11.11.2024 | 12:17
277
“Olimga yondashsang, ochilar ko‘zing…”
Turkman xalqining mutafakkir shoiri Maxtumquli tavalludining 300 yillik yubileyiga bag‘ishlangan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik teatrida bo‘lib o‘tgan adabiy-ma’rifiy anjuman chinakamiga bayramona tus oldi. Shoirning hikmatlarga to‘la she’rlari, ibratli hayot yo‘li eslandi.

Darhaqiqat, shoirning betakror poetik tafakkuri va jahon she’riyati xazinasiga qo‘shgan hissasi Gʻarb-u Sharqdagi eng dongdor shoirlar ulushidan aslo kam emas. Bu orif, donishmand shoir o‘z millati boshidagi toj va tojidagi marjon-marvariddir. Bu yil turkman xalqining faxri, ma’naviyatining oyinasi bo‘lgan Maxtumquli Firog‘iy tavalludiga 300 yil to‘ladi. Aslida bu betakror, alloma shoir faqatgina turkman xalqining emas, butun dunyo ahlining, jumladan, o‘zbek xalqining ham eng sevimli ijodkori sanaladi.
Maxtumquli she’rlari o‘ziga xos falsafasi, bebaqo dunyo tavsifi hamda o‘ziga xos rubobiy ohangi bilan har qanday inson qalbiga yo‘l topadi.
Quvonarlisi shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 19-fevral kuni “Buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” maxsus qarorga imzo qo‘ydi: “Maxtumquli asrlar mobaynida xalqimizning o‘z shoiriga aylangan. Uning she’rlari o‘zining teran falsafiy ma’nosi, xalqona ruhi, yuksak badiiyati bilan baxshi va hofizlarimiz, shoirlarimizga ilhom bag‘ishlab, hamisha davralarda yangrab, el-yurtimiz qalbida yashab keladi.
Maxtumqulining o‘z davrida Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgani, Alisher Navoiydek buyuk so‘z san’atkorini o‘ziga ustoz deb bilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi chinakam do‘stlikning ajoyib namunasidir.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Maxtumquli Firog‘iyning o‘lmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda”. Tarixiy hujjatda juda muhim fikr-mulohazalar bor: darhaqiqat, ayni tarixiy qarorga ko‘ra O‘zbekistonda yil davomida ilm va ijod ahli, maktab o‘quvchilari va oliy o‘quv yurtlarining talabalari Maxtumqulining ibratli hayot yo‘liga, hikmatlar bilan yo‘g‘rilgan boy adabiy merosiga ko‘p va xo‘p murojaat qilishdi.
Maxtumquli yilida keng miqyosda xalqaro anjumanlar tashkil etildi. Nazarimda, bu donishmand shoir o‘z ijodiy merosi bilan yil davomida qon-qardoshlar qalbini bir-biriga yana ham mustahkam bog‘laydi; dildosh odamlarning o‘zaro diydoriga sababchi bo‘ladi. Shunday buyuk bir shoirning dunyoga kelishi nafaqat turkman yoki umumturkiy adabiyotining, balki dunyo adabiyotining ham baxt-u iqbolidir. Chunki turkman she’riyati, turkmanning bebaho so‘zi Maxtumquli vositasida dunyo adabiyoti durdonalari qatoridan joy oladi; bepoyon ma’naviyat ummoniga borib qo‘shiladi. Maxtumquli – nosih shoir. Uning niyati ezgulik, yaxshilik va nasihatdir. O‘gitlari o‘rinli, ma’nili, mantiqli, umuminsoniy mohiyatga ega, albatta. Zotan, shoir quruq nasihatni yoqtirmaydi. Eng avval, inson o‘z so‘ziga o‘zi amal qilmog‘i lozim:
Garchi nasihatdir ellarga so‘zing,
El olmasdan avval amal qil o‘zing,
Olimga yondashsang, ochilar ko‘zing,
Johilga yondashsang ko‘rdek bo‘larsan.
Olim bilan johil – ko‘zi ochiq odam va ko‘r. Maxtumquli she’rlarining fikr oqimida bunday tazodli va ta’sirli misralar juda ko‘pchilikni tashkil etadi.
Maxtumquli o‘z she’rlarida har qanday insonga xos eng ulug‘ fazilatlarni, yaxshi so‘zni yuksak martabada tarannum etadi. Shoir ta’biricha, inson yaxshi so‘z so‘zlashi lozim va agar bilmasa, jim o‘tirgani afzal. Do‘stning yaxshi so‘zi haqida: “Yaxshi do‘st bir so‘z desa, jon kabi aziz bo‘lar”, deydi shoir. “Aqling bo‘lsa, yaxshilarga hamdam bo‘l”. Juda zarur o‘git bu. Yaxshi inson, yaxshi do‘st, yaxshi qo‘shni, ya’ni bunday odamlarning niyati yaxshilik bo‘ladi va “ko‘nglida gina oz bo‘ladi”. Saxovatpesha, mardona qalb egalari hamisha hurmat-izzatga munosib ekanini qayta va qayta uqtiradi shoir. Uning fikricha, inson o‘ziga, axloqiga, ruhiy borlig‘iga e’tiborli va o‘z aytar so‘ziga ehtiyot bo‘lmog‘i lozim.
Maxtumquli – orif shoir. O‘qigan kitoblarini, she’rlarida tilga olingan sharq allomalarining kimligini yaxshi tanib olish uchun ham juda katta bilim zahirasi kerak bo‘ladi. “Orif bo‘lsang, so‘z ma’nosin ocharsan”. Johillik ziddi bo‘lgan oriflik – ulug‘ martaba. Chinakam ilm-ma’rifat ahli – oriflargina shoir so‘zining ma’nosini anglaydi.
Alisher Navoiyni o‘ziga ustoz bilgan Maxtumquli badiiy so‘zining qudrati har qanday qilichdan keskir ekanini bildi. Yaxshi so‘z qadriga yetadigan dunyoning barcha hududlaridagi she’riyat muxlislari, jumladan, O‘zbekiston xalqi ham Maxtumqulini xuddi o‘z milliy shoiridek ardoqlaydi. Shoir o‘zini bir she’rida “so‘z odamiman”, deb ta’riflagan edi. Maxtumqulidek bashariyat qalbidan chuqur joy olgan ulug‘ shoir, ya’ni buyuk “so‘z odami”ning uch yuz yoshi – tavallud to‘yi barchaga muborak bo‘lsin.
Bahodir KARIM,
professor, “Maxtumquli Firog‘iyning 300 yilligi” medali sohibi
“Jadid” gazetasining 2024-yil 8-noyabrdagi 46-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599



