Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


19.04.2024 | 10:48

img369

QISHLOQ QABRISTONI

1979-yili maktabni bitirib, Toshkent davlat universitetiga hujjat topshirgach, imtihonlarga tayyorlanadigan kunlar orasida Chig‘atoy qabris­tonini ham ziyorat qilishni rejalashtirdim. O‘sha paytlarda “Axborot” televizion dasturida mashhur insonlarning vafoti haqida xabar berilganida marhum Chig‘atoy qab­ristonida dafn etilishi ham aytib o‘tilardi. Serdaraxt, yo‘laklari asfalt qilinib, ikki chetida gullar ekilgan qabristonning mashhur kishilar uchun ajratilgan qismida Gʻafur Gʻulom, Shayxzoda, Oybek, Abdulla Qahhor kabi adiblar, Abror Hidoyatov singari aktyorlar, dongdor akademiklarga bag‘ishlangan yodgorliklar archalar soyasida, odam bo‘yi atirgul butalari qurshovida turar edi.  Ziyorat chog‘ida qishlog‘imiz qabristoni esim­ga tushdi: hammayoqni yantoq, shuvoq, tizza barobar xas-xashak bosib yotgan, oyog‘ing ostidan ilonlar, kaltakesaklar har tomonga qochadigan ikki-uch gektarlik fayzsiz hudud… Sug‘oriladigan qismida o‘riklar ostiga beda ekilgan, mayitlar qo‘yila­digan qismida biror daraxt tugul, buta ham yo‘q.  Ilgari qishlog‘imiz kichikroq edi, yilda uch-­to‘rtta janoza bo‘lib turardi. Shu siyrak janozadan keyin o‘tadigan marhumning yettisi, qirqi, yili, albatta, o‘ta yig‘i-sig‘ili bo‘lardi. Uyi­miz adir ostida edi, tong saharlab ko‘tarilgan yo‘qlov-yig‘ilar aks-sado berib, adirlar ichida janoza bo‘layotgandek tuyulib, vahima uyg‘otardi. Harbiy xizmatdan qaytganimda onam vafot etgani uchun deyarli har kuni mozoriga borishimga to‘g‘ri kelgan. Chunki voli­dam­ning qabri boshida xuddi Chig‘atoydagi singari atirgul ekkan edim. Gullar qurib qolmasligi uchun ishdan qaytgach yoki tong saharda bir chelak suv ko‘tarib o‘sha yoqqa yo‘l olardim. Tikon-u ilonlardan himoyalanish uchun oyog‘imga etik kiyib olishimga to‘g‘ri kelardi. Mozor shayxi bir kuni qabrlar oralab suv tashiyotganimda o‘lganlarni oyoqosti qilish yaxshimasligini aytib, ekilgan gullarimni o‘zi sug‘orib turishga va’da berdi. Qabr ustidagi qurigan xas-xashaklarni olib tashlaganimni ham ma’qullamay, go‘r ustida chiqqan hamma narsa shu marhumniki, dedi. Bunday qa­rash o‘sha paytlari urf bo‘lgani uchun qabr­larning ustini qurigan o‘t-o‘lan bosib yotardi. Tosh qo‘yilgan qabrlar kamdan-kam topilar, asosan tepasiga eski chinni, sopol tovoq, shokosa to‘nkarib qo‘yilgan, bir cheti uchgan choynaklarning burniga yasa­ma gullar tiqib qo‘yilgani bois bir qarashda qabriston eski-tuski idishlar makoniday taassurot uyg‘otardi. Mozorning eski qismidagi go‘rlar deyarli cho‘kib, o‘pirilib tushgan. Eng boshida biror yuz yillar burungi ikki ko‘hna qabr uzra marmar va pishiq g‘ishtdan tiklangan sag‘ana nurashga yuz tutgan, qabrlar kimga tegishliligi yozilgan arabcha imloga birovning tishi o‘tmasdi. 1985-yili mozorlarni obod qilish tashabbusi boshlanib, xalqni hasharga chaqirishdi. Biz ham qo‘llarda o‘roq, ayri bilan eski qabr­lar uzra yurib, yantog‘-u shuvoqlarni o‘rib, qurigan xaslarni uyib ketaverdik, ortdagilar ular­ni tashqariga tashishdi. Mozorning adirga tutash qismini daraxt, jangal bosib ketgandi, qurigan shox-shabbalarni tozalash ham kun bo‘yi davom etdi. O‘shandan beri o‘tgan yillar mobaynida qab­ris­ton atrofi devor bilan o‘raldi, chetan o‘rniga darvoza o‘rnatildi, turli ma’rakalar o‘tka­zish uchun oshxona, katta ayvon, uylar quril­di. Odamzodning shu sur’atda ko‘payib borishi turarjoy taqchilligini keltirib chiqaradi. Qabristonlarga sug‘orma, tekis joy ajra­tish qiyinlashadi. Tog‘ qishloqlarida azaldan qab­riston uchun adirlar yonbag‘ri tanlanadi. Ilga­ri shaharlarda ham xilxona – oilaviy qabr joylarini ijaraga olish urf bo‘lgan. Eski mayitning so‘ngak­lari sopol xumga yig‘ilib, sirtiga kimniki ekani yozilar va xilxonaning tokchasiga qo‘yilar, uning o‘rniga nabirayu abirasi qo‘yilaverardi. 1970-yillari adirda qo‘riq yer o‘zlashtirilayotgan paytda buldozer kattagina sopol xumning og‘zini ochib ketadi. Bu xumni kovlab olish­ganida, ichida uch ming yil burun o‘tirgan holida dafn etilgan marhum­ning so‘ngaklari chiqdi. Uning yonidan turli ro‘zg‘or anjomlari, tangalar topildi. Bunday xumlardan yana anchagina aniqlandi. Bu joy qadimgi davrda qabriston bo‘lgan. Sopol-u ro‘zg‘or anjomlari, tangalardan bu joylarda bir paytlar kattagina shahar bo‘lganini taxminlasa bo‘lardi. Ustoz adib Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar” turkumiga kirgan “Dahshat” hikoyasi qabriston bilan bog‘liq. Qabris­tonga bir o‘zi borib, o‘t yoqib, qumg‘onda suv qay­natib, choy damlab kelish evaziga qari eridan taloq olishga jazm qilgan yoshgina juvonda otning kallasidek yurak bo‘lishi yoki hushi o‘zida bo‘lmasligi kerakday. Yana bir o‘tmish rivoyati shoir Hofiz Sheroziy bilan bog‘liq. Uning dastlabki yozgan g‘azallari ko‘pchilikning tanqidiga sabab bo‘lardi. Hali uylanmagan yosh shoir o‘tib ketgan ustozining qabri boshiga boradi-da, omadsizligidan nolib, ustozining haqqiga duo qiladi va beixtiyor ko‘zi ilinadi. Tushida ustozini ko‘radi va uning talabiga ko‘ra yangi yozgan g‘azalini o‘qib beradi. Nav­qiron shoir uyg‘onib ketib, tun cho‘kkanini ko‘radi va uyi­da xavotir olib o‘tirgan onasining oldiga yuguradi. Ertasi kuni u yana o‘zini masxara qilmoq­chi bo‘lgan izdihom qarshisida kecha tushi­da yozgan g‘azalini o‘qib beradi. Bu galgi g‘azal shu qadar pishiq-puxta va go‘zal ediki, oqibatda olomon uni she’r o‘g‘risiga chiqaradi. Hofizning keyingi g‘azallari ham tobora kamol kasb eta boradi va olamga yangi bir zabardast shoir kelganidan darak beradi. Ulug‘lar ziyorati ana shunday nekbinlikka sababchi bo‘lsa qanday soz: “Go‘riston gulis­tondir, Muqimiy aytgan misol” (Abdulla Oripov). Xulosa qilib aytganda, qabristonlar kishiga umr g‘animat, o‘lim muqarrar ekanligini eslatish bilan birga, uni yaxshi ishlar, yangi ijodiy rejalarga undaydi. Umuman, qabriston ham o‘z girdini o‘rab turgan devor tashqarisi­dagi hayotning bir qismi hisoblanadi. Tashqaridagi hayot, turmush obodligi qabristonda ham aks etishi tabiiy. Hozirgi qabristonlari­miz tobora obod bo‘lib, dorilomon davrimiz ko‘zgusiga aylanib bormoqda. Har yili Xotira va qadrlash kunida bu joylar odamlar bilan gavjum bo‘lib, yangi nihollar, gullar ekiladi. Endilikda bu maskanga avvalgidek qo‘rquv bilan emas, hayotga muhabbat ruhi bilan qadam qo‘ymoqdamiz.

Olloyor BEGALIYEV

“Jadid” gazetasi 2024-yil 12-aprel 16-son


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img87

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img601

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img600