12.08.2024 | 10:52
320
QADRLI NARSA TEJALADI
Mana, bir necha oydirki ijtimoiy tarmoqlarda asosiy mavzu – elektr energiyasi to‘lovida o‘rnatilgan limitdan nolish. Limit o‘rnatilgani adolatsizlik, deb baqirganlar, limitni 500 KvTga ko‘tarishni talab qilganlar qancha…

Avvalo, shuni aytish kerakki, so‘nggi yillarda aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi keskin oshdi – har bir xonadonda elektr bilan ishlaydigan turli maishiy uskunalar ko‘paydi. Yana bir tomondan elektr tokida harakatlanadigan yengil mashina, mototsikl, skuterlar. Har bir xonadonda changyutkich, har bir xonada sovutkich, televizor, muzlatgich va yana “Ariston” suv isitgich uskunalari.
O‘tgan asrning oltmishinchi yillari faoliyat boshlagan Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi o‘sha vaqtda Qoraqalpog‘iston, Xorazm va qo‘shni Turkmanistonning Toshhovuz viloyati aholisini elektr toki bilan ta’minlagan. O‘sha davrda bu hududda ikki million aholi yashagan. Va yana har bir tumanda ko‘pi bilan uch-to‘rtta korxona faoliyat yuritgan.
Hozir-chi? Taxiatosh IESdan elektr toki oladigan aholi soni to‘rt million atrofida. Har bir tumanda kamida mingtacha katta-kichik korxona ishlab turibdi – ular soni kun sayin oshyapti. Yoki 1980-yillarda Xorazmdagi 110 ta kolxozda 1600 ta suv chiqaruvchi nasos kerosin yoqilg‘isi bilan ishlagan bo‘lsa, bugun vohada ularning soni o‘ttiz mingdan ortiq bo‘lib, barchasi elektr toki bilan harakatga keladi. Biz hali har bir tumanda qanchalab yirik issiqxonalar qurilgani, bundan tashqari, sabzavot va mevalarni qish oylari oxirlarigacha saqlaydigan yirik sovutkichlar soni oshayotganini eslatmayapmiz. Bularga ham ozmuncha elektr toki ketmaydi.
Deyarli ellik yildan oshiq o‘tgan davrda elektr toki hosil qiluvchi stansiyalar qurishni hech kim o‘ylamadi. Esingizda bo‘lsa, o‘n yillar oldin elektr energiyasi ta’minotida yetishmovchiliklar sabab uzilishlar, cheklovlar haddan oshib ketgandi. Davlatimiz rahbari va hukumatimiz bu sohada yuzaga kelgan muammoni hal qilish uchun katta loyihalarni amalga oshirishga kirishdi. Shu harakat natijasi o‘laroq, Yangiariqda turk birodarlarimiz gaz bilan ishlovchi yirik elektr stansiyasini qurib ishga tushirdilar. Bundan tashqari, kamomad o‘rnini to‘ldirish uchun quyosh panellari o‘rnatishga katta e’tibor qaratilmoqda.
…Bir kilovatt elektr energiyasi hosil qilish uchun oz xarajat ketmaydi – tok osmondan tushmayapti. To‘g‘ri, Xorazmning Pitnak shahrini elektr bilan ta’minlaydigan Tuyamo‘yin GESi faqat Amudaryoda suv toshgan vaqtlari nisbatan arzon elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Daryomiz esa yil bo‘yi to‘lib oqmaydi. Yurtimizda bu kabi elektr stansiyalari sanoqli. Suv taqchilligi sharoitida elektr toki hosil qilishning bu turi tobora ahamiyatini yo‘qotib boryapti. Bugun jahon bozorida gaz, neft narxi ko‘tarilayotgani ularning mavjud zaxiralari kamayib borayotgani bilan izohlanadi. Deyarli barcha elektr hosil qiluvchi stansiyalar gaz yoki mazut bilan ishlashini inobatga olsak, xomashyoning qimmatlashuvi tabiiy ravishda ishlab chiqarilayotgan mahsulot – elektr toki narxi oshishiga olib keladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi noroziliklarga rasmiy munosabat bildirgan Energetika vazirligi mas’ullari har bir kilovatt elektr energiyasining tannarxi 900 so‘mdan oshiqroqqa tushayotganini aytishdi. Shu paytgacha elektr energiyasining narxi va aholiga yetkazib berish narxi orasidagi kattagina farqni davlat subsidiya evaziga qoplab kelgan edi. Davlat g‘aznasi cho‘zma qop emas – turli tomonga cho‘zsang. Qolaversa, davlat g‘aznasi siz-u bizning maosh-daromadlarimizdan olinadigan soliqdan shakllanadi, ya’ni bu – umummablag‘.
Yaxshi bilamiz, mustaqillikning o‘tgan chorak asrida tizimda to‘laqonli islohotlar o‘tkazilmadi – sobiq tuzum davridan meros qolgan elektr taqsimlovchi uskunalar va hatto ayrim hududlarda simyog‘ochlar ham yangilanmadi. Vaqt izdan chiqargan eski uskunalar tizimda turli avariyalar keltirib chiqarib, uzilishlar kuzatildi. Faqat oxirgi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan tizimni to‘la qayta isloh qilishga jiddiy kirishildi. Buni joylarda yangi elektrostansiyalar qurib ishga tushirilgani ko‘rsatib turibdi. Ayniqsa, “yashil energiya” loyihalari tizimli amaliyotga aylanmoqda. Misol uchun, amaldagi yilning o‘tgan davrida ishga tushgan 2.4 gegavatli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari yarim yil davomida 1.5 milliard kilovatt energiya ishlab chiqarib, iste’molchilarga yetkazib bergan. Yoki Orol dengizining qurigan havzasida chet ellik hamkorlar bilan Markaziy Osiyoda eng yirik quyosh elektr stansiyasi qurilishi loyihasi ishlab chiqilgan. Yaqin yillarda bu “yashil energiya” butun Quyi Amudaryo mintaqasini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashi mumkin bo‘ladi. Ungacha esa…
…Mesit deb ataluvchi elatimizda hozirda 130 xonadon bor. Bundan chorak asr ilgari butun elat ahlining elektr tokiga bo‘lgan ehtiyojini bitta transformator uddalardi. So‘nggi besh yilda transformatorlar soni 10 dan oshdi. Sabab…
Aholi ehtiyoji inobatga olinib, moʻtadil, me’yordagi tok yetkazib berish uchun yangidan ikkita transformator o‘rnatildi. Fermer yer maydonlari va aholi tomorqalarini sug‘orish uchun shu davrda o‘ttizdan ortiq tok bilan ishlaydigan suv nasoslari paydo bo‘ldi. Va yana…
Elatimizda faoliyat yuritayotgan “Anvar-Akbar” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor Yusufboy Ro‘zmetov fikriga quloq tuting: “Suv taqchilligi sharoitida paxta va bug‘doyni tomchilab sug‘orish tizimiga o‘tyapmiz. Ekin maydonimizning 40 gektarida shu samarali usuldan foydalanyapman. Tomchilab sug‘orish uskunasi elektr tokida ishlaydi. Shuning uchun salkam ikki kilometr masofaga elektr simlari tortdim va ikki o‘rinda yangi transformator o‘rnatdim…”
Soha mutaxassislari ochiq sim orqali yetkazib berish jarayonida 10-12 foiz elektr energiyasi isrof bo‘lishi – “havoga uchishi”ni aytishadi. Elektr energiyasini yetkazib berishda yopiq kabellardan foydalanish tokni tejashi mumkin, ammo bu usul – yer ostidan yoki ustidan kabellar orqali tokni tarqatish juda qimmatga tushadi. Vaqti kelib, shaharlarda bo‘lgani kabi tejamkor bu usul qishloqlarda ham joriy qilinar.
Xo‘sh, nima qilmoq kerak?
Talab katta: isrof qilish emas, tejash orqali maqsadga erishish mumkin.
Shu o‘rinda o‘z xonadonimdan misol qilsam. 1990-yillarda tiklagan imoratim 11 xonadan iborat. Barcha yashash xonalari, dahlizlar, qo‘shimcha xonalar ham elektr energiyasida ishlaydigan uskunalar o‘rnatishga mo‘ljallangan. Uch yil oldin eski chiroqlarni tejamkorlariga almashtirdik. Ko‘p tok iste’mol qiladigan lampali televizordan voz kechildi.
Ko‘pchilik “limit yetmayapti” deb dod-voy ko‘targan o‘tgan may va iyul oylarida shu katta xonadonimiz 180-190 kilovatt tok iste’mol qildi. Nima evaziga?
Kelinlar ertalabdan besh litr hajmli to‘rt-beshta yelimidishni suvga to‘ldirib, quyoshning ko‘ziga qo‘yib qo‘yishadi. Undagi suv bir zumda isiydi. (Hatto peshinga borib qaynoq bo‘ladi). Shu hisobdan “Ariston” tokda suv isitish uskunasini ishlatishga hojat qolmaydi. Kir-chir, idish-tovoq beminnat quyoshda qizigan suvda yuviladi, hatto dushda cho‘milish ham mumkin.
O‘tgan yillari uzunligi 14, eni 4 metr bo‘lgan dahlizda moʻtadil harorat saqlash uchun konditsioner kecha-yu kunduz ishlardi. Hozirda konditsionerni faqat kun qizigan vaqtda ko‘pi bilan ikki-uch soat ishlatyapmiz. Shuyam nevaralar o‘ynaydigan, televizor ko‘radigan, ovqatlanadigan dahlizda moʻtadil harorat saqlanishini ta’minlayapti.
Qisqasi, ustomonlik bilan tejamkorlikka erishdikki, limit degani ta’sirini ko‘rsatmadi – hatto yodimizga kelgani ham yo‘q.
Ma’rakada limitni so‘kkan bir elatdoshimning elektr tokidan qanday foydalanishini yaxshi bilaman. Kecha-yu kunduz konditsioneri o‘chmaydi, televizor ko‘rsinlar-ko‘rmasinlar “vag‘illab” yotadi. Tunda yoqib qo‘ygan ko‘cha chirog‘ini tong yorishganida o‘chirish esidan chiqadi. Unga “qadrli narsa tejaladi”, deb maslahat solganingiz bekor. “Pulini olgandan keyin limiti nimasi?” deb dam uradi…
Kuyovim bankda, qizim esa maktabda ishlashadi. Ular o‘tgan yili quyosh panellari o‘rnatishdi. Limit mavzusi qo‘zg‘alganida qizim g‘alati gap aytdi: “Bizlar bir yildan beri tokka pul to‘lamaymiz, hatto ortiqcha ishlab chiqqan tokni tuman elektr ta’minoti idorasi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha ularga sotamiz ham”.
Bugun ayrimlar quyosh panellari sifati, yaroqliligi haqida turlicha afsonalar to‘qishadi. O‘sha odamlardan “Uyingizga quyosh paneli o‘rnatganmisiz?” deb so‘rasangiz yelka qisadi. “Kim tabib – tanasida sinab ko‘rgan tabib”, degan otaso‘zimiz allaqachon yodimizdan ko‘tarilgan.
Onam rahmatli “Rizqingni sot – ravshan ol!” degan qadim otaso‘zimizni ko‘p takrorlardilar. “Anovi chiroq nega yonib turibdi? Arzon ekan deb bekorga ishlatmanglar! Isrofgarchilikning oxiri qahatchilik bo‘ladi”, deb dakki berardilar bizlarga.
Onam yodimizga muhrlagan o‘sha ravshanlik – elektr energiyasi hayotimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylangan ekan, undan tejab foydalanishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Bu tejash avvalo o‘z cho‘ntagimizga, qolaversa, yangi xonadonlar, tadbirkorlik shoxobchalari ko‘payishiga foyda.
…Ha darvoqe, hozirda mazkur limitni har bir xonadonda yashaydigan oilalar sonidan kelib chiqib belgilash bo‘yicha o‘rtaga tashlangan taklifni amaliyotga aylantirish ustida ishlashyapti ekan. Ijtimoiy himoya birinchi o‘ringa qo‘yiladigan davlatimiz siyosatida bu amaliyotga o‘tilsa, g‘oyat adolatdan bo‘lardi. Negaki, o‘sha 200 kilovattlik limit ikki kishi yashaydigan xonadonga ham, ichida ikki-uchta oila va kamida 10 nafar odam yashaydigan xonadonlarga ham teng taqsimlangan.
…Ikki oylik tajribamdan (bir umrlik desam ham xato emas) kelib chiqib, baribir, o‘z fikrimda qolaman – birinchi navbatda tejamkorlik!
Ro‘zimboy HASAN,
jurnalist
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
69
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
587
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
585



