19.04.2024 | 10:32
350
PAXMOQDAN CHAQMOQ

(HIKOYA)
G‘aybi g‘altakning echkisi egiz tug‘madi. Lekin Toshkentdan uning nomi bitilgan xatjild keldi. Odamlar xat yozishni unutgan zamonda faqat chol-kampirlarga nafaqa tarqatish bilan andarmon pochtachi ham hayron, quvonchdan konvertni boshi uzra ko‘tarib, suyunchi so‘radi. Gʻaybi g‘altak bir tomsuvoq hasharida ko‘maklashishga va’da qilib, xatni qo‘liga oldi. Ko‘chada o‘tgan-qaytgan o‘zicha har xayolga bordi. Birov u dedi, birov bu dedi. Xatjild ochilguncha sabri chidamadi. Fol ochishdan to‘xtamadi. Gʻaybi g‘altakning eldan yashiradigan siri yo‘q. Soliqdan qarz joyi ham yo‘q. Oshing halol bo‘lsa, ko‘chada ich. Odamlarning ko‘zicha konvertni yonboshidan yirtdi. Avval pichirlab, so‘ng ovozini qo‘yib o‘qidi. Ikki enlik noma adog‘iga yetar-yetmas, tomog‘iga bir nima tiqildi. Ko‘z yoshini tiyayin dedi, duvillab to‘kila berdi. Ana! Qishloqqa gap topildi. Otam zamondan beri gurunglar qizimayotgandi o‘zi. Endi to‘rt kishining boshi birikkanda davra shundan qo‘r oladi. Ayniqsa, to‘y-hashamda bozor-o‘char, oliq-soliq muhokamasidan ortganda hangomaning nishabi Gʻaybi g‘altak tomon toyriladi. Ammam o‘g‘lini uylantirayotganda sabzito‘g‘rariga borib o‘zim ham guvoh bo‘ldim. – Qishlog‘imiz tarixida hali bundaqasi bo‘lmagan, – dedi Jonuzoq malim soqolini silkillatib. – Gʻaybiddinboyga Toshkentdan “Shunday o‘g‘il o‘stirganingizga rahmat!” degan xat keldi. Imzosi, muhri bilan. Menga ishonmasalaring, borib ko‘ringlar, – yonboshlagan ko‘yi o‘ng qo‘li bilan ishora qiladi, – uyining to‘rida iluvli turibdi. Shivir-shivir: “Gʻaybiddin boy?!”, “Kim, kim?”, “Gʻaybi g‘altakmi?!”. Jonuzoq malim jo‘rttaga sukut saqlaydi, orada xo‘rillatib choy ichadi. – Bugundan keyin bu qishloqda Gʻaybi g‘altak yo‘q, Gʻaybiddinboy bor! – salmoqlab yana gap boshlaydi. – Shunday o‘g‘il o‘stirgan odamni Toshkentda e’zoz qilibdimi, biz ham hurmatini joyiga qo‘yuvimiz kerak. Ayrimlar “Ee, umi?!” degandek miyig‘ida kuladi. – To‘g‘ri, Gʻaybiddinboy maktabda matematikadan misol-masala yecholmay, mening kaltagimdan qashqatayoq bo‘lgan. O‘zi o‘qimasayam, bolalarining barini o‘qitdi. Buning uchun eski g‘altagini g‘iyqillatib ko‘ringannikida ishladi. Shuytib bolalarini oyoqqa qo‘ydi. O‘sha payt sen bilan men nima qilayatuvdik? – domla gurungning obdovini bu tomonga burib, miyig‘ida kulganlarni nishonga oladi. – Sen bilan men topganimizga tom solayatuvdik. Gʻaybi g‘altak bizning hovlimizda ishlayatuvdi. Topganimizning yuzdan birini unga ham tomizayatuvdik. U shu tomizg‘i bilan bolalarini o‘qitayatuvdi. Oxiri kim yutdi?!
Ayrimlar chuqur xo‘rsinadi, ba’zilarning ensasi qotadi. Parmon pakki gapga aralashadi: – O‘sha Gʻaybiddinboyingizning jo‘ralari yig‘ilib nima qilibdi?! Bu yog‘ini ham gapiring-da! – Nima qilibdi? – Uch kun dumalab ichibdi! – Kallasi yo‘q-da. – Undan ko‘ra o‘rtada pul tashlab, ustudentga noutbuk opbermayma?! – Pakki eski hosilotligiga borib, nuqul foydani o‘ylaydi. – Uning noutbugi bor. Bultur tanlovda yutuvdi, – sabzi to‘g‘rayotgan yigitcha gap qotadi. Sinfdoshini maqtashayotganidan ichiga sig‘may ketadi.
– Haa, “O‘g‘lim Germaniyada matematikadan oltin medal oldi. Kutib olgani aeroportga chiqamiz”, deb kimdan qarz ko‘tarib, kimdan yangi kiyim tilanib yuruvdi. – Parmon pakki atayin yerga urib gapiradi. – O‘shanda yutganmi noutbukni? – Yo‘q, u voqea burnog‘i yili edi. Bunisi bultur… O‘zi, Alisher Toshkentda o‘qiyman deganida “Katta institutlarga kattalarning bolalari kiradi. Sendaqalar imtihondan orqachayin yiqilib qaytadi”, deb masxaralovdi hamma. Mana, bilimi bilan grantda o‘qiyapti, – yigitchaning suhbatga aralashgani davraga yoqmaydi, bee’tibor eshitadilar. “Sen-chi?” degandek o‘qrayib qaraydi birovlar. – Yutarkansan, bir yo‘la “Molibi” yutmaysanmi? Vo-ho-ho… – Vahob babaqning haziliga o‘zidan boshqa hech kim kulmaydi. Kurkaning jig‘ildoniga o‘xshash bo‘yni liqillab ketadi. Ko‘rik-tanlovni lotoreyaday bir nima deb o‘yladiyov. Og‘zini to‘ldirib “mol” va “ibi” deyishi nash’a qilib, ayrimlar tirjayib qo‘yadi. – Bo‘lmasa, boshqa foydali ish qilsin edi. Ular u yoqda yutuq yuvadi. Keyin bu yoqda, bizning qudanikida janjal bo‘ladi, – Parmon pakki gapni aylantirib kelib, o‘z dardiga ulaydi. Davra sergak tortadi. Chekka-chekkada o‘zaro gaplashib o‘tirganlar jimib qoladi. Sabzitaxta va pichoqlarning taqillashi ham tinadi. – Bizning kuyovimiz Gʻaybi … – “g‘altak” deb yuborishiga sal qoladi: – Gʻaybiboyga sinfdosh bo‘ladi-da… – Qaysi? Kattasimi? – O‘rtanchasi. Pakkining to‘rtovmi, beshov qizi bor. O‘rtanchasi qaysi ekan, kimga tushgan ekan? Hamma o‘zicha tusmollaydi. – Gʻappor akaning to‘ng‘ichima? – Yo‘q, Habi… Mengli bovaning kenjasi. – Uning bolalari maktabga endi chiqdi-ku!.. – Majid so‘fining o‘g‘lini aytyapti… Parmon pakki g‘ala-g‘ovur tinguncha indamay o‘tiradi. Birovi ham o‘zidan eshitaylik, demaydi-ya. Bari o‘larmonlik qilib gapini o‘tkazish payida. Oxiri toqati toq bo‘ladi: – Oynisa mening uchinchi qizimma?! Majid akaga kelin bo‘ganma?! Ikkinchi o‘g‘liga, Karimga… Bo‘ldi-da! – Mayli-mayli, janjaldan gapiring, janjaldan… – Xullas, sinfdosh jo‘ralar Gʻaybi… boynikiga borib, qo‘yarda-qo‘ymay ichgan. Ustudentning kistasiga bir-ikki so‘m solib qo‘yuvmiding vaqtida, deb so‘raydigan odam yo‘q. Keyin Karim kuyov uyga kelib, qizimizni to‘balagan. Nega sen geniy tug‘maysan, deb. – Geniyni ena tug‘armikan, ota tarbiyalaydi-da! – deydi Jonuzoq malim chap yonboshidan o‘ng yonboshiga ag‘darilib. Aytgan gapiga biroz o‘ylanib qoladi. – Lekin qars ikki qo‘ldan, degan gaplar ham bor. – Shu adolatdanmi?! – Parmon pakki qizisha ketadi. – Tashakkurnomani Gʻaybi… g‘altak olsa-da, kaltakni bizning qiz yesa… Pichoqlar sabzitaxtaga qattiq-qattiq tega boshlaydi. Ikkiora-uchora shivir-shivir oyoqlanadi. Parmon pakkining shu odati qolmadi-da. Qizlari-yu kuyovlarining o‘rtasiga tushgani tushgan. Balki, bittagina o‘g‘li bo‘lganida, bittagina kelin olganida… tushunarmidi?! Sekin o‘rnimdan turaman, tashqarilayman. Daraxtga omonat osig‘liq chiroq arang yoritib turgan o‘choqboshida ham shu g‘ishava ekan. – Qishlog‘imizning obro‘yi-da! – deya gapini ma’qullayotgandi Qurvon shildir. Qozon atrofi tongda osh tortiladigan stol-stulli davradan oq mato bilan ajratib qo‘yilibdi. Biqqi oshpaz yaxna go‘sht pishiryapti, archa hidi… Xontaxtani qo‘rg‘alab yosh-yalang turibdi. Qurvon shildirga o‘xshagan otam qatorilari ham bor. Bitta “yarimta”ni tik oyoqda maydalayaptilar. – Qani, urdik! Qishlog‘imizda shundaqa bollar ko‘payaversin! Bu yer ham menga to‘g‘ri kelmas ekan. Yetmasdan ortimga qaytaman, ko‘rib qolmaganlari ma’qul. Yangalar, qizlar zinadan ayvonga ko‘tarilib, hovliga tushib yuradi. O‘ng qo‘ldagi uyga kirib-chiqadi. Haytovur, momolar, amma-yu xolalar shu yoqda bo‘lsa kerak. Ichkari mo‘ralayman: – Assalomu alaykum! Keng uy to‘rida choy ichayotgan, quyiroqda likobchalarga qand-qurs solayotgan… barcha yalt etib qaraydi. – Ke, kelaver. Begonasi yo‘q. O‘zimizga tobinlar bemalol o‘tiraveradi. Sal narilar, ayniqsa, yangalar yig‘inib oladi: ro‘molini, yoqasini to‘g‘rilaydi. Hol-ahvol so‘rashilgach, hangomani uzilgan joyidan davom ettiradilar. – Nima deyayotuvdim?! Ha… Alisherjon amaliyot o‘tagani bizning ishxonamizga keldi, – deydi Munisa bug‘oltir. – Bir savollar beradi, uyalib qolamiz. Sen tashqariga chiqib tur deb, to‘rt hamkasb maslahatlashib olamiz. Kattamizga kirib so‘raymiz. Tanishlarga telefon uramiz. Oxiri tushuntirdik: “Sening joying bu yer emas ekan. Bor-da, yaxshiroq idorada amaliyot o‘ta. Qog‘oz kerak bo‘lsa, muhr bosib beramiz. Lekin o‘qishni tugatgandan so‘g‘in o‘zimizga ishga kelasan, rahbar bo‘lib…” – Shul Gʻaybining o‘g‘li-da? – so‘raydi Hanifa momo, ichiga botgan ko‘k ko‘zlarini Munisa opaga tikib. Salqi bo‘ynidagi aqiq shodasi silkillab ketadi. – Paxmoqdan chaqmoq, deganlari shul-da… Qishloqda yaqin-orada hech kimning sigiri buzoqlamaganmi deyman. Na birovning qizi eridan arazlab kelgan, na birovning uyiga o‘g‘ri tushgan. Hech qursa, biror-yarimta televizorda futbol ko‘rayotib “Gol!” deya baqiraman deb og‘zidagi nosini yutib yubormagan-da. Oxirgi to‘yda emaklab qolguncha ichganlarni, raqqosaga tegajoqlik qilib o‘ynaganlarni ham gapirishmaydi-ya. Topgan gurunglari “Gʻaybiddinboyga o‘g‘lining domlalaridan “Otangga rahmat!” degan bitik keli-i-i-ibdi!” Shunga nima bo‘libdi?! Adashib-madashib ketgandir… Avvaliga-ku, yoqdi bu gurung, keyin-keyin e’tibor bermaslikka urindim. Indamasam… Mana, men ham Toshkentda yuribman-ku! Nega “Hasanboyding o‘g‘li…” deb maqtashmaydi, a? Ko‘ziga ko‘rsatmasammi bularning! Hikoya yozaman. Yozuvchi bo‘laman. Kitob chiqaraman. Barining oldiga bitta-bittadan tashlayman. Dastxat yozishni ham unutmayman. Ko‘rib qo‘yishsin biz kim, Gʻaybi g‘altakning o‘g‘li kim?!
Farrux JABBOROV
“Jadid” gazetasi 2024-yil 12-aprel 16-son
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596