30.07.2026 | 09:54
1364
SAMODAGI O‘ZBEKLAR
Xalqaro astronomiya jamiyatining Kichik jismlar bo‘yicha qo‘mitasi (WGSBN) tomonidan e’lon qilingan rasmiy bayonotda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti olimlari – Kamoliddin Ergashev va Otabek Burhonov nomlari ikki kichik sayyora (asteroid)ga berilgani ma’lum qilindi. Endilikda xalqaro astronomik kataloglarda ushbu osmon jismlari (131358) Kamolergashev va (121339) Otabekburkhonov nomlari bilan qayd etiladi.
Ikki olimning faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida ularning hikoyalariga quloq tutdik.

Otabek Burhonov hikoyasi
Bu xabarni hamkasb do‘stimiz Kamoliddin noodatiy shaklda yetkazdi. Shoshib qoldim. Ko‘zimga ishonmadim. Keyin Yevropadagi hamkorlarimizdan tabriklar kela boshladi. Bunaqa paytlarda yo xursandlikdan bosh aylanadi, yo ishonchsizlikdan miya karaxt bo‘ladi. Menda ikkinchisi bo‘ldi. Kamtarona xizmatimizga, o‘z vazifamizni bajarganimizga shunchalik e’tibormi, deb hayron bo‘ldim-da.
Ilm kishilari ham ijodkorlar kabi mehnatiga yarasha e’tibor kutishi bor gap. Bu, albatta, moddiy rag‘bat yoki mukofot bo‘lishi shart emas. Masalan, xalqaro darajadagi jurnallarga maqola yuboramiz. Har bir ilmiy maqola bu bir yangilik, fan olamida yangi qadam. Agar tahririyatdan “Ishingizni nashrga beryapmiz” degan xabar kelsa, juda xursand bo‘laman. Chunki maqola yuzasidan taqrizlar, tanqidiy-tahliliy munosabatlar keladi. Ba’zan tahririyat bilan ishlashga to‘g‘ri keladi maqola ustida. Shu jarayonning o‘zi e’lon qilinishdan ham qiziqarli va foydali. Shunda xato va kamchiliklarimizni ko‘ramiz, e’tibordan ko‘nglimiz ko‘tariladi.
Ilmiy maqolalarda sonning orqasidan quvib, sifatni tushirib yubormaslik kerak. Chunki jahon ilm ahli O‘zbekistondagi ilmiy saviyani ana shu detallarga qarab tasavvur qiladi. Bu yerda endi shaxsiy xudbinlikni yengib o‘tish, o‘z manfaatini ilm-fan va milliy manfaat bilan uyg‘unlashtirish kerak.
Bitta yutuqqa erishguncha qancha tanqidlarga duch kelamiz. Men tanqiddan qo‘rqadigan odam emasman, aksincha, tanqidni to‘g‘ri qabul qilaman. Inson qachon tanqid qilinmaydi? Qachonki, oxirat yo‘liga kuzatilayotgan bo‘lsa. Qolgan hamma holatda tanqidga tayyor turish kerak. Ammo umrni shu negativlarga javob berish uchun sovurib yuborish ham aqldan emas. Faqat sog‘lom tanqidga e’tibor qaratib, qolganini orqaga tashlagan odam yutadi.
Bugun osmonda mening ism-nasabim bilan asteroid kezib yurgani faqat o‘zimning xizmatim emas, albatta. Bu yerda jamoa mehnati yotibdi. Men rahbarman deb, o‘zimnikini o‘tkazib o‘rganmaganman. Olimlarga salohiyatiga qarab ish taqsimlaganmiz. Har biriga o‘z yo‘nalishida erkinlikni ta’minlaganmiz, mana, hammasi yaxshi ketyapti. Vazifani bergandan keyin qaysi yo‘lni tanlashni o‘zlariga qo‘yib beraman. Jamoamizdagilar o‘z sohasining eng zo‘rlari, nazarimda. Chunki har biri aniq bir sohaga ixtisoslashgan, uning ikir-chikirigacha yaxshi biladi.
Ba’zan yosh kadrlarning betoqatligiga hayron qolaman: universitetni tamomlagan zahoti yuqori maosh va baland mansabga oshiqadi. “Avval mehnatingni ko‘rsat”, desangiz yoqtirmaydi. Astronomiya institutiga kelganimga chorak asrdan oshibdi. Ishni boshlagan paytda biz ilmiy daraja yo martaba haqida emas, tan olish kerak, talabga javob beradigan kompyuter, kerakli dasturiy ta’minot haqida bosh qotirardik. Hech narsamiz yo‘q hisobi edi.
Yo‘l boshida turganlarni ruhlantirish o‘rniga: “Senlar kuzatgancha kuzataveringlar. Hozir paxtani terish kerak, senlaram teringlar. Qolganini o‘zimiz hal qilib olamiz”, deyishardi. Shundan yuragim og‘rigan. Qo‘pol qilib aytganda, qo‘g‘irchog‘ingni o‘ynab turaver, kerak bo‘lganingda o‘zimiz chaqirib olamiz, degan-da.
Shu ekan tizim, deb o‘tiravermayman-ku. Shu paytda kuzatuv ma’lumotlarini qayta ishlashni o‘rgandim, amaliyotda qo‘llashni boshlagan paytimda Kamoliddin Ergashev kelib qoldi. Birgalikda muammolarni o‘rganib, asteroidlarning bitta parametrini aniqlaydigan dastur ham yozdik. Shu bo‘yicha ilk maqolamiz o‘shanda chiqdi. Bu endi, 2000-yillardagi gap.
Ilgari Qashqadaryo viloyatida joylashgan Maydanak observatoriyasiga yetish chet elga borib-kelish bilan barobar edi. Keta-ketguncha nazorat postlari, yo‘llarning ahvoli tinkangizni quritsa, xizmat safariga ajratilgan mablag‘ning ozligidan jigaringiz ezilardi. Deyarli hamma xarajat yonimizdan edi. Bir amallab yetib olgandan keyin, 2600 metr balandlikdagi observatoriyaga chiqishning o‘zi yana bir muammo, deng. Hammaning ham sog‘lig‘i ko‘taravermaydi. Tepada hatto birinchi tez yordam ko‘rsatish uchun ham tibbiy anjomlar topilmasdi. Buning uchun kamida sakkiz kilometr yo‘l bosib, qishloqqa borib kelasiz. Ana shu kunlarni ham boshimizdan o‘tkazib, ikkimiz almashib-almashib ishladik. U yoqda hattoki kuzatuvchilarimiz ham yo‘q edi. Qolaversa, ma’lumot yetishmasligi, tanqisligi…
Eng alamlisi: ba’zi yangiliklarni birinchi biz kuzatamiz, biroq sharoit yo‘qligi uchun tahlil qilib tayyorlagunimizcha, boshqa davlatdagi olimlar maqola yozib, e’lon qiladi. O‘sha paytda bizni katta-katta loyihalarga taklif qilishni boshlashdi. Afsuski, qo‘l kaltalik yana oyoqdan chalardi. Biz Quyosh tizimidagi kichik jismlarning tadqiqoti bilan shug‘ullanishni boshlaganimizda, bu tor sohada mutaxassislar yetarli emasdi va deyarli noldan boshlashimizga to‘g‘ri kelgan. Shu bosqichlardan o‘tdik. Endi, hozirgi sharoitga qarang!
“Astronomiya instituti nimaga kerak? Yulduzlar, qora tuynuklar, asteroidlar nima qilib beradi odamlarga?” – degan savollar eshitilib qoladi ba’zan. Birinchidan, bu tuproqda Mirzo Ulug‘bek o‘tgan. Fazo ilmini o‘rganishning lokomotivi biz bo‘lishimiz kerak, aslida. Respublikamizda astronomiyaga ixtisoslashgan tadqiqot instituti borligining o‘zi ajdodimizga munosib vorislik belgisi hamdir. Ikkinchisi, na millat, na davlat tanlamaydigan xavf bu – samoviy xavfdir. 65 million yil avval Yerga asteroid to‘qnashgan, dinozavrlar yo‘qolib ketgan, degan gap og‘izning bir chetidan chiqib ketadi. O‘sha voqea qaytarilmasligiga kim kafolat beradi? Sayyoralardagi o‘zgarishlar, asteroid, kometalar harakatini kuzatish orqali zamin xavfsizligi uchun loyihalar ishlab chiqiladi. Koinotdan turib Yerni o‘rganish ham shu sohaning ichiga kiradi. Kosmik tasvirlar orqali Yerimizdagi o‘zgarishlarni ham kuzatamiz. Barcha rivojlangan davlatlar astronomiya sohasiga diqqatini qaratadi.
Xulosa shuki, halol mehnat qilgan inson halol nonini yeydi. Bir joyda to‘xtab qolgan kuyadi. “Olma pish, og‘zimga tush” degan bilan ish bitmaydi.
Yoshlarga ikki og‘iz dil so‘zim. Orzu qilishdan, marrani katta olishdan cho‘chishmasin. Yaqingacha ham “Kosmonavt bo‘laman!” degan orzumandning ustidan kulib qo‘yishardi. Yil boshida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishdi. Ta’kidlanganidek, bugun dunyoda raqobat yangi bosqichga chiqib, iqtisodiy qudrat tabiiy boyliklar bilan emas, intellektual salohiyat va texnologiyalar bilan o‘lchanmoqda. Kosmik texnologiyalar esa strategik ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biriga aylandi.
Demak, bu soha ham umidli sohalardan. Hamma fazogir bo‘lishi shart emas, bunga ehtiyoj ham yo‘q. Lekin astronomiya ilmining yetuk mutaxassislari, uchuvchilar, aviasozlarga ehtiyoj butun dunyoda ortib bormoqda. Shuning uchun, orzuni maqsadga aylantirib, bu yo‘lda mehnat qilaverish kerak. Yangi O‘zbekistonda hech kim umidsiz, qo‘llab-quvvatlovsiz va norizo qolib ketmaydi. Men bunga ishonaman.

Kamoliddin Ergashev hikoyasi
Birinchi xabar kelganda, Otabek akaga bor gapni aytmadim. “Kuzatuvga bitta obyekt bor, shuni bir ko‘ring, kuzatamiz bugun”, dedim. NASAning bazasidagi raqamini tering, deb aytib turdim. Ochdilar-u, nomiga qaramayaptilar-da. To‘g‘ridan to‘g‘ri asteroid parametrlariga qarab, ishning hajmini chamalashga o‘tib ketdi. Toqatim yetmay, “Aka, nomiga bir qarang”, desam, qaytadan o‘qib, hayratdan shoshib qoldi.
O‘zim esa chexiyalik hamkorimizdan kelgan elektron xat orqali xabardor bo‘ldim. Ochsam, yangi nom berilgan asteroidlar ro‘yxati ekan – Qo‘mitaning oxirgi chiqargan byulleteni. Ismimni ko‘rib qoldim o‘sha yerda. Hech kimga yorilmadim, sabr qilib ertalab ishga keldim. Otabek akani kutib turdim. Xullas, bir-birimizni tabriklab, ustozlarimiz bilan bo‘lishdik. Bu yutuqda ustoz maqomidagi Otabek Burhonovning xizmatlari beqiyos. Shuning uchun avval u kishiga ilingim keldi xushxabarni.
Ko‘plarning nazarida “Sizlarga qaysi karomat uchun bu mukofot berildi?” – degan savolni uqasiz. Javob berishga harakat qilaman.
Bir necha yillardan beri Astronomiya institutida, Maydanak observatoriyasida Quyosh tizimining kichik jismlari, ya’ni asteroidlarni o‘rganib kelamiz. Bugungi kunda 1,5 millionga yaqin asteroid bo‘lsa, shulardan 40 mingdan ortiqrog‘ining orbitasi Yerga yaqinlashuvchi hisoblanadi. Xo‘sh, Yerning atrofiga 40 mingta asteroid qayerdan kelib qoldi? Keyingi tadqiqotlar ko‘rsatdi: Quyosh o‘z nurlari bilan asteroid yuzasini shunday notekis qizdiradiki, natijada o‘sha bosh belbog‘da, ya’ni Marsdan keyin joylashgan asteroid Quyoshga qarab yurib, o‘z orbitasini o‘zgartirib, Yerga yaqin sohaga o‘tib qolishi mumkin ekan. Bu Yarkovskiy effekti deyiladi. Shu effekt asteroidlarni bugungi kunda o‘rganishning asosiy motivlaridan biri hisoblanadi.
Biz ham Maydanak observatoriyasidagi tadqiqotlarda aynan mana shu aylanish, aylanish-parchalanish va genetik bog‘langan juftliklar, parchalanib ketgandan keyin genetik bog‘langan juftliklarni o‘rganishga o‘z hissamizni qo‘shib kelyapmiz. Bu yo‘nalishda, ayniqsa, chexiyalik hamkorlarimiz bilan juda ko‘p ishlar qildik. Oxirgi uch yilning o‘zida 11 ta asteroidning yo‘ldoshi borligi, bundan tashqari, bitta asteroid uchtalik jism, ya’ni u uchga parchalangani, yana bitta asteroid esa to‘rttalik jismdan iborat o‘ziga xos klaster ekanini aniqladik. Aytish mumkinki, uch yilning ichida 11 ta jismning yo‘ldoshlari borligi va qachonlardir ular bitta bo‘lib, keyin parchalanganini aniqlashning o‘zi mana shu aylanish-parchalanish yo‘nalishida muhim natija hisoblanadi va chex astronomlarining natijalari bilan birlashtirilganda, katta natijalarni beradi. O‘ylaymanki, Xalqaro astronomiya jamiyati mana shu natijalar tufayli ikki asteroidga bizning nomimizni berishga qaror qildi.
Yaqinda bir hodisa bo‘ldi. Bitta obyektning parametrini olishimiz kerak edi. Xalqaro maydonda mana shuni kuzatishimiz kerak, degan qaror bo‘ldi va kuzatishni boshladik. Davri katta, puxta kuzatish zarur edi. Birinchi kuni osmon bulutli bo‘ldi. Ikkinchi kuni obyekt Oyning orqasiga o‘tib ketdi. Uchinchi kuni kuzatdik. To‘rtinchi kuni kuzatamiz desak, geografik kengligimizga mos emas, u bizdan uzoqlashib ketdi. Keyin yaqinlashganida kuzatamiz, dedik. Mayli, biz olgan o‘sha bir kunlik natijadan keyingi avlod foydalanishi mumkindir. Lekin hisoblab ko‘rsam, u obyekt keyingi safar 2047-yilda Yerga yaqin kelar ekan. O‘ylab qarasak, unda Otabek aka 70 ga, men 60 ga kirar ekanmiz. Ishimizning mana shunday nozik tomonlari ham bor.
Ilm-fan davlat va jamiyat hayotini birdan o‘zgartirib yubormaydi. Uning mevalari yillar, balki o‘n yillar o‘tib sezila boshlaydi. Amir Temur boshlagan ma’rifatparvar siyosat Mirzo Ulug‘bek “Zij”ida, Alisher Navoiy “Xamsa”sida aksini topgani ham shundan.
Yosh uka-singillarimizga yo‘l boshida aytib qo‘yishim kerak: olimning moddiy farovonlikka erishishi vaqt talab qiladi. Agar sizning maqsadingiz pul topish bo‘lsa, ilm yo‘liga kirmang. Ilm – oson boylik ilinjidagi odamlarning ishi emas.
Bu gaplar bilan yoshlarni cho‘chitmoqchi emasman: so‘nggi o‘n yillikda o‘zbekistonlik olimlarning yelkasiga quyosh, ko‘ksiga shabada tekkani rost. Maoshlar ko‘tarildi, moddiy rag‘batlar oshirildi, qator imtiyozlar taqdim etildi. Endi olim uy-ro‘zg‘or, turmush tarzida moliyaviy qiyinchilik ko‘rmay yashashi mumkin. Lekin “Sen ilmga boringni bermaguningcha, ilm senga o‘zining bir bo‘lagini ham bermaydi”, degan hikmat bor. Olim nima berishi mumkin: avvalo, umrini, yoshligini, mashaqqatli kunduzlar, bedor kechalar, fidoyilikni. Ana shunda ilm ham shunday ne’matlar beradiki, buni tasavvur ham qilolmaysiz.
Mana, samoda ismimiz bitilgan jism uchib yuribdi. “Armoningiz qolmadi”, dedi bir hamkasbim. Ammo…
Aspiranturada o‘qib yurgan vaqtimda onam: “Bolam, himoyang qachon?” – deb so‘rardi. Afsuski, onamga ilmiy himoyamni ko‘rish nasib qilmadi. NASA tomonidan mukofot oldik, uniyam ko‘ra olmadi. Nomimiz asteroidga berilganini ko‘rish nasib qilmadi. Mana shular mening eng katta armonim.
* * *
Asteroidlarga olimlarning ismini berish ularning ilmiy faoliyati va fan rivojiga qo‘shgan hissasini xalqaro miqyosda e’tirof etishning o‘ziga xos shaklidir. Tasdiqlangan nomlar xalqaro astronomik nomenklaturaga kiritiladi hamda kelgusidagi ilmiy maqolalar, kataloglar va efemeridalarda obyektlarning rasmiy nomi sifatida qo‘llanadi.
Avvalroq bu ikki olim NASAning sayyoraviy mudofaa tajribasi doirasidagi faol ishtiroki va hissasi uchun “Group Achievement Award” mukofoti bilan taqdirlangan edi.
Har ikki vatandoshimizning bu yuksak e’tiroflarga erishishi Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni barpo etishga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlarning yorqin samarasidir. El-yurtimiz sharafini jahonga taratayotgan iqtidorli olimlarimizga ilm-fan olamida yanada yuksak muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilaymiz.
Zarnigor IBROHIMOVA suhbatlashdi.
“Jadid” gazetasining 2026-yil 24-iyuldagi 30-sonida
ÖZBEK-QOZOQ MADANIY HAMKORLIGI MUSTAHKAMLANMOQDA
Özbek va qozoq xalqlari tili, dini va madaniyati bilan bir-biriga çambarças boğlangan ellardir. Ajdodlarimiz ming yillar davomida yonma-yon yaşab, hayotning quvonç va taşvişlarini, yaxşi-yomon kunlarni birgalikda boşdan keçirib, taqdirdoş bölib kelişgan. Bu qardoşlik keyingi yillarda, ayniqsa, mustahkamlanib, yangiça mazmun va ruh bilan boyib bormoqda. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidenti Şavkat Mirziyoyev hamda Qozoğiston Respublikasi Prezidenti […]
16.11.2026 | 14:34
83
“BIR ÇORAK ET”
Yaqin-yaqinlargaça xalq tilida, badiiy adabiyotda “Tört qadoq göşt”, “bir çirpit asal”, “ön tanob yer” kabi jumlalar işlatib kelinardi. Hozir esa bular nimani anglatişini deyarli unutib yubordik. Qirq yilça burun “bir aşmuşka çoy”, “tört yumaloq çoy” kabi sözlar savdoda, turmuşda köp işlatilardi. “Aşmuşka” deb eng kiçik çoy qadoği – ellik grammlik, özi kub şaklida bölsa ham, […]
12.11.2026 | 14:31
598
NON VA OŞ ŞAHRI
Yaqinda xorijlik oşnalarni kutib oldim. Uçoq tungi soat uçda qöndi. Ertalab sakkizda “Afrosiyob”da Buxoroga ketişlari kerak. Ölguday çarçaşgan, ramaqijon ahvolda. Özbekona taomilga köra, qönoqlar öziga kelsin deb palovxona sari boşladim. Uç xil oş çaqirdim. Non-çoy, aççiq-çuçuk degandek… Qiziği keyin boşlandi. Mehmonlar piyolaning çetiga ikki marta lab tekkizib, ajablanişdi: – I-ya, qardoş, çoyga şakar solinganmi?– Ha-da! […]
12.11.2026 | 09:27
596