Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 10°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


10.04.2024 | 21:34

img1886

QORAQALPOQ JADIDLARI SARBONI

O‘tgan asrning boshlarida Xiva Turkiston zaminida yuzaga kelgan jadidchilik harakatidan qoraqalpoq eli ham chetda qolgani yo‘q. Aslida bu xalqning uch ulkan shoiri – Kunxo‘ja Ibrohim o‘g‘li, Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li, Berdaq Qarg‘aboy o‘g‘li ijodi aynan xalq ozodligi, emin-erkin hayot, ma’naviy taraqqiyot g‘oyalari bilan sug‘orilgan. Bu ulug‘vor adabiy merosdan bahramand bo‘lgan atoqli shoir, pedagog, dramaturg Seyfulg‘abit Majitov qoraqalpoq jadidlarining sarboni sifatida o‘rtaga chiqqan edi. Uning tavallud sanasi, tug‘il­gan joyi haqida turlicha fikrlar mavjud. Ba’zi manbalarda 1865-yili Qo‘ng‘irot muzofotining Mashanko‘l o‘ramida tug‘ilgan deyil­sa, ayrimlarida 1867-yili Qozon guberniyasining Arshan ovu­li­da tavallud topib, 1875-yili otasi bilan Qo‘ng‘irotga ko‘chib kelgan deyiladi. Bu qaydlarning qaysi biri to‘g‘riligidan qat’i nazar, Seyfulg‘abit bu o‘lkada ma’rifat fidoyisi sifatida tanildi. Berdaq, Avaz O‘tar, Abay, Abdulla To‘qay ijodiyoti bilan yaxshi tanish bo‘lgan Seyfulg‘abit Turkiston jadidlarining yetakchilari Ismoil G‘aspirali va Mahmudxo‘ja Behbudiy asos solgan jadid matbuoti namunalaridan bahramand bo‘lgan edi. U Qo‘ng‘irotda yangi usuldagi jadid maktabini ochadi va “Alifbe”, “O‘qish kitobi” qo‘llanmalarini yozadi. Qosim Avezov, Ko‘ptileu Nurmuhammedov kabi yosh jadidlar shu maktabda ta’lim oladilar. 1910-yili Qo‘ng‘irotga Turkiston jadidlaridan biri Muhammadsharif So‘fizoda keladi. Bungacha u Ozarbayjon, Turkiya, Arabiston va Hindistonda bo‘lgan edi. So‘fizoda Qo‘ng‘irotga Boku va Orenburgda chiqib turgan gazetalarni olib keladi. Seyfulg‘abit So‘fizoda bilan hamkorlikda Turkistonda chop etilgan gazetalarga maqolalar yozadi. So‘fizoda o‘sha paytlari gazeta haqida quyidagi otashin satrlarni bitgan edi:

Yashnatib dil g‘unchasin, fasli bahor aylar gazet,

Suv berib ko‘ngul bog‘ini sabzavor aylar gazet.

Sharqdan Mag‘ribgacha bo‘lg‘on havodisni yozib,

Ne go‘zal marg‘ub xabarlar oshkor aylar gazet.

Ko‘b o‘qur bo‘lsang, bo‘lursen el aro chun nuktadon,

So‘zlaganda so‘zlaringni beg‘ubor aylar gazet.

1913-yili Quyi Amudaryo vohasida misli ko‘rilmagan suv taqchilligi yuz berdi. Yer va suvning bahosi oltindan ham yuqori bo‘ldi. Shunday sharoitda Seyfulg‘abit Majitov quyidagi satrlarni bitgan:

Desanglar bo‘lmaylik nomardga muhtoj,

Yerni hayda, seni yering to‘ydirar.

Beparvolik etib mana, bo‘lding och,

Yerni hayda, seni yering to‘ydirar.

Dunyoda yashagan jonli jonivor,

Yerdan unganidan tiriklik qilar,

Taom, kiyim – bari shu yerdan unar,

Yerni hayda, seni yering to‘ydirar.

Yer bir xazinadur, olsang tugamas,

Olgan bilan ul xazina oz bo‘lmas,

Jonli, jonsiz barcha yersiz turolmas,

Yerni hayda, seni yering to‘ydirar.

Oltin, kumush bilan temir ham mislar,

Asli yerdan bo‘lar barcha turmushlar,

Yerdan to‘yar ko‘kda qanotli qushlar,

Yerni hayda, seni yering to‘ydirar.

O‘sha paytlar Qo‘ng‘irot Quyi Amudaryo vohasining shimoldagi darvozasi edi. Turkistonda yuz berayotgan barcha yangiliklar bu yerga yetib kelardi. 1914-yili Samarqand va Toshkentda teatr truppalarining tashkil topishi, “Padarkush” dramasining namoyishi Seyfulg‘abitning diliga cho‘g‘ soladi. U ayrim kuzatishlarini dramatik mashqlar tarzida daftarga tushiradi.

1921-yilning aprelida avval Xo‘jayliga, keyin Qo‘ng‘irotga ulug‘ ma’rifatparvar shoir, taniqli dramaturg Hamza Hakimzoda Niyoziy keladi. Bu paytda Seyfulg‘abit Qo‘ng‘irot tuman xalq maorifi bo‘limi mudiri edi. Hamza unga yangi maktablar ishini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashadi, dramalaridan parchalar o‘qib beradi. Bunday hamkorlik samarasi o‘laroq qoraqalpoq jadidi “Saboq”, “Yernazar Olako‘z” nomli pyesalarini yozadi. Qoraqalpog‘istonda “Tong nuri” teatr truppasi tuzilib, unga yosh yigit Jo‘lmirza Aymurzayev bilan Seyfulg‘abit Majitov yetakchilik qiladi. Navqiron dramaturg Abdurahmon O‘tepov truppa uchun pyesalar yozib beradi. Seyfulg‘abit Majitov “Birinchi odim”, ya’ni “Yerkin qoraqalpoq” gazetasining asoschilaridan biri, mas’ul kotib edi. Uning gazetada e’lon qilgan she’r, ballada, maqolalarida jadidchilik kayfiyati yaqqol sezilib turadi. 1935-yili Seyfulg‘abit “Bog‘dagul” nomli pyesasini yozadi, “Suyun va Sora” romanini yozishga kirishadi. Ammo VCHK, GPU 1919-yildan uning iziga tushadi. Uni Xon Maxsum boshchiligida ko‘tarilgan aksilinqilobiy qo‘zg‘olonning g‘oyaviy yo‘lboshchisi, deb bilishardi. Avval RKP(b) safidan chiqarishadi va Qipchoq tumaniga surgun qilishadi. Qo‘ng‘irot okrugi partiya tashkilotini boshqargan odam To‘rtko‘l o‘lkashunoslik muzeyida oddiy ishchi bo‘lib ishlaydi. 1937-yil sentabrida uni qamoqqa olishadi. Yetti oy davom etgan qiynoqlardan so‘ng, 1938-yilning 16-aprelida jasur qoraqalpoq jadidi turmada olamdan o‘tadi. Shu kuni atoqli davlat arbobi O‘roz Yermanov ham panjara ortida bandalikni bajo keltiradi. Ular bilan birga el ozodligi uchun kurashgan Olloyor Do‘snazarov, Qosim Avezov, Ko‘ptileu Nurmuhammedov, Menglixo‘ja Ibniyaminov ham shafqatsizlarcha otib tashlanadi.

Qoraqalpoq jadidlari sardori Seyfulg‘abit Majitovning asarlarini qayta nashr etish, dramalarini Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik teatrida qayta sahnalashtirish, Nukusda qoraqalpoq jadidchiligini o‘rganish ilmiy markazini, Qo‘ng‘irot tumanida uy-muzeyini tashkil etishni taklif qilamiz. Zero, ishlarning amalga oshishi qatag‘on qurboni bo‘lgan atoqli jadid bobomiz ruhini shod etadi, degan umiddamiz.

Yangiboy QO‘CHQOROV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img93

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img607

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img605