12.12.2024 | 10:15
324
NAVOIYLIK NOVVOY OPA
Shahnoza oyning o‘n beshi qorong‘i, degan gap haq rost ekaniga imon keltirganiga ko‘p yillar bo‘ldi. U pulini to‘lolmay, ijara uylardan quvilgani, ikki go‘dak bolasi bilan haftalab eski “Moskvich” ichida yashagan kunlarini eslarkan, Xudoning sinovidan yorug‘ yuz bilan o‘tdim, deydi. Lekin avtoulov panasida yelkalari silkinib-silkinib yig‘layotgan turmush o‘rtog‘ini eslasa, baribir, eziladi. Biroq shu onda ixlos bilan taqdiriga shukr aytadi. Chunki bu kunlar taqdir sinovi ekanini o‘sha payt ham ich-ichidan sezib turardi.

Novvoy eriga qo‘shilib tandir-tandir non yopdi. Issiq nonlarni aravachada ko‘p qavatli uylar oralab sotdi. Fasllarni unutdi, xamir qordi, non yasadi. O‘n yillab eski kiyim kiydi. Birovning eskisini kiyganidan o‘kinmadi, boriga shukr qilib yashadi…
Bugun uning “Baraka non” MCHJsida 200 kishi ishlaydi. Oxirgi o‘n oylik hisob-kitoblariga ko‘ra, yil boshidan buyon o‘n ikki milliard so‘m mablag‘ aylantiribdi.
Ha, mehnat insonni qadrlashi rost. Karmanadagi “Baraka non” MCHJni bilmaydigan navoiylik yo‘q bugun. El dasturxonidagi issiq va bo‘rsildoq nonlarni qo‘ya turaylik, ular bugun chet ellarga sayohatga ketayotgan hamyurtlarimiz bilan dunyo yuzini ko‘rmoqda.
Novvoyning o‘zi esa bugun xamir qorib, non yopishdan bo‘shagan, katta-katta tashkilot rahbarlari-yu hokimlar bilan bir qatorda kambag‘allikni qisqartirish masalalari bilan band. Viloyat hokimi Normat Tursunovning chorlovi bilan tashkilot rahbarlari yig‘iniga borgan Shahnoza Navbahor tumanidagi ishsiz ayollar ro‘yxatini ko‘riboq, o‘z taklifini bildirdi: “Bu ayollarni menga bering!”
Ish topmay, yordam so‘rab mahallama-mahalla yurgan ayollar ko‘ziga dastlab ish og‘ir ko‘rindi. “Bu ishni eplolmaymiz” deb ortga tisarilishdi. Shahnoza ularni jon joyidan ushladi: “Kuniga yuz ming so‘mdan beraman. Eplasangiz ham, eplolmasangiz ham”. Bu kishi bilmas “tuzoq” edi va ayollar unga bir deganda ilindi. Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir, deb hammalari ishlab ko‘radigan bo‘ldi.
– O‘sha kuni ayollarni uy-uyiga eltib qo‘ydik, – deydi Shahnoza Karimova. – Lekin masalani tubli hal qilish kerak edi. Viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Malika Tojiyevna bilan bu ayollar uchun korxona filialini ochish kerak, degan fikrga keldik. Navbahor tumanidan ma’qul joy qidirdik. Hali bu opa-singillarimiz biz aytgan ishga ko‘nadimi o‘zi, degan savol ham bor edi. Ishlamayman, deb ketvorishsa, sarflagan pulimga kuyarman, deb o‘yladim. Axir, qo‘llarida yo‘lkirasi ham yo‘q ayollar bor edi.
Hokimiyat bitmay qolib ketgan eski binoni, bir yillik ijara pulidan kechib, menga topshirdi. Tavakkaliga ta’mirladim. Bosh hisobchim “Dod, nima qilyapsiz”, deydi. Hech ish boshlashga ko‘ndirib bo‘lmaydi. Pul bermaydi, meni o‘ylaydi. Yo‘lini qildim, qarzga kafel oldim, usta tushirdim. Nasiyaga kelishib konditer pechlar sotib oldim, eski xarobaga keltirib tushirdim…
Bino bitdi, ayollarni yana olib keldik. Bundan avval o‘zimning ishchilarimni yig‘dim. Ularga “agar shu yerga kelgan biror ayol yo‘q, ishlolmayman, deb ketsa, oyliklaringizdan kesaman. Har qaysingiz shogird tushgan ayolga javobgarsiz”, dedim. Boshqa chora yo‘q edi. Shunday shart qo‘ymasam, ishini o‘rgatishga vaqtini qizg‘anadiganlar bor. O‘rganishga kelgan shogirdni bir cho‘qishda ishdan bezdiradi. Ishonasizmi, biror ayol ketmadi.
Hammalarini avayladim, shirin muomala qildim. Lekin men korxonamni ham o‘ylashim kerak. Ishni to‘liq o‘rganib, qo‘li pul ko‘rgach, oyligini kunlik ellik mingga tushirdim. Chunki har ishchi o‘ttiz kilo mahsulot chiqaradi. Shu mahsulotining tushumidan oylik chiqadi. O‘tirib hisoblanglar, dedim. Maoshni yana yuz mingga chiqarishim uchun mahsulotni ko‘paytirishingiz kerak, dedim…
Yaxshi maosh ta’mini totgan bu ayollarning ishga muhabbatini ko‘ring! Boshida kelish-ketishiga pul berganimda, tashlab qochib ketardi hammasi. Hiyla qildim va bu hiylam ish berdi. Ular juda zo‘r mahsulot chiqara boshladi. Aytganimdan ham a’lo. Xuddi onasidan nonpaz bo‘lib tug‘ilganday. Hozir ularga pul bermasam ham, ishlaydi. Chunki mehr qo‘ydi. Menga esa ana shu – ishga mehr kerak edi.
Ayollar Shahnozaning, Shahnoza esa viloyat hokimining ishonchini oqladi. Arzimagan bir martalik pulga sarg‘ayib yurgan ayollarni uch million oylikka yetkazgani uchun hokimiyat Shahnozadan minnatdor. Unga tadbirkorlikning boshqa turlari uchun ham yer ajratishga qaror qilindi. Tag joyining o‘zi bir milliard oltmish million so‘mga baholangan joy nol qiymatda beriladigan bo‘ldi. Shahnoza bu joyda faqat ayollar ishlaydigan korxona qurishni reja qilgan. Go‘zallik saloni, psixolog xizmati, kafeteriya, tikuvchilik, dizaynerlik, kosmetologiya va pishiriqlar, bolalar massajiga o‘rgatuvchi kurslar tashkil qilinadi. Farzandlari bilan keladigan xotin-qizlarga qulaylik yaratish maqsadida soatbay bog‘cha faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi.

…Shahnozani otasi juda erta turmushga berdi. Gʻijduvonlik kuyov novvoy ekan, yosh kelin-kuyov har kuni yarim qop undan xamir qorib, non pishirdi. Lekin pulning barakasi bo‘lmadi. Topgani ijaraga ketib qolardi. Shahnoza tikuvchilik qilib ko‘rdi, qo‘ni-qo‘shnidan meva-sabzavotni arzon olib, shahar oralab sotdi. Baribir, topgan puli ro‘zg‘orga urvoq ham bo‘lmadi. Navoiy shahridagi “Farhod” ashula va raqs guruhiga sahnabop kiyimlar tikdi. Yaxshi dizayner bo‘lib tanila boshlaganida, surunkali yurak porogi aniqlangach, tikuvchilikni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.
Shundan so‘ng tashvishlari yana ortdi. Endi turmush o‘rtog‘iga to‘liq ko‘maklashadigan bo‘ldi. Ikkisi ikki do‘konni ijaraga olib, non chiqara boshlashdi. Doimiy mijozlar topilgach, ishlar yurishib ketdi. Shahnoza non yoniga patir qo‘shdi. Bozorda uning arava-arava nonini odamlar navbatda turib kutadigan bo‘lishdi. Er-xotin biri qo‘yib, biri xamir qoraverdi. San qil, man qil, demadi. Bir yoqadan bosh chiqardi.
O‘sha paytlar turmush o‘rtog‘i g‘ijduvonlik bo‘lgani uchun ro‘yxatga qo‘yilmagan – mamlakatda “propiska” degan juda og‘ir muammo bor edi. Bir viloyat fuqarosi boshqa viloyatga ro‘yxatga olinmasdi. “Propiska”si yo‘qlar esa mashinaga bosib olib ketilardi. Erini bunday tashvishdan uzoq tutib, Shahnoza ko‘proq o‘zi yugurdi. Ko‘p qavatli uylarda oyna yuvuvchilik qildi, kishilar xizmatida bo‘ldi, birovning kirini yuvdi, birovning uyini tozaladi.
Bu orada uning ikkinchi farzandi Kumushxonga shifokorlar, uzil-kesil, yurolmaydi deb tashxis qo‘ydi. O‘zi ijarada yashab yurgan holiga bola ham yurolmaydi, bor tana bilan sudraladi, xolos. Qo‘l-oyoqlar ishlamaydi, belini tutolmaydi. O‘z uyi yo‘q, hech qayerda ro‘yxatda turmagandan keyin shifokorga muntazam ko‘rsatishning ham iloji yo‘q. “Non yopib yuraverganman, yurib ketadi, deb o‘ylaganman”, deydi Shahnozaning o‘zi bu haqda.
Qizaloqning kasalligi o‘tib ketib, qiynaladi. Shahnoza yillar davomida har juma bir tog‘ora pishiriq pishirib, ehson sifatida tarqatadi. Odamlardan duo so‘raydi. Ijaraga olgan do‘kon atrofiga daraxt ekadi, tuni bilan chelakda suv ko‘tarib sug‘oradi. Uyqu deganini bilmaydi. “Bir xosiyati bo‘lsin, mening bolam tuzalsin”, deydi.
Bolaning oyog‘iga temir qo‘yishadi. Bir tabibga davo istab boradilar. Tabib unga beshik sig‘ar joy beradi. Shahnoza beshikka suyanib mizg‘ib-mizg‘ib o‘tkazadi kunlarini, tabibnikida uch oy shu tariqa yashaydi. Orada turmush o‘rtog‘i non tayyor bo‘ldi, sotish kerak deb borsa, bolani tabibning qo‘lida qoldirib, savdoga yuguradi. Axir, boshqa pul keladigan joy yo‘q, imkon yo‘q.
Bola yuradi, ammo gapirolmaydi. Yana shifokor… Yana yugur-yugur… Yana chiqim… Kumushning kasalligi boshi bilan bog‘liq edi. Shahnoza qachondir moʻjiza yuz berishidan umid uzmaydi. Bolasi tuzalishiga inonadi. Yiqqan-tergan puliga bolasini Zominga olib boradi. Tog‘ga olib chiqib, kitob orqali davolaydi. Har xil badiiy asarlarni ovoz chiqarib o‘qib beradi, o‘qitadi, tilidagi muammolari bilan ishlaydi. Yigirma to‘rt kun deganda bor-yo‘g‘i bir bandgina she’r yodlata oladi, xolos. Ammo shu to‘rt qator she’r ham u uchun natija edi. Hozir uning Kumushxoni Buxorodagi mashhur qorako‘l maktabida eng yuqori ko‘rsatkichlar bilan o‘qiyapti. Yigirma masaladan yigirmatasini bemalol yechadi.
Ehtimol, bu qiyinchiliklar hali tugamas edi. Shahnoza kabi mehnatkash, ishbilarmonlar zamoni keldi. Mamlakatda yangi davr boshlandi. Tadbirkorlik soha sifatida tan olindi, uni rivojlantirish uchun hamma shart-sharoit yaratildi. Qo‘li olti, oyog‘i yetti bo‘lib yugurib yurgan Shahnozani ham “Tadbirkorlikni rivojlantirsam-chi”, degan o‘y tark etmay qoldi. 2016-yilda davlatdan 25 million so‘m kredit ko‘tarib, do‘konini kengaytirdi. Bu pul uning niyatlari oldida hech narsa bo‘lmasligini anglab, kredit summasini 300 millionga yetkazdi.
Ayni paytda korxona uchun kuniga o‘n tonnadan ziyod un, yuz kilogrammga yaqin qaymoq sotib oladi. 300 dan ziyod turdagi non va non mahsulotlari ishlab chiqaradi. Nondan tashqari somsa, bichak, manti, chuchvara, xonim kabi tayyor taomlarni ham elga tortiq qilmoqda.
Shahnoza pulga ruju qo‘ygan ayol emas. U inson qadrini yuksak ko‘radi. Shuning uchun har bir ishchisining dardi bilan yashaydi. Uyida muammosi bor xodimini darrov nazoratiga oladi. Qarzi borning qarzlarini to‘lashadi. Shuning uchun ham ishchilarining hammasi ko‘rgan ko‘zga opa-singil, qon-qarindosh bo‘lib ko‘rinadi. “Baraka non”ning har bir xodimi korxonani o‘zining uyiday yaxshi ko‘radi. Shahnoza shu ikki yuz ishchisining bepul tushligini ham tashkil qilib qo‘ygan. Bundan tashqari, haftada bir kun u 15-20 kilogramm guruchdan osh pishirtirib, xodimlari ko‘nglini oladi. Bir taom boshiga kelganlarning rishtasi mustahkam bo‘ladi, deydi u.
“Baraka non” mahsulotlariga aholi ichida talab kuchli. Chunki sifatli. Buning ustiga cho‘ntakbop, xalq labini yalab o‘tib ketadigan narxlarda ham emas. Asosiysi, ishchi-xodimlar rahbaridan minnatdor, mehnatining rohatini ko‘rmoqda.
Shahnoza esa hamon yugurgan-yelgan. Yangi reja, loyihalar qilmoqda. Yillar unga ko‘p saboq, undan ham ko‘p farog‘at berdi. U tadbirkorlik olamiga bir tandirgina non bilan keldi va bu olamda u o‘g‘ri bilan ham, to‘g‘ri bilan ham ishladi. Lekin hammaning ko‘nglini topdi. Hech kimni qavatidan qo‘ymadi, noumid qilmadi.
“Odam ham non kabi aziz. Bir nonni uvolidan, bir odamni malolidan qo‘rqish kerak”, deydi u. Balki uning kamoli ham shundadir. Zero, Shahnoza kabilar “olam uyidin” “kamol kasb etib” chiqayotgan benazir insonlardir.
Muhayyo PIRNAFASOVA
“Jadid” gazetasining 2024-yil 6-dekabrdagi 50-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
606
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
604



