16.02.2025 | 11:07
836
“RAQAMLI INQILOB”DAN “YASHIL INQILOB” SARI yoki texnokratlashuvning “malhami” qanday bo‘ladi?
Bugungi kunda dunyo zamonaviy ilm-fan, yangi texnologiyalar va innovatsiyalar tufayli keskin sur’atlarda rivojlanib boryapti. Insoniyat allaqachon virtuallashgan raqamli olamda yashayapti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kelajakdan qanday umidlarimiz bor, qanday yo‘l tutishimiz kerak, har qanday holatda tanganing ikkinchi tomoni ham bo‘lganidek, insoniyat nimalarni hisobga olib, nelardan ogoh bo‘lishi zarur? Biz shu kabi muhim masalalar yuzasidan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovga murojaat qildik.

– Ibrohimjon aka, keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan maqolalaringizda sohalar rivojida zamonaviy texnologiyalarning naqadar kerakligini ta’kidlash bilan birga, texnokratlashuv (ya’ni, ilg‘or texnologiyani xalq manfaatiga yo‘naltirish)ning ikkinchi tomoniga ham alohida urg‘u berganingizni ko‘rish mumkin. Texnologiyaning zararli oqibatlariga “malham”, ilmiy tilda aytadigan bo‘lsak, “antidot” to‘g‘risidagi fikringiz e’tiborimizni tortdi. Nega “antidot” zarur deb o‘ylaysiz? Siz nimadan xavotirdasiz?
– Rahmat. Fikrimni oddiyroq tushuntirishga harakat qilaman.
Hammamiz guvohmiz, inson sivilizatsiyasi o‘ta tezlikda rivojlanyapti, oldinlari fantastik asarlarda o‘qiganimiz yoki kinofilmlarda tomosha qilganimiz bugun hayotimizdagi oddiy holga aylanib bo‘ldi. Ilm-fan shunday rivojlandiki, avvallari 100 yil davomida uddalanadigan loyihalar hozir 10 yilda amalga oshirilyapti. “Aqlli” texnologiyalar, raqamlashtirish va virtuallashuv hayotiy jarayonlarni o‘ta jadallashtirib yubordi. Misol uchun, biror yuqumli kasallikka qarshi vaksinalarni yaratishga avvallari 10 yil kerak bo‘lgan bo‘lsa, masalan, pandemiya paytida koronavirusga qarshi vaksinalar bir yilda yaratildi. Yuqumli kasallik vaksinasini bugun ikki oyda yaratish imkoni bor. Yoki genidagi mutatsiya tufayli kelib chiqadigan o‘roqsimon anemiya (gemoglobin yetishmovchiligi) kasalligiga chalingan bemorning genini to‘la tahrirlash yordamida sog‘aytirish imkoniyati ilgari orzu edi, xolos – bugun terapevtik amaliyotga aylandi. Ma’lumotlarning katta hajmdagi to‘plami, ularni almashishdagi yuqori tezlik, sun’iy idrokning paydo bo‘lishi, robototexnika, biotexnologiya va kosmik tadqiqotlar kabi sohalardagi yangiliklar yumushlarimizni qo‘limizdan olmoqda, vaqtimizni tejayapti va pirovardida, hayotimiz sifatini ham sezilarli darajada yaxshilamoqda.
Ammo xavotirimiz bu texnologiyalarning tug‘ma aqli yo‘qligi tufayli axloqi ham mavjud emasligida va texnokratlashuv davrida axloq chegaralarini belgilashda biz insonlar ortda qolayotganimizdadir. Qolaversa, agar barcha yumushlarimizni kompyuter bajarsa, kelajakda insoniyat qayerda ishlaydi? Virtuallashgan olamda o‘rnimiz qayerda? Jamiyatdagi o‘zaro aloqalar, qadr-qimmat, ish o‘rinlari masalasi qanday hal qilinadi? Raqamlashgan dunyoda “shaxsiy hayot” kafolati nima bo‘ladi? Bugunning bu qaltis savollari xavotirlarimizning negizidir. Biroq asosiy xavotir jamiyatning “STEM”lashuv (innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanuvchilar ko‘payishi)ga intilish ortib borayotganida yaqqolroq ko‘rinadi.
– Buni qanday tushunish kerak?
– “STEM” (Science, Technology, Engineering and Math) bu – ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematikani uyg‘unlashtiradigan ta’lim yo‘nalishi bo‘lib, hozirda bog‘chadan to oliy ta’limgacha jadal joriy qilinmoqda. Yoshlarda (asosan “zet” va 2010-yildan keyin tug‘ilgan “alfa” avlod) muhandislikka bo‘lgan qiziqish tobora ortib, ular texnologik jihatdan bilimlarni bizdan (1990–2010-yillar oralig‘i tug‘ilgan Z – “zet” avlod yoki zumerlar) yoki bobolari (X –“iks” va Y –“vay” avlodi)dan ko‘ra ko‘proq egallayotganiga, “aqlli” texnologiyalardan emin-erkin foydalanayotganiga har birimiz guvohmiz.
Har qanday jamiyat taraqqiyoti zamirida inson kapitalini rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalar, texnologik yutuqlarni amaliyotga keng joriy qilish, shaxsning fikrlash qobiliyati va tajribasini oshirishga qaratilgan e’tibor yotadi. Shuning uchun dunyodagi yetakchi jamiyatlar allaqachon “Ta’lim va iqtidorlar kelajagi” dasturlarini ishlab chiqib, virtual dunyo bilan qorishib ketayotgan “gibrid” ta’lim formatida voyaga yetayotgan “alfa” avlodlar uchun maxsus dasturlarni joriy qilgan. Bunda “STEM” ko‘nikmalarini samarali shakllantirish uchun dars jarayonlari o‘yin tamoyillariga asoslangan interfaol kompyuter texnologiyalari va onlayn darslar bilan davriy boyitilmoqda. Shuningdek, o‘quvchi yoki talabaning iqtidoridan kelib chiqib ta’lim berish, iste’dodlilarni saralash va ularni rivojlantirishga alohida yondashish kun tartibiga allaqachon chiqqan va keng amalga oshirilmoqda. Yangi O‘zbekistondagi islohotlarimiz negizi ham bundan mustasno emas, albatta.
Alaloqibat, “STEM”lashuv ommalashib, keyingi o‘n yillikda dunyo to‘la raqamli olamga aylanib ulgurishi kutilmoqda. Keyingi o‘n yillikda digitalizatsiya (raqamlashtirish), dekarbonizatsiya (atmosferaga karbonat angidrid gazi chiqishini kamaytirish) va yangi o‘zgarishlarga moslashish kelajak uchun “chipta” bo‘lib, katta hajmli ma’lumot, bulutli hisoblash, internet buyumlari va genomni tahrirlash texnologiyalari jadal o‘sadi. Natijada, birinchidan, raqamlashtirish va sun’iy intellekt sohalar boshqaruviga keng kirib borishi tufayli ko‘plab kasblar yo‘qoladi. Raqamlashtirilgan tizimlar tufayli insoniyat o‘z ishchi o‘rinlarini aqlli texnologiyalarga boy beradi. Ikkinchidan, kelgusi o‘n yilliklarda dunyo “raqamli inqilob”dan “yashil inqilob” barqarorligiga o‘tadi. “Yashil” iqtisodiyotga o‘tmagan, o‘zida “yashil” texnologiyalarni joriy etmagan jamiyatlar raqobatbardosh bo‘lolmaydi. Aniqrog‘i, “yashil” iqtisodiyot qoidalarini hisobga olmagan holda olingan mahsulotlarning bozori bo‘lmaydi. Uchinchidan, texnologik o‘sish ekologik ofatlar oqibatini tobora chuqurlashtiradi, iqlim o‘zgarishi keskinlashadi, dunyo xaritasidagi qator mamlakatlar hududida yashash imkoniyati tobora kamayib borishi ehtimoli ortib boraveradi.
– Tushunarli. Sizningcha, bu muammolarning qanday yechimi bor? Axir, burgaga achchiq qilib ko‘rpani kuydirolmaymiz, ya’ni texnologiyalardan voz kecha olmaymiz-ku? Balki texnologiyalarni chegaralash kerakmikin?
– Yechim bor, albatta. Bunda hech qachon ilm-fan rivojiga ham, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarning joriy etilishiga ham yoki ulardan foydalanishga ham chek-chegara qo‘yib bo‘lmaydi. Cheklov chorasi bir tomondan oson, lekin xato yechim bo‘ladi. Aksincha, jarayonlarni tezroq raqamlashtirish, hayotimizni osonlashtiradigan “aqlli” texnologiyalarni kengroq joriy qilish, yumushlarimizning katta qismini sun’iy idrok, robotlar va kompyuterlarga berishimiz, bundan aslo cho‘chimasligimiz lozim. O‘rniga biz kompyuter hamda robot mashinalar bajara olmaydigan ishchi o‘rinlari yarata borish haqida bosh qotirishimiz, faqat insongina bajara oladigan kasblarni yaratishimiz va yangi kasb ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan ta’lim dasturlari joriy qilishimiz zarur.
Shu bilan birga, yangi texnologiya va innovatsiyalarning axloqiy chegarasini o‘z vaqtida, kechikmasdan belgilab berishimiz, shaxsiy hayot daxldorligi yoki daxlsizligi tartib-qoidalari chegarasini insoniylik nuqtayi nazaridan aniq chizib qo‘yishimiz hamda bunga qat’iy rioya qilishimiz zarur. Bu juda katta insoniy qalb, tartib-intizomga bo‘ysunish, qoidalarni hurmat qilish, masalaga ijodkorlik bilan yondashish (kreativlik), chuqur insoniy tafakkur va tasavvur kengligini talab qiladi. Faqat insongina faoliyat yurita oladigan yangi sarhadlarni kashf qilishimiz lozim. Yanada jo‘nroq aytsam, innovatsiyalarni insoniylikka moslashtirishimiz kerak.
Oqilona tizimli yechim esa texnokratlashuv davrida “STEM” dasturlarini “HECI” (inglizchadan HECI – Humanity, Ethics, Creativity, and Imagination), ya’ni insoniylik, axloq, ijodkorlik (kreativlik) va tasavvur ko‘nikmalari bilan jadal uyg‘unlashtirish, texnologik xudbinlashuv yoki “zaharlanish”ga qarshi davo (“antidot”) sifatida umuminsoniy qadriyatlarni barqaror saqlab qolishga erishishdir. Aytmoqchimanki, texnologik rivojlanish avj pallaga ko‘tarilgan bugungi zamonda nafaqat “STEM”ga asoslangan yuqori texnologik malaka va ko‘nikmalarni, balki insoniylik va axloqiylik, kreativ yondashuv va jarayonlarni to‘la tasavvur qila olishdek muhim malakalarni doimiy shakllantirib borish, bu borada muntazam o‘z ustida ishlash va davriy shaxsiy taftish o‘tkazish o‘ta dolzarbdir.
Ayniqsa, innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish milliy madaniyat bilan hamohang bo‘lishi va bunda madaniy qadriyatlarga “yumshoq” komponent emas, balki texnologik rivojlanishning asosiy drayveri sifatida qarashimiz lozim.
Shu o‘rinda, “HECI” (texnologiyalardan foydalanuvchi yoki uni taklif etuvchi) har bir shaxsga o‘z insoniy fazilatlarini rivojlantirish, axloqiy bilimlarini va axloq chegaralarini mustahkamlash, masala va muammolarga kreativlik bilan yondashish hamda jarayonni to‘la va kengroq tasavvur qila olishni taklif etadi. Bunda milliy qadriyatlar, madaniy va ma’naviy merosning o‘rni, albatta, beqiyosdir.
– Siz aytayotgan “HECI” dasturining nomi yangidek, biroq ma’nosi bizga juda tanish-ku?
– To‘g‘ri ta’kidladingiz. “HECI”da uyg‘unlashgan tamoyillarni kundalik jarayonlarda u yoki bu ko‘rinishda barchamiz kuzatamiz, duch kelamiz, unga amal qilishga chorlaymiz va buni muhim omil deb hisoblaymiz. Yaqin o‘tmishimizning ilm rahnamolari – jadid bobolarimizning hayotiy tajribalarini va merosini o‘rganish, ularni targ‘ib qilish hamda millat dunyoqarashi uyg‘unligiga erishishda, vatanparvarlik, yangilanishga intilish, ajdodlarga munosib farzand bo‘lish, madaniy boyliklarimizni asrash, ularni qadrlash va qayta tiklash kabi barcha ishlarda “HECI” tamoyillari aniq va ravshan gavdalanadi.
Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar ilm-fan va innovatsiyalarga, texnologik yutuqlarni keng joriy qilishga tayangan holda, birinchi navbatda inson kapitalini rivojlantirish, ma’naviy yuksalishga intilish, milliy qadriyatlarni anglab yetish, insonni qadrlash, kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlikni kamaytirish, nogironligi bo‘lgan insonlarni jamiyatga uyg‘unlashtirish, vatanparvarlik, atrof-muhitni asrash kabi umuminsoniy tamoyillarga asoslangani ham bejiz emas, albatta. Prezidentimiz turli chiqishlarida milliy madaniyatimiz rivojiga urg‘u berib, “Avvalo, milliy madaniyatimiz va san’atimizda xalqchillik tamoyillarini yanada oshirish, uni tom ma’noda el-yurtimizning qalbi va yuragini ifoda etadigan, eng yuksak xalqaro mezon va talablarga javob beradigan sohaga aylantirish – eng muhim vazifadir” deya alohida ta’kidlaganlari, “Endi axloq bilimiga barcha ta’lim maskanlarida ustuvorlik beramiz” degan chaqiriqlari millatimiz, iqtisodiyotimiz va Yangi O‘zbekistonni barqaror jamiyat sifatida rivojlantirishning tamal toshi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
– Siz yaqinda chop etilgan maqolalaringizda “HECI” dasturini ko‘proq agrar soha rivoji nuqtayi nazaridan aniq misollar bilan tushuntirgansiz. Bu yaxshi yondashuv, biroq uni barcha sohalarga kengroq tatbiq qilish muhimdek nazarimda, bunga nima deysiz?
– Albatta, bunday malaka, aytganingizdek, barcha soha uchun birdek dolzarb. O‘z insoniy fazilatlarini rivojlantirish, axloqiy bilimlarini va axloq chegaralarini mustahkamlash, masala va muammolarga kreativlik bilan yondashish hamda jarayonni to‘la va kengroq tasavvur eta olish jamiyatning barcha tarmoqlari uchun ustuvor. Tizimda “HECI”cha qarash shakllanar ekan, “innovatsiya-axloq” yoki “innovatsiya-insoniylik” simbiozi paydo bo‘ladi, ya’ni axloq chegaralarini inson manfaatlaridan kelib chiqib belgilash amalga oshadi. Bu – jamiyatning barqaror rivojlanishini kafolatlaydi.
Birgina misol, hayot tarzimizning ajralmas qismidan biriga aylanib ulgurgan sun’iy idrok, aqlli kameralar, avtomatlashtirilgan robot texnologiyalari barcha tarmoqlarda mavjud. Demak, barcha tarmoqlarda insoniylik, axloq, ijodkorlik, tasavvurning shakllanishi o‘ta muhim. Sababi, turfa yangiliklarga boy bugungi kunda adolat, samimiylik, rostgo‘ylik, halollik, insof kabi insoniylik fazilatlari yetishmayotgani oddiy holatga aylanib borayotgan bo‘lsa, texnokrat qatlamlarda xudbinlik, befarqlik, kelajak oldida mas’uliyatni his etmaslik kabi tuyg‘ular avj olayotgani bor gap. O‘ylaymanki, barcha tarmoqlar, yetakchi sohalar va davlatlar allaqachon texnologik xudbinlashuvga yangi “HECI”cha antidotlarni joriy etmoqda va bunga intiladi ham.
Nega agrar sohada bunday yondashuv kerak, degan masalaga kelsak, bu – davr talabi. Ona zamin va tiriklik bilan chambarchas bo‘lgan bu tarmoqda har bir mutasaddi shaxs yuqoridagi kabi qusurlardan xoli, yuksak insoniy fazilatlarga ega bo‘lishi lozim. Axloqli deganda biz muayyan tartib-qoidalarni hurmat qiladigan, “mumkin emas” degan iborani teran anglaydigan, muammolarga ijodkorlik bilan yondashadigan, o‘z qadamlarining oqibatini tushunib, yangi sarhadlarni tasavvurdan amaliyotga ko‘chira oladigan qobiliyatli insonlarni nazarda tutamiz. Avval ham aytganimdek, qishloq xo‘jaligi ishchi-xodimlaridan nafaqat yuqori texnologik, ilmiy malaka va ko‘nikmalarni, balki o‘z “zuvalasi”da insoniylik, axloqiylik, ijodkorlik bilan yondashuv va jarayonlarni to‘la tasavvur qila olishdek muhim xislatlarni doimiy shakllantirib borish talab etiladi.
Muhimi, har bir agrosanoatchimiz mahsulot yetishtirilayotgan tuproqning tirik vujud ekanini anglashi, yetishtiriladigan hosilning atrof-muhitga, ona zaminga beziyonligi va oxir-oqibatda iste’molchi sog‘lig‘iga bezararligi hamda ozuqaviyligini ta’minlashda javobgar ekanini tushunishi lozim. Bunda barcha sohalardek, agrar tarmoqda “HECI”cha dunyoqarashni shakllantirish, keng targ‘ib qilish hamda davriy yangilab borish g‘oyat muhimdir.
Shu yerda, tushunarli bo‘lishi uchun, bugungi faoliyatimizdan bir misol keltiraman. Yurtimizda suvni tejash maqsadida katta kanallardan tortib, kichik ichki ariqlargacha keng qamrovli betonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu juda katta suv yo‘qotilishining oldini oladi va obi hayot oxirgi nuqtadagi fermerning dalasigacha yetib borishini ta’minlaydi. Shu bilan birga, davlat tomonidan ajratilayotgan subsidiya mablag‘lari evaziga bu dalalarga bosqichma-bosqich tomchilab yoki yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini o‘rnatyapmiz. Maqsad – suv sarfini yanada kamaytirish va ko‘proq ekin maydonlarini sug‘orish imkoniga ega bo‘lish, pirovardida, ko‘proq hosil yetishtirishdir.
Betonlashtirish va tomchilatib sug‘orish suv tanqisligi sharoitida zamonaviy texnologik yechim hisoblanadi. Biroq kanallarni, ayniqsa, ichki ariqlarni betonlashtirishda ariq bo‘yidagi daraxtlar shu ariqdan suv ichishini o‘ylayapmizmi? Ularning keyingi taqdiri tasavvurimizda paydo bo‘lyaptimi?
Aksariyat hollarda, afsuski, bunday tasavvursiz, noinsoniy, bir tomonlama yondashuv ro‘y beryapti – ariqlar ichi to‘la-to‘kis betonlanyapti. Agar “HECI” ko‘nikmasi shakllantirilsa, fermer yoki ishchi xodim, avvalo, daraxtlarning suv ichishga muhtojligi, betonlashtirishda butun ariq chetidagi hayot “qovjirab”, yashillik yo‘qolmasligi haqida qayg‘uradi. Bu esa agrar soha xodimidan insoniylik, tasavvur, tafakkur va ijodkorlik ko‘nikmalarini talab qiladi.
Qolaversa, axloqiy tamoyillar shakllansa, masalan, tomchilatib sug‘orishga davlat ko‘magi (subsidiya) olib, o‘rnatib, keyin “ishlamadi-ku” degan vaj bilan yig‘ishtirib tashlash, subsidiyaga olingan uskunalarni ikkilamchi bozorda qayta sotish noaxloqiy amal ekanini izohlashga o‘rin qolmaydi.
Mana shu jihatlarni e’tiborga olib, hozirda qishloq xo‘jaligi sohasida 24 soatlik “HECI” o‘quv malaka oshirish dasturi ishlab chiqildi. Bu dastur oliy va professional ta’lim, ilmiy tadqiqot, boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda oliy agromuhandislik maktablari tizimlariga bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda.
Ushbu dastur “HECI” tamoyillari bashariyatda shakllanishining va ular negizining nazariy asoslarini o‘quvchiga yetkazib beradi. Shuningdek, dasturda interaktiv va amaliy nazorat soatlari belgilangan bo‘lib, davra suhbati ko‘rinishida “insoniylik” fazilatlarini hayotdan olingan misollar bilan bog‘lash, o‘zi anglagan “HECI”cha yechimlarni “insho” tariqasida topshirishni yuklaydi. Shuningdek, axloq va uning chegarasi haqida mutolaa qilingan badiiy asar muhokama qilinadi, “mumkin emas” tushunchasini qanday qabul qilish kerakligi dars davomida izohlanib, baholanadi. Kurs yakunida har qanday texnologik yechimlarga “HECI” yondashuvi asosida qarash ko‘nikmasi shakllanadi. Hududiy va markaziy tizimdagi har bir xodim “HECI”cha tafakkur qilsa, demakki, ular timsolida agrar tarmoqning har bir vakili o‘z ishini insoniylik, axloq, kreativlik va tasavvur kabi tushunchalar orqali tashkil eta oladi.
Qolaversa, bo‘lajak qishloq xo‘jaligi mutaxassisi ham bugun o‘zida “HECI” ko‘nikmalarini hozirgi texnologik rivojlanish bilan uyg‘unlikda muntazam shakllantirib borishi, ma’naviy qiyofa va dunyoqarashini doimiy taftish etishi kerakligini teran anglashi lozim. Ana shundagina agrar tarmoqqa jadal kirib kelayotgan eng “aqlli” texnologiyalar ham sohaning uzoq muddatli barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.
– Rahmat, Ibrohimjon aka. O‘ylaymanki, siz bergan ma’lumotlar o‘quvchilarimiz uchun qiziq va manfaatli bo‘ladi. Bir qarashda siz sanagan vazifalar faqatgina olimlarimizga tegishlidek tuyuladi. Aslida, bu millat taqdiriga daxldor masala sifatida barchamizni birday o‘ylantirishi, izlantirishi kerak. Bu sinovlardan yorug‘ yuz bilan o‘tish hammamizga nasib etsin.
I.MIRZAALIYEV suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2025-yil 7-fevraldagi 6-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
77
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
593
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
591



