12.11.2025 | 10:21
893
NAVOIYDA SHUNDAY MUZEY BOR
Muhayyo RUSTAMOVA

Dunyoda global xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab bir davrda, biz uchun milliy o‘zlikni anglash va haqqoniy tariximizni tiklash masalasi har qachongidan ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, mustabid tuzumning shafqatsiz qatag‘oniga uchragan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va san’at, adabiyot namoyandalarining, ming-minglab begunoh yurtdoshlarimizning xotiralarini abadiylashtirish, ularning jasorati va matonati timsolida yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ko‘p millatli xalqimizning fidoyi farzandlari, ma’rifatparvar ajdodlarimiz hayoti va faoliyati bilan bog‘liq haqiqatni to‘la yuzaga chiqarish, ularga nisbatan tarixiy adolatni tiklash, bu boradagi ishlarning ko‘lami va samarasini oshirish maqsadida Navoiy davlat universitetining tarix fakulteti qoshida ham Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi tashkil etilgan. Navoiy viloyati bugungi dorilomon kunlarda Qizilqum kengliklari ichra gullab-yashnayotgan bo‘lsa-da, uning bag‘rida ham o‘tmish qatag‘onlarining chuqur jarohatlari bor. Bu izni na vaqt shamollari, na qum bo‘ronlari yopib keta oldi. Biz muzeyni ziyorat qilish asnosida bunga yana bir bor amin bo‘ldik.
Moziygoh uch bo‘limdan iborat. Avvalgi ikki zal mustamlakachilik siyosati – Chor Rossiyasi tomonidan Turkistonning bosib olinishi hamda 1917-yildan to Mustaqillikkacha hukm surgan sovet tuzumi davrida xalqimiz boshdan kechirgan azob-uqubatlar haqida hikoya qiladi. Uchinchi zal esa 1991-yildan hozirgi kungacha bo‘lgan O‘zbekistonning yangi siyosiy, huquqiy va ijtimoiy-ma’naviy asoslari, bugungi taraqqiyotini namoyon etadi.
Muzeyda ikki mingdan oshiq qadimiy ashyo mavjud bo‘lib, u vohaning 150 yillik tarixidan so‘zlaydi. Muassasaning zaxira fondida ham yana ikki mingdan oshiq manba – har xil turdagi hujjat, audio, video, kitob va suratlar saqlanmoqda.
– Davlatimiz rahbarining 2020-yil 8-oktyabrdagi farmoyishi bilan qatag‘on qurbonlarini nomma-nom aniqlash bo‘yicha joylarda ishchi guruhlar tuzilib, barcha hududlarda o‘rganishlar davom etmoqda, – deydi muzey direktori, tarix fanlari nomzodi, dotsent Xurshid Qurbonov. – Bugungacha Navbahor, Qiziltepa, Xatirchi, Konimex, Nurota va Karmana tumanlaridan 1937-yil qatag‘oni va navbatdagi qirg‘in – “paxta ishi”ga doir 4200 dan ziyod yurtdoshimizning ma’lumotlari jamlandi. Bu boradagi tarixiy ma’lumotlarni xolis va haqqoniy o‘rganish mamlakatimiz mustaqilligi qanday og‘ir va mashaqqatli kurashlar bilan qo‘lga kiritilganini, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrab-avaylab, qadrlab yashash kerakligini yanada chuqur anglashga xizmat qiladi.
Ushbu muzey shunchaki eksponatlar saqlanadigan bino emas, balki Buxoro amirligi tarkibiga kirgan yerlarning Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi bilan bog‘liq ashyolar, hujjatlar, ma’lumotlar, Buxoro Xalq Sovet Respublikasining tuzilishiga oid manbalardan tortib, Uchinchi Renessans davrini boshlab beruvchi yangi avlod erishayotgan yutuqlargacha bo‘lgan davrga sayohat qilish imkonini beruvchi o‘ziga xos “vaqt mashinasi”dir.
Ayniqsa, o‘sha og‘ir davrlarda xuddi insonlardek qatag‘onga uchragan, bugun muzeyning noyob eksponati bo‘lib qolayotgan kitoblar keluvchilar diqqatini o‘ziga jalb etadi. Bu kitoblar orasida millat e’tiqodiga qo‘yilgan olovdan omon chiqqan Qur’oni Karimning nodir qo‘lyozmasi va 1883-yilda eski o‘zbek yozuvida chop etilgan So‘fi Olloyorning “Sabot-ul ojizin” asarining asl nusxasi bor. Har ikki kitob kuyib qorayib ketgan bo‘lsa-da, o‘z davri ruhini beradigan tarixiy manba vazifasini o‘tamoqda.
Bundan tashqari, Munavvar qori Abdurashidxonov muharrirligida chop etilgan “Milliy she’rlar, adab va din darsligi” ham muzeyning muhim eksponati sifatida saqlanmoqda. Bu kitob jadid maktablarining o‘quv kitobi bo‘lib, Muso Turkistoniyning “Ulug‘ Turkiston fojiasi” asarida yangi usul maktablarida o‘qitilgan darsliklar ro‘yxatidan joy olgan.
– Viloyatimiz ulug‘ mutafakkir nomi bilan atalgani bois, muzeyda “Alisher Navoiy” ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan, – deydi Xurshid Qurbonov. – Bu yerda Hirotdan, buyuk mutafakkir xokidan olib kelingan bir siqim tuproq, Afg‘onistondan kelgan mehmonlar sovg‘a qilgan Alisher Navoiy asarlari mavjud. Umuman olganda, bugun muzeyimiz haqiqiy ma’naviyat va ma’rifat maskaniga aylandi. Uning tarix fakulteti binosida joylashuvi ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Muzey fakultet talabalari uchun ilmiy laboratoriya vazifasini o‘tamoqda.
Suhbatdoshimiz bizni atoqli davlat va jamoat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov ko‘rgazmasiga boshladi. Viloyat hamda Navoiy, Zarafshon va Uchquduq shaharlarining tashkil etilishida u kishining ulkan xizmatlari borligini aytib, bu ishga aloqador manbalar yoshlarni yanada qiziqtirishini bildirdi. Ushbu dargoh bilan tanishuvimiz poyoniga yetar ekan, muzeyga yangi mehmonlar – Turkiya va Erondan kelgan sayyohlar tashrif buyurdi. Direktor va xodimlarning o‘zini tutishidan ma’lum bo‘ldiki, muzeyga xorijliklar tashrifi odatiy holga aylanibdi. Biz ham chet ellik tarixsevarlar bilan suhbatlashdik. Mehmonlar bu kabi muzeylar har bitta viloyatda tashkil etilganidan hayratlanib, ularni ham o‘z yo‘l xaritalariga albatta kiritib qo‘yajaklarini ta’kidladilar.
«Jadid» gazetasining 2025-yil 7-noyabrdagi 45-soni
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
82
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132



