07.02.2025 | 12:48
343
O‘ZINGGA O‘XSHA, QIZIM!
Quyi qavatimizdagi xonadonni yaqindagina ijaraga olib, yashayotgan ayolning ovozi o‘tkir ekan. Dam-badam shang‘illagani-shang‘illagan. Tong demaydi, tun demaydi, “ijro”sini boshlayveradi. “Avj”i ham uzoq davom etadi, avval chiyildoq ovozda “nola qiladi”, so‘ng qarg‘anadi, keyin o‘zining sho‘rpeshanaligidan yozg‘irib, faryod chekadi.
Eshitmaslikka, e’tibor bermaslikka har qancha urinmay, befoyda – teshik quloq ekan-da. Men-ku, kun bo‘yi ishdaman, boshqa devordarmiyonlar bunga qanday sabr qilyapti ekan-a, deyman. Tushib, tanobini tortging keladi-yu, er-xotin urushi bo‘lsa, deb andisha qilasan.

Bu safar chidab bo‘lmadi, shang‘illashlar bolalarning chinqirig‘iga ulanib ketdi. Sabr-toqatim yetmadi. Qiya ochiq turgan ko‘cha eshikni chertdim, eshitmadi. Qattiqroq taqillatganimdan so‘ng o‘ta ozg‘inligidan ko‘zlarining soqqasi va bo‘yin kuraklari bo‘rtib chiqqan, qotmadan kelgan, qoracha, o‘ttiz yoshlardagi juvon qo‘lida bir yarim yoshli qizchani ko‘tarib olgancha asabiy chiqib keldi. Ortidan to‘rt yasharlar chamasidagi, ko‘zlari qizarib ketgan qizaloq ham ko‘rindi.
– Uzr, bezovta qilganim uchun, yuqoridagi qo‘shningizman, – gap boshladim salom-alikdan so‘ng. – Biror yordam kerak emasmi mabodo? Ovozingiz balandligidan bizgacha eshitilyapti…
– Mana bu-da! – to‘rt yasharli qizchasini ko‘rsatib yozg‘ira ketdi, – gapga kirmaydi.
– Bu yosh bola-ku, aldab-suldasangiz bo‘lmaydimi? O‘zingizni ham, buni ham qiynab nima qilasiz?
– E-ey, man aldab-suldamayman! – Seni nima ishing bor degandek yuzlari norozilikdan battar tirishib, bo‘ynidagi tomirlari o‘qlovdek bo‘rtib ketdi. – Bola boshidan, bu tirrancha hozirdan aytganini qildiraman, deydigan ahmoq bo‘lyapti (aybdorini boshiga bir uradi), ko‘ngliga qarayversam ertaga meni sharmanda qiladi…
– Qiziq ekansiz, siz yozg‘irayotgan gaplarga kattalar ham dosh berolmaydi, bu ketishda betini qotirib qo‘yasiz-ku? Axir, onasi bo‘lib sizga erkalik qilmasa kimga qiladi?
– Qaynonam buni aytganini qilaverib tantiq qildi, man bekorchi emasman tilaklarini bajarib turadigan. Buvim bizni royimizga qaramasdi, mana yomon bo‘lmadik. Manam baribir shunga o‘rgataman bu eshakni.
– Ishlaysizmi?
– Ha, manov yonboshdagi kafeda.
– Bolalarga kim qaraydi?
– Ustidan qulflab ketaman. Xabar olib turaman. Shundayam mana bu eshak ukasiga jimgina qarab o‘tirmay derazadan boshini chiqarib, men tomonga qarab “ko‘chaga chiqaman”layveradi, gapga quloq solmaydi.
– “Dom”da zerikadi-da, bog‘chaga bersangiz-chi? Ishingizniyam bemalol qilaverar edingiz.
– Birinchidan berish niyatim yo‘q, ikkinchidan ijara haqidan orttirolmaymiz to‘loviga.
Bildimki, ayolning tashvishi boshidan ortgan, uni insofga chaqirish, go‘daklarini suyib, erkalashi charchoqlariga malham bo‘lishini tushuntirish befoyda. Chunki o‘zi ham erkalanib mehr tuymagan. Qattiqqo‘l oilada o‘sgan bolalar kun kelib o‘zlari-da shunday yo‘l tutishlarini isbotlayapti bu ayol ham.
Suhbatimizni anglab-anglamay termilib turgan qizaloqni chaqirdim.
– Bugun nega xarxasha qilding?
– Ukam huv tepada turgan tuflichasini ko‘rib qolib, “obering” dedi, oberdilar. Lekin manikini obermadilar. Manam kiygim keldi, buvijonim obergandilar uni. Bittagina kiysam, keyin qaytarib berardim-ku!
– Oyisi, – deyman obersangiz olam guliston edi-ku, degan ma’noda ayolga qarab.
– Aytdim-ku, aytganini qilishga o‘r-gat-may-man!
– Yur, qizim, biznikiga chiqasanmi? – qo‘limni uzataman “aybdor”ga. U onasining nigohida qarshilik ko‘rmadi shekilli, yugurib kelib, qo‘limni tutdi.
Uyga chiqib, birga chuchvara tugdik. Mittigina barmoqchalari bilan o‘zi yoygan xamirchalar ustiga masalliqlarni binoyidek qilib joylar, men esa tugib barkashga teraverdim. Ora-sira “barakalla, qizim”lasam, xursand bo‘lib ketar, ko‘zlari pirpirab, o‘rindiqdan bir turib, o‘tirardi.
– Sen bo‘lmasang men bularni kechgacha ham tugib bo‘lmasdim, katta yordam berding, – deyman unga.
– Rostdanmi, xolajon? Qishloqdagi buvim ham sizdek maqtardilar mani, – xayolchan quvonadi u.
– Ha, rostdan, qizim. Judayam chaqqon va epli qiz ekansan.
– Manam oyimga yordam bergim keladi, lekin unamaydilar, ukangga qara, deydilar faqat. Unga qarash qiyin judayam.
Chuchvaralarni qozonga solib bo‘lgach, “Ertak aytib beraymi?” deyman unga.
– Ha, ha! – o‘rnida chaqqongina sakrashga tushadi u. – Siz rostdanam buvimga o‘xsharkansiz, buvim ko‘p ertak aytib berardilar, eshitib maza qilardim. Oyim aytmaydilar, charchab, uxlab qoladilar doim.
– Aytib beraman, faqat bir shartim bor, ertagimda ikkita qiz bor, biri aqlli, biri aqlsiz. Sen aqllisiga o‘xshashga va’da berasan.
Boshini irg‘ab tasdiq ishorasini qilgach, uning onasi bilan suhbatimizdan olgan xulosam va rejamga binoan “Zumrad va Qimmat”ni aytib berdim, faqat sal o‘zgartirib. Ya’ni, Zumrad aqlli va ziyrakligi, so‘raganini onasi bajarmasa qaytib so‘ramasligi, “xo‘p bo‘ladi” deyishi, ana shu fazilatlari bois sehrgar kampir uni qimmatbaho libos va taqinchoqlar to‘ldirilgan sandiq bilan siylagani, Qimmat esa uning aksi ekani, so‘raganini onasi qilmasa kechgacha yig‘lab, xarxasha qilaverishi, buning evaziga sehrgar kampir ajdarho solingan sandiqni sovg‘a qilgani, vahshiy uni yutib yuborgani, o‘sha zararkunanda hozir Qimmatga o‘xshagan qizlarni izlab yurgani, Zumradlarga zarar yetkazmasligini ta’kidlab, ertagimni yakunladim.
– Ovqatim qo‘ling tekkani uchun biram shirin bo‘libdi-ki, – ko‘zimni xiyol yumib, boshimni chayqatib deyman unga ovqatlanayotib.
Xursandligini ko‘rsangiz. So‘ng faromushroq bo‘lib so‘raydi:
– Xolajon, rostdan ham Qimmatxo‘r ilonlar bormi?
– Albatta, qizim.
– Man endi oyimdan tuflimni obering, deb bir martagina so‘rayman (ko‘rsatgich barmoqchani ko‘rsatadi), yo‘q, desalar, “xo‘p bo‘ladi, oyijon”, deyman.
– Barakalla, qizim! Yana biror nimani xohlasang, bir martagina so‘ra, xo‘pmi?
– Xo‘p bo‘ladi!
Ikkimiz ovqatlanish so‘ngida dasturxonga to‘kilgan ushoqlarni terib-terib yedik-da, ne’matlarimizga shukr qilib, yuzimizga fotiha tortdik. Birgalashib idish-tovoqlarni yuvdik. So‘ng mitti yordamchimning oyisiga ham kosachada taom olib tushdik.
Ammo negadir ertasi, indin va keyingi kunlar ham o‘tdiki, ularning ovozi chiqmadi. Ko‘chib ketishganga yo‘ydim.
Adashgan ekanman, kechagina ishdan qaytishda yonbosh kafeni yonidan o‘tayotsam bo‘ychasidan baland supurgi bilan yo‘laklarni tozalayotgan qizaloqqa ko‘zim tushdi. Qarasam, o‘sha “Zumrad”im. Ishiga berilib ketganidan atrofga qaramas, o‘ziga o‘zi so‘zlardi: “Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, Zumrad bilan Qimmat bo‘lgan ekan. Zumrad aqlli, odobli, so‘raganini oyisi bermasa, qaytib so‘ramaskan. Qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, mana bunday egilib, (supurgiga tayanib bukildi) “xo‘p bo‘ladi, oyijo-on”, derkan…”
Nurxon ELMIRZAYEVA
“Jadid” gazetasining 2025-yil 31-yanvardagi 5-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
93
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
607
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
605
