26.12.2024 | 13:58
599
NOSHIRNING DARDINI KIM ESHITADI?
“Jadid”ga rahmat, ko‘ngildagi gapni ko‘taribdi. Muallif Ikrom Bo‘riboyevning “Hamma o‘qiyapti. O‘qing!” nomli tahliliy maqolasi yosh avlodning mutolaaga munosabati borasidagi tushkun xulosalarga dadil javob olish imkonini bergan. Ishonchim komilki, bu maqola men singari boshqa noshirlarni ham o‘yga solgani aniq. Mutolaa bilan kifoyalanish ham mumkin edi. Ammo, maqola bahona, ancha yillardan beri jamoatchilikning, mutasaddi tashkilotlar va noshirlarning e’tiboridan chetda qolayotgan, aslida sohadagi ko‘plab muammolarning bosh omillaridan biri bo‘lgan ayrim hollar xususida so‘zlash istagi g‘olib keldi…

Yoshlar o‘qimayaptimi?
Albatta, o‘qiyapti. O‘qimayotgan bo‘lsa, mamlakatga kirib kelayotgan minglab tonna qog‘ozlarga hojat bo‘lmasdi. Kitob savdosi bilan shug‘ullanayotgan minglab do‘konlar allaqachon yopilib ketardi. E’tiroz o‘laroq aytish mumkin: unda nega kitoblarning adadi kamayib ketgan? Nima uchun nashriyotlar iqtisodiy tang ahvolga tushib qolmoqda? Bunga Ikrom Bo‘riboyevning maqolasida qisman ishora tarzida shunday javob bor: “Zangiota tumanidagi, xalq tili bilan aytganda, “Kanstovar bozori”ni hammamiz yaxshi bilamiz, lekin bu savdo maskanida, masalan, bir kunda qancha kitob sotiladi – buni bilmaymiz”.
Bog‘dan kelsa, tog‘dan keldi, demang. Ishonchni qoyim qiling: yoshlar o‘qiyapti, vassalom.
Haqli e’tirozlarga javoblar
U holda kitoblarning adadi nega kamayib boryapti? Nima uchun nashriyotlar birin-ketin iqtisodiy tang ahvolga tushib qolmoqda?
Gazeta, jurnal, internet va teleradiojurnalistika sohasidagi faoliyat qatorida o‘n yilga yaqin muddat mobaynida aynan noshirlik bilan shug‘ullangan, bu sohaning baland-pastiga bir qur ko‘z tashlash nasib qilgan noshir sifatida quruq gaplardan tiyilib, aniq misollar bilan gapira qolay.
Yanglishmasam, 2009-yili benazir adib Rasul Hamzatovning “Mening Dog‘istonim” badiasini ilk marotaba yaxlit to‘plam holida nashr etdik. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir Asror Mo‘minning tarjimachilik borasidagi bir necha yillik mashaqqatli mehnati samarasi edi bu. Kitob, katta tavakkaldan tiyilgan holda, ming nusxada chop etildi. Abdulla Oripov so‘zboshisi bilan nashr etilgan kitobni adabiy jamoatchilik katta mamnunlik bilan qarshiladi, hamkasblardan ham iliq so‘zlar eshitdik. Ammo moliyaviy jihatdan quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi.
Kitob savdosini tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi mutasaddilarimiz jami adadni, sotilsa to‘lash sharti bilan, o‘sha Zangiota tumanidagi “Kanstovar bozori”idagi do‘kondorlardan biriga qo‘shqo‘llab topshirib qo‘ya qoldi. Oradan bir yil o‘tgach, surishtirib bildikki, topshirgan kitoblarimizning bor-yo‘g‘i sakson uch donasi sotilgan emish.
Bu gapni eshitgan zahoti biz ham yoshlarni kitob o‘qimayotganlikda, chin adabiyot bilan “sariq adabiyot”ni farqlamaslikda, jamiyatni mutolaadan yiroqlab borayotganlikda ayblab, dardimizni ichimizga yutganimiz bor gap…
Safar anglatgan haqiqat
O‘sha yillari viloyatlardan biriga xizmat safariga bormaganimda, haligacha “yoshlar kitob o‘qimayapti”, deb yozg‘irib yuravergan bo‘lardim, ehtimol. Xullas, bir guruh jurnalistlar katta e’tibor bilan uyushtiriladigan “Matbuot kunlari” doirasida chekka viloyatda xizmat safarida bo‘ldik. Maktablar, kollejlar va litseylarda uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi belgilangan edi. Qariyb bir haftaga cho‘zilgan safar mobaynida qaysi ta’lim muassasasiga borgan bo‘lsak, deyarli barchasida bir muddat avval o‘zim xizmat qilgan “Tafakkur” nashriyotida chop etilgan kitoblarni ko‘rdim. Ular orasida “Mening Dog‘istonim” ham, “Barhayot ajdodlarimiz” turkumidagi o‘ndan ortiq kitoblar ham bor edi. Yuzimga yugurgan tabassum, “biz nashrga tayyorlaganmiz”, degan mamnuniyat kitoblarni varaqlagach, iztirobga aylandi. Kitoblarning barchasi “qaroqchilik mahsulotlari” ekan.
Aminmanki, o‘shandan buyon ahvol yanada og‘irlashgan bo‘lsa bordir, ammo yaxshilangan emas…
Barcha izlar “cho‘ntak”ka yetaklaydi
“Kitob qaroqchiligi”ning yoshlar mutolaasiga nima aloqasi bor, deb hayron bo‘layotgandirsiz. Izn bersangiz, buni birma-bir bayon etsam.
Birinchidan, “yoshlar kitob o‘qimaydi”, degan yanglish tasavvur aynan “kitob qaroqchiligi” natijasida vujudga kelgan xomxayol, aslida. Negaki, rasmiy statistika ma’lumotlari ma’lum ma’noda qonunga itoat qiluvchi, noshirlikning shartlari va majburiyatlariga to‘la-to‘kis amal qilayotgan nashriyotlar bergan ma’lumotlar asosida shakllanadi. “Yashirin iqtisodiyot” bilan ayyorona yo‘l tutayotgan tadbirkorlik subyektlarining statistikasi, albatta, bu yerda ishtirok etmaydi.
Ikkinchidan, bugunga kelib shiddatli tarzda urchib ketgan “kitob qaroqchiligi” sog‘lom faoliyat olib borayotgan nashriyotlarning iqtisodiy tang ahvolga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Chunki, bitta kitobni nashrga tayyorlash uchun oylab, ba’zida yillab vaqt sarflanadi. Kitob ustida muallifdan tashqari muharrirlar, tarjimonlar, musahhihlar, texnik muharrirlar, dizaynerlar ham mehnat qiladi. Shu tariqa ajoyib bir kitob nashr etilib, ma’lum nusxada sotuvga chiqadi. Ammo noshirdan shu asarning yaxshi sotilmayotganini, bor-yo‘g‘i ikki ming nusxa kitobning sotilishi uch-besh yilgacha cho‘zilib ketganini, bozorda aynan shu kitobning ikki barobar arzon nusxalari turganini eshitasiz…
Bunda quyidagi tizim bo‘yicha ish yuritiladi. Xalq so‘zi bilan aytganda “shu savdoning nahangi”ga aylanib ketgan qalloblar hamisha “tayyoriga ayyor”. Har birining kitob-daftar va kanselyariya mollari bilan savdo qiluvchi do‘koni, naridan beri ro‘yxatdan o‘tkazilgan chog‘roq bosmaxonasi bor. Biror nashriyotda chop etilgan kitobning ma’lum qismi go‘yoki, sotib pulini to‘lash sharti bilan xarid qilinadi. Agar bu kitobga talab yuqori bo‘lsa, qisqa vaqt ichida o‘z bosmaxonasida uning nusxalarini ko‘paytira boshlaydi. Tabiiyki, “kitob qaroqchiligi” usulida chop etiladigan bosma mahsulotda nashriyot xarajati bo‘lmaydi. Demakki, uning tannarxi arzon bo‘lishi aniq. O‘g‘rilikka qo‘l urgan “tadbirkor” muallifga qalam haqi, muharrirga, texnik muharrirga, musahhihga, rassomga, sahifalovchiga va boshqa xodimlarga maosh to‘lamaydi. Mahsulotning asl egasidan sotish uchun xarid qilgan qismini do‘koni peshtaxtasiga qo‘yib, xaridorga o‘zi tayyorlagan kitobni sotaveradi…
Bu yoqda kitobi sotilmayotgan noshir hayron. Oxir-oqibat nashriyotdan muallif ham ranjiydi, “qalam haqimni to‘lamadi”, deb. Nashriyot xodimlari ham maoshini vaqtida ololmaydi. “Kitob qaroqchiligi” shu tariqa sog‘lom faoliyat yuritayotgan nashriyotni iqtisodiy jihatdan boshi berk ko‘chaga olib kiradi. U yoqda “qaroqchi” shu mahsulotni o‘n minglab nusxada sotadi. 2-3 yil deganda xaridorning to‘yinishiga qarab, nashriyotga bo‘lib-bo‘lib ikki ming nusxaning pulini to‘laydi.
Mualliflik huquqi ham, nashr huquqi ham shunday oyoqosti bo‘ladi. Bu gaplarga isbot qidirsangiz, aksariyat kitob do‘konlarida, hatto bozorlarda sotilayotgan mahsulotlarning qanchasi o‘z egasidan xarid qilinganiga bir qiziqib ko‘ring? Sotilayotgan qancha mahsulot do‘kon balansiga kirim qilingan? Qancha mahsulotning oldi-sotdi hujjatlari mavjud?..
Uchinchidan, “kitob qaroqchiligi” sabab yangi tarjimalar, yangi asarlar nashri oqsamoqda. Negaki, ularni tashkil etish uchun mablag‘ zarur. Mablag‘ esa, o‘z vaqtida, inflyatsiya zararlarisiz sotilayotgan kitoblarning aylanma mablag‘idan ortgan daromad hisobidan vujudga keladi. “Qaroqchi”lar xurujiga uchragan kitoblar sotilmaydi yoki zarar keltiradi. Buning oqibatini yuqorida bayon qildik.
To‘rtinchidan, “kitob qaroqchiligi” o‘quvchilar sonining keskin kamayishiga olib keladi. Negaki, “qaroqchi noshir” tayyoriga ayyor bo‘lib o‘rgangani uchun yangi asarlarni, yangi tarjimalarni nashrga tayyorlamaydi. Natijada kitob bozori yillar mobaynida bir xil mualliflar va bir xil kitoblarga to‘yinadi. Shuning uchun, bora-bora “o‘qishga birorta yangi kitob yo‘q”, degan nolishlarga ko‘nikib boraveramiz.
Beshinchidan, “kitob qaroqchiligi” tufayli iste’dodli muharrirlar ham, musahhihlar ham, sahifalovchi, dizaynerlarni ham boy berish mumkin. Negaki, “qaroqchi noshirlar”ga bu mutaxassislarning qizig‘i yo‘q. Sog‘lom faoliyat yuritayotgan nashriyotlar “qaroqchilar” keltirayotgan zarar tufayli bu mutaxassislarni saqlashga iqtisodiy jihatdan qodir bo‘lmay qolyapti. “Qaroqchi noshir” esa, yillar mobaynida shakllangan muharrirni qadrlamaydi. Bitta qo‘lyozmani o‘qib berishga yuz ming so‘ragan muharrirni qo‘yib o‘n ming evaziga o‘qib berishi mumkin bo‘lgan “nari-beri” mutaxassisni topadi. Bu kunni musahhihning, texnik muharrirning, dizaynerning, sahifalovchining ham boshiga soladi. Oqibatda ilmi ham, hunari ham, oladigan maoshi ham sariq chaqa bo‘lgan arzon ishchi kuchi haqiqiy mutaxassislarni nashriyotdan siqib chiqarmoqda.
Tiriklik tashvishi har bir jonning boshida bor. Shu sababli, noshirlik sohasining chinakam egalari, muharrirlar, musahhihlar, rassomlar, sahifalovchilar, texnik muharrirlar bugun hamma joyda ishlayapti… faqat nashriyotda emas.
Bu borada alohida guruh yoki qarindosh-urug‘larni qidirish shart emas. Qaysi tomondan kelib, sababni qayerdan qidirsangiz ham, barcha yo‘llar “cho‘ntak”ka olib boradi, “qaroqchi”ning cho‘ntagiga.
Bugungi kitob bozorining chinakam manzarasi qanday?
Yana qaytarib aytaman, yoshlar o‘qiyapti. Albatta, qo‘liga yetib borgan asarlarni. Badiiy adabiyotlardan tashqari, ilmiy, ensiklopedik, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va darsliklarni, turli lug‘atlar, til o‘rgatuvchi kitoblarni o‘qimoqda. Diniy mavzudagi kitoblarni o‘quvchilar katta yoshlilar orasida ko‘proq kuzatiladi. Elektron kitoblar savdosida anchagina jonlanish bor. Faqat kitob savdosining bozor qismi, shu bozorga bosma mahsulot kiritayotgan “uchar”larning nazorati juda sust…
Xulosa
Yuqorida yozilgan fikrlar uchun barcha mas’uliyatni zimmamga olib aytishim mumkinki, mamlakatdagi mavjud qonunlar asosida “kitob qaroqchiligi” borasida keskin choralar ko‘rilmas ekan, besh yildan so‘ng ahvol yanada ayanchli tus olishi, o‘n yilda esa, sog‘lom faoliyat ko‘rsatuvchi birorta nashriyotni topish amrimahol bo‘lib qolishi hech gap emas. Bu omil tufayli, bugunga kelib hech kim texnik muharrir nigohini ko‘rmagan, imlo xatolari g‘ij-g‘ij, noto‘g‘ri ma’lumot berilgan, ko‘chirib olingan muqova bilan chop etilayotgan kitobni ko‘rganda ajablanmay qo‘ydi.
Taklif ham, mulohaza ham shuki, “kitob qaroqchiligi” bilan shug‘ullangan kimsani mutlaqo bu faoliyat bilan shug‘ullanishdan mahrum etish, qonun doirasida xatolik bilan bosma mahsulot nashr qilgan nashriyotga, matbaa korxonasiga (ular ham original maket tayyorlash bilan shug‘ullanishini inobatga olgan holda), poligrafik jihatdan sifat standartlari talablariga javob bermaydigan mahsulot chop etgan bosmaxonalarga shu nashrning tannarxi miqdorida jarima solish va sifatsiz mahsulotni musodara qilish huquqini berish lozim. Toki, “uchar tadbirkorlar” mablag‘ yo‘qotishdan qo‘rqib, chin ma’nodagi professional mutaxassislarni ishga yollasin. Toki nashriyotlar o‘rtasida muharrirlar, texnik muharrirlar, musahhihlar, dizaynerlar va sahifalovchilar uchun qizg‘in raqobat muhiti vujudga kelsin.
Yomonlik jazolanmasa urchib ketadi. Hayot haqiqati shu. Bosma mahsulotlar qaroqchiligiga qarshi qat’iy choralar ko‘rish, arzimagan jarimalar evaziga jazodan ozod qilish amaliyoti o‘rniga shu ish bilan shug‘ullanishdan uzoq muddatga mahrum etish, undan zarar ko‘rgan nashriyot foydasiga yirik miqdorda tovon puli undirish amaliyotini joriy qilish fursati keldi.
P.S: Noshirlar malakasini oshirish markazi bormi? Borligini eshitmaganmiz. Bo‘lsa yaxshi edi. Negaki, inson qaysi sohada ishlashidan qat’i nazar, takomilga muhtoj. Noshirning malaka oshirishi esa ilmini, demakki, o‘quvchi oldidagi mas’uliyatini oshirish demakdir.
* * *
Nashriyotlarning yil davomida nashr qilishni rejalashtirgan kitoblar ro‘yxatini xaridorga yetkazib, oldindan buyurtmasini shakllantiruvchi, mamlakatdagi barcha yirik tashkilotlar va ta’lim muassasalarini o‘zida jamlagan savdo tashkiloti yo‘q. Shu bois, kitoblar ming, ikki ming, nari borsa uch ming nusxa chop etila boshladi. Holbuki, butun mamlakatni qamrovchi savdo majmuasi bo‘lganda edi, bu ko‘rsatkich bir necha o‘n minglarni tashkil etishi mumkin edi…
Abdulhamid MUXTOROV
Tahririyatdan: gazetamizning shu yil 6-dekabr kungi sonida chop etilgan “Hamma o‘qiyapti. O‘qing!” sarlavhali maqola ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Bu masala bo‘yicha hamon tahririyatimizga qo‘ng‘iroqlar bo‘lib, yozma munosabatlar ham kelib turibdi. Xususan, Abdulhamid Muxtorov o‘zining ushbu maqolasida “tanganing orqa tomoni”ga e’tibor qaratib, noshirlik sohasida shu chog‘gacha ko‘pchilikning nazaridan chetda qolib kelayotgan qing‘irliklar haqida kuyinib yozgani e’tiborimizni tortdi.
Darhaqiqat, muallif ko‘targan masala jiddiy! Chunki “qaroqchi noshirlar”ning mo‘may boylik orttirish ilinjida jamiyatda kitobxonlik rivojiga to‘g‘anoq bo‘layotgani yetmagandek, mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham zarar keltirayotganini aslo oqlab bo‘lmaydi.
Shu bois biz ushbu maqola nusxasini O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasiga yo‘llashga qaror qildik. Qilni qirq yoradigan muhtaram soliqchilarimizning bu boradagi fikrlarini eshitish sizga ham qiziq bo‘lsa kerak, muhtaram o‘quvchi!
“Jadid” gazetasining 2024-yil 20-dekabrdagi 52-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605



