09.09.2024 | 15:24
299
SAIDAHMAD SIDDIQIYNING BASHORATI
Shu kunlarda qadimiy va navqiron Samarqand afsonaviy ko‘rinishga kirgan. Ajib taronalar og‘ushida gullarga burkanib, favvoralardan billur shodalar taqib, yangicha qiyofada tovlanayotgan shahar kelinchakdek hammaning ko‘zini quvnatadi. Uning jamoliga boqib, bundan 112 yil muqaddam yozilgan Saidahmadxo‘ja Siddiqiy-Ajziyning “Mir’oti ibrat” dostoni yodga tushadi. Xayoliy yo‘nalishda bitilgan asarda shoir orzusidagi Samarqand ta’rifi fantastik uslubda bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Ammo bugungi kun uchun bu ta’riflar haqqoniy mos tushadi.
Doshdin hama yer imorat o‘lmish,
Bir yangicha shakl-u hay’at o‘lmish.
Binglarcha tramvo, avtomobil,
Har yerda elektro ila qandil.
Favvora-la suv do‘kub Registon
Favvorayi tegrasinda bo‘ston.
Asar yozilgan “tarix”ga qaraydigan bo‘lsak 1332-yil, ya’ni 1912-milodiy yilga to‘g‘ri keladi. O‘sha vaqtda Toshkentga endigina tramvay kirib kelgandi. Ammo Samarqandga bunday texnikaning borishi haqida faqat xayol qilish mumkin edi. Oradan 100 yildan ziyod vaqt o‘tibgina bu ko‘hna shaharda Siddiqiy orzusidagi tramvay paydo bo‘ldi. O‘sha davr uchun utopik ko‘ringan minglarcha avtomobillar ham, har yonni yorituvchi qandillar ham bugun hayratlanarli yangilik emas. Dostondagi Samarqand ta’rifi bugungi festivallarni tomosha qilib yurgan odam nigohi bilan aytilayotgandek taassurot qoldiradi.
Shoirlarni bashoratgo‘y, deyishadi. Masalan, Navoiy o‘z davrida oynayi jahon – televizor, o‘zi yurar taxt – zamonaviy liftlar haqida yozganligi ma’lum. Saidahmad Siddiqiy ham bu borada avliyolardan qolishmaydi. U bugungi sensorli telefonlarimiz, videoqo‘ng‘iroqlar haqida bashorat qilganiga nima deysiz.
Oyinayi barq ila tilufon,
So‘ylashmaqa har kimi bir uchun.
Manzur edi ko‘zguda muxotab
Har kimi tilufona aylasa gab.
Asar yozilgan paytda Aleksandr Bell telefonni ixtiro qilgan bo‘lsa-da, hali sensorli telefonlar haqida ixtirochi texniklar ham biror tayinli gap aytolmasdi. Videoqo‘ng‘iroqlarning paydo bo‘lishi uchun esa yana necha o‘n yillar kerak bo‘ldi.
Shuni ham aytish kerakki, “Mir’oti ibrat”dan maqsad kelajak haqida bashorat qilish emas, balki turli manzillarning ta’rif-u tavsiflarini keltirish orqali bugungi kun uchun ibrat olish, tegishli xulosalar chiqarish edi. Jadid munaqqidi Vadud Mahmud “Turk shoiri Ajziy” maqolasida Siddiqiy-Ajziy haqida shunday yozgan edi: “Shoirimiz u katta inqilobgacha cho‘zilg‘on oxirgi asrning yetishdirgan kishisidir. Shu davrda yetishgan mutafakkirlarimiz kabi u-da tamomila istilo siyosatiga dushman bir ruhga molikdir. Ajziy ijtimoiy hayotimizning har sahfasiga juda chuqur tushungan va uning islohi uchun faol bir suratda cholishkanlardandir”.
Darhaqiqat, shunday. Isloh uchun ibrat zarur, yomonni ko‘rsatib, yaxshilik sari yuzlanmoq lozim edi. Ajib bir hikoya uslubida yozilgan doston so‘ngida shoir shunday xulosa qiladi:
Do‘rt ish bana bundan erdi maqsud,
Bundan o‘la xalq baxti mas’ud.
Ilmi a’lo olmoq va fununni
Davlatni, lisoni va zakunni.
Har qavm bulardan o‘ldi mahrum,
Istiqboli holidin o‘lar shum.
Bu borada ham shoirning bashorati to‘g‘ri chiqdi. Ilmi sayozlashgan, davlat tuzumi izdan chiqqan, tili va qonuni to‘g‘ri ishlamagan millat qullikka mahkum bo‘ldi, istiqboli xavf ostida qoldi. Jannatmonand shahar orzusi ijobati yana 100 yillar orqaga surilib ketdi…
Bir so‘z bilan aytganda, ma’rifatparvar jadid bobomiz tomonidan yaratilgan ushbu asarni o‘qib, bugungi kun uchun ham foydali ibratlar olish mumkin.
Bekzod IBRAGIMOV,
tadqiqotchi
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
86
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
601
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
599

