19.11.2025 | 14:21
589
ONG VA RAQAMLI G‘OYA
Habibullo SADIBAQOSEV

XXI asr kishilari axborot sivilizatsiyasi bosqichiga kirdi. Endilikda jamiyat taraqqiyoti va osoyishtaligini faqat iqtisodiy yoki siyosiy omillar emas, axborotni qabul qilish va qayta ishlash qobiliyati, ya’ni raqamli ong darajasi ham belgilamoqda. Bunday sharoitda har bir millatning kelajagi uning axborotga bo‘lgan munosabati, sun’iy intellektni qanday talqin qilishi va raqamli muhitda milliy o‘zligini saqlab qolish qobiliyati bilan chambarchas bog‘liq.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning raqamli axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt(SI)ni rivojlantirishga doir tashabbuslari texnologik siyosatning yangi bosqichi, milliy ong, madaniyat va ma’naviyatni himoya qilishning ilmiy-falsafiy strategiyasi sifatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Aslida, SIga inson ongini almashtiruvchi sifatida emas, uni kengaytiruvchi, tizimlashtiruvchi va qayta dasturlovchi vosita sifatida qarashimiz zarur. Falsafiy nuqtayi nazardan, sun’iy intellekt – insonning o‘zini anglash jarayonining yangi bosqichi. U inson ongining tashqi modellashuvi hamdir. Lekin bu jarayon axloqiy, ma’naviy va milliy o‘lchamlarga ham ega.
Agar SI algoritmlar orqaligina ishlasa, u neytral emas, chunki har bir algoritm ma’lum madaniyat, til, qadriyatlar bilan tuziladi. Shuning uchun ham bugun milliy axborot makonida SIni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish madaniy suverenitetni ta’minlash harakati, deyish to‘g‘riroq.
Axborot globallashgan davrda til madaniy himoya qalqoni hamdir. Milliy til raqamli muhitda faol bo‘lmasa, u asta-sekinlik bilan axborot jarayonlaridan siqib chiqariladi. Milliy tilni raqamli muhitga joriy etish, axborot tizimlarining o‘zbek tili asosida ishlashini ta’minlash kabi yo‘nalishlardagi islohotlar aynan shu xavfni bartaraf etishga qaratilgan. Bu jarayon faqat lingvistik emas, falsafiy jarayon hamdir. Chunki til ongning shakli. Milliy til raqamli muhitda faol bo‘lsa, milliy ong ham raqamli olamda yashaydi. Agar til sust bo‘lsa, millat ongi ham shunday bo‘lib qoladi.
Axborot asrida insoniyat uchun eng katta tahdid manipulyatsiya qilingan ma’lumotdir. Bugungi dunyoda yolg‘on haqiqatdan tezroq tarqalmoqda. Shuning uchun axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish muhim. Bu jarayon tufayli yoshlarda axborot manipulyatsiyasiga qarshi immunitet hosil bo‘ladi. Milliy til raqamli hayotga moslashadi. Milliy madaniyat raqamli shaklda yashay boshlaydi. Eng muhimi, inson ongi sun’iy ong bilan hamkorlikda yangi “ong sivilizatsiyasi”ga qadam qo‘yadi.
MAFKURAVIY GLOBALLASHUV VA AXLOQ TANAZZULI
Mafkuraviy globallashuv – bu zamonaviy davrda milliy qadriyatlar va madaniyatlar o‘rtasidagi muvoza-natni buzuvchi yangi jarayondir. U tashqi ta’sir orqali xalqlarning urf-odatlari, tili va dunyoqarashini bir xil qolipga solishga intiladi. Agar ilgari mustamlakachilik iqtisodiy yoki siyosiy xarakterda bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda u axborot va g‘oyalar maydonida kechmoqda. Bu jarayon milliy ongni kuchsizlantirib, shaxsning o‘z madaniyatidan uzoqlashishiga sabab bo‘ladi.
Milliy til, madaniyat va urf-odatlar insonning ma’naviy identifikatsiyasini ta’minlovchi asosiy omillardan biridir. Biroq virtual muhitda global kontent ustuvorligi tufayli ko‘p millatlar o‘z tilida raqamli mahsulotlar yaratish borasida ortda qolmoqda. Natijada yosh avlod o‘z madaniyati qolib, boshqa millatning qadriyatlarini o‘ziga singdirib olayotganini sezmayapti. Bu holatni falsafiy nuqtayi nazardan “madaniy assimilyatsiya” deb atash mumkin. Ya’ni, butun bir xalq boshqa madaniyat ta’sirida o‘z qadriyatlari ildizini unutib, begona madaniyatga singib ketadi.
Mafkuraviy globallashuvning asosiy oqibati milliy o‘ziga xoslikning yo‘qolishidir. Til, urf-odat, axloq va ma’naviyat – millatning ruhiy me’mori. Agar unga ziyon yetsa, millatning tarixiy xotirasi va ma’naviy birdamligi ham yo‘qoladi. Shu nuqtayi nazardan, virtual muhitda milliy til va madaniyatni muhofaza qilish strategik ahamiyatga ega vazifa. Bugun dunyodagi ko‘plab davlatlar o‘z raqamli makonida milliy tilni ommalashtirish uchun maxsus dasturlar ishlab chiqmoqda.
Mafkuraviy globallashuvning yana bir salbiy jihati – axloqiy me’yorlarning yangicha ma’noda talqin qilinishidir. Virtual muhitda “erkin fikrlash” shiori ostida qadimdan shakllangan axloqiy chegaralar inkor etilmoqda. Bu jarayon falsafiy jihatdan axloq tanazzulining asosiy sabablaridan biri. Zamonaviy virtual muhit “o‘zing uchun yasha” degan egosentrik falsafani ilgari surmoqda. Bu esa insonni jamoaviy mas’uliyatdan uzoqlashtirib, axloqni faqat shaxsiy manfaat nuqtayi nazaridan baholash tendensiyasini kuchaytiradi.
Aslida, axloq jamiyatning ma’naviy immunitetidir. U shaxsni nafaqat yomonlikdan, balki ma’naviy inqirozdan ham asraydi. Ammo raqamli muhitda bu immunitet zaiflashmoqda. E’tibor qilsangiz, inson qadriyatlari layklar, trendlar va virtual ma’qullashlar bilan o‘lchana boshlandi. Mehr, hurmat, sadoqat kabi tushunchalar ko‘pincha sun’iy kontent ko‘rinishida namoyon bo‘lmoqda. Masalan, ba’zi yoshlar ota-onaga bo‘lgan muhabbatni amal bilan emas, “video ehtirom” orqali ifoda etishni ma’qul ko‘ra boshladi. Bu holatda ma’naviyat shakl sifatida saqlansa-da, mazmun jihatidan bo‘shab boradi.
Axloq tanazzuli – bu faqat shaxsiy muammo emas, balki jamiyat barqarorligi uchun tahdiddir. Chunki axloqsiz fuqaro ma’naviyatsiz jamiyatning oddiy chiqindisi, xolos. Shuning uchun axloqni faqat diniy yoki ma’rifiy tizim orqali emas, balki raqamli madaniyat vositalari orqali ham mustahkamlash zarur. Milliy kontent, podkastlar, vizual ta’lim platformalari, kino va animatsiya orqali yoshlarga axloqni zamonaviy tilda yetkazish kerak. Negaki, ma’naviyat taqiq bilan emas, ma’rifat bilan muhofaza qilinadi.
Bu nuqtayi nazardan qaralsa, raqamli texnologiyalar axloqning dushmani emas, uning yangicha ifodasi bo‘lishi mumkin. Agar ular axloqiy nazorat va milliy qadriyatlar asosida boshqarilsa, texnologiya ma’naviyatning xizmatkoriga aylanadi. Shuning uchun “virtual tahdid” tushunchasini “axborot inqirozi”dan ko‘ra kengroq ma’noda qabul qilib, inson ma’naviyati uchun imtihon sifatida ham ko‘rish kerak. Undan o‘tish uchun jamiyat axborot madaniyatini, tanqidiy tafakkurni va milliy axloqni bir butun tizim sifatida qayta shakllantirishi zarur.
MA’NAVIY VA ILMIY YONDASHUV
Insoniyat tarixida har bir yangi sivilizatsiya bosqichi ong va qadriyatlar sinoviga ham aylangan. Bugun esa dunyo sun’iy idrok va raqamli ong asriga qadam qo‘ydi. Bu davrda har bir mamlakatning nufuzi va raqobatbardoshligi iqtisodiy yoki harbiy kuchdan ko‘ra ko‘proq uning aqliy va ma’naviy salohiyati bilan belgilanmoqda.
Shu bois, “Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Bu texnologiyalar iqtisodiyotdan tortib, ta’lim va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib bormoqda. Kim bu jarayonda izlansa, natija qilsa, marra shuniki bo‘ladi”, deydi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Bu so‘zlarda ilmiy da’vatdan tashqari bugunning chin haqiqati ham mujassam. Bu haqiqat axborot madaniyati masalasidir. Aynan shu omil hozirgi zamonning milliy xavfsizlik va ma’naviy barqarorligining asosi sanaladi.
Raqamli dunyoda inson ongi ustidan ta’sir o‘tkazish usullari tobora murakkablashib bormoqda. Bugun ma’naviy xavfsizlik davlat xavfsizligining ajralmas qismiga aylandi. Tarixdan ma’lumki, har qanday mag‘lubiyatga g‘oyaviy bo‘shliq sabab bo‘lgan. Shuning uchun raqamli dunyodagi eng katta muvaffaqiyat – inson ongi himoyasi, fikr mustaqilligi va axborot ustidan nazoratni yo‘qotmaslikdir.
Ma’naviy barqarorlik esa kelajakka talpingan ong bilan yashashdir. Shu ma’noda, barcha, har bir ta’lim muassasasi va har bir OAV ma’naviy mudofaa tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lishi shart.
Feyk (yolg‘on) xabarlar, manipulyatsiya, virtual illyuziya va odamni axborot orqali boshqarish mexanizmlari inson tafakkuriga ta’sirsiz emasligini barchamiz ko‘rib, bilib, guvohi bo‘lib kelmoqdamiz. Bu esa milliy g‘oya va ma’naviy barqarorlikka nisbatan yangi turdagi tahdid demakdir. Bunday sharoitda axborotni qabul qilish asnosida shu tahlil qiladigan, tanlaydigan va ma’naviy mezonlar asosida baholaydigan avlodni tarbiyalash, shu maqsadga xizmat qiluvchi media markazlar ishini yanada takomillashtirish mamlakat va jamiyat oldidagi strategik vazifaga aylanadi. Negaki, raqamli muhitda mustaqil fikrlash, manbaga ishonishdan avval uni tahlil qilish salohiyatini shakllantirish hozirgi zamonning “aqliy gigiyenasi”ga aylandi.
Bundan tashqari, axborot maydonida milliy til, urf-odat va qadriyatlar mavqeyini mustahkamlash ham ma’naviy, ham strategik ahamiyatga ega. Raqamli makonda o‘zbek tilidagi podkastlar, ta’lim platformalari, multimedia kurslari, filmlar va infografikalarni yaratish milliy madaniyatimiz uchun raqamli himoya qalqoni vazifasini o‘taydi.
Agar milliy kontent yetarli bo‘lmasa, yoshlar boshqa madaniyat va qadriyatlarga moyil bo‘lib qoladi. Shuning uchun raqamli maydonda milliy obrazni targ‘ib qiluvchi loyihalar, mobil ilovalar, axborot resurslari davlat va jamiyat hamkorligida qo‘llab-quvvatlanishi, har bir soha va yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatishi nazarda tutilgan media markazlar soni oshirilishi shart. Virtual tahdidlarga qarshi samarali kurash texnik choralar bilan ham cheklanib qolmasligi kerak. Bu yo‘nalishda sotsiologik, psixologik va axborot tahlillari asosida ilmiy ishlanmalarga suyangan tizimli yondashuv zarur. Negaki, inson ongini manipulyatsiya qilish usullari, yoshlar ongiga ta’sir etuvchi trendlar va axborot muhitining emotsional muhiti muntazam o‘rganib borishni talab qiladi. Bu o‘rganishlar asosida esa ma’naviy profilaktika dasturlari, motivatsion kontent va ta’limga oid yangidan yangi loyihalar ishlab chiqiladi.
Ana shunda virtual olamda dominantlik qilayotgan til yoki madaniyat yoshlar ongi ustidan hukmronlik qilolmaydi, chunki bu holatda milliy tilimiz va milliy madaniyatimizning o‘zi bu olamning dominantlaridan biriga aylanadi. Faqat shundagina biz raqamli asrda sun’iy idrok ustidan inson ongining ustuvorligini saqlab qolishimiz mumkin bo‘ladi.
TARAQQIYOTNING MA’NAVIY DRAYVERI
XXI asrga kelib sun’iy intellekt (SI) insoniyat taraqqiyotining strategik omillaridan biriga aylandi. U iqtisodiy samara beruvchi vosita, inson ongini kengaytiruvchi ilmiy va ma’naviy jarayon hamdir. Jahon iqtisodiyotida SI industriyasining ulushi 2030-yilga borib 20 trillion dollardan oshishi kutilmoqda. Bu raqam faqat iqtisodiy o‘sish barobarida intellektual resursning yangicha shaklda moddiylashuvini ham ifoda etadi.
O‘zbekiston ham bu jarayondan chetda qolayotgani yo‘q. 2024-yili Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan SI texnologiyalarini iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga joriy etish, milliy ma’lumotlar bazasini yaratish va ochiq ma’lumotlar ekotizimini rivojlantirish, milliy axborot xavfsizligi va axloqiy me’yorlarni ta’minlash, innovatsion kadrlar tayyorlash va ta’lim tizimini raqamli asosda qayta qurishni maqsad qilgan “Sun’iy intellektni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasi” qabul qilingan. Bu hujjat mamlakatda SI sohasini huquqiy va institutsional jihatdan qo‘llab-quvvatlashning asosiy poydevorini yaratmoqda.
Bu yo‘nalishda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida SI bo‘yicha maxsus markaz tashkil etildi. Qisqa vaqt ichida 30 dan ziyod pilot loyihalar amalga oshirildi. Davlat xizmatlarida “aqlli yordamchi” tizimlari ishga tushirildi, bank va sug‘urta tizimlarida SI asosida xavf tahlili amalga oshirila boshladi, transport va shahar boshqaruvida “aqlli shahar” modellari joriy etildi. Natijada, O‘zbekiston 2024-yil yakunlariga ko‘ra SIga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqorilab, Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinni egalladi.
Bu natijalarning zamirida texnik modernizatsiya bilan birga ma’naviy paradigma ham yotadi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Sun’iy intellekt dasturlari samarali ishlashi uchun ular avvalo o‘zbek tili va madaniyatini tushunishi kerak”.
SI rivojining markazida inson turishi lozim. Agar sun’iy intellekt milliy axloq va madaniyat asosida boshqarilsa, u faqat texnik yordamchi emas, balki ma’rifiy taraqqiyot vositasiga aylanadi. Bu Yangi O‘zbekistonning “texnologiya insonni emas, inson texnologiyani boshqarishi kerak”, degan tamoyilni ilgari surayotgan falsafiy dasturidir.
Shu nuqtayi nazardan, SI va axloq munosabatini “aql va vijdon sintezi” sifatida talqin qilish mumkin. Texnologiya ilmni tezlashtirsa, axloq uni to‘g‘ri yo‘naltiradi. Faqat shundagina yangi sivilizatsiya – ma’rifat va ma’naviyatga asoslangan raqamli jamiyat vujudga keladi.
Mavzu yuzasidan xulosa qilib aytganda, axborot asri inson ongi, axloqi va ma’naviyatini sinovdan o‘tkazayotgan davrga aylandi. Bu sinovda inson o‘z ongi va vijdoni bilan ham bellashmoqda. Ayni zamonda virtual muhitning ta’siri kishilarga, ayniqsa yoshlarga nisbatan shunchalik kuchaydiki, u endi hayotning qo‘shimcha qismi emas, ongning bir qismiga aylanib bormoqda. Shu sababli, jamiyat oldidagi asosiy vazifa – texnologiyani inson ruhiga bo‘ysundirish, axborotni ma’rifat vositasiga aylantirish bo‘lib qoldi.
Maqolada qayta-qayta ta’kidlaganimizdek, “virtual tahdid”ga qarshi turish kiberxavfsizlik yoki axborot nazorati masalasi bo‘lish bilan birga inson ongini, axloqi va milliy qadriyatlarini muhofaza qilish muammosi hamdir. Bu tahdidning ildizi insonning o‘z fikri ustidan nazoratni yo‘qotishida. Uning samarali yechimi esa – axborotni taqiqlash emas, aksincha, uni to‘g‘ri anglash, tahlil qilish va ma’naviy nazorat orqali boshqarishdir.
Shu nuqtayi nazardan, zamonaviy jamiyatning asosiy strategik vazifasi axborot madaniyatini shakllantirish, milliy g‘oyani raqamli formatda ifoda etish va sun’iy idrokni inson axloqi bilan uyg‘unlashtirishdan iborat. Yoshlarda axborot madaniyatini shakllantirish, ularga texnik bilim berish qatorida ma’naviy immunitetini mustahkamlashdir.
Negaki, axborot madaniyati yoshlarning ruhiy barqarorligini, fikr mustaqilligini va axloqiy qaror qabul qilish qobiliyatini ta’minlaydi.
Falsafiy jihatdan olib qaraganda, XXI asrdagi eng katta inqilob – bu ilm va axloqning qayta uyg‘unlashuvi bo‘lib qoldi. Ilm insonga qudrat beradi, axloq esa yo‘nalish. Axloqsiz ilm xavfli, ilmsiz axloq esa kuchsiz. Shuning uchun Yangi O‘zbekiston falsafasi ilmni axloq bilan, texnologiyani ma’rifat bilan, sun’iy idrokni vijdon bilan uyg‘unlashtirishdir.
«Jadid» gazetasining 2025-yil 14-noyabrdagi 46-soni
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
78
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132



