12.07.2024 | 12:24
526
Prezident Fargʻona viloyatida: tashrifning 1-kuni qanday oʻtdi?
Shavkat Mirziyoyev, jumladan, Fargʻona viloyatida korxonalar faoliyati bilan tanishdi, mahalla ahli bilan suhbatlashdi, tadbirkorlik muhitini oʻrgandi, kasb-hunar maktabini ochib berdi.

11-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Fargʻona viloyatining turli hududlarida boʻldi. Avvalroq uning Qoʻqon aeroporti bilan tanishgani hamda bir qator loyihalarga start bergani haqida yozgandik.
Davlat rahbarining shundan keyingi manzillarini ketma-ket havola etamiz.
“Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” aksiyadorlik jamiyati
Sobiq Qo‘qon superfosfat zavodi moliyaviy sog‘lomlashtirish va diversifikatsiya qilish maqsadida 2019-yilda Singapurning “Indorama Holdings BV” kompaniyasiga investitsiya majburiyatlari bilan sotilgan. Uning negizida “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonasi tashkil etildi. 70 million dollar xorijiy investitsiya jalb etilib, ishlab chiqarish texnologiyalari modernizatsiya qilindi. Ispaniya, AQSh, Xitoy, Hindiston, Turkiya va Rossiya kompaniyalaridan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Qo‘shimcha 150 ta ish o‘rni yaratildi.

2021-yilda modernizatsiya ishlarining birinchi bosqichi doirasida ammoniylashgan superfosfat, suvda tez eruvchan kompleks mineral o‘g‘itlar, azot-fosfor-kaliyli (NPK) mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Zavod quvvati yiliga 75 ming tonnadan 450 ming tonnaga yetkazildi.
Xomashyolar mahalliy korxonalardan olib kelinadi. Masalan, fosforit uni Qizilqumdan, sulfat kislotasi Olmaliqdan, ammoniy sulfat Chirchiqdan, ammiak «Farg‘onaazot» va «Navoiyazot»dan keltiriladi. Bu mahsulot tannarxini barqaror saqlash imkonini bermoqda.

Modernizatsiya natijasida ishlab chiqarishga sarflanadigan elektr energiyasi va tabiiy gaz xarajatlarini 35-40 foizga qisqartirishga erishilgan. Bundan tashqari, atrof-muhitni ifloslantirmaslik uchun asosiy ishlab chiqarish sexlariga to‘rt bosqichli tozalash uskunalari o‘rnatilgan. Ilgari bu faqat ikki bosqichli bo‘lgan.
Korxona yiliga 30 million dollar mahsulotni eksport qilish quvvatiga ega. Bugungi kunda MDH, Yevropa, Afrika va Osiyoning 16 davlatiga mineral o‘g‘itlar eksport qilinmoqda.

Davlat rahbari zavod bo‘ylab yurib, ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Korxona yirik kimyo klasteriga aylanib, nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Zavod xodimlari uchun zamonaviy uy-joylar qurish, kelajakda maktab va shifoxona loyihalarini ham nazarda tutish bo‘yicha fikr almashildi.
Korxona izchil rivojlanmoqda va keyingi bosqichlar bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Ikkinchi bosqich doirasida 50 million dollar investitsiya o‘zlashtirildi. Shveysariya, Germaniya, Hindiston, Xitoy va Italiyadan zamonaviy texnologik uskunalar keltirib o‘rnatildi. Ushbu bosqichda yiliga 24 million dollarlik kaliy sulfat, sulfat kislotasi va ammoniy-xlorid o‘g‘itlari ishlab chiqariladi. 120 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Uchinchi bosqich ishlari 2025-2028-yillarda amalga oshiriladi. Unda mono va dikalsiy fosfat, kaliy-nitrat, azot-fosfor-kaliyli kompleks mineral o‘g‘it, kalsiy xlorid, mono ammoniy fosfat, mono kaliy fosfat ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha qiymati – 100 million dollar. 235 ta ish o‘rni yaratiladi.
Yangi investitsiya loyihalari
Keyingi yetti yilda Farg‘ona viloyatiga qariyb 77 trillion so‘mlik investitsiyalar jalb etilgan. Ularning natijasida 116 mingta ish o‘rni va 4,5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan.

Bu yil viloyatda 1,3 milliard dollarlik mingdan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Endi Farg‘ona viloyatida xorijiy investor va mahalliy tadbirkorlar tomonidan umumiy qiymati 7 milliard dollardan ziyod 132 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan 2,1 milliard dollarlik 25 tasi davlat rahbariga taqdimot qilindi.
Loyihalarga Avstriya, AQSh, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Yaponiya va Ozarbayjon kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Ular to‘qimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot, elektrotexnika, qurilish materiallari, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.

Masalan, Xitoy investorlari bilan hamkorlikda Uchko‘prik tumanida qiymati 50 million dollarga keramik plitalar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 500 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi. Quva tumanida Saudiya Arabistoni investorlari bilan birgalikda isitish va sovutish tizimlari ehtiyot qismlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Qiymati 50 million dollarlik ushbu loyiha yakunlangach, 350 kishining bandligi ta’minlanadi. Mazkur 132 ta loyiha ishga tushirilishi natijasida 23 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.
Turizm halqasi
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, Qo‘qon universitetida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-avgustdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu ta’lim maskani 6 ming 400 o‘ringa mo‘ljallangan. O‘quv binolari, 500 o‘rinli 2 ta talabalar turar joyi hamda axborot-kutubxona markazida yoshlar uchun sharoit yaratilgan. Talabalarga 233 nafar professor-o‘qituvchi saboq bermoqda.

Bu yerda xorijiy universitetlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, 80 ga yaqin xorijiy universitet bilan shartnomalar imzolangan. Universitet Turkiy tilli davlatlar universitetlari kengashi a’zosi. O‘tgan o‘quv yilida kengashning ta’lim grantlari asosida 22 nafar o‘qituvchi Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘istonda malaka oshirib qaytdi. 15 nafar xorijlik o‘qituvchi esa Qo‘qon universitetida malaka oshirdi.
Hududda olti qavatli, ikki ming o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosi qurilmoqda. Bu yerda o‘quv xonalari, fan laboratoriyalari, tipografiya joylashadi. Shuningdek, ikki qavatli “Yoshlar IT akademiyasi” barpo etilmoqda. Ularni shu yil sentabrda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

2022-yilda universitetning turizm fakulteti uchun ming o‘rinli yangi bino barpo etilgan.
Davlat rahbari milliy uslubdagi ushbu majmuani ko‘zdan kechirdi. Xorijdan professorlarni taklif etib, dual ta’lim tizimini keng qo‘llash, turizm tashkilotlari buyurtmasi asosida talabalarni maqsadli tayyorlash zarurligi ta’kidlandi. Bu sohada yetuk nazariy va amaliy bilimlarga ega kadrlar ishlashini ta’minlaydi.
Shu yerda Farg‘ona turizm halqasini yaratishga oid konsepsiya taqdimot qilindi. O‘tgan yili Farg‘onaga 430 ming xorijiy turist kelgan. Lekin viloyatning tarixi, so‘lim tabiatiga nisbatan qaralsa, bu kam, deyiladi xabarda.

Farg‘ona turizm halqasidan maqsad xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini 3 kundan 7 kungacha uzaytirish, tashrif obyektlari sonini 2 barobar oshirishdir. Buning uchun Farg‘ona, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik tumanlaridagi diqqatga sazovor joylar turizm yo‘nalishlariga kiritiladi. Umuman, halqada 577 ta maskan bo‘ladi, 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari taqdim etiladi.
Prezident universitet yonidagi Tepaqo‘rg‘on arxeologiya yodgorligini ham ko‘zdan kechirdi. Yodgorlik shahar yoshini aniqlagani hamda qadimgi o‘rda o‘rnida joylashgani bilan ahamiyatlidir. Ya’ni bu yer Qo‘qon shahrining eng qadimiy asosidir.

Xo‘qand milodiy era boshlarida nafaqat yirik shahar, balki kichik davlat poytaxti bo‘lgan. U haqda ko‘plab tarixiy manbalarda yozilgan. Qo‘rg‘on xarobaga aylangach, uzoq yillar davomida qabriston bo‘lgan. Bu yerda ko‘plab alloma, adib va mudarrislar dafn etilgan.
Ushbu yodgorlik 2019-yilda moddiy madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. 2022-yilda olib borilgan arxeologik qazuv ishlari natijasida yodgorlik arkining tuzilishi aniqlangan.
Davlat rahbari mazkur arxeologik yodgorlikni rekonstruksiya va konservatsiya qilib, «ochiq osmon ostidagi muzey»ga aylantirish tashabbusini bildirdi.
Ziyorat o‘zi xayrli ish. Lekin millat tarixini ziyorat qilish yanada ulug‘ ne’mat. Bu yerda ana shunday sharoit yaratish kerak. Bu odamlarga, ayniqsa, yoshlarimizga ham bilim, ham g‘urur beradi. Qo‘rg‘on haqida chet ellardagi manbalarni o‘rganib, ma’lumotlarni boyitib borish ham zarur, – dedi prezident.
Mahalla hayoti bilan tanishuv
Shavkat Mirziyoyev Bag‘dod tumanidagi Yuksalish mahallasida bo‘lib, aholi turmush sharoiti bilan tanishdi.

Hunarmandchilik, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan bu mahallada 3300 ga yaqin aholi yashaydi. 560 dan ortiq xonadonning barchasida tomorqa, o‘ndan ortiq issiqxona bor. Ulardan omilkorlik bilan foydalanib, ikki martalab hosil olinmoqda.
Yana ba’zi oilalar yog‘och o‘ymakorligi, temirchilik, kashtachilik bilan shug‘ullanadi. Bugungi kunda mahallada tadbirkorlik subyektlari soni yigirmatadan oshdi. Maktab, bog‘cha va poliklinika bor. Ularda hudud aholisining bir qismi doimiy ish bilan band.
O‘tgan yili 131 kishi ishga joylashtirilgan. Aholini tadbirkorlikka jalb qilish uchun 22 ta loyihaga 240 million so‘m kredit ajratilgan. Davlat rahbari mahalladagi “Gulnora Matqulobod bodomlari” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bag‘dodda bodom yaxshi o‘sadi. Korxona 11 ta mahalladagi 500 dan ortiq xonadonlarga bodom tarqatib, sotuvga tayyorlatadi. Bir kunda 3 tonnagacha mahsulot qayta ishlanadi. Hozirda po‘sti yumshatilgan bodomlar poytaxt va viloyatlarga yetkazib berilmoqda. Tadbirkor ayol endi uni eksport qilishni rejalashtirayotganini aytdi.
Prezident tadbirkor va kasanachi ayollar bilan suhbatlashdi. Mahalla budjetida 83 million so‘m bor. Mahalla markazida huquq-tartibot idorasi, chiqindi yig‘ish punkti barpo etilgan.
Shu yil 25-iyun kuni davlat rahbari huzurida o‘tgan yig‘ilishda mahallalarda servis kompaniyasi tashkil qilish choralari belgilangan edi. Shu asosida bu yerda ham “Yuksalish ” mahalla-servis kompaniyasi tashkil etildi.
Servis kompaniyasi Bag‘dod tumanidagi 5 ta mahallaga xizmat ko‘rsatadi. 24 soatlik ish yo‘lga qo‘yilgan. 22 nafar ishchi, o‘nga yaqin yuk tashish va maxsus transportlar, ta’mirlash anjomlari el xizmatida.
To‘lovlarni undirishda “Mening uyim” elektron dasturidan foydalaniladi. Uning idorasi hovlisida hunarmandlar uchun ham sharoit yaratilgan. Bu tajribani kengaytirib, mahallalarni obod qilish, bandlik va ozodalikka alohida e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari, bundan tashqari, Marg‘ilonda 25 ming aholiga mo‘ljallangan uy-joylar qurilishini bildirdi. Farg‘onaga tashrifi chog‘ida u Lola Murotova nomidagi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kasb-hunar maktabini ochib berdi. Prezident tashrifi yakunida Farg‘ona shahrida qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivini borib ko‘rdi.
“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“
Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]
16.11.2026 | 16:15
83
MILLIY YUKSALIŞ SARI
Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]
16.11.2026 | 09:00
132
KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT
O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]
13.11.2026 | 14:43
324

