04.09.2024 | 10:15
238
SABOT SINOVI
Kecha Yozuvchilar uyushmasida taniqli shoira, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimovaning “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” nomli she’riy romani taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asar o‘tgan asrning mudhish qatag‘oni qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan. Unda beayb jazoga tortilgan, tuhmatga uchragan yurtdoshlarimizning fojiali qismati tasvirlangan.
Tadbirda taniqli yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunos olimlar, madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etib, asar haqida fikrlarini bildirishdi. Quyida O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻafurovning mazkur roman to‘g‘risidagi mulohazalarini e’tiboringizga havola etamiz.
TAHRIRIYAT

XX asr 20-30-yillarida xalqimizning asil farzandlari boshidan kechirgan o‘ta og‘ir fojialar haqida she’r bilan yozilgan katta hajmdagi asarni o‘qirkan, har qanday asabi mustahkam, irodasi metin odamning ham bu voqealar ta’sirida bitgan-bitmagan jarohatlari qaytadan yangilanadi.
Bu yirik roman uchun qunt bilan izlanib, materiallar yig‘ib, kutubxonalar, arxivlarda ishlab, olti-yetti yil mashaqqat chekib, asar bunyod qilib, zamonlarning eng azob-uqubatlarga to‘la yuklarini yelkasiga ortgan muallifning bardosh-matonati, yuragining mushfiq mehribon quvvatiga lol qolib tasanno aytmay ilojing yo‘q.
Gap zamondoshimiz, shoira, jamoatchi, jurnalist Sharifa Salimovaning “Qabohat saltanati yoxud qor qo‘ynida lolalar” deb atalgan she’riy asari ustida boryapti. U asarini “she’riy roman” deb janrini aniq belgilagan. Muallif XX asrning 20–30-yillarida siyosiy zulmlar qurboni bo‘lgan bir qancha xotin-qizlarning qismati va insoniy siymolarini yoritishni o‘z oldiga adabiy-badiiy maqsad qilib qo‘ygan. Ha, shoiraning yuragi qanday chidadi ekan zamonlar kechib bu mash’um voqealarni qayta tiriltirishga?!
Muallifga bunda kuch-quvvat, bardosh matonat-chidam bergan hodisa – bu uning zulm qurbonlariga o‘zini singilday, jigarday, qondosh-qarindoshday tutishi va his qilishidir. U nohaq jabrdiydalarning holi-ahvoli, kechinmalari, muhabbat-sadoqatlarini teran tushunadi, dard-alamlarini o‘z jonida sezadi. Ularga eng og‘ir damlarda iroda-matonat qayerdan kelganligini uqadi, anglaydi. Asar shunday milliy negizlardan kelib chiqayotgan noyob darddoshlikdan tug‘ilgan. Bunday asarni sovuq qalam, sovuq nigoh, sovuq yurak bilan aslo yozib bo‘lmaydi. Men xalqi, farzandlari ayovsiz nobud bo‘lganda Nodira qanday ahvolga tushganligi, otashin Hamid Olimjon avtohalokatga uchraganda, qondosh aka-ukalari siyosiy qirg‘inga giriftor bo‘lganda o‘ktam shoira Zulfiya nimalarni boshidan kechirganligi, bularga chidash uchun qanday kuch topganligini ko‘z o‘ngimga keltirdim. Haqiqatan, ayollar insoniyatning, tamomila tabiatning nozik uzilmas rishtalaridan bino bo‘lgan noyob qatlamlaridir. Ular boshdan oyoq mehr-oqibat, muhabbat, munislik kalavalarini o‘z jonlarida saqlab yuradilar. Sharifa Salimova ayol siyosiy qurbonlar haqidagi yozganlarida ayolga tabiat tomonidan mo‘l-ko‘l ato etilgan shu mislsiz ne’matlarni shoirona tahqiq qilib boradi.
Asar fasllarga bo‘lingan. U uch qism, o‘n uch fasldan iborat. Fasllarning har birida siyosiy mustabid zulm qurbonlari – Xayrinisa Majidxonova, Maryam Sultonmurodova, Sobira Xoldorova, Tojixon Shodiyeva singari o‘zbekning o‘sha davrdagi peshqadam ayollarning taqdiri – boshlariga tushgan mislsiz azob ko‘rgiliklari yoritilgan. Nisbatan XX asrning 70-yillaridan keyin xalqimiz o‘zining bu kabi farzandlarini tanidi. Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov kabi ozodlik uchun jon kuydirgan yo‘lboshchilarining qutlug‘ xonadonlari vayronalarga aylantirilganligini es-es bildi. Sherali Turdiyev, Naim Karimov, Sirojiddin Ahmedov va yana qanchadan qancha ulkan tarixchi allomalar yo‘qotilgan izlar izidan borib, haqiqatlarni ochishga intildilar. O‘qib-o‘rganib yuradigan xalqimizning ziyoli vakillari bu unutilmas ishlardan xabardor. Lekin o‘sha zulm haddan oshgan zamonlarda nega bular beayb zindonlarga tashlandi, gulday-gulday xotin-qizlar otildi, nega inson boshdan oyoq himoyasiz, bechora, benavo maxluqqa aylantirildi? Hech kim qiziqqan emas! Hech kim! Millatning asil ozodlikka yetaklagan vakillari otib tashlanavergan, surgunlarda azob chekavergan, barcha insoniy huquqlaridan mahrum, mosuvo bo‘lib qolavergan. Mana endigi zamonlarga kelib Sherali Turdiyevlarning adolatni tiklashga uringan kitoblari o‘qilib, o‘rganilib, istibdodning butun dahshati odamlar ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lmoqda. Romanlar yozilmoqda, tadqiqot o‘tkazilmoqda, haqiqat ro‘y-rost ochilmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 19-iyulda qabul qilingan “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida”gi qarori adolatni tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, unda katta miqyosdagi tadbirlarni amalga oshirish belgilangan.
O‘rganish, targ‘ib etish va xotirani abadiylashtirish borasida juda zarur ishlar ustida so‘z borarkan, ijodkorlar, olimlar, san’atkorlar, tadqiqotchilar, jurnalistlar – ijtimoiy jabhalarda ijtimoiy-siyosiy adolatning tiklanishi, qaror topishiga hech qachon befarq qaragan emaslar. Bu ularning ijodiy rejalarida hamisha aktual, urg‘uli o‘rinda turgan. Bu qanchalar muhim ekanligini Sharifa Salimovaning yangi asari ham baralla ko‘rsatib turibdi. To‘qqiz she’riy faslda to‘qqiz nohaq ayblangan ayol qismati. Har bir fasl alohida bir doston kabi o‘qiladi. Fasllar birlashib jam bo‘lib, “o‘ta og‘riq mavzu”ning yaxlit “daryosi” yuzaga chiqadi. Fasllarning ma’yus navolari har satrda: “Uvol! Uvol!” deb faryod chekadi. Uvol bo‘lgan umrlar! Esiz umrlar! Bu yaxlit qayg‘uli daryo “Majidxonova ruhi”, “Maryamxon ruhi”, “Tojixonlar ruhi” degan ulug‘ to‘lqinlarni guldiratib harakatga solib boradi. Muallif yig‘lay-yig‘lay bu o‘lim dostonini tugatdi. Va oxirida zolimning manhus basharasiga tik boqib: “Ey, palid! Qachongacha odam o‘ldirib kun ko‘rasan!” deb, bobosi fitratona “dod” dedi. Va “dod” dostoniga nuqta qo‘ydi. Balki uning she’riy satrlari andak toliqqandir. Kurash maydonlari chetiga chiqib, biror dam nafas rostlaganda o‘zi shunday bo‘ladi.
Ibrohim GʻAFUROV,
O‘zbekiston Qahramoni
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596

