Go‘zal Turkiston
0:00
/
Toshkent
temperature icon 11°C

“JADID” GAZETASINING YANGI SONIDA: ✏️Usmon NOSIR: BOĞIM ✏️Iqbol MIRZO: KELAJAK UÇUN MAS’ULIYAT ✏️Gulçehra UMAROVA: ASRNI BÖYLAGAN ADIB ✏️Komil SINDOROV: “JAVOHIR SINDOROVNING BOBOSI BÖLIB TANILDIM“ ✏️E’zozxon KARIMOVA: MILLIY YUKSALIŞ SARI ✏️Orif ODILOV: ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA ✏️Nusratullo JUMAXÖJA: TADQIQOT-ROMAN ✏️Abbos ŞOYIMOV: XALQARO MEDIAFORUM ✏️Zikrilla MUHAMMAD: ANQARADA ADABIYOT BAYRAMI ✏️Ikrom BÖRIBOYEV: KEÇA VA BUGUN ✏️Muhayyo RUSTAMOVA: OG‘RIQ NUQTA ✏️Abdulhamid MUXTOROV: UYLAR SOYASIDA QOLAYOTGAN SAVOLLAR ✏️Jasmina ISROIL: SYUKURO MANABE – IQLIMŞUNOSLIK “OB-HAVOSI”NI ÖZGARTIRGAN NOBELÇI ✏️Rustambek ŞAMSUTDINOV: QONLI JILD ✏️Alişer SANDIBOYEV: SAMARQAND NEÇA YOŞDA? ✏️Nigina ISKANDAROVA: “KITOB, MENING DÖSTIMSAN” ✏️Jamoliddin BADALOV: “OLTIN QALAM” UMMON ORTIDA

TAVSIYA QILAMIZ


29.04.2026 | 12:35

img840

QUDRATLI TO‘LQIN

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, akademik Fathulla ABDULLAYEV bilan suhbat

– Domla, suhbatga tayyorgarlik chog‘ida nozik va ahamiyatli ta’rifga duch keldik. Bu bizga g‘urur bag‘ishladi. Unda Siz “nochiziqli fizika bo‘yicha jahon miqyosida tan olingan ilmiy maktab asoschisi” sifatida e’tirof etilgansiz. Bu soha murakkabligi uchun ilm ahli orasida ham kam yoyilgan ekan. Nochiziqli fizika va uning tarixi haqida aytib bersangiz.

– Bu fan XX asrda jadal rivojlangan bo‘lsa-da, ildizlari XIX asrga borib taqaladi. Biz to‘lqinlar bag‘rida yashaymiz. Atrofimizdagi deyarli barcha jarayonlar to‘lqin tabiatiga ega. Masalan, suhbat – akustik to‘lqin. Agar to‘lqin intensivligi past, amplitudasi kichik bo‘lsa, ular chiziqli deb ataladi. Bu nimani anglatadi? Ya’ni, bir nechta to‘lqin qo‘shilsa, yana o‘sha shakldagi to‘lqin hosil bo‘ladi, ularning chastotasi o‘zgarmaydi.

Ammo nochiziqli to‘lqinlarda vaziyat butunlay boshqacha. Ularning xossalari amplitudaga bog‘liq ravishda o‘zgaradi. Masalan, suvdagi to‘lqinlarni olaylik: amplituda kichik bo‘lsa, mayda to‘lqinlar hosil qiladi. Lekin katta bo‘lsa, sunami yuzaga keladi. Demak, amplituda qancha katta bo‘lsa, nochiziqlilik shuncha kuchayadi.

Nochiziqlilikka yana bir yorqin misolni optika sohasida ko‘ramiz. Odatda, yorug‘lik nurlari muhitdan o‘tganda o‘z rangi va chastotasini o‘zgartirmaydi. Lekin shunday maxsus kristallar borki, ular orqali kuchli nur o‘tganda rangi o‘zgarishi mumkin. Masalan, qizil nur kirib, ko‘ki chiqadi. Bu holat oddiy yorug‘lik manbalari bilan kuzatilmaydi. Bu yerda asosiy rolni lazer o‘ynaydi. Lazer nurining intensivligi juda yuqori bo‘lgani uchun nochiziqli effektlarni kuzatish imkoni paydo bo‘ladi. Tajribalarda lazer nurining chastotasi ikki barobar oshirilib, boshqa rangli nur hosil qilingan. Bu nochiziqli optikaning klassik namunasidir.

Hozirgi kunda bu soha juda keng rivojlanmoqda. Ilgari nochiziqli effektlar ikkinchi darajali hisoblangan bo‘lsa, bugungi kunda ular ko‘plab tizimlarda asosiy ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, mikro va nanoo‘lchamli tizimlarda intensivlikning oshishi natijasida nochiziqlilik kuchayadi. Shuningdek, juda past temperaturalarda ham tizimlar nihoyatda sezgir bo‘lib qoladi. Qisqacha aytganda, nochiziqli to‘lqinlar – bu zamonaviy fizikaning muhim va tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ahamiyati kun sayin ortib boryapti.

– Ilmiy ishlaringiz solitonlar va xaos nazariyasi bilan bog‘liq ekan. Ular bugungi kunda qaysi sohalarda amaliy ifodasini topmoqda?

– Solitonlar kashfiyotiga 150 yil to‘ldi. Olim, muhandis va kema quruvchisi Skott Rassel birinchi marta solitonni suvda kuzatgan. Bu shunaqa to‘lqinki, oddiy to‘lqinlar tarqalganda kengayib boradi va pasayib ketadi. Bunda esa u pasayib ketmaydi va kengaymaydi ham. Soliton bu “solitar”, ya’ni “yolg‘iz”, “ajralib turadigan” degani. Keyin plazma fizikasida ham topishgan. Yadro, termoyadroviy reaksiyalar, plazma nazariyasini o‘rganishda ham ko‘rishgan solitonlarni. Yana men tilga olgan lazerlar paydo bo‘lganda, optikada ko‘rishgan. Elektromagnit to‘lqinlar ham har xil muhitlarda soliton formasida tarqalishi mumkin. Optikaviy soliton deyiladi. Mening “Optikaviy solitonlar nazariyasi” kitobim shu mavzuga bag‘ishlangan. Ilmiy faoliyatim va qo‘llanmalar yozishni shundan boshlaganman-da.

– Ilm hayotga vobasta bo‘lsagina tirikdir, degan fikr bor. Gaplaringizni tinglab, soha naqadar murakkab ekaniga guvoh bo‘lyapman. Ayting-chi, bu tizim hayotga tatbiq etilgan misollar bormi?

– Solitonlar, ayniqsa, optika va elektromagnit to‘lqinlar sohasida katta ahamiyatga ega. Bugungi kunda axborot uzatishning asosiy qismi optik tola orqali amalga oshiriladi. Televideniye, internet, raqamli aloqa – barchasi shu texnologiyaga tayanadi. Bu yerda signallar “ha” va “yo‘q” kabi binar kod ko‘rinishida, ya’ni yorug‘lik impulslari orqali uzatiladi. Ammo bu tizimning fundamental muammosi bor: yorug‘lik – bu to‘lqin va har qanday to‘lqin muhitda tarqalganda kengayadi. Natijada signallar vaqt o‘tishi bilan bir-biriga aralashib ketadi, chegaralari yo‘qoladi va xatolar paydo bo‘ladi. Bu – tabiat qonuni, ya’ni prinsipial cheklov. Shuning uchun optik kommunikatsiya tizimlari qanchalik tez bo‘lmasin, ularning maksimal samaradorligi cheklangan. Ana shu yerda solitonlar yechim sifatida namoyon bo‘ladi. Chunki solitonlar tarqalmaydi, shaklini saqlaydi va uzoq masofaga deformatsiyasiz yetib boradi. Demak, ular signallarni aralashib ketishidan saqlaydi va ma’lumotni aniq uzatish imkonini beradi. Bu esa mavjud texnologiyalarning fundamental chegarasidan chiqish imkoniyatini ochadi.

Amaliy jihatdan qaralganda, solitonlarga asoslangan aloqa liniyalari allaqachon sinovdan o‘tkazilgan. Masalan, Avstraliyada minglab kilometrga cho‘zilgan eksperimental soliton liniyasi qurilgan va ishlagan. Lekin bu texnologiyani keng joriy etish oson emas. Chunki buning uchun butun infratuzilmani – generatorlar, qabul qilgichlar, modulyatsiya usullari – to‘liq qayta qurish talab qilinadi. Industriya esa odatda yangi prinsipga keskin o‘tishdan ko‘ra, mavjud texnologiyani asta-sekin takomillashtirishni afzal ko‘radi. Bu holatni elektronikada ham ko‘rish mumkin.

Masalan, tranzistor texnologiyasi hozir deyarli fizik chegaraga yetib kelgan: o‘lchamlar nanometr darajasigacha kichraygan. Lekin shunga qaramay, yangi prinsipga o‘tish o‘rniga, shu eski yo‘lni yanada optimallashtirishga urinish davom etmoqda. Solitonlar bilan ham xuddi shunday holat. Bir vaqtlar ularga juda katta umidlar bog‘langan edi, ammo amaliyotda yangi muammolar paydo bo‘ldi. Ilm-fanning tabiati shu: bir muammoni hal qilsangiz, darhol boshqasi yuzaga chiqadi. Solitonlar barqaror bo‘lsa-da, ularni yaratish, boshqarish va real muhitlarda saqlash oson emas.

O‘zbekistonda bu yo‘nalish asosan nazariy darajada rivojlanmoqda. Masalan, O‘zbekiston Milliy universitetida va ilmiy markazlarda nazariy fiziklar solitonlar bilan bog‘liq tadqiqotlar olib bormoqda. Shu jumladan, elementar zarralar fizikasida ham solitonsimon yechimlar o‘rganilmoqda. Lekin hali bu ishlar keng ko‘lamli texnologiyalarga tatbiq etilmagan. Kelajakda esa bu yo‘nalish yanada muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Chunki solitonlar nafaqat optikada, balki kvant hisoblash sohasida ham qo‘llanilishi mumkin. Kvant texnologiyalari va solitonlar bir-biriga yaqinlashib bormoqda va bu ikki yo‘nalish kesishgan nuqtada yangi ilmiy va texnologik yutuqlar paydo bo‘lishi ehtimoli katta.

Xulosa qilib aytganda, solitonlar – bu hozirgi texnologiyalarning chekka nuqtasida turgan, lekin kelajak uchun ulkan salohiyatga ega bo‘lgan murakkab va chuqur ilmiy yo‘nalishdir. U hali to‘liq amalga oshmagan imkoniyatlar dunyosi bo‘lib qolmoqda, ammo vaqt o‘tishi bilan uning amaliy qiymati albatta namoyon bo‘ladi.

– Hozirgi kunda olib borayotgan amaliy ishingizga ham to‘xtalsak.

– Ayni paytda olib borayotgan ilmiy ishlarim asosan makroskopik kvant hodisalariga bag‘ishlangan. Bu nima degani? Ko‘pchilik kvant mexanikasini faqat atom va elementar zarralar darajasida, ya’ni juda kichik masofalarda namoyon bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Masalan, maktabdan tanish bo‘lgan Nils Bor modeli orqali atom tuzilishi o‘rganiladi. Shuning uchun uzoq vaqt davomida kvant hodisalari faqat mikrodunyoga xos, degan qarash ustun bo‘lgan. Ammo ma’lum bo‘ldiki, muayyan sharoitlarda kvant xossalar makroskopik – ya’ni, ko‘z bilan ko‘rish mumkin bo‘lgan darajadagi tizimlarda ham namoyon bo‘lishi mumkin. Buning uchun eng muhim shart – jamoaviy harakatdir. Demak, juda ko‘p zarrachalar bir-biri bilan uyg‘unlashib, go‘yo bitta “ulkan kvant obyekt” kabi harakat qila boshlaydi. Masalan, oddiy sharoitda har bir zarra mustaqil harakat qiladi. Lekin temperatura juda past bo‘lganda, ularning to‘lqinli tabiati kuchayadi va bir-biri bilan “qoplanib ketadi”. Natijada butun sistema yagona kvant holatiga o‘tadi.

Bunday hodisalarga bir necha muhim misollar bor. Birinchisi, lazer. U makroskopik kvant tizim bo‘lib, juda ko‘p fotonlar bir xil fazada va bir xil holatda harakat qiladi. Ikkinchi muhim misol – o‘ta o‘tkazuvchanlik. Ayrim materiallarning temperaturasini ma’lum darajagacha pasaytirsak, ularda elektr qarshilik to‘liq yo‘qoladi. Ya’ni, tok hech qanday yo‘qotishsiz oqadi. Bu holatda elektronlar alohida emas, balki jamoaviy ravishda yagona kvant tizim sifatida harakat qiladi. Bu hodisaning amaliy ahamiyati juda katta. Masalan, eng kuchli magnitlar aynan shu prinsip asosida yaratiladi. Turli zarralar tezlatgichlarida ishlatiladigan magnitlar o‘ta o‘tkazuvchan materiallardan tayyorlanadi.

Hozirgi tadqiqotlarim yanada qiziq bir yo‘nalish – kvant gazlari bilan bog‘liq. Bu sohada ayrim gazlarni juda past temperaturagacha sovitganda, ular mutlaqo yangi holatga o‘tadi. Bu holat Boze–Eynshteyn kondensati deb ataladi. Bu g‘oyani ilk bor Satendra Nat Boze va Albert Eynshteyn ilgari surgan. Ular shunday holat bo‘lishi mumkinligini nazariy jihatdan bashorat qilgan edi. Boze–Eynshteyn kondensatida millionlab atom birlashib, go‘yo bitta atom kabi harakat qiladi. Eng qizig‘i bunday tizimlar makroskopik o‘lchamga, masalan, santimetr darajasigacha yetishi mumkin. Ya’ni, odatda faqat mikrodunyoga xos bo‘lgan kvant xossalarni ko‘z bilan ham kuzatish imkoni paydo bo‘ladi.

Hozir aynan shu yo‘nalish zamonaviy fizikaning eng istiqbolli sohalaridan biri hisoblanadi. Kvant gazlari nafaqat fundamental ilm, balki kelajak texnologiyalari, jumladan, kvant hisoblash va yuqori aniqlikdagi o‘lchash tizimlari uchun ham katta ahamiyatga ega.

– Ilm dunyosida o‘z yo‘nalishida xos maktab yaratgan olimlar ko‘p emas. Siz asos solgan nochiziqli fizika maktabi haqida gaplashsak.

– 1975-yilda kandidatlik dissertatsiyasini nazariy elementar zarralar fizikasi bo‘yicha himoya qilganman. Keyinchalik yo‘nalishimni o‘zgartirib, solitonlar sohasiga o‘tdim va 1984-yilda doktorlik dissertatsiyasini aynan shu mavzu bo‘yicha yoqladim. Shu davrdan boshlab ilmiy maktab shakllana boshladi. Birinchi aspirantlarimni 1978-1979-yillarda tayyorlagan bo‘lsam, keyingi yillar davomida bu an’ana kengaydi: to‘rtta doktorlik va o‘n uchta nomzodlik dissertatsiyasi tayyorlandi. Keyinchalik esa turli yillarda chet elda ham uzoq muddatli ilmiy faoliyat olib borishga to‘g‘ri keldi.

2001-yillar atrofida xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik boshlangan. Masalan, Britaniya Qirollik jamiyati tomonidan grant ajratilgan va ilk bor London Qirollik kollejiga uch oylik tashrif amalga oshirilgan. Bu kabi safarlar ko‘proq qiziqish va ilmiy hamkorlik ehtiyoji bilan bog‘liq edi. Konferensiyalar va ilmiy uchrashuvlarda umumiy muammolar muhokama qilinar, bir xil qiziqishlar tufayli birgalikda ishlash zarurati paydo bo‘lardi. Masalan, Sent-Jons, Kembrij kabi muassasalarda o‘tkazilgan uchrashuvlar ilmiy muloqot uchun muhim maydon bo‘lgan. O‘sha davrda xorijda yo‘nalishimiz bo‘yicha ilmiy muhit juda kuchli edi.

Keyingi davrda siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar sababli fanning rivojlanish sur’ati sekinlashgan bo‘lsa-da, uning intellektual salohiyati yo‘qolib ketmagan. Tarix shuni ko‘rsatadiki, fan tizimini qisqa vaqtda pasaytirish oson, lekin uni qayta tiklash juda murakkab jarayon. Masalan, Germaniyada natsizm davrida ko‘plab yirik olimlar mamlakatni tark etgan. Keyinchalik Germaniya iqtisodiy jihatdan qayta tiklangan bo‘lsa-da, ilmiy maktablarning ilgarigi darajasiga qaytish uchun o‘nlab yillar kerak bo‘lgan. Shu ma’noda, ilm – bu uzoq muddatli, uzilishlarga chidamli, lekin bir marta yo‘qotilsa, qayta tiklash uchun katta vaqt va sa’y-harakat talab qiladigan tizimdir.

– Ilmiy maktabni yo‘qotish oson, lekin yaratish qiyin. Xalqaro tajribangizga tayanib, hozirgi kunda bizning ilmda nimalar yetishmayapti va qaysi sharoitlar yaxshilandi, deb hisoblaysiz?

– Hozirgi holatni olganda, albatta, ijobiy o‘zgarishlar bor. E’tibor avvalgidan yaxshi. Lekin fan, ayniqsa, fundamental fan juda qimmat va uzoq muddatli sarmoya talab qiladigan soha. Ba’zi sohalarda natija so‘rash oson: “shuni ishlatinglar”, “buni quringlar”, “shu anjomni chiqaringlar”, deyish mumkin. Bu tabiiy, chunki natijasi tez ko‘rinadi. Lekin fundamental fanning mohiyati boshqacha, u darhol foyda bermaydi, balki kelajakdagi butun texnologiyalarning asosini yaratadi. Fundamental fanni rivojlantirish uchun, eng avvalo, ta’lim tizimi kuchli bo‘lishi kerak. Maktabdan boshlab tayyorgarlik, fikrlash madaniyati, ilmiy yondashuv shakllanishi shart. Bu borada hali yetishmovchiliklar bor.

Yoshlarga kelsak, eng muhimi – qiziqish. Lekin faqat qiziqishning o‘zi yetarli emas. Fanda “hunar” degan tushuncha bor, ya’ni kasbiy mahorat, texnik ko‘nikmalar. Fan ham rassomlikka o‘xshaydi: rassom faqat g‘oyani emas, balki bo‘yoqni qanday aralashtirish, mo‘yqalamdan qanday foydalanishni ham bilishi kerak. Ilmda ham xuddi shunday – nazariy fizikada bu matematika: integral, differensial tenglamalar, algebra kabi instrumentlarni puxta egallash kerak. Bu – fanning “texnika”si. Shu bilan birga, faqat nazariya yoki quruq fikr bilan cheklanib qolish ham yetarli emas. Inson doim o‘qishi, mashq qilishi, o‘z ustida ishlashi kerak. Qobiliyat bor, lekin u rivojlantirilmasa, natija bermaydi.

Juda muhim omillardan yana biri – ilmiy muhit. Yosh olim qaysi jamoada ish boshlashi taqdirida katta rol o‘ynaydi. Ilmiy maktab, ustozlar, kuchli jamoa insonning shakllanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. O‘zim ham yoshlik yillarimda Dubnada, Moskvada, Landau nazariy fizika institutida, P.N.Lebedev nomidagi fizika institutida ishlash imkoniga ega bo‘lganman. U yerda juda kuchli olimlar muhiti bor edi. Masalan, Vitaliy Ginzburg kabi yirik olimlar bilan muloqot qilish, ularning ish uslubini kuzatishning o‘zi katta maktab bo‘lgan. Chunki shunday narsalar borki, ularni faqat masala yechib yoki kitob o‘qib o‘rganib bo‘lmaydi.

Ilmiy tafakkurni shakllantirish uchun kuchli muhit, jonli muloqot va real ish jarayoni juda muhim. Shuningdek, dunyoqarash ham keng bo‘lishi kerak. Adabiyot, she’riyat, umumiy madaniyat ham olim shaxsini shakllantiradi. Chunki fan faqat tor texnik bilim emas, u keng fikrlashni talab qiladi.

– 78 yoshni qarshilayotgan akademik sifatida hozirgi olimlarga, yosh tadqiqotchilarga qanday tavsiya berasiz?

– Men tavsiya berishga u qadar shoshmayman. Chunki har bir akademik darajasiga yetgan inson – bu alohida bir shaxs. U o‘z xususiyati, o‘z yo‘li, o‘z olamiga ega. Hatto uni bitta “orol” yoki “yarimorol”ga qiyos qilish mumkin. Hayotda tavsiya berish oson, lekin uni bajarish juda qiyin. Shuning uchun har bir inson, ayniqsa, yosh olim o‘z yo‘lini o‘zi topadi.

Fikrimcha, eng muhimi – izlanish. Qiziqarli ish bilan shug‘ullanish kerak. Qiyinchilikdan qochmaslik lozim. Muammo chiqdimi, qo‘l ko‘tarib chekinish emas, balki uni hal qilish kerak. Insonda xarakter bo‘lishi shart. Eng qimmatli narsa – bu o‘zing qo‘ygan va o‘zing yechgan masala. Kichik bo‘lsa ham farqi yo‘q. Muhimi, inson uni boshidan oxirigacha mustaqil yechsin. Bunday tajriba juda katta ilmiy tafakkur beradi. Fanning tabiati shundayki, unda hamma narsa oldindan ma’lum emas. Kichik ko‘ringan masala vaqt o‘tishi bilan katta ilmiy yo‘nalishga aylanishi mumkin.

Asosiysi – qiziqish, mehnat, sabr va mustaqil fikrlash. Qolgani esa yo‘l davomida shakllanadi.

– Ustoz, qimmatli vaqtingizni ajratganingiz uchun minnatdorlik bildiramiz. Ilm va tajribangizdan olgan saboqlar biz uchun ham katta maktab bo‘ldi. Sizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr va yangi ilmiy yutuqlar tilaymiz!

Suhbatdosh: Zarnigor IBROHIMOVA

“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-apreldagi 17-sonida


ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA

Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]

16.11.2026 | 14:34

img83

“BIR ÇORAK ET”

Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]

12.11.2026 | 14:31

img598

NON VA OŞ ŞAHRI

Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk  degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]

12.11.2026 | 09:27

img596