08.05.2025 | 12:21
833
O‘YNASHIB BO‘LMAYDIGAN O‘YIN
Mavzuning menga aloqasi yo‘q deyishga oshiqmang. Bolalikda uch-to‘rt o‘rtoq yig‘ilib, yong‘oq, gugurt quti yo shunga o‘xshash nimanidir o‘rtaga tikib o‘yinlar tashkil qilganimiz bor. O‘zimdan qiyos, bordi-yu uydagilar qo‘qqisdan biror ish buyurib qolsa, qo‘lim yumushda bo‘la turib, ko‘ngil o‘yin tomonda qolardi. Ish tezroq tugasa-yu, bolalar safiga o‘yinga qaytsam.

Yutuq – g‘olib bo‘lganniki. Borini boy bergan esa tag‘in yong‘oq izlashga yoki o‘choq boshilab gugurt quti axtarishga sho‘ng‘ib ketardik. Biz bolalarga yong‘oq go‘yo boylik, o‘yinda yutqazmasdan uni ko‘paytirish esa bir xum tilla topgandagidek zavq berardi. Uning o‘ziga chorlovchi gashti, xumori bor edi. Bu beg‘ubor davrdagi ermakdek tuyulishi mumkin, ammo chuqurroq tahlilga tortilsa, tabiatan insonda omad va tavakkalchilikka qiziqish borligi oydinlashadi. Qaniydi, bu ishtiyoq bolalikning o‘zi singari qaytmas bo‘lsa, o‘tmishda qolsa. Ruhiyatimizda yong‘oq bilan bab-baravar o‘sib borar maylning tobora g‘uj tomir yoyishi ko‘pda fojiaga yo‘l ocharkan. So‘zimiz o‘ynashib bo‘lmaydigan o‘yin – qimor haqda!
“Utsa tegaman, utdirsa so‘yaman”
Manbalar qimor o‘yinlarining insoniyat tarixida qadimdan mavjud ekanini dalillaydi. Masalan, Mesapotamiya hududidan topilgan miloddan avvalgi III ming yillikka oid suyakdan yasalgan shoshqol donachalari. Yoki miloddan avvalgi I ming yillik o‘rtalarida Hindistonda yaratilgan mashhur “Mahobhorat” dostoni. Asarda dramatik voqealar zanjiriga ko‘ra, bosh qahramonlar fojiasiga aynan shoshqol – qimor sabab bo‘ladi. Bu orqali qimor shunchaki o‘yin emas, balki inson taqdiriga keskin ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy omil sifatida talqin qilinadi.
Bunday talqinlar xalq og‘zaki ijodiyotida ko‘plab topiladi. Masalan, o‘zbek xalq dostonlaridan biri “Kuntug‘mish”da Xolbeka obrazini olaylik. O‘n to‘rt yoshga yetgach, uning husni kamoli ovozasi olamga yoyiladi. U go‘zal, ayni paytda aqlli, nard o‘yiniga mohir qiz bo‘lib yetishadi. Unga barcha mamlakatlardan sovchilar kela boshlaydi. Xolbeka sovchilarga: “Har kim meni olaman deb kelsa, oldiga nard o‘yinini qo‘yaman, o‘ynayman, utsa tegaman, utdirsa so‘yaman”, deb shart qo‘yadi. Hatto shahar podshosi Buvraxonga ham shu javobni aytadi…
Zamonlar o‘tdi. Qimor shaklan o‘zgarib, soddalashdi va shuning ortidan tobora ommalashdi ham. Masalan, IX asrda ilk bor Xitoyda o‘yinbop kartalar paydo bo‘ldi. XVII asrga kelib esa Italiyada dunyodagi ilk kazino ochildi. Biroq mohiyat o‘sha-o‘sha – “utdirsa so‘yaman”ligicha qoldi. Zotan, qimor o‘yinga bilib-bilmay bosh qo‘shayotganlarni-da pichoqsiz so‘ymoqda.
Osonning ostidan, yengilning ustidan
Bugungi kunda bukmekerlik kompaniyalari ishlab chiqqan ilovalar orqali sport musobaqalari, kazino o‘yinlariga pul tikish keng quloch yoyib, domiga tushganni “quchog‘i”dan qo‘yib yubormayapti. Onlayn qimor orqali oson pul topish illyuziyasi ko‘pchilikni o‘ziga tortayotgani achinarli.
Undan ham achinarlisi, ko‘p holda bu o‘yinga oqni qoradan ajratib biladi deganimiz oliy ma’lumotli insonlar, oylik maoshi bilan bemalol ro‘zg‘or tebratayotganlar, ilm izlab uyidan uzoqda yashayotgan talabalar ham ilinib qolmoqda. Ular mablag‘iga qo‘shib vaqtini ham yo‘qotmoqda. Holbuki, bu o‘yinlarda yutqazish ehtimoli doim yuqori – buni hatto o‘sha ilovani yaratganlar ham oshkora aytadi. Shunga qaramay, “Nega odamlar bu yo‘ldan toymayapti?”, “Nima uchun birdaniga katta pul kerak bo‘lib qolyapti?”, “Nafsimiz shunchalik hakalak otib ketdimi?”, “Yo mehnatga tobimiz yo‘qmi?” Savollar bisyor.
“Osonning ostidan, yengilning ustidan” degichlar doim topiladi. Ana shularni boya biz aytayotgan ilovalar bir deganda tuzog‘iga tushiradi-qo‘yadi. Ilovaning o‘zi shunday tuzilganki, insonning ongidagi eng zaif nuqtani o‘zi aniqlab, ayni o‘sha tomondan hujumni boshlaydi. Zaiflik esa me’yordan ortiq berilib ketish, yutish istagidir.
“Endi, albatta, chiqadi”
Dastlab bir-ikki so‘m yutqazasiz, bu hamiyatingizga tega boshlaydi: “o‘zimda bor narsani shunday havoga sovurib yuboraveramanmi, baribir yutaman”, deb jahd qilasiz. “Yiqilgan kurashga to‘ymas”, deganlaridek boy berilganini qaytarib olish ilinjida battar bu girdob domiga tushib boraverasiz. Orada sizga yutishga imkon berishadi (xo‘rak!) va xayolda “eplasa bo‘larkan-ku” degan o‘y shunchaki yutqazib ketavermayman degan ko‘r g‘urur bilan uyqashib butun fikrni qamrab oladi. Bu g‘alabachalar o‘zingizga ishonchni oshiradi va oldin hech qayerda tuymagan quvonchni seza boshlaysiz. Endi o‘yinga emas, o‘sha quvonchga bog‘lanib qolasiz. Imkon bo‘ldi deguncha telefonga yopishasiz, hech kim bilan gaplashgingiz va boshqa hech nimani o‘ylagingiz kelmay qoladi.
Cho‘ntak qurib qolsa-chi? Turgan gapki, tanish-bilishdan qarz ko‘tarasiz yo bankdan yoppasiga kredit olasiz. Hash-pash deguncha uni ham boy berganingizni payqamay qolasiz.
Bo‘lar ish bo‘ldi, to‘xtatish kerak, deb o‘ylagan paytingizda esa g‘isht qolipdan allaqachon ko‘chgan, yo‘qotilgan pullarni qanday qilib bo‘lsa-da o‘rniga qo‘yish vasvasasi bilan andarmon bo‘lasiz. Ulug‘lar aytmish: “darding bo‘lsa bo‘lsin, qarzing bo‘lmasin”. U yoqda qarzni vaqtida uzolmay, bu yoqda ro‘zg‘orni butlolmay do‘st-u yor oldida yuzingiz shuvut bo‘lib, doimiy tajang, asabiy kayfiyatga tushsangizda, ko‘knori xayolingiz shu safar qo‘lingiz baland kelishiga, yutuq endi, albatta, chiqishiga umid beraveradi. Biroq mana shu umidlarning barchasi puchga chiqqan paytda, bu yo‘lga kirgan kimki bor, o‘zini boshi berk ko‘chada ko‘radi va undan chiqib ketishning chorasi o‘laroq qay biri mol-mulkini sotadi, qay biri firib berishga o‘tadi. Xudo ko‘rsatmasin, yana qay birlari o‘z joniga qasd qilishgacha boradi.
Barchaga dars qurbonlar
Bu ko‘ngilga qo‘rquv solish yo to‘qima va yoki ehtimoliy gaplar ham emas, shu bugun yon-verimizda ro‘y berayotgan holatlardir. Yaqin yillarda ijtimoiy tarmoqda tarqalgan onlayn qimor bilan bog‘liq xabarlarning ayrimlariga e’tibor qaratsak: Buxoroda totalizatorda 100 mln so‘m yutqazgan yigit ota-onasining seyfini o‘marib yoqib yubordi; Nukusda mansab o‘rnidan foydalanib 9,2 mlrd so‘m pulni qimorda yutqazgan bank xodimi 8 yilga qamaldi; Surxondaryoda bank xodimi 278 nafar fuqaroga naqd pul ko‘rinishida chiqarilgan jami 121,1 mln so‘m nafaqa pullarini ularning nomidan soxta imzolar qo‘yish orqali o‘zlashtirib, ushbu pullarni “1Xbet” onlayn kazino o‘yinlariga ishlatib, talon-toroj qilganligi aniqlandi; Farg‘ona shahrida onlayn qimor sabab qarzga botgan yigit qo‘shni mahalladagi uyga o‘g‘rilikka tushib, payqab qolgan xonadon bekasini pichoqladi; Andijonda uch nafar farzandning onasi, 28 yoshli ayol 11 million so‘mni boy bergani sabab o‘zini daryoga tashladi; 24 yoshli yigit qimorda yutqazgani ortidan paynet shoxobchasi yonida o‘zini yoqib yubordi…
Biz hali o‘zgalar nomiga kredit olib yutqazganlar, uyini sotib ko‘chada qolganlar, xonavayron bo‘lib ota-onasi va farzandlarining ko‘ziga qarayolmay musofirlikda yurganlar haqida indamadik.
Keskin nazorat zarur
Qimorbozlik – bu faqat bir shaxsning muammosi emas, balki butun oila, yaqinlar va keng ma’noda jamiyatni halokat sari yetaklovchi jiddiy ijtimoiy illatdir. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, onlayn qimor sabab har yili O‘zbekistondan 350 milliondan 1 milliard dollargacha mablag‘ xorijga chiqib ketmoqda. “Pul qo‘lning kiri” degan gap bu o‘rinda o‘tmaydi. Chunki masalaning iqtisodiy ko‘lami ortida inson taqdiri, parokandalik, izdan chiqib ketgan kelajaklar – jamiyatdagi qaltis oqibatlar yotibdi. O‘nlab, yuzlab yoshlar hayoti qimor tufayli botqoqqa botmoqda.
Bu achinarli holatlarga chek qo‘yish maqsadida 2024-yil 19-aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi. Unga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab bu faoliyatga qonuniy asosda ruxsat berish, uni tartibga solish va nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Farmon ijrosi yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Nodir Jo‘rayev ta’kidlaganidek, asosiy maqsad fuqarolar huquqini himoya qilish, noqonuniy qimor oqibatlarini bartaraf etish va zararlarini kamaytirishdir.
“Afsuski, odamlarda qimorbozlikka moyillik yo‘q emas. Har qanday mobil ilovani ochsangiz, deyarli har ikkinchi reklamada qimorga oid platformalar chiqib keladi. Bu insonni o‘ziga sekin-astalik bilan jalb qiladi. Odamlar xorijiy, nazoratsiz va ko‘pincha aldamchi saytlarda qimor o‘ynab, katta mablag‘ yo‘qotishmoqda. Farmonning mohiyati shundaki, qonuniy asos yaratilib, litsenziyalangan platformalar orqali bu faoliyat nazoratga olinadi. Ko‘p guvohi bo‘lyapmiz, qimor o‘yinlari jinoyatchilik, shaxsiy qarzdorlik va o‘z joniga qasd qilish kabi og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lmoqda. Qonuniy tizim orqali bunday illatlarni kamaytirish mumkin”, deydi agentlik vakili.
Hindiston milliy ozodlik harakatining rahnamolaridan biri Mahatma Gandi aytmish “dunyoni o‘zgartirmoqchi bo‘lsang, buni o‘zingdan boshla”. Agar insonning o‘zi yaxshi tomonga evrilishni istamasa, har qanday taqiq foyda bermasligi mumkin. Biz esa sizga bu yo‘ldan yuring, yo yurmang demoqdan yiroqmiz. Shunchaki uning ming yillardan buyon o‘zgarmas qoidasini eslatish bilan kifoyalanamiz: “Qimorda faqat o‘ynatganlar yutadi”. Tamom.
Shukur LATIF
“Jadid” gazetasining 2025-yil 2-maydagi 18-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
80
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
596
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
594


