Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


16.09.2025 | 12:20

img760

O‘ZBEK FUTBOLI MO‘JIZASI

Futbol bo‘yicha milliy terma jamoamiz mamlakatimiz tarixida ilk bor jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, ko‘p yillik orzu-umidimizni ro‘yobga chiqardi. Kuni kecha O‘zbekiston terma jamoasi “CAFA Nations Cup 2025” o‘yinlarida Eron terma jamoasini mag‘lub etib, Osiyoda tengsiz jamoalardan biriga aylanganini ko‘rsatdi.

2024-yildan boshlab o‘zbek futboli rivojida yangi sahifa ochildi – 23 yoshgacha bo‘lgan terma jamoamiz birinchi marta Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etdi. Yutuq va xursandchiliklarimizning cheki yo‘q. Yaqindagina, aprel oyida  Saudiya Arabistonida o‘tgan musobaqada 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarimiz Osiyo kubogini qo‘lga kiritib, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan edi. Mana, endi asosiy terma jamoamiz ham yangi tarix yaratdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan yo‘llagan tabrigida futbolchilarimiz chinakam jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib, xalqimiz orzusini ro‘yobga chiqarganini ta’kidladi: “Aminman, bu tarixiy yutuq xalqimizni ezgu maqsadlar yo‘lida yanada birlashtiradi, ming-minglab yoshlarimiz uchun ilhom manbayiga, ibrat timsoliga aylanadi, Yangi O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e’tiborini yanada oshirishga xizmat qiladi”.

Milliy terma jamoamiz yutuqlari shunchaki katta natija emas, bu – ruhiy uyg‘onish, milliy o‘zlikni anglash demakdir. Bu g‘alaba bizni yanada jipslashtirdi, ruhlantirdi, ilhom­lantirdi.

Bugun O‘zbekistonda katta islohot­lar amal­ga oshirilmoqda. Xalqimizning o‘y-fikri, dunyoqarashi o‘sib, turmush tarzi, ha­yoti chin ma’noda farovonlashdi. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat. Lekin yurt­doshlarimiz xayolining bir chetida nimadir yetishmayotgandek bo‘lib turardi. Taniqli san’atkor Ergash Karimov mashhur film­da: “O‘ynolmas ekansan, koptokni bizga tashlamaysanmi, burda-burda qilib tashla­maymizmi”, deganidek, qalbimizda kichkina bir tushkunlik bor edi. Sababi, uzoq vaqt futbolni rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan kamchiliklar tan olinmadi, ularga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmadi. Oqibatda, iqtidorli sportchilarimiz dunyo bo‘ylab tarqab ketdi yoki yangi iste’dodlar katta maydonga yeta olmay, boshqa sohalarga o‘zini urdi.

Yangi O‘zbekiston bugun ko‘pchilikning nigohida. Mamlakatimiz haqida ko‘p yozish­moqda va bu yerga tez-tez tashrif buyurish­yapti. Keluvchilar esa siyosat, iqtisodiyot, xalqaro munosabatlarda yuz berayotgan o‘zgarishlarga guvoh bo‘lishni istaydi. Shu bilan birga, amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, xalqaro hamjamiyatning mamlakatga china­kam ishonchi sport sohasida erishayot­gan yutuqlarida ham ko‘rinadi.

Futbol nafaqat sport o‘yini, balki butun boshli madaniyat, milliy iftixor manbayi va mamlakatni jahonga tanitishning eng samarali vositalaridan biridir. Hozirgi globallashuv davrida futbol maydonida erishilgan muvaf­faqiyatlar mamlakatning ijobiy qiyofasini shakllantirish, iqtisodiy rivojlanishiga turtki berish va xalqaro maydondagi mavqeyini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Futbol jamoasining xalqaro musoba­qalardagi muvaffaqiyatlari mamlakat nomini dunyoga taratadi. Jahon chempionati, Osiyo, Afrika, Yevropa chempionati kabi yirik turnirlar millionlab muxlislar e’tiborini jalb qiladi. Bunday musobaqalarda g‘olib chiqqan yoki muvaffaqiyatli ishtirok etgan jamoalar haqida ma’lumotlar butun dunyoga tarqaladi. Natijada, bu davlatga qiziqish ortadi, turizm rivojlanadi va investitsiyalar yo‘naltiriladi. Misol uchun, Islandiya terma jamoasining 2016-yilgi Yevropa chempionatidagi muvaf­faqiyati butun dunyoga orol-davlatning borligini yana bir bor eslatib qo‘ydi. Xorvatiya terma jamoasining 2018-yilgi jahon chem­pionatida finalga qadar yetib borishi sayyohlik salohiyatini oshirdi va iqtisodiyotga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Futbol iqtisodiyotga ham katta ta’sir ko‘rsatadi. Yirik futbol musobaqalarini o‘tka­zish uchun stadionlar quriladi, infratuzilma rivojlanadi, mehmonxona va restoranlar biznesi gullab-yashnaydi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishi va mamlakat byudjeti boyishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, futbol klublari homiylar bilan shartnomalar tuzib, reklamadan katta foyda ko‘radi. Futbol­chilarning transferlari ham mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli daromad keltiradi.

Shuning uchun ham, futbolga investitsiya kiritish va uni rivojlantirish mamlakatning kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Yaqindan beri futbol maydonlarida terma jamoalarimiz ishtirokida ro‘y berayotgan katta voqealar kuchli hayajonga sabab va xalqaro OAVda muhokamalarga mavzu bo‘lmoqda, asosiysi, mamlakatimiz ichkarisida ulkan faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otmoqda. O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor saralash o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, tarixda jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Aynan O‘zbekiston futbolchilari Markaziy Osiyodan birinchi bo‘lib va yagona jamoa sifatida mundialda o‘ynaydigan bo‘ldi. Millionlab ishqi­bozlar uchun bu daqiqalar uzoq kutilgandi. Ilgari o‘n yilliklar davomida O‘zbekiston sara­lash turnirlarida ko‘p marta qatnashgan, ammo har safar nimadir yetishmasdi.

G‘alabalar tasodifiy bo‘lmaydi. Ularga mustahkam zamin tayyorlanishi kerak. Bu tag zamin, poydevor bir-ikki yilgina avval qo‘yilgan emas: futbol sohasi bosqichma-bosqich, davlat ko‘magi bilan va uzoq muddatli rejalashtirish orqali rivojlanib bordi. Prezidentimizning futbol infratuzilmasi, akade­miyani qo‘llab-quvvatlash, yosh iste’dodlar uchun sharoit yaratish bo‘yicha qabul qilgan qarorlari o‘zining hal etuvchi rolini ko‘rsatdi. Mamlakatimizning futbol maydonidagi yutug‘i umumiy manzaraning yorqin bir qismidir. Chunki sport xuddi davlat boshqaruvi va xalqaro munosabatlar singari, strategik tafakkur, chidamlilik va bir necha yil oldindan fikrlash qobiliyatini talab qiladi.

Qaysiki mamlakat dunyo sahnida muvaf­faqiyatga erishar ekan, demak, o‘sha yerda iste’dod, mehnat va g‘alabaga intilish qo‘llab-quvvatlanadi, barcha sohaning rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan bo‘ladi. Uzoqqa bormaylik: sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, O‘zbekistonni chinakam sport mamlakatiga aylantirish maqsadida istiqbolli o‘g‘il-qizlarimizga atab Toshkentda ulkan Olimpiya shaharchasi barpo etildi. 18-avgust kuni Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoyev Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilgan Milliy futbol markazini borib ko‘rdi. Davlatimiz rahbari ikki yil oldin bu yerga tashrif buyurib, mavjud stadionga tutash hududda zamonaviy majmua bunyod etish zarurligini aytgan edi. Ko‘p o‘tmay, Prezidentimizning 2023-yil 3-noyabrda “Futbol ta’lim muassa­salari tarmog‘ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori imzolandi.

Mustaqillik bayrami arafasida foyda­lanishga topshirilgan Milliy futbol markazida bir vaqtning o‘zida 6 ta terma jamoamizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish imko­niyati bor. Buning uchun stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari, mehmonxona barpo etilgan. Plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn va reabilitatsiya bo‘limi qo‘shimcha qulayliklar yaratgan. Majmuada professional futbolchi va mutaxassislarni tayyorlash uchun to‘rtta tuzilma tashkil etildi. Bular – Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazidir.

Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasi bo‘li­miga xorijiy uskunalar olib kelingan, eng ilg‘or uslublar o‘zlashtirilgan. Bu yerdagi sharoitlar futbolchilarga qisqa vaqt ichida jismonan tiklanish imkoniyatini beradi. Futbol akademiyasida yosh iste’dodlar saralanib, tarbiyalanadi. Buni xalqaro darajada tashkil etish uchun markazga Argentina, Vengriya va Xorvatiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan. Ular malakali murabbiy, hakam, tahlilchi, seleksioner va futbol menejerlarini tayyorlashda ishtirok etmoqda. Majmuada “VAR markazi” ham tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti­ning 2018-yil 16-martdagi qarori bilan 2018–2022-yil­larda futbolni yanada rivoj­lantirish dasturi qabul qilingan edi. Iste’dodli yoshlarni tanlash va professional tayyorlash hamda milliy terma jamoalar zaxirasini yaratish maqsadida 14 ta hududda bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalari tashkil etildi. Mashg‘ulot va musobaqalarda sifat oshdi. Murabbiylar, hakamlar va boshqa mutaxassislarga e’tibor kuchaydi. Zamonaviy sport arxitekturasining noyob durdonasi bo‘lgan ushbu majmualar minglab bo‘lg‘usi chempionlarimiz uchun yuksak parvoz maydoniga aylanishiga shubha yo‘q.

Prezidentimiz 2019-yil 4-dekabrda “O‘zbe­kis­tonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Unda klublar faoliyatini rivojlantirish, xalqaro darajadagi mutaxassislar tayyorlash, terma jamoalarning o‘quv-mashg‘ulot jarayonini zamonaviy tashkil etish, mamlakatimizda nufuzli musobaqalar o‘tkazish maqsadlari belgilangan edi. 2023-yil 8-aprelda qabul qilingan ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishga oid Prezident qarori ham bu borada g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Yuksak e’tibor va tizim tufayli natijalar ham birin-ketin bo‘y ko‘rsata boshladi. 2018-yilda U-23 jamoamiz Xitoyda, 2023-yilda U-20 futbolchilarimiz O‘zbekistonda o‘tgan muso­baqalarda Osiyo chempionligini qo‘lga kiritdi. Yurtimizda FIFA va OFK dasturidagi turnirlarni o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoamiz birinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanma olganda, Prezidentimiz ushbu qahramon futbolchilarimiz bilan uchrashib, ularga mehr-e’tiborini izhor qilgani ko‘ksimizni iftixorga to‘ldirgandi:

“Biz hamma sohada dunyoda munosib o‘rin egallashga intilyapmiz. Sport­chilarimiz buni tezroq yetkaza oladi. Sizlar irodali g‘alabangiz bilan, xalqimiz mehnat qilsa, harakat qilsa, hamma narsaga qodir ekanini yana bir bor isbotladingiz. Butun dunyo sizning timsolingizda azm-u shijoatli, g‘ururi baland, hech qachon intilishdan qaytmaydigan yangi O‘zbekiston avlodini ko‘rdi. Endi futbolni hozirgidan ham 2-3 karra ko‘proq qo‘llab-quvvatlaymiz. Sizdek yoshlar xalqimizning ishonchi, Prezidentning quvonchisizlar”.

Davlat darajasida qaratilayotgan e’tiborga yarasha xalqaro sport arenasida ham O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqish kuchayib bormoqda. Xususan, FIFA prezidenti Janni Infantinoning 2023-yil may oyida va yaqinda “CAFA Nations Cup 2025” musobaqasining final uchrashuvini stadiondan kuzatish uchun O‘zbekistonga tashriflari mamlakati­mizda futbolni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Janni Infantino­­ning O‘zbekistonga tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakatda futbolni yanada rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, yosh­lar futbolini qo‘llab-quvvatlash va milliy terma jamoaning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishga qaratilgan loyiha­larni muhokama qilishdan iborat edi. FIFA prezidenti Milliy futbol markazining imkoniyatlari, mashg‘ulot sharoitlari va yosh futbolchilar uchun yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.

Bevosita FIFAning texnik ko‘magida yurtimizda zamonaviy Milliy futbol mar­kazi, shu jumladan, innovatsion yechimlarni joriy etgan holda raqamli futbol bo‘yicha situatsion markaz tashkil etildi. O‘tgan yili mamlakatimizda futzal bo‘yicha jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tosh­kent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini ochish yuzasidan kelishuvga erishilgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek futbolini rivojlantirish va xalqaro maydonda qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun FIFA rahbari Janni Infantinoga davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirgani ham ana shu ko‘makning e’tirofi bo‘ldi. Ushbu tashrif O‘zbekiston futboli uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, FIFA bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish va mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Abduvali SOYIBNAZAROV

“Jadid” gazetasining 2025-yil 12-sentyabrdagi 37-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596