslarini yengolmaganliklari uchun quvilishdi. Chunki ular jannat “qonun”ini buzdi-da.

Lekin bu yerda boshqa narsa ham bor. Bu – Shayton. Shayton tezgina nafs bilan oshna kirishib oladi. Nafs bilan Shayton birikdimi, “Xudo urdi” deyavering, endi ruh bu ikkisini yengishi bag‘oyat mushkul kechadi.

ARSLONDAN SHAYTON, SHAYTONDAN NAFS KUCHLI

Yana bir qiziq savol tug‘iladi: “Xo‘sh, Shayton kuchlimi yoxud nafsmi?” So‘fiy­lar o‘rtasidagi suhbatlarda bu savol bot-bot ko‘tariladi. Hakim Termiziy, jumladan, shunday javob beradilar bu savolga: “Bir Shaytonning bir soat ichida halok aylaganini yuz och ars­lon bir suruv qo‘y ichida halok aylay olmas. Nafsning bir soat ichida qilgan ishini ham yuz Shayton qila olmas”. Demak, Shayton yuzta och arslondan ham dahshatli ekan. Nafs esa ‒ yuzta Shaytondan ham xavfliroq.

Bu gaplarning ma’nosi juda chuqur, ularning mag‘zini yaxshilab chaqib olish kerak.

Shayx Abu Bakr Abu Varroq mana bunday hikmat aytadilar: “To‘rt dushman bordir va ulardan qutulmoqning to‘rt yo‘li bordir: Shayton, nafs, dunyo sevgisi, xalq­qa aralashmoq. Shayton va nafsga muxolifat (qarshilik) etmoq kerak, dunyodan cheklanmoq, xalqdan ham qochmoq kerak. Kishi bu to‘rt yordamchi bilan qutulgaydir, yo‘qsa halok bo‘lur”.

Bu yerda bir izoh berib o‘tish kerakki, xalq, ya’ni aksariyat odamlar o‘z nafslari­ning quli bo‘lganliklari uchun ham so‘fiylar o‘zlarini xalqdan qochishga chog‘lagan. Bu yerdagi “xalqdan qochmoq”ni, avvalo, aynan “nafs bandalaridan yiroq yurish” deb tushunish kerak.

DEV — NAFS RAMZI

“Farhod va Shirin” – Navoiyning boshqa dostonlari kabi, hali sirlari oshkor bo‘lmay yotgan buyukdan-buyuk asar. Dostonda Farhodning Ahraman devini yengishi voqeasi bor. Ba’zilar buni “shunchaki ertakchilik” deb tushunishi hech gap emas. Holbuki, tasavvufiy adabiyotda dev – nafs ramzi. Tasavvuf, ya’ni komil inson bo‘lish yo‘lini tutgan kishi, avvalo, ishni nafsini yengishdan boshlashi kerakligini aytdik. Farhod ham – so‘fiy timsoli. U Iskandar tilsimini ochish yo‘lida devni mahv etadi.

Shu yerda bir nozik masala o‘rtaga tushadi.

Nafs devini inson o‘z-o‘zicha yenga oladimi? Hamma gap shundaki, bu – insonning o‘z qo‘lidan keladigan ish emas. Chunki nafs – juda-juda shirin narsa. U jismning ichiga yaxshilab o‘rnashib olgan. Uni o‘z badaningizdan quvib chiqarish yakka o‘zingizning qo‘lingizdan kelmaydi.

Tasavvufda pir-muridlikning qat’iy qoi­da­ga aylanib ketgani ham ‒ xuddi shu nafsni yengish bilan bevosita bog‘liq. Masala oydinlashdi: muridning nafsini yengishi pirning kuchi bilan bo‘ladi. Buning uchun murid nafs tar­biyasi yo‘lida tamom inon-ixtiyorini pirga topshiradi, pir murid nafsini botil qilish dasturini ishlab chiqadi va uning izchil ijrosi bilan uzoq shug‘ullanadi. Buning talay yo‘l-yo‘riqlari, vosita-usullari, zamonaviy ilmiy til bilan ifodala­ganda, metod va metodologiyasi bo‘lgan.

Ana endi nafsni ko‘p odamlar tu­shunganday “faqat yeb-ichish, yotib-turish, dabdaba-yu as’asalarga o‘chlik” deb anglamaslik uchun asos yetarli bo‘ldi.

Kibr-havo ham – nafs. Uni ham yengmasa, insonni ko‘p yomon yo‘llarga yetaklayveradi.

Odamni shundan asrasin.

Shunaqa gaplar.

Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori,
Toshkent amaliy fanlar universiteti professori

“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-sentyabrdagi 39-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605