06.08.2025 | 16:50
670
OQIBATNI YOD ETIB…
Ne’matulloh Ibrohim davrimizning nodir shaxslaridan biridir. U kishi katta olim, arab lug‘ati bilimdoni, jamoat arbobi, ulkan tashkilotchi.
Domlani Toshkent davlat universitetining Sharqshunoslik fakultetida dekan lavozimida xizmat qilgan chog‘laridan bilaman. 1991-yilda mazkur fakultet bazasida Toshkent davlat sharqshunoslik instituti tashkil etildi. Qahramonimiz bu institutning asoschisi va bosh tashkilotchisi edi. O‘zi 1991–2005-yillarda rektor vazifasida xizmat qildi.
Fakultet ekanida ish oson kechgan, har jihatdan ToshDUning tasarrufida bo‘lgan. Lekin butun boshli oliy ta’lim dargohini yo‘qdan oyoqqa turg‘izish oson ish emas. Ne’matulloh Ibrohim domla tashkilotchilik qobiliyatini namoyon etib, mazkur institutni faqat O‘zbekistonda emas, balki Markaziy Osiyodagi eng obro‘li ilm dargohlaridan biriga aylantirdi.

Keyinchalik domla lavozimdan olinib, Sharqshunoslik instituti islomshunoslik kafedrasi mudiri vazifasiga qo‘yildi. Lekin qalami, ilmi va iste’dodi bor kishi hech qachon tushkunlik va g‘amginlikka berilmaydi. Mas’ul vazifalardan yengillashgan alloma ilmiy-ma’rifiy faoliyatga sho‘ng‘ib ketdi.
Yosh va bo‘lajak olimlarga o‘rnak o‘laroq Ne’matulloh Ibrohimning ilmiy-ma’rifiy, ijodiy faoliyatiga to‘xtalib o‘tamiz.
Bir mahallar Toshkentda “Qomus” nashriyoti bor edi, “Qomuslar bosh tahririyati” deyilardi. 1991–1996-yillarda nashriyot rahbari Nurislom To‘xliyev tashabbusi bilan hazrati Imom Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahih” (“Eng ishonchli hadislar to‘plami”) kitobi o‘zbek tiliga tarjima qilinib, to‘rt jild holida chop etildi. Birinchi jildni arab tilidan Zokirjon Ismoil tarjima qilgan. 1991-yilda chop etilgan. Kitobning ikkinchi betida “Professor Ne’matulloh Ibrohim va shoir Mirzo Kenjabek tahriri ostida” degan yozuv mavjud. Kamina nomim muhtaram olimimiz nomi bilan yonma-yon turganidan iftixor tuyganman. Abdulla Oripov “Hikmat sadolari” turkum she’rlarini mana shu kitobdagi hadislar asosida yozgan. Kitobni shoirga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari sovg‘a qilgan. Ustoz bu she’rlari uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan mukofotlanib, haj ziyoratiga yuborilgan edi. Demoqchimanki, Imom Buxoriydek zotning kitobi nashr etilishida Ne’matulloh Ibrohim domlaning nomi va mehnati muhim ahamiyat kasb etgan.
Domla shogirdlari bilan birga mashhur sayyoh Ibn Battutaning “Sayohatnoma”, ya’ni “Tuhfat an-nuzzor fi g‘aroib al-amsor va ajoib al-asfor” (“G‘aroyib shaharlar va ajoyib safarlar haqida nazar sohiblariga tuhfa”) asarini arab tilidan tarjima qilib, nashr ettirdi.
2001-yilda oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun 2 jildli “Arab tili grammatikasi darsligi”ni chop ettirdi. Ushbu darslik O‘zbekistonning ko‘plab oliy o‘quv dargohlarida arab tilini o‘rgatuvchi asosiy qo‘llanma vazifasini o‘tab kelmoqda.
2017–2022-yillar davomida arabcha-o‘zbekcha to‘rt jildlik qomusni tuzib, misli ko‘rilmagan ulug‘ ishni amalga oshirdi. Bu benazir asar “Al-Qomus: arabcha-o‘zbekcha ensiklopedik lug‘at” deb ataladi. Unda 100 mingdan ortiq so‘z va iboralar jamlangan. Ushbu lug‘atning chop etilishi o‘zbek ilm-fani, xususan, O‘zbekiston sharqshunosligining ulkan yutug‘idir.
2010-yilda Abdulmalik ibn Hishomning “As-Siyra an-nabaviyya” asarini o‘zbek tiliga to‘liq tarjima qilib, nashr ettirdi.
Domla ilmiy-ijodiy faoliyati davomida manbashunoslik sohasidagi yangi yo‘nalishlardan biri bo‘lgan Sharq badiiy tafakkuri va yuksak ma’rifatli ziyolilar madaniyatining yaxlitligi haqidagi qomusiy asoslarni taqdim etdi.
Qizg‘in ilmiy-ma’rifiy ishlar bilan mashg‘ul bo‘lib turganida domlaning mavqeyi yana tiklandi.
2018-yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Xalqaro Islom akademiyasi tashkil etilib, Ne’matulloh Ibrohim rektor qilib tayinlandi. Bu rahbar uzukka ko‘z qo‘ygandek joyiga tushgan edi. Domla bor ilmi va hayotiy tajribasidan foydalanib, yangi davr ruhiga mos ravishda Akademiyani oyoqqa turg‘izdi. Eng munosib ilmiy kadrlarni tanlab, Xalqaro Islom akademiyasini quvvatlantirdi. Ilmiy ish qiluvchilar uchun katta imkoniyatlar eshigi ochildi. Ko‘plab yosh olimlar falsafa doktori va fan doktori ilmiy darajalarini olishga erishdi. Toshkent ilmiy-ma’rifiy muhitida yangi imkoniyatlar yuz ko‘rsata boshladi. Akademiya ishlari bir maromga tushib olgach, domla yana ilmiy-ijodiy faoliyatga qaytdi.
Bir xil rahbarlar ishdan ketsa, obro‘si, izzati ham ketadi. Ne’matulloh domlada hech qachon bunday bo‘lgan emas. Chunki domlaning butun izzati – ilmida.
Domla adabiyotning chin ixlosmandi va bilimdoni hamdir. Suhbatlarda, davralarda ko‘pincha Erkin Vohidov she’rlaridan misollar keltirganini kuzatganman. Bir anjumanda “atom” so‘zini sharhlab, ustozning ushbu baytlarini o‘qigani esimda:
Zarrani ijod etib,
Dahshat-balo bunyod etib,
Oqibatni yod etib,
Hayron o‘zing, hayron o‘zing.
Suhbatda bu misradagi “zarra”dan murod atom ekanini domla chiroyli sharhlagan edilar.
Olimning suhbati olimonadir. Olimning har bir so‘zi olimga xos, hikmatga moyil so‘zdir.
Ne’matulloh Ibrohim jahongashta olim. Domla ilmiy maqsad va xizmat safari bilan AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Belgiya, Niderlandiya, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, Turkiya, Rossiya, Misr, Jazoir, Suriya, Kuvayt, Bahrayn, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Ummon, Saudiya Arabistoni va boshqa manzillarda bo‘ldi.
O‘tgan vaqt mobaynida halol mehnati bilan filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi kabi daraja va unvonlarga erishdi. Imom Buxoriy nomidagi xalqaro mukofot sohibi bo‘ldi. Jahon hamjamiyati ham u kishini munosib e’tirof etgan. Ne’matulloh Ibrohim Qohira Arab tili akademiyasi a’zosi, Janubiy Koreyaning Sen Kyun Kvan universiteti faxriy doktori, Yaponiyaning Fukusima prefekturasining O‘zbekistondagi faxriy elchisi, “O‘zbekiston–Misr” do‘stlik jamiyati raisi, O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyati Kengashi raisi, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashi raisi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi maslahatchisi kabi mavqelarga ega bo‘lgan. Yana u kishi ikki marta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati etib saylangan.
Ne’matulloh Ibrohim domla, mening nazarimda, o‘z haqiqatlarida sobit turgan nodir shaxslardandir!
Domlaga doimiy sihat-salomatlik, uzoq, barakotli umr tilab qolaman.
Mirzo KENJABEK,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi
“Jadid” gazetasining 2025-yil 1-avgustdagi 31-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
87
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
600



