Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.06.2024 | 19:23

img534

SHUNDAY FILM YARATSA BO‘LAR EKAN-KU!

Bundan uch yil muqaddam kino san’ati bo‘­yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan Buxoro xonligining mashhur sarkardasi, Samarqand shahri hokimi Bahodir Yalangto‘shning hayoti va faoliyati aks ettirilgan tarixiy film yaratilajagidan xabardor bo‘lgan edik. Ko‘pchilik ilhaqlik bilan kutgan ana shu filmning nihoyat yaqinda tomoshabinlarga taqdim qilinishi mamlakatimiz madaniy hayotida o‘ziga xos voqeaga aylandi.

Ayni kunlarda O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyi va poytaxtimizdagi qator kinoteatrlarda katta muvaffaqiyat bilan namoyish qilingan “Bahodir Yalangto‘sh” badiiy filmi Kinematografiya agentligi va Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida suratga olingan. Odatda biz bir soatning nari-berisidagi filmlarga o‘rganib qolganmiz. Bu kinoasar esa qariyb ikki yarim soat davom etganiga qaramay, kino zalini hech kim tark etmayapti. Muhimi, hammaning tilida bir gap: “O‘zimizda ham shunday filmlar olsa bo‘larkan-ku!”

Xo‘sh, film bosh qahramoni Bahodir Yalangto‘sh aslida kim bo‘lgan? XVII asrda yashagan bu ta­rixiy shaxs hozirgi Nurota shahrida tug‘ilib o‘sgan. Harb ishlari va davlat boshqaruvida katta bilim va tajribaga ega bo‘lgan bu zot Buxoro xonligida juda katta obro‘ va hurmatga sazovor bo‘ladi. Shu bois Bu­xoro hukmdori uni Samarqand shahri hokimi etib tayinlab, ulkan vakolatlar beradi.

Bahodir Yalangto‘sh ma’rifatparvar va bunyodkor amir sifatida ko‘p xayrli ishlarga qo‘l uradi. U, ayniqsa, Samarqanddagi ancha xarob ahvolga kelib qolgan noyob me’moriy obida – Mirzo Ulug‘­bek madrasasini to‘liq ta’mirdan chiqarish ishla­ri­­ga boshchilik qiladi. Shundan so‘ng uning yonida Sherdor va Tillakori madrasalarini barpo etishga qo‘l urib, hozirgi go‘zal va muhtasham Registon me’moriy majmuasiga asos soladi.

Shuningdek, Bahodir Yalangto‘sh mohir sar­karda sifatida Buxoro xonligini tashqi dushmanlar hujumidan himoya qilishda ham ulkan jasorat va qahramonliklar ko‘rsatgan, qolaversa, odil va xalqparvar amir sifatida xalq mehriga sazovor bo‘ladi.

Xo‘sh, tomoshabinlarni bu qadar o‘ziga rom etgan tarixiy filmning asosiy muvaffaqiyati nimada? Avvalo, tomoshabinlar ekranda tariximizda muhim iz qoldirgan buyuk shaxs haqida dunyo darajasida yuqori saviya bilan suratga olingan, tom ma’noda to‘laqonli, qiziqarli va ta’sirli tarixiy filmni ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Qolaversa, biz bilgan va hali ­yaxshi tanimagan aktyorlar ijrosining haqqoniyligi, ha­yotiyligi, xatti-harakatlarining ta’sirchanligi ham kino san’ati ixlosmandlarini sehrlab qo‘ydi.

Taqdimotdan so‘ng film rejissyori Jahongir Ahmedov bilan bog‘landik.

– Avvalo, bunday mas’uliyatli vazifani bizning ijodiy jamoamizga ishonib topshirganlari va umuman, kino san’atimiz rivojiga juda katta e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotganlari uchun hurmatli Prezidentimizdan cheksiz minnatdormiz, – dedi u. – Film milliy kinomiz tarixida birinchi marta “O‘zbekfilm” kinostudiyasida to‘liq pavilon sha­roitida suratga olindi. Bu jarayonda zamonaviy kinotexnologiyalar, kompyuter grafikasidan keng foydalanildi. Tarixiy liboslar va dekoratsiyalar ilg‘or xorijiy tajribalar asosida yaratildi. Qozog‘iston va Qirg‘izistondan taklif etilgan taniqli aktyor va kaskadyorlar bilan samarali hamkorlik qilindi. Personajlarning xarakteri, taqdiri, plastikasi ustida to‘rt-besh oylab erinmay ishladik. Bosh qahramon Bahodir Yalangto‘sh obrazini boks va og‘ir atletika sport turlari bilan shug‘ullangan, shu choqqacha qator filmlarda suratga tushib, bu borada ham muayyan tajriba orttirgan sportchi va kinoaktyor Habibullo Nizomov ijro etdi. Nazarimda, u o‘zining zimmasiga yuklangan vazifani ado etib, ekranda Bahodir Yalangto‘shning obrazini to‘laqonli ravishda gavdalantirishga muvaffaq bo‘ldi.

Darhaqiqat, Habibullo Nizomov Bahodir Yalang­to‘shni katta kuch-quvvat va buyuk salohiyatga ega bo‘lgan ulkan sarkarda, donishmand va xalqparvar amir, ilm va taraqqiyotning chinakam homiysi bo‘lgan ma’rifatli shaxs fazilatlarini birlashtirgan keng qamrovli obraz sifatida talqin qilishga muvaffaq bo‘lgan. Uning har qanday holatda o‘zini tutishi, xatti-harakatlari, hatto ko‘z qarashlari ham tomoshabinni ishontira oladi. Ayniqsa, bosh qahramonning jang maydonida ko‘rsatgan mahorati tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. Umuman, filmdan o‘rin olgan barcha jang sahnalari yuqori saviyada, tabiiy va ishonarli tarzda suratga olingan. Biz shu paytgacha asosan xorijiy filmlarda bunday holatlarni ko‘rib shunga o‘rganib qolgan edik. Asli­da, chinakam e’tibor va rag‘bat bo‘lsa, yosh iqtidorlarga ishonch bildirilsa, ular ham bemalol dunyo kinosi bilan bo‘ylashadigan asarlar yaratishi mumkin ekan. 

“Bahodir Yalangto‘sh” badiiy filmi har tomonlama puxta tayyorgarliklar natijasida, sohaga professional yondashuv asosida suratga olingani yaqqol seziladi. Asarning dramaturgiyasi, puxta ishlangan, personajlarning tili ravon va shirali, voqea-hodisalar izchil va shiddatli kechadi. Xon va amir saroylarida zimdan olib boriladigan kurashlar, shuning ortidan kelib chiqadigan turli-tuman intrigalar, turli lavozim va darajaga ega a’yonlar o‘rtasidagi pinhoniy kurashlar kartinaning tomoshabopligini oshirishga xizmat qilgan.

Ayniqsa, filmda Bahodir Yalangto‘shdan tashqari Imomqulixon, Abdurahmon devonbegi, Nazirmuhammad, Erdene bahodir, Jo‘ng‘or malikasi singari yetakchi obrazlar ham tomoshabinda katta qiziqish uyg‘otadi. Matyoqub Matjonov, Behzod Muhammadkarimov, Tohir Saidov, Boir Xolmirzayev, Daulet Abdigaparov, Arina Isa­kova, Shahrizoda Solihova va boshqa aktyorlar bunday obrazlarni ekranda gavdalantirishda o‘zlarining bor mahorati va salohiyatini namo­yon qilganini ko‘rish mumkin. Shu o‘rinda Bahodir Yalangto‘shning o‘g‘li rolini gavdalantirgan aktyor Ozodbek Qayumovning o‘ziga xos ijrosini ham alohida qayd etish joiz.

“Bahodir Yalangto‘sh” filmi ssenariysi rejissyor Jahongir Ahmedov va ijodkor Hasan Toshxo‘jayev hammuallifligida yozilgan. E’tiborli jihati, ular “Il­haq” badiiy filmini yaratish chog‘ida ijodiy hamkorlikda ishlagan. Ushbu ijodiy tandemning mahorati film­dan-filmga o‘sib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlangan.

Film lavhalarini ishonchli va jozibador tarzda tasvirga olishda iste’dodli operatorlar Ivan Solomatin, Izzatilla Lutfullayev, Jahongir Ibragimov, rassom Bahriddin Shamsuddinov, liboslar rassomi Zuhra Gʻaniyeva, grimm ustasi Mahbuba Isanova juda katta izlanishlar olib borishgani yaqqol seziladi. Taniqli bastakor Doniyor A’za­mov bastalagan musiqalar filmni mazmunan boyi­tish va tomoshabopligini oshirishga xizmat qilgan.

Shubhasiz, bunday ulkan miqyosli filmning yaratilishi o‘zbek prodyuserlik maktabining ham katta yutug‘i hisoblanadi. Bu borada kartina prod­yuseri Zafar Yo‘ldoshevning xizmatlari juda katta.

Taniqli jurnalist Sharofiddin To‘laganovning “Bahodir Yalangto‘sh” filmi haqida bildirgan quyi­dagi mulohazalari ham jo‘yali: “…Film Samar­qand­ning o‘tmishi, o‘sha davrning tarixiy muhiti haqida batafsil ma’lumot beradi. Filmni ko‘rgan tomoshabinlar yurt tinchligi, osoyishtaligi, xavfsizligiga tahdid solishda tashqi dushmanlardan ko‘ra, ichki adovat, o‘zaro xusumat va fitnalar xavfliroq ekaniga yana bir karra ishonch hosil qiladi”. Darhaqiqat, mazkur film odamlarni ogoh­likka, hushyorlikka, ayni paytda hamjihatlikka chorlovchi ruhiyati bilan ham muhimdir.

“Bahodir Yalangto‘sh” badiiy filmining umu­miy ruhi, rejissyor va aktyorlar mahorati, ijodiy jamoaning hamjihatligi, tas­viriy jarayonning yuqori saviyada amalga oshirilganidan yaqqol dalolat beradi. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu film namoyishi o‘zbek kino ustalari ham yurtimiz tarixi, o‘tmishi haqida hikoya qiluvchi durdona filmlar yaratishga qodirligini ko‘rsatdi. Shuning uchun bu film milliy kino san’atimiz rivoji tarixidan munosib o‘rin egallashiga zarracha shubha yo‘q. 

Gulchehra UMAROVA
“Jadid” gazetasi | 2024-yil 14-iyun | 25-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596