Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


08.04.2026 | 15:49

img2864

QADRIYATMI, MAJBURIYAT?

O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasida mahzun sahna bor: “Bahor devorlarning oftobro‘ya etaklaridan boshlanmaydi. Bahor ariqlarning kungay sohillaridan boshlanmaydi. Bahor go‘ristondan boshlanadi. Ilk maysalar mungli do‘ppaygan qabrlar yonboshidan unib chiqadi. To‘ng‘ich chuchmomalar eng avval sukutga cho‘mgan qabriston ustida ma’yus qo‘ng‘irog‘ini chaladi. Bag‘ri qon qizg‘aldoqlar birinchi bo‘lib mana shu yerda ochiladi. Kim bilsin, tabiatning marhumlar ruhiga yilda bir marta ko‘rsatadigan marhamati ehtimol shudir…”

Bahor boshida odamlar yo‘l oladigan ilk manzil ham ana shu mozorot bo‘ladi. Odamlar ajdodlari, ota-onalari, jigarlari, jigarbandlari, yaqinlari qabrini obod qilish, ular yotgan makon obodligiga hissa qo‘shish uchun harakat qiladi. Bu ishga mahalla raislari, nuroniylar, faollar bosh bo‘ladi. Hashar bahona mahallaning yillik “hisobot yig‘ilishi” o‘tkaziladi. Yangi rejalar tuziladi. Ulug‘larning yo‘l-yo‘rig‘i bilan yosh yigitlar katta hayot sabog‘ini oladi.

Avvallari yigitlar o‘zini ko‘cha “razbor”larida, pichoqbozlik, “samosud” yo tarmoqlarda ko‘rsatmagan. Yo‘q, ular yo mard bo‘lib maydonda olishgan, yo hasharlarda o‘z kuchini, salohiyatini ko‘rsatib qo‘ygan. Birgina ketmon chopishi yo arra tortishini ko‘rib, bu bolaning tarbiyasi, kelajagi haqidagi ma’lumotlarni uqib olgan ish ko‘zini biladiganlar.

Mozorlardan boshlangan hashar mahalla ko‘chalari, maktab, yolg‘iz keksalar, ko‘p bolali ayollarning uylarida davom etgan. Bu ishlar uchun hasharchilar na haq, na rag‘bat kutgan.

Bu ezgu qadriyat odamlar orasidagi muloqot, avlodlar o‘rtasidagi ko‘prik, ajdodlar ruhiga hurmat, kishilarning mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlagan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning xalqimizga va Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomasida quyidagi so‘zlar bejiz ta’kidlanmagan: “Tarix davomida qanday og‘ir sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik. Mashaqqatli kunlarda odamlarimiz, mahalla ahli yelkadosh bo‘lib qiyinchiliklarni yenggan. Oila – oilaga, qo‘shni – qo‘shniga ko‘mak berib yashagan. Biz mana shunday o‘ta noyob qadriyatimizga doimo sodiq qolishimiz, yosh avlodimizni ayni shu ruhda tarbiyalashimiz kerak”.

To‘g‘ri, o‘tgan asrda sovetlar o‘zbek xalqining ming yillarga borib taqaladigan yuksak qadriyatini suiiste’mol qilib, butun xalqni paxta dalasiga bandi qilib qo‘ydi. Keyin ham odamlar hashar desa yuragi bezillaydigan, “hashar” laqabli “ixtiyoriy-majburiy” mehnatga toqatsiz bo‘lib bordi. Natijada, majburiy paxta terimi yo‘qolishi bilan elning qadriyati bo‘lgan hashar tushunchasi ham begonalashib ketdi. Garchi hukumat tomonidan umumxalq hasharlari e’lon qilinsa-da, unda ishtirok etishni rad etadiganlar topildi. Albatta, hashar mutlaqo erkin mehnat turi, unda majburlash bo‘lsa to‘g‘ridan to‘g‘ri majburiy mehnat toifasiga kiradi. Lekin o‘ylab qarasak, hashar doim ham mutlaqo ixtiyoriy bo‘lmagan. Inson qachon o‘z ixtiyori bilan jismoniy mehnatga oshiqqan?

Hasharning asrlar silsilasidan omon o‘tib kelishining sababi unda qonunning emas, vijdonning amri – majburlov kuchi borligida edi. Vijdon yoniga o‘zbekchilik, andisha, nomus qo‘shilgan.

“Suyunchi” filmini eslaysiz. Hukumatdan yordam bo‘lavermagach, Anzirat buvi hashar yo‘li bilan ko‘prik solishni boshlaydi. Bundan xabar topgan rais voqea joyiga yetib kelib, avvalo, hasharchilarga qarashgan bo‘ladi, hissa qo‘shadi. Ana undan keyin buvini chetga tortib, yaqinda standartlarga mos ko‘prik qurilishini xabar qiladi. Agar o‘sha davrda raislarning obro‘sini hisobga olsak, u Anzirat buvini idoraga chaqirtirishi yoki to‘g‘ri kelib, gap boshlashi mumkin edi. Biroq u ham xalqning hashar degan qadriyati bilan hisoblashishga majbur.

O‘z uyi, ishxonasini obod qilish dunyo miqyosida olganda ham eng oddiy madaniy va tibbiy ehtiyojdir. Bu masalalarda ko‘pchilikning harakati tez va unumli samara beradi. Axir “Tashabbuskor byudjet” loyihasi ham oxir-oqibat hasharning onlayn ko‘rinishi emasmi?

Shunday ekan, hasharning qadriyat va majburiyat chegaralari haqida bir o‘tirib o‘ylaydigan odam kerak. Ayniqsa, “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da hasharning milliy va huquqiy maqomi, targ‘iboti va tartibotiga oid yechimlar berilsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Bugun kim hasharga qo‘shilar ekan, uning qulog‘i ostida hazrat Navoiyning ushbu bayti jaranglab tursa, shoyad:

Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,
Bilki, bu naf’ o‘zungga ko‘prakdurur.

Otabek BAXTIYOR

“Jadid” gazetasining 2026-yil 27-martdagi 13-sonida


“JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“

Özbekistonda xizmat körsatgan yoşlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, yozuvçi Komil SINDOROV bilan suhbat – Assalomu alaykum, ustoz. Sizni ham bobo, ham Özbekiston şaxmat federatsiyasi rais örinbosari sifatida Javohir Sindorovning Sent Luis (AQŞ) şaxmat klubida bölib ötgan “Clutç Çess: Çampions Şowdown 2026” xalqaro turnirdagi ğalabasi bilan muborakbod etamiz! – Rahmat! Jahon çempionligi bahslari oldidan sönggi muhim […]

16.11.2026 | 16:15

img104

MILLIY YUKSALIŞ SARI

Joriy yilning 10-14-noyabr kunlari Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahrida mustaqil Özbekiston tarixida ilk marotaba “Özbekiston ziyolilari kengaşi”ning hududiy yiğilişlari bölib ötmoqda. Mazkur muloqotlar dunyoda yuz berayotgan madaniy, siyosiy va texnologik özgarişlar, şuningdek, qadriyatlar transformatsiyasi şaroitida milliy özlikni saqlaş, Uçinçi Renessans poydevorini barpo etiş, Yangi Özbekistonni quriş va Milliy yuksaliş davri sari dadil qadam taşlaş […]

16.11.2026 | 09:00

img139

KELAJAK UCHUN MAS’ULIYAT

O‘tib borayotgan hafta O‘zbekiston hayotida ijtimoiy soha, sanoat taraqqiyoti va xalqaro ekologik hamkorlik bilan bog‘liq muhim voqealarga boy bo‘ldi. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan yo‘llangan tabrik, elektrotexnika sanoati vakillari bilan muloqot, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi loyihalar hamda Prezident Shavkat Mirziyoyevning COP31 tadbirlaridagi ishtiroki mamlakat taraqqiyotining o‘zaro bog‘liq ustuvor yo‘nalishlarini namoyon etdi. Bosh […]

13.11.2026 | 14:43

img331