Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


23.12.2025 | 15:36

img1419

…OQIB BORAR OY

YURT MANZARALARI

Marg‘ilonda, tong shivirida,
Yuragimga tegib o‘tdi kuz.
Potirladi ko‘ksimda qushlar –
Oqi – oppoq, qorasi – qunduz.

Tubigacha ko‘rinar suvlar,
Bog‘lar sog‘inch rangiga kirgan.
Ro‘mol uchin tishlar suluvlar
Yuzga hayo upasin urgan.

Hovlilardan anqiydi hayot,
Sarishtalar Kumush, Zebilar.
Engashmasang boshingga tegar
Usta bog‘bon ekkan behilar.

Soqolini yillar kuzagan,
Bomdod o‘qib qaytishar chollar.
Shirmoy nonday balqqanda quyosh
Qaymoq suzar aziz ayollar.

Bedanalar payrov qilgancha
Ayvonlarda qutlaydi tongni.
Sezdirmasdan tomirlar mehr,
Bezab borar insoniy ongni.

Paxtazorlar, kamalak bog‘lar,
Qadoqqo‘l kuz qilmoqda ijod.
Tiriklikning tomirlariga
Issiq qonday yugurar hayot.

Ipak to‘lib borar charxida,
Naqsh solar umringga tonglar.
Dovon orti – so‘lim vodiyda
Ana shunday boshlanar kunlar.

* * *

So‘zning o‘chog‘ida go‘lahlik ishim,
Banda bilan bitmas – og‘ir yumushim.
O‘ng tomonimdan kel, o‘zing ko‘rasan,
Tajriba maydoni mening turmushim.

* * *

Nechun gullamaydi muzlab yotgan ruh,
Nechun shoir dodi manzilga yetmas?
Nechun Vatan deya hayqirgan chog‘i
Mazlum yuraklarning zanglari ketmas?

Qalblarga qamalgan quyoshlar porlab,
Nechun uyg‘onmaydi mudragan kuchlar?
Karga qo‘shiq aytib, tunga tosh otib,
Shamolni qoplagan kabi besamar…

Nechun yuragida bozillagan cho‘g‘,
G‘aribning muzlagan shomin isitmas?
Ey, so‘z! Mumiyocha totimi yo‘q so‘z,
Azador kiyikning yarasi bitmas?

Buning sirin bildim, shu achchiq so‘roq
Yurakni sazoyi qilayotgan on.
Xudo bilan yurak o‘rtasidagi
She’r degan tariqat bo‘lganda talon.

Ana shunda bildim, ey, shamol nasli,
Ey, qadahi to‘lgan, ko‘ngli to‘lmagan.
G‘aladonda turgan shamday umrlar,
So‘zi borgan joyga o‘zi kelmagan…

Rasulga xiyonat qilgan mushrikday,
Duolari qabul bo‘lmas pir kabi.
Tuyqus sezib qoldim Vatan kalomin,
Esnoq-la, sharafsiz aytganda labim…

Ha, gumon qalami sochmagaydir o‘t,
So‘zning ulug‘ kuchi bo‘lmaskan sodir.
Qon to‘kmasdan turib shahid qavmida
Ketish mumkinligin unutsa shoir.

KO‘NGIL

“Kechga… ishdan kelay, maylimi..?”
Eshikni yopasan – ketasan.
“Charchadim. Ishim ko‘p, vaqtim yo‘q…
Tong otsin, maylimi..?” Yotasan…

Qo‘lingda – bozorlik. Yo‘l tirband,
Qor bosib kelasan, etik ho‘l…
Telefon asabiy jiringlar,
“Yo‘ldaman. Borayin… uyda bo‘l…”

…Chigirtka chirillar shom chog‘i,
Yoz qachon keldiykin – o‘ylaysan…
Bir marta, bir marta bo‘lsa ham,
Sen mening holimni so‘rmaysan…
Sen mening ko‘nglimni bilmaysan…

BALOG‘AT

Tirnog‘iga hali bo‘yoq tegmagan,
Inja upalarni totmagan yuzi.
Shirin gilosidan hech kim o‘pmagan,
Hulkarday porlaydi ikki yulduzi.

Hali qay bekatda tushishin bilmas,
Hammani baxtiyor sanaydi.
Hali ko‘zlarining taftida dunyo
Qandday erib turar – sezmaydi…

Nozik kipriklari hijron seliga
Hali bir marta ham duch kelmagan gul.
Hali g‘amli qo‘shiq aytib ko‘rmagan
Chap ko‘ksiga qo‘nib o‘ltirgan bulbul.

O‘nta asov kiyik – o‘nta barmog‘i,
Goho titrab ketar bir zumga…
Nedir ro‘y berishin o‘ylar-u,
Ammo shubha qilmas hech kimdan.

Sochining selida oqib borar oy,
Kunduz mingta tuzoq to‘qib o‘ltirar.
Hali bu sirlardan bexabar, shoyon,
Goho… tushlarida qaltirar.

Hali Xudoyimning uzun arqoni
Nozik qo‘llarini asta bog‘laydi.
Seskanmay, tik qarar ko‘zimga,
Hali ko‘p narsani bilmaydi,
Shu sabab parvo ham qilmaydi.

* * *

Bitta uyda yashasak ham,
Birga qadam tashlasak ham,
Faqat ko‘zlar so‘ylashadi –
– Sirlashmoq yo‘q, dardlashmoq yo‘q.

Bir shaharda yashasak ham,
Bir niyatga ishlasak ham,
Kesishmagan ko‘chalarday
Sirlashmoq yo‘q, dardlashmoq yo‘q.

Bir dunyoda yashasak ham,
Bir xil g‘amni oshasak ham,
Shamol quvgan bulutlarday…
Sirlashmoq yo‘q, dardlashmoq yo‘q.

Himolaydan osholmagan
Qushlar kabi qaylardamiz?
Tushlardamiz, o‘ylardamiz,
Sirlashmoq yo‘q, dardlashmoq yo‘q.

Bir Xudoga banda bo‘lsak,
Hali jonlar tanda bo‘lsa,
Qo‘rquv, umid, sog‘inch bor-u,
Sirlashmoq yo‘q, dardlashmoq yo‘q.

* * *

O‘q teshgan havoning o‘rni to‘ldimi,
So‘nggi xo‘rsiniqdan, og‘ir nafasdan?
Biz tengi hislardan kimdir qoldimi:
So‘nggi qor, atirgul, bir bekat pastda…

Aytgil, yuragingning taqdiridan ayt,
Ul tuyg‘ular holing so‘rayaptimi?
Artgil, ko‘zgudagi ko‘zyoshlarni art,
Tushlaringda muzlar eriyaptimi?

Tunning hisobidan qolgan quvonchlar,
Hanuz sochlaringni tarayaptimi?
Mening yuragimga to‘lgan sevinchlar
Ko‘zguda aksingni ko‘rayaptimi?

Haliyam uyingda deraza bormi,
Yo‘l, uylar, odamlar yurayaptimi?
Tashqarida yomg‘ir, qaysi fasl bu,
Derazangdan Alloh qarayaptimi?

Tongga yaqin tingan yomg‘irdan keyin,
Derazani qalbday ocholasanmi?
Xonangda sevgiday bepoyon havo,
Uni borlig‘ing-la qucholasanmi?

Mening bo‘shlig‘imni to‘ldiroldingmi,
Derazada yomg‘ir, qalbingda qormi?
Bir bekat narida qo‘l silkiyapman,
Dunyoda haliyam atirgul bormi?

SO‘ROV

Rabbim! Bu olamga qancha sir berding,
Kimdan nurni olding, kimga nur berding.
Botqoqqa nilufar qadagan kabi
Noqobil bandangga boylik, zar berding!

Rabbim! Bu jahonga qancha sir berding,
Qadriga yetmasga go‘zal hur berding.
Oppoq qor to‘shida qurtlar yashaydi,
Gunohkor tilimga qancha she’r berding.

Rabbim! Mulk – Seniki. Tog‘-u qir berding,
Qay bir elatlarga buni ko‘p ko‘rding.
Dilga she’r o‘rniga tavba solsang-chi?
Qiynalib ketyapman – kam sabr berding!

* * *

Butunini, sinig‘ini, yorig‘ini,
Yarqirog‘i, yaltirog‘i, chorig‘ini.
Osmonini, zamonini, chistonini,
Sog‘inchini, quvonchini, armonini,
O‘zi aytib bekor qilgan farmonini,
Tilim bilan terib o‘tdim, ko‘nglim aka,
Nima olib, nima berdik, Salim* aka.

Kechalarning hisobidan kunduzlarni,
Tengsizlarning suhbatiga tengsizlarni,
Yuraklari ulug‘ shoir, tilsizlarni,
Qarog‘larda muzlab turgan dengizlarni,
Shu dengizdan zumradlarni, feruzlarni,
Senga atab yurgan edim, singlim, aka,
Hafsalamiz pir bo‘ldimi, Salim aka.

Qadah yanglig‘ to‘lishi bor yuraklar ham,
Bir kun dod deb yuboradi, ko‘kraklar ham,
Tolar ekan, par tutsa-da bilaklar ham,
Kerak bo‘lmay qolar ekan “keraklar” ham,
Bizdan bo‘yi baland ekan teraklar ham,
Shu terakdan uchgan bargdir ko‘nglim, aka,
Kuzga qarab ketyapmizmi, Salim aka.

Huv, qirlarda bir qamish, bir yulg‘un edi,
Ilon bilan chumchuq ini yaqin edi,
Bu qirlar ham otam kabi horg‘in endi,
Sog‘inch ketdi, loshim bunda tolg‘in endi,
Ko‘rgim kelar, chopgim kelar tag‘in endi.
Qavat-qavat uyday baland g‘amim, aka,
Shu uylarda bir o‘zimman, Salim aka.

..._______________...
*Shoir Salim Ashur

* * *

Tegirmontosh ustida ildiz otgan bug‘doyman,
Quyoshni ko‘rmaganman –
bir tola oynurdayman.

Ikki tosh orasidan tortib chiqqan chumoli,
Rangimni sarg‘aytirgan ul jo‘mardning zavoli.

Bir tun oyni eshitdim, tilib o‘tdi tomimni,
Sochin yulib yig‘ladi, kuylab berdi g‘amimni.

Tegirmonchi uyquda, kelmay qolgan xaridor,
To‘xtab qolgan toshlarga
qismatin eslat, Jabbor!

Endi un bo‘lolmasman, eshilib ketsin tarzim,
Arosat fasli o‘tsin – yo‘qdir boshqa hech arzim!

* * *

Tun baribir uzun ekan, yoz bo‘lsa ham,
G‘am baribir og‘ir ekan – oz bo‘lsa ham.
Tovushlaring yuragimga tegib o‘tdi,
Endi yo‘q-da, ovozginang – soz bo‘lsa ham.

Onaginam, yo‘q damlaring bag‘rim tildi,
Yosh boladay uyqum o‘chib, o‘pkam to‘ldi…
Beor dunyo ko‘ksim o‘yib, mendan kuldi,
Bu makkorda sadoqat yo‘q, noz bo‘lsa ham.

Yopgan noning isi keldi saharlarda,
Lek o‘zing yo‘q – qo‘rqib yurdim safarlarda,
Goh daryoday toshganim bor zafarlardan,
Sen yo‘q uchun quvonch totmas – rost bo‘lsa ham.

Bu keng jahon quyosh nurin emib yashar,
Yomg‘irlarning qo‘shig‘iga cho‘mib yashar,
Seni qo‘msab tunlar men-la oy adashar,
Quyosh har tong kelar, sen yo‘q – boz bo‘lsa ham.

O‘say desam, ko‘kragimdan bosib o‘tar,
Yetay degan chog‘im tog‘lar qochib ketar.
Men ortidan chopgan qushlar uchib ketar,
Sen yo‘q uchun, ular ham yo‘q – roz bo‘lsa ham.

Tun baribir uzun ekan, yoz bo‘lsa ham,
Sog‘inch yuki og‘ir bo‘lar – oz bo‘lsa ham.
Ey, voliydam, rozi bo‘lgin g‘aribingdan,
Minnati ko‘p, xizmatlari oz bo‘lsa ham.

Shodmonqul SALOM

“Jadid” gazetasining 2025-yil 19-dekabrdagi 51-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596