Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


18.04.2024 | 10:06

img324

OBLIVION

HIKOYA

Osmon ko‘m-ko‘k, yer yam-yashil edi. Bahorgi quyosh nurlari dam maysalar uzra yastanar, dam ariqdagi suvda jilvalanardi. Yer-u ko‘k orasida erka shabboda sarsari kezardi. Yaydoq daladagi yakka soyabon – marvartak tut ostida Saida yelkasiga skripka tirab mashq qilyapti. U yerga uzangan tut shoxlariga qistirilgan nota varaqlariga tez-tez ko‘z tashlagancha, o‘zini borliq sahnasidagi ijrochi-yu, tepada erinibgina suzayotgan laxtak bulutlardan tortib, “valfajr” aytib yer bag‘irlab charx urayotgan qaldirg‘ochlarni ham injiq musiqashunos hakamlardek his qilardi. Har kamon tortganida yuragi qattiqroq gupullab, ritmni aniq his qili­shiga ko‘maklashadi.

– Saida, hooy, Saida! Ovqatga kel, qizim…

Onasining ovozidan xayollari tarqadi-yu, notalarini yig‘ib, uyiga yo‘l oldi.

 Xontaxta atrofida jam bo‘lishgan payt katta singlisi so‘rab qoldi:

– Opa, konsertda, televizorda ko‘rsatishgandek, tomoshabin ko‘p bo‘ladimi?

– Hm…

– Sizga ham gul berishadimi?

Saida qimtinibgina otasiga qaradi:

– Borasizlar-a, dada?

– Ovqatlaringni yenglar! – cho‘rt kesdi Mirpo‘lat.

Otasining tajangligi tutsa, bolalar mung‘a­yib qoladi. Ularning bu mahzun ahvoli shom paytidagi nomozshomgulni eslatardi. Sadbar muztar bolasiga termilib, so‘zga og‘iz juftladi-yu, lekin shashtidan qaytdi. Tinchlik ke­rak!.. Shaharda o‘qitayotganiga ham shukr. To‘nini teskari kiyib olsa, nima qiladi? Lekin bolasining ko‘ng­li-chi? “Otasi bormasa, o‘zim boraman”, – deya ko‘ngliga tugdi Sadbar. Kunlar Saidaning notalaridek varaqlandi. Indinga konsert. Sadbar bir tugunda o‘zi yopgan non, mayiz-turshak, bosh­qasida meva-­cheva, tag‘in… ko‘ylak bilan yo‘lga tushdi. Egnida qachonlardir Nappi chevarga tiktirgan sariq gulli, sabzarang ko‘ylagi, boshida esa harir ro‘moli-yu bir dunyo chuvalgan o‘ylari. Ko‘zlarida hayajon, yonoqlarida tonggi ufqday qizillik. Faqat bu jozibani barvaqt tushgan ajinlar buzib turibdi. Ular g‘am-anduh ildizi, og‘ir turmush xaritasidir balki. U avtobusdan tashqariga qarab ketarkan, oynada bolalik xotiralari akslangandek bo‘ldi.

* * *

…Yuqori sinfligida kelgan yangi musiqa o‘qituvchisi – Zebo opa juda jonkuyar chiqib qoldi. Shu vaqtgacha maktab o‘quvchilari torlari uzilgan eski rubobdan boshqa cholg‘u ko‘rmagan edi. Yangi o‘qituvchi esa tuman va viloyatdagi kazo-kazo idoralarga qatnab, bir juft tob tashlagan dutor, qasqoni qiyrixon doira yana uringanroq skripka va… yaraqlagan pianino undirib keldi. Bu bilan ham ko‘ngli to‘lmay, darsdan keyin havaskorlik to‘garagi ochdi. Saralab olingan o‘quvchilar orasida Sadbar ham bor edi. Sinfdoshlari bilan musiqa xonasiga kirib, botinib-botinmay oq-qora klavish­larga nozik barmoqlarini tekkizar ekan, taralgan sokin ohang uni olis-olislarga, ertaknamo go‘zal ma’volarga olib ketardi. Zebo muallim: “Qoyil, g‘irt qishloqi qizda shuncha nazokat-u shuncha nafosat. Bir yozuvchi ayt­ganidek, sart bolasi – fransuz”, deb ha­zil aralash hayratini yashirmasdi. Kun sayin yursa ham, tursa ham Sadbarning xayo­lidan musiqa arimas, o‘zi bir butun tirik musiqaga aylanib borardi. Maktab zinalarida – klavishlarni, ariqlarda – musiqiy jilvani, simyog‘och simlarida – nota chiziqlarini, qaldirg‘ochlarda musiqiy belgilarni ko‘rib, bu kashfiyotlaridan o‘zi ham quvonib ketardi. Bora-bora uning bu parishonligi-yu to‘garakka bog‘lanib qolgani ota-onasini xavotirga soldi. Biroq na ota, na ona bir marta ham maktabga borib, qizining mashqini eshitib ko‘rmadi. Holbuki, Sadbar allaqachon bu cholg‘u bilan til topishgan, binoyidek qo‘li kelib qolgandi.

– Yig‘ishtir ting‘ir-ting‘iringni! – dedi bir kun otasi vajohat bilan.

– U ting‘irlamaydi, u pianino, dada… – qo‘rqa-pisa javob qildi Sadbar.

– E, nima farqi bor! Undan ko‘ra, ana, sigirga qara! Sutidan baraka ketdi jonivorni. Butun oilani rizqini qiyib… Bir to‘g‘ram non beryaptimi o‘sha piyaninang? Shuncha vaqt “xo‘p” deb keldim, yetar endi erkalik! He o‘rgildim…

– Dada, ustozim aytdiki….

 – Buni men – otang aytdim!

– Uqdim… – Sadbarning gapi og‘zida qoldi.

Shundan so‘ng maktabga ham jo‘natmay qo‘yishdi. Kecha uzun barmoqlar orasidan nafis kuy oqsa, endi sigir yelinidan tizillab iliq sut oqardi. Bir kuni uni Zebo opa qidirib keldi. Yarmi sutga to‘lgan paqirni chetga qo‘yib, ustozi sari chopgan qizga o‘tin yorayotgan otasi o‘girilib qaradi. Zebo opa Mirpo‘lat akaga Sadbarning o‘qishidan so‘z ochdi.

– Qizingiz ishonganim, yaqinda shaharda tanlov bo‘ladi, unga Sadbarni olib boraman, ko‘z qorachig‘idek asrayman, – dedi…

– Qiz bolaga pishirib qo‘yiptimi shaharma-shahar sang‘ishni? – dedi otasi chetga qaragancha qovog‘ini uyib.

– Tanlovda yutib chiqsa, institutga imtihonsiz kiradi, yaxshi-ku?

– Yana qanaqa o‘qish? Xat-savodi chiqdi, yetar. Jaa indamasa, qanday yashashini ham o‘rgatarsiz? Siz dutoringizni chaling. Qolgani­ga esa aralashmang. Bola – bizniki. Haliza­mon uzatamiz, deb turibman.

Sadbar otasining bu gapidan dong qotib qoldi. Zebo opa esa battar qat’iyat bilan:

– Xo‘p, tanlov haqida boshqa gapim yo‘q. Ammo qizingiz hali maktab o‘quvchisi. Uni uyga qamab o‘tirolmaysiz. Bunga qonun yo‘l bermaydi, – dedi.

Mulzam tortgan ota qo‘lidagi boltani to‘n­ka­ga jahl bilan urdi-yu, suhbatga nuqta qo‘ydi.

* * *

Bekatda to‘xtagan avtobusning tormoz ovozi oynadagi xotira tasvirini tarqatib yubordi…

– Siz ham savdoga ketyapsizmi? – dabdurustdan so‘radi ro‘parasiga kelib o‘tirgan to‘lagina xotin.

– Yo‘q, qizimni ko‘rgani, – javob berdi Sadbar.

– Haa, qizingizni shaharga uzatganmisiz? Qandoq yaxshi!

– Qizim hali yosh, San’at institutida o‘qiy­di. Ertaga konsertda chiqadi skripka chalib, – g‘urur bilan qoshlarini uchirdi Sadbar.

– Voy, San’at institutida dedingizmi? Tavba-a. Artis bo‘ladimi keyin? Qanday erga berasiz? – dunyo tashvishi boshiga tushganday vahima ko‘tardi “g‘amxo‘r” xotin.

– Qiziqmisiz, hayot faqat erga tegishmi? Avval o‘zini topsin, yo‘lini topsin… Shunga ­yarasha kuyov ham topilar…

* * *

Saida institutga yaqin joyda guruhdosh dugonalari bilan ijarada turardi. Onasini quvonib qarshiladi, birga o‘tirib ovqatlanishdi. Sadbar yodiga bir narsa tushganday, shoshib o‘rnidan qo‘zg‘aldi-da, tugundan nimpushti, chiroyli ko‘ylak oldi. Bu sepidagi o‘zi eng yaxshi ko‘rgan, Zebo opa sovg‘a qilgan ko‘ylak edi.

– Senga opkeldim, qizim. Sahnaga kiyib chiqasan. Bir martagina kiyilgan, xolos, keyin huzurini sandiq ko‘rgan. Qani, bir kiyib ko‘r-chi!

– Aya, bunaqa ko‘ylaklar modadan qolgan-ku… Ustimdan kulishadi, axir! Undan ko‘ra, ertaga bozordan yangi ko‘ylak olaylik.

– Mayli-yu, lekin pul qayoqda? – ma’yus tortdi Sadbar.

– Ilojini qilaylik, aya. Ijara pulini hali to‘lamaganman. Shunga opkelib tursak, keyin dadam­dan… – Dadang qayoqdan berardi, qarzga botib yotibdi-ku… Mayli, Hoshim magazinchiga sut-qatiq berganman, shuning pulini jo‘natib yuborarman unda. O‘zida yo‘q quvongan Saida onasini o‘pdi-da, shoshib darsga jo‘nadi. Ona tek o‘tirarmidi, idish-tovoq yuvdi, xona supurdi, qizlar kelishiga ovqat pishirdi. Qo‘li bo‘shab, zerikdi. Chiqib podyezd zinalarini arta boshladi. Maktab zinalarini klavishga o‘xshatib, shodon sak­rab yurgan paytlari esga tushdi. U hozir uy zinalarini emas, bolalikdagi pianino changini artayotgandek edi.  

* * *

Sadbar o‘shanda otasining qahridan ilk bor qo‘rqmadi. Zebo opa tufayli maktabga qaytgach, tanlov kuni, otasidan so‘ramay, shahar­ga ketdi. Ishtirokchilar navbati Sadbarning sochidek uzun edi. Nihoyat, u Shopenning “Ekspromt”ini ijro qildi. Qarsaklar uzoq davom etdi, butun zal dam ­uning husni, dam iste’dodi­ga tahsin o‘qirdi. Sadbar esa Zebo opa sovg‘a qilgan uzun nimpushti ko‘ylagini barmoq uchida yengil chimchilab ta’zim qildi-yu, tashqariga shoshildi. Uyda uni ayovsiz hivich azobi kutardi. Bundan ham alamlisi tanlovda g‘olib­ligi xabaridan oldin ko‘ngilsiz “yor-yor” eshitgani bo‘ldi… Sadbarning xaridori ko‘p edi. Otasi “Qo‘li moy – ro‘zg‘ori moy” deb moshina ustasi Mirpo‘latga uzatdi. Sadbar birin-ketin to‘rtta qiz tug‘di. Eri o‘g‘il tug‘mading deb uni goh-goh kaltaklardi. Bir kuni qo‘shni qishloqlik hamshiradan orttirgan o‘g‘ilchasini ko‘tarib keldi. “O‘g‘iltug‘ar” xotinni jazmani bilan tutib olgan­mish. Butun qish­loqqa duv-duv gap bo‘ldi. Sadbar go‘dakni bag‘riga bosib yig‘ladi, kiyimchalarini dorga osib yig‘ladi. O‘z bolalari qatori parvarishladi. O‘g‘ilchaning “Ona” deb tili chiqdi. Endi Mirpo‘latning qahri ancha bosilgandi. O‘tmishiga sho‘ng‘ib ketgan Sadbar qizi chaqirganini birdaniga eshitmadi, u qo‘lidan tutgandagina o‘ziga keldi: – Aya, qiziqmisiz? Butun podyezdni yuvib chiqdingizmi? Ko‘rganlar nima deydi. Yuring uyga. Ertasiga bozordan Saidaga yangi ko‘ylak olishdi. Qizi har qancha qistamasin, o‘ziga bitta ro‘mol olishga ham ko‘nmadi. Kechga yaqin konsertga jo‘nashar ekan:

– Chaladigan asaringni oti nimaydi? – deb so‘radi Sadbar.

– “Oblivion”, Astor Pyassollaniki.

– “Abli”… Nima degani u?

– “Unutilgan” degani. Asl ma’nosi shunday. Tag‘in shunday nomdagi noyob gul ham bor. Faqat allaqaysi tog‘dagi g‘orda o‘sadi. Quyoshni umuman ko‘rmas emish-u, o‘zidan zaif, nafis kuy taratarmish. Kom­po­zitor bu asarga shu ikki ma’noni ham sing­dirgan… Sadbar qizi aytgan so‘zlar mag‘zini chaqar­kan, kuyni tezroq eshitgisi keldi. Konsert boshlanishidan darak berib, qo‘ng‘iroq chalindi. Simfonik orkestrning haybati-yu zalning maho­bati Sadbarni entiktirib qo‘ygandi. Ana, qizini e’lon qilishyapti: – “Oblivion”. Ijro etadi: simfonik orkestr ham­da yakkaxon skripkada Turdiyeva Saida Mirpo‘lat qizi!” Qizidan ham ko‘proq hayajon bosgan ona­­ning endi butun vujudi quloqqa aylangan edi. Mahzun musiqa sokin taralarkan, as­ta-­sekin uning yuragiga sim-sim og‘riqlar, allaqan­day yoqimli va yorug‘ iztirob quyila boshladi. Kuy notama-nota har bir hujayrasigacha uyg‘otar, tomirida oqqan alanga qorachig‘ida yallig‘lanardi. U musiqa qachon tugaganini sezmadi ham. Bir lahzalik mo‘rt sukunatni qarsaklar ovozi buzdi, Saida nogoh cho‘chib, onasiga qaradi. Sadbar ro‘molining uchini labiga bosib o‘tirardi…

* * *

Ertasiga qishloqqa qaytishdi. Qarindosh-­urug‘ to‘plandi. Suhbat sigir-buzoq, qozon-tovoq, tandir-o‘choqdan… Saidaga sov­chi­lar kelayotganidan ham gap ochildi. Qosh uchi­rishlar, pichir-pichirlar, ilmoqli luqmalar bo‘ldi. Talaba qizning katta sahnaga chiqqani, xorijiy tanlovlarda o‘rinlar olayotgani, o‘qishni bitirmasidan ishga chaqirishayot­gani haqida esa lom-mim de­yilmadi. Ammo ona o‘zida yo‘q xursand edi. Mehmonlar tarqab bo‘lgach, Saida hovli­da kuymalanib yurarkan, qulog‘iga skripka tovushi eshitilgandek bo‘ldi. Nuqul shuna­qa. Qishloqqa keldi deguncha, qarindosh-u qo‘shni bolalar skripkani chalib ko‘rsam deydi. Shunda chaqalog‘i begona qo‘lga tushgan onadek, qo‘llaridan skripkani yulqib oladi. Bu gal ham kimdir, ko‘zni shamg‘alat qilib, skrip­ka­ga ozor beryapti. U shunday xayol bilan xonasiga chopdi. Qarasa… Sadbar ko‘zlarini yumib olgancha, uzuq-­­yuluq xotirasida qolgan o‘sha kuyni, “Oblivion”­ni chalmoqchi bo‘lardi. Xonada ikkovidan boshqa hech kim yo‘q. Ikkisi ham g‘ira-shira qorong‘ilik qa’rida. Sadbar shu kuy orqali butun hayotini chizib berayotgandek hazin nola chekardi. Bolaligi, orzulari, hivich azobi… Shu joyga kelganida skripka kamoni birdan torlar uzra hivichday silkinardi. U o‘z qismati ustidan achchiq kulgancha, g‘am-alamlari boshini kamon bilan bir-bir ke­sardi go‘yo. Ro‘zg‘or, xiyo­nat, yo‘qchilik… Gʻor, zulmat, gul… Kuy yang­rarkan, goh uning ko‘zlaridan, goh g‘or­ning ichkarisidan to‘kilgan tomchilar kuyga qo‘shilib ketardi. Simillab turgan bu og‘riqni qizining hadik to‘la ovozi to‘xtatdi:

– Ona!..

Nozima HABIBULLAYEVA

“Jadid” gazetasi 2024-yil 29 -mart 14-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596